Xalqaro-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalari va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligining oshib borishini hisobga olgan holda, bojxona organlari kadrlarini kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona institutini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
Institut bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tayanch oliy harbiylashtirilgan taʼlim hamda ilmiy-metodik muassasa hisoblanadi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Institut yuridik shaxs boʻlib, alohida mol-mulk, mustaqil balansga ega, oʻz majburiyatlari boʻyicha tasarrufidagi pul mablagʻlari va mol-mulki bilan javobgar hisoblanadi;
Institutning ilmiy — taʼlim faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
Institut Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi.
2. Institutni yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
bojxona organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini, shuningdek, vazifa va funksiyalarni samarali va oqilona amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuksak kasbiy mahoratini rivojlantirish va takomillashtirishni taʼminlovchi bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;
kursantlarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qoʻllash koʻnikmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, asosan mutaxassislik fanlaridan tashkil topgan zamonaviy taʼlim standartlarini va sifat jihatidan yangicha oʻqitish tizimini joriy etish;
oʻqitishning zamonaviy innovatsion shakl va usullari, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida oʻquv jarayonini tashkil etish, nazariy tayyorgarlik va bojxona organlarining amaliy faoliyati bilan bogʻliqlikni taʼminlovchi amaliyot oʻtash tartibini takomillashtirish;
zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish va chop etish, oʻquv, ilmiy va boshqa adabiyotlar fondini, oʻqitishning texnik vositalari, shuningdek, global axborot-huquqiy va taʼlim resurslarini muntazam yangilab borish hamda ulardan kursantlar va oʻqituvchilarning foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
professor-oʻqituvchilar tarkibini yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan, amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan mustahkamlash;
ilmiy ishlanmalar natijalarini oʻquv jarayoniga va bojxona organlari faoliyatiga joriy etishni nazarda tutgan holda bojxona faoliyatini huquqiy va axborot-texnik taʼminlash, bojxona nazoratini takomillashtirishga doir mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan, kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish sohasida tajriba almashish;
kursantlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, jangovar va jismoniy tayyorgarligi, huquqiy madaniyatini va huquqiy ongini oshirish boʻyicha samarali tizimni yaratish, ularda yuksak maʼnaviy, axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarni shakllantirish hamda rivojlantirish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutidagi taʼlim mutaxassisliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisiga:
Institut tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Institutdagi taʼlim mutaxassisliklari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
Belgilansinki, Institutni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan boshliq boshqaradi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Institut bojxona organlari uchun kadrlarni bazaviy va amaliy professional tayyorlash, shuningdek, oʻrnatilgan tartibda stipendiya toʻlash va moddiy taʼminot belgilashni taʼminlagan holda taʼlim muddati toʻrt yil boʻlgan bakalavrlarni va taʼlim muddati bir yil boʻlgan magistrlarni tayyorlaydi;
Institutda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim asosida ilmiy darajaga ega ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
bojxona organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish va mustahkamlashni nazarda tutuvchi bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun oʻqish muddati 3 oydan iborat boʻlgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etiladi;
Institutda oʻqish davri bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi, shuningdek, Oʻzbekistoni Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralardagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi, birinchi kursda taʼlim muddatini yakunlagan kursantlar esa muddatli harbiy xizmatni oʻtagan hisoblanadilar va ularga Institut joylashgan manzildagi mudofaa ishlari boʻyicha hududiy boʻlim tomonidan harbiy guvohnoma beriladi;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Institut kursantlari bilan oʻqishni tugatgandan soʻng bojxona organlarida besh yil davomida majburiy xizmatni oʻtash toʻgʻrisida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi;
kamida uch yil ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslar Institutning professor-oʻqituvchilar (ofitser va serjantlar) tarkibi lavozimlariga bir yillik shartnoma asosida ishga qabul qilinishi mumkin.
(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Institutning ofitserlar va serjantlar tarkibiga, kursantlariga, shuningdek, doktorantlariga (doktorantlarning oxirgi egallab turgan lavozimi saqlangan holda) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun koʻzda tutilgan pul taʼminoti, imtiyozlar, buyumlar va oziq-ovqat taʼminoti hamda boshqa zarur normalar, shuningdek, xizmatni oʻtash tartibi tatbiq etiladi.
(4-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
Institut bitiruvchilariga oliy taʼlimning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplom hamda belgilangan namunadagi koʻkrak nishoni beriladi;
Institut oʻz grifi asosida oʻquv adabiyotlarni yaratish va nashr etish, ilmiy, taʼlim, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻninchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
5. Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) tegishli fanlar va predmetlar boʻyicha yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlashning kompleks dasturi ishlab chiqilishini taʼminlasin;
b) bitiruvchilarga nisbatan malaka talablari, bojxona organlari uchun mutaxassislar tayyorlash oʻquv rejalari va dasturlarini quyidagilarni nazarda tutgan holda tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin:
ilgʻor xalqaro tajribani, kursantlarda til tayyorgarligini, tahlil qilish qobiliyatini, tizimli tahlil va bojxona faoliyatining tegishli sohalarida boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan talablarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayonini tashkil etish;
maxsus fanlar boʻyicha oʻquv yuklamasi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan trenajer-imitatsion va dasturiy komplekslarni qoʻllash hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish;
bojxona organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish taʼlim jarayonini tashkil etish va amalga oshirilishini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
bir oylik muddatda Institut Ustavini tasdiqlasin;
mutaxassislik fanlari oʻqituvchilarining rotatsiyasini (1 yilgacha boʻlgan muddatga) amalga oshirib borsin;
har yili kadrlarga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish asosida Institutga qabul kvotalarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
Institut oʻqituvchilarini respublikaning yetakchi taʼlim muassasalari, tadqiqot markazlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlarida, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda stajirovka oʻtash dasturlarini har yili ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislarini Institutda maʼruza oʻqish va “mahorat darslari”ni, shu jumladan, masofaviy tarzda, oʻtkazish uchun jalb etishga doimiy ravishda koʻmaklashsin;
bojxona ishining dolzarb muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini chop etish uchun Institut huzurida “Oʻzbekiston bojxona axborotnomasi” davriy ilmiy jurnalini taʼsis etsin.
7. Institut boshligʻiga quyidagi huquqlar berilsin:
professor-oʻqituvchilar tarkibining faoliyat turlari boʻyicha vaqt meʼyorlarini belgilash;
kamida uch yil ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslarni Institutning professor-oʻqituvchilar (ofitser va serjantlar) tarkibi lavozimlariga bir yillik shartnoma asosida maxsus unvoniga ega boʻlmagan shaxslarni ishga qabul qilish;
yuqori ilmiy-pedagogik mahoratga yoki amaliy tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mutaxassislarni oʻquv jarayoniga soatbay tarzda va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida jalb etish, shuningdek, Institutning rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ularning mehnatiga qoʻshimcha haq toʻlash;
Institutning taʼlim jarayoniga soatbay haq toʻlash shartlarida jalb etiladigan bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralar xodimlariga Institutning rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha haq toʻlash, bunda ularning asosiy ish joyi boʻyicha pul va oziq-ovqat taʼminoti toʻliq saqlanadi;
yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqotlar olib borish sohasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri memorandum hamda bitimlarni tuzish;
bojxona organlari xodimlariga belgilangan pul taʼminotini toʻliq saqlab qolgan holda mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari asosida Bojxona instituti va boshqa taʼlim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish;
Bojxona institutning rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan:
Bojxona instituti xodimlari uchun lavozim maoshining 200 foizi miqdorida shaxsiy ustamalar belgilash;
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish boʻyicha jami xarajatlarning oʻrni toʻldirilgandan keyin qolgan mablagʻlarning 100 foizgacha miqdorda mablagʻlari xodimlarga ustama toʻlash, ularning ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlarga yoʻnaltirish;
professor-oʻqituvchi, kursant va xodimlarning malaka oshirish kurslari (shu jumladan, chet el taʼlim muassasalarida) bilan bogʻliq;
Institutga tashrif buyurgan mehmonlar uchun suvenir va esdalik sovgʻalar sotib olish hamda ovqatlantirish;
kursantlarga turli olimpiada, taʼlim va bayramga atalgan musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni egallaganlari uchun qimmatbaho sovgʻa, suvenir va pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish;
oʻtkaziladigan turli ilmiy tadbirlarga kanselyariya buyumlari va esdalik sovgʻalari uchun xarajatlarni qoplash.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
oʻquv jarayoniga jalb qilinadigan ilmiy-pedagogik kadrlar va tajribali amaliyotchi-mutaxassislarga Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan mehnatga soatbay haq toʻlashni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin;
Institutni oziq-ovqat, oʻquv anjomlari, mebel va kazarma jihozlari, oziq-ovqat xizmatini mol-mulk bilan taʼminlashning zarur normalarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
9. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Maxsus jamgʻarma mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Institut taʼminoti uchun zarur budjet mablagʻlarining belgilangan tartibda ajratilishini nazarda tutsin.
Belgilansinki, Institut binolari, inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, shuningdek, uning axborot-resurs va moddiy-texnika taʼminoti Maxsus jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
10. Institut xodimlariga (mutaxassislar, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 70 foizi miqdorida oylik ustama belgilansin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son — 2022-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
11. Institut:
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari majburiy (bir nusxada) yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nazorat nusxalarini (bir nusxada) oladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan roʻyxatga kiritilsin.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
12. Davlat bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-noyabr,
PQ-3995-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni (mutaxassis, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 132 nafar, shu jumladan professor-oʻqituvchilar tarkibi — 69 nafar.
Izoh: Institutning mutaxassis, xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi (texnik) lavozimlarining meʼyorlari, ularni kiritish shartlari, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlari oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarni inobatga olgan holda Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 06/22/122/0396-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutidagi taʼlim mutaxassisliklari
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6310-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6310/0866-son)