Iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha tub islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqaror, ijobiy oʻsishini taʼminlamoqda.
Respublikamizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, valyuta bozorini erkinlashtirish, yuqori likvidli tovarlarni sotishning bozor usullarini joriy etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar aholining keng qatlamlarini tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi hamda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida chuqur tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirish, tovarlar va xizmatlarning sifatli bozorini shakllantirgan holda raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini jadallashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish va mustahkamlash, davlat aktivlarini boshqarishda bozor tamoyillarini joriy etish mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlari raqobatbardoshligi va faoliyati samaradorligini kuchaytirish asosida aholi turmush darajasini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Islohotlar yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilsin:
makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab turish, samarali fiskal siyosatni yuritish, soliqqa tortish tizimi va soliq maʼmuriyatchiligini tubdan isloh qilish;
asosiy resurslarni taqsimlashda bozor tamoyillarini keng joriy qilish asosida respublikaning raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga oʻtishi jarayonlarini tezlashtirish;
fuqarolarning ijtimoiy himoyasi va ularga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini mustahkamlash, aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamlarini himoya qilish hajmlari va turlarini koʻpaytirish;
davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini yanada oshirish, xususiy sektorni rivojlantirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash;
tabiiy boyliklardan foydalanish samaradorligini oshirish, atrof-muhit muhofazasini taʼminlash, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilish.
2. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Iqtisodiy kengash (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiy kengash) 2-ilovaga muvofiq;
Iqtisodiy kengash huzurida “Islohotlar yoʻl xaritasi”dagi aniq chora-tadbirlarning eng muhim yoʻnalishlarini ekspertizadan oʻtkazuvchi, xorijiy mutaxassislardan iborat Xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilsin.
Iqtisodiy kengash (A. Aripov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda bir hafta muddatda “Islohotlar yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tarkibiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ekspert guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin hamda ularni vazirlik va idoralarning masʼuliyatli, istiqbolli va yuksak kasbiy mahoratga ega yosh kadrlar bilan toʻldirsin.
3. Quyidagilar Iqtisodiy kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni va xatarlarni tahlil qilish va aniqlash, tahlil natijalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda kelgusida amalga oshiriladigan yangilanishlar yuzasidan takliflar tayyorlash;
“Islohotlar yoʻl xaritasi”ning aniq yoʻnalishlari boʻyicha strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa hujjatlarning belgilangan muddatlarda ishlab chiqilishini taʼminlash hamda kompleks masalalarni puxta oʻrgangan holda hal etib borish;
Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi, uning aʼzolari va jalb qilingan mutaxassislar faoliyatini tashkil etish, “Islohotlar yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan eng muhim dasturlar va chora-tadbirlarni ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlash;
“Islohotlar yoʻl xaritasi”ni ijro etish davomida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini idoraviy koʻlamda va keng jamoatchilik ishtirokida har tomonlama muhokama qilinishini taʼminlash;
mutasaddi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, “Islohotlar yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring olib borilishi va nazorat qilinishini tashkil etish, zarur hollarda belgilangan chora-tadbirlarning soʻzsiz bajarilishi uchun tezkor choralar koʻrish;
xalqaro moliya institutlari, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik oʻrnatish, shu maqsadlarda seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.
4. Shunday tartib belgilansinki, unga koʻra:
masʼul idora “Islohotlar yoʻl xaritasi”ga kiritilgan masalalar yuzasidan materiallar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oldindan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Iqtisodiy kengash Kotibiyatiga (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat) taqdim etadi;
Kotibiyat Iqtisodiy kengash aʼzolari va Xalqaro ekspertlar guruhi bilan birga materiallar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻrganib chiqadi;
qayta ishlangan materiallar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va jalb qilingan ekspertlar, shu jumladan Xalqaro ekspertlar guruhi aʼzolarining xulosalari Iqtisodiy kengash yigʻilishida muhokama qilinadi va tegishli qarorlar qabul qilinadi;
Iqtisodiy kengash “Islohotlar yoʻl xaritasi”ga kiritilgan masalalar boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, keng muhokama qilish, tasdiqlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyaga kiritishni taʼminlaydi.
5. Iqtisodiy kengash (A. Aripov) masʼul idoralar bilan birgalikda quyidagi loyihalarning tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini taʼminlasin:
a) Strategiyalar:
davlat ulushiga ega boʻlgan korxonalarni isloh qilish boʻyicha — 2019-yil 1-iyungacha;
milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (Raqamli Oʻzbekiston-2030) boʻyicha — 2019-yil 1-dekabrgacha;
taʼlimni rivojlantirish boʻyicha — 2020-yil 1-martgacha;
suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish boʻyicha — 2020-yil 1-sentabrgacha;
b) Konsepsiyalar:
Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha — 2019-yil 1-aprelgacha;
qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha — 2019-yil 1-oktabrgacha;
monetar siyosatni kuchaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha — 2019-yil 1-oktabrgacha;
davlat pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha — 2020-yil 1-yanvargacha;
moliyaviy sektorni yanada rivojlantirish boʻyicha — 2020-yil 1-iyungacha;
v) “Yoʻl xaritalari”:
investitsion muhitni yaxshilash boʻyicha — 2019-yil 1-aprelgacha;
yerdan foydalanishda moslashuvchanlik va shaffoflikni oshirish boʻyicha — 2019-yil 1-noyabrgacha;
atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha — 2020-yil 1-sentabrgacha.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Xalqaro ekspertlar guruhi aʼzolari va boshqa jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar bilan shartnomalar tuzish va ular mehnatiga haq toʻlash, Iqtisodiy kengashning faoliyati bilan bogʻliq boshqa xarajatlar Iqtisodiy kengash kotibiyati taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti hamda jalb qilingan grantlar, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning texnik koʻmaklari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Iqtisodiy kengash kotibi — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari A.Y. Xaydarovga quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin:
“Islohotlar yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini tizimli monitoring qilishni tashkillashtirish;
belgilangan tadbirlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralarga koʻmaklashish;
Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi, uning aʼzolari va jalb qilingan xorijiy ekspertlar faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
har 15 kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyaga “Islohotlar yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish boʻyicha batafsil axborotni tegishli ilovalari bilan kiritib borish.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, “Islohotlar yoʻl xaritasi”ga kiritilgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ularning amalga oshirilishi keng yoritilishini tashkil etsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosarlari B.M. Mavlonov va G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-yanvar,
PF-5614-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PF-5614-son Farmoniga 1-ILOVA
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining
Izoh: “Yoʻl xaritasi”ga Iqtisodiy kengashning qaroriga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi, normativ-huquqiy hujjatlar va chora-tadbirlar sohaga hamda tegishli munosabatlarni tartibga solish predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PF-5614-son Farmoniga 2-ILOVA
2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Iqtisodiy kengash
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.