Mineral oʻgʻitlarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish, kimyo sanoati korxonalarining qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan koʻrilgan choralar ularni moliyaviy sogʻlomlashtirishga va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirishga imkon berdi.
Shu bilan birga, kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Xususan, investitsiyaviy jozibadorlikning pastligi va tarmoqni rivojlantirish uchun oʻz mablagʻlarining yetarli emasligi xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermayapti, buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mineral oʻgʻitlar ulushining yuqoriligi saqlanib qolmoqda.
Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida jahon kimyo sanoati rivojlanishining tendensiyalarini va respublikaning muhim xom ashyo salohiyatini hisobga oluvchi fundamental ilmiy baza va zamonaviy loyiha-injiniring ishlanmalari mavjud emas.
Kimyo tarmogʻini yanada diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, yetakchi xorijiy institutlarni jalb qilgan holda zamonaviy ilmiy va loyiha bazasini yaratish, shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida:
1. Respublika kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
uglevodorod xom ashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta boʻlgan, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyo mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish;
respublikaning mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talabini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish;
kimyo sanoati korxonalarining ustav kapitalida davlat ishtirokini qisqartirish, tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, tarmoq korxonalari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish;
fanni va sohaviy ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish, shuningdek, birinchi navbatda, uglevodorod xom ashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ilgʻor ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish;
loyiha-injiniring ishlari va diagnostika tadqiqotlari sifatini oshirish, kimyo va kimyo texnologiyalarning barcha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish.
2. 2019 — 2030-yillar davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2019-y., 07/19/4265/2883-son)
3. Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ quyidagilarni taʼminlasin:
“Fargʻonaazot” AJ va “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJni xorijiy investorlarga sotish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha 2018-yil 30-dekabrga qadar ushbu jamiyatlarning aktivlarini mustaqil baholashni yakunlash;
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini qurish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun, keyinchalik “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertiza qilish sharti bilan, kimyo sohasida tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan istisno tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida shartnoma tuzish;
Navoiy viloyatida fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish kompleksini qurish boʻyicha 2019-yil avgust oyiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy tashkilot tomonidan fosforli xom ashyo maydonini baholash (ekspertizadan oʻtkazish) asosida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga koʻra, “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilasin.
Bunda kimyo sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, yangi qayta ishlash quvvatlarni yaratishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalar asosan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi belgilansin.
5. Xalqaro konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda tarmoq korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligini va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishda energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha ishlar amalga oshirilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 15-apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarning tavsiyalarini hisobga olgan holda, kimyo sanoati tizimini isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taklif kiritsin.
6. Shaxsiy javobgarlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripovga — “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini qatʼiy nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanovga — kimyo tarmogʻi obyektlarini oʻz vaqtida ishga tushirish hamda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradovga — xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari mablagʻlarini jalb etish, hamda salohiyatli investorlarni topish va kimyo tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi A.A. Abdullayevga — jalb etiladigan mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻzlashtirish hamda investitsiyaviy loyihalar doirasida obyektlar qurilishining yakunlanishini taʼminlash va ularning qatʼiy belgilangan muddatlarda loyiha quvvatlariga chiqishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2019-y., 07/19/4265/2883-son)
“Oʻzkimyosanoatloyiha” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini nominal qiymatda va “Navoiy KMK” DKning Qizilqum fosforit kombinati mulk kompleksini qoldiq balans qiymatida “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritish;
“Fargʻonaazot” AJning 3-son sanoat maydonchasidagi umumiy maydoni 6,5 ga boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlarni (sexlar, obyektlar va ularga tutash hududlari bilan) investitsiya majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan “nol” qiymatida sotish;
investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan, kaprolaktam ishlab chiqarish chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun begʻaraz topshirish yuzasidan patentlangan texnologiyaga ega boʻlgan “ECO TECN GROUP” QK MCHJ bilan investitsiya kelishuvini tuzish;
2020-yildan boshlab “Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlar tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilish va ularni Xalqaro audit standartlari va Xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiqligi yuzasidan tashqi auditdan oʻtkazish tartibini joriy etish;
2021-yilga qadar xalqaro tajribaga asoslanib investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini, moddiy va moliyaviy resurslarni boshqarish boʻyicha axborot tizimlarini, samaradorlikni oshirish koʻrsatkichlarini qoʻllagan holda xodimlar mehnatini ragʻbatlantirishning zamonaviy usullarini joriy etish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga va qayta moliyalovchi tijorat banklariga kimyo sanoatida yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash maqsadida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlariga kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.
Belgilansinki:
yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash uchun kreditlar Jamgʻarma tomonidan shartnomada belgilangan, biroq 5 mln. AQSH dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi;
xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moliyalashtiriladigan yangi investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash uchun Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan kredit miqdori 10 mln. AQSH dollari ekvivalentigacha koʻpaytirilishi mumkin;
Jamgʻarma mablagʻlarini ajratishga tarmoq ilmiy-texnika kengashi bilan kelishilgan texnik vazifa, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha oldi hujjatlarni tayyorlash va tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha tuzilgan shartnoma asos boʻladi;
ushbu bandga asosan Jamgʻarma kreditlarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Jamgʻarma kreditlari xizmat koʻrsatuvchi banklar orqali qayta moliyalashtiriladi va qayta moliyalovchi bankning yillik 0,25 foiz miqdoridagi marjasi qoʻshilgan holda, loyihani ishga tushirish davriga qadar, jumladan, 3 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda umumiy yillik foiz stavkasi 2,25 foiz miqdorida 5 yil muddatga ajratiladi;
kreditlar va ular boʻyicha barcha xarajatlar texnik-iqtisodiy asos tasdiqlanishi jarayonida loyihalar qiymatiga kiritiladi va ularning qaytarilishi loyihalar amalga oshirilganidan keyin, obyektlar ishga tushirilganidan soʻng olingan daromadlar va loyiha hujjatlarini investorlarga sotishdan tushgan Jamgʻarma mablagʻlari hamda qarz oluvchining umumxoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar yoki “Oʻzkimyosanoat” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining Koreya kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda “Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” MCHJ va “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ negizida — Ilmiy tadqiqot va loyihalash instituti — Kimyo texnologiyalari markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markaz faoliyatini tashkil qilish uchun EDCF (Koreya Respublikasi) liniyasi boʻyicha Eksimbankning 50 mln. AQSH dollari miqdorida kredit va grant mablagʻlarini jalb etishni taʼminlasin.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha 2019 — 2021-yillar yakunlariga koʻra hisoblanadigan dividendlar investitsiyaviy loyihalarini moliyalashtirish, shu jumladan, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit va qarzlarni toʻlashga yoʻnaltirish sharti bilan kapitalizatsiya qilinsin (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan 30 foiz miqdoridagi dividendlar bundan mustasno).
11. Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Jamgʻarma, tijorat banklari va “Oʻzkimyosanoat” AJning “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning Jamgʻarma va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditlari boʻyicha majburiyatlarini 2-ilovaga muvofiq restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ korxonalarining majburiyatlari boʻyicha oldin berilgan davlat kafolatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. “Oʻzkimyosanoat” AJ bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-oktabr,
PQ-3983-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi PQ-3983-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha
Amalga oshiriladigan loyihalarning umumiy qiymati — 12 073,0 mln AQSH doll.
Izohlar:
1. Mazkur “Yoʻl xaritasi”dagi tadbirlarni amalga oshirish mexanizmi va muddatlariga investorlar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarini ishlab chiqish natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tuzatishlar kiritilishi mumkin.
2. Loyihalarning parametrlariga loyihalar DTIA/TIAsi ishlab chiqilishi asosida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2019-y., 07/19/4265/2883-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi PQ-3983-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiyaviy loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan, yakuniy toʻlov muddatlari uzaytirilmagan holda qayta moliyalovchi banklarning majburiyatlari restrukturizatsiya qilinadigan kreditlar
mln. AQSH dollari T/r Investitsiyaviy loyihalarning nomi Jami kredit summasi, jumladan Asosiy qarz summasi * rasmiylash-tirilgan kredit summasi ajratilgan kredit summasi jami jumladan 2019-y. 2020-y. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB 1. Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodini qurish (I bosqich) 61,7 61,7 26,0 13,0 13,0 2. Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish (II bosqich) 128,1 106,4 64,0 32,0 32,0 3. “Navoiyazot” AJda azot kislotasi ishlab chiqarishni tashkil etish 75,5 75,5 20,6 10,3 10,3 “Asaka” ATB 4. “Navoiyazot” AJda polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish 69,1 69,1 18,6 9,3 9,3 5. “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish 320,0 336,9 32,2 - 32,2 6. “Angren” EIZda konveyer lentalari, qishloq xoʻjaligi va avtomobil shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish 27,6 25,5 8,5 4,25 4,25 Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 7. Ammiak selitrasi va azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini yakunlash (“Fargʻonaazot” AJ 2001-yil 3-iyuldagi raqamsiz kredit shartnomasi) 56,6 56,6 26,06 13,03 13,03 JAMI 738,6 731,7 195,96 81,88 114,08
Izoh: foizlarni kechiktirish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi PQ-3983-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish Dasturi toʻgʻrisida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3236-son qarorining 4-ilovasi chiqarib tashlansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-avgustdagi PQ-3900-son qarorining ilovasidagi 30-pozitsiya chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi erkin iqtisodiy zonalarida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-fevraldagi 110-son qarorida:
a) “Oʻzkimyosanoat” AJ boʻlimi quyidagi mazmundagi 16-1 va 16-2 pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:
“ 16-1. Turli lak-boʻyoq mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish. 2021-yil 4-chorak 10 ming tonna 4,0 3,0 1,0 OʻzSQB 30 “Navoiy” EIZ 16-2. BOPP plenkasi ishlab chiqarishni tashkil qilish. 2022-yil 4-chorak 20 ming tonna 40,0 24,0 6,0 10,0 OʻzSQB 50 “Jizzax” EIZ ”;
b) 1-ilovaning 17, 18, 19 va 20-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish (II bosqich)” investitsiyaviy loyihasi doirasida togʻ-kon majmuasi qurilishini yakunlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 2-avgustdagi 576-son qarorning 4-bandi uchinchi xatboshidagi va 6-bandidagi “2018-yil 1-sentabr” soʻzlari “2020-yil 1-yanvar” soʻzlari bilan almashtirilsin.