PQ-4190-son Qaror · 13.02.2019

2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4190
  • Qabul qilingan sana:13.02.2019
  • Kuchga kirgan sana:15.02.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4190/2614

Oʻtgan vaqt mobaynida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish milliy xizmatini takomillashtirish, ruhiy holati buzilishidan aziyat chekuvchi shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha sogʻliqni saqlash tizimining barcha darajalarida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-3606-son qaroriga muvofiq aholiga psixiatriya yordamini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, psixiatriya muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek respublika psixiatriya muassasalari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari bajarilmoqda.

Jumladan, “psixiatriya” yoʻnalishi boʻyicha davlat grantlari asosida magistraturaga qabul kvotalari oshirildi, oliy tibbiy taʼlim muassasalarining psixiatriya kafedralarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqot ishlari faollashdi. Ilk bor ruhiy xastaliklarga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati tasdiqlandi.

Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish, sifatli psixiatriya yordami koʻrsatishni tashkil etish, ruhiy holat buzilishining oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini 2019-2020-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda — Kompleks chora-tadbirlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;

aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini innovatsion rivojlantirish, ruhiy xastaliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va tatbiq etish;

aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish sohasida xususiy tibbiyot amaliyoti rivojlanishini ragʻbatlantirish;

ruhiy holat buzilishi alomatlariga ega boʻlgan insonlarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishi va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, ruhiyati buzilgan shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishi uchun teng shart-sharoitlarni taʼminlash;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish masalalarida aholining xabardorlik darajasini oshirish, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan notoʻgʻri tasavvurlarga barham berish;

yordamga muhtoj boʻlgan aholining barcha yoshdagi guruhlarini psixiatriya yordami bilan qamrab olish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini bilan integratsiya qilish;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

psixiatriya yordamini koʻrsatishda, ayniqsa respublika hududlarida idoralararo multidissiplinar brigada ishi modelini joriy etish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi amaldagi muassasalar negizida faol terapiyaga va keng koʻlamli davolash-reabilitatsiya kompleks tadbirlari oʻtkazishga, kundalik vrachlar kuzatuvida boʻlishga muhtoj boʻlgan, biroq kunu-tun psixiatriya statsionariga joylashtirilishi shart boʻlmagan ruhiy holati buzilishi zoʻrayadigan yoki kompensatsiyasi buziladigan shaxslar uchun kunduzgi statsionarlar faoliyatini tashkil etish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni rekonstruksiya qilish va zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash).

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi lavozimlari roʻyxatiga “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlarini kiritish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

4. Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami koʻrsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam davlat tizimi doirasida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.K. Shodmonov):

psixiatriya yordamini olish imkoniyati, uning samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy holatlar buzilishining ijtimoiy va iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek aholining koʻrsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan toʻliq qoniqish hosil qilishiga erishish maqsadida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati faoliyatini yanada maqbullashtirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga ruhiy holatlar buzilishiga tashxis qoʻyish va ularni davolash klinik protokollarini joriy etsin;

ruhiy holati buzilgan shaxslarni zamonaviy yuqori samarali dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha choralar koʻrsin;

ish vaqtini xronometrajdan oʻtkazish orqali, aholiga psixiatriya yordami koʻrsatishda ishtirok etadigan mutaxassislar ish hajmi normativlarini, kelgusida shtat normativlariga oʻzgartishlar kiritgan holda qayta koʻrib chiqsin;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot taqdim etgan holda, ularning sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan monitoring oʻtkazilishini taʼminlasin;

Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosiga, shuningdek aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilishga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni muntazam tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish yuzasidan choralar koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimovga — Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarni ijro etish yuzasidan masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish;

masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish;

ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari rahbarlariga — fundamental va amaliy fanlar rivojlanishini taʼminlash, shuningdek aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʻrsatib oʻtilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qaror maqsadlari va vazifalarini, shuningdek Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosining borishini yoritish boʻyicha maqolalar va mavzuga doir telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 13-fevral,

PQ-4190-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4190-son qaroriga 1-ILOVA

2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish

1-bob. Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirishning maqsad va vazifalari

1. 2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasining (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) asosiy maqsadlari psixiatriya yordamini olish imkoniyati, uning samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy holatlar buzilishining ijtimoiy va iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek aholining koʻrsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan toʻliq qoniqish hosil qilishiga erishishdan iborat.

Konsepsiya Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari hamda aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatlarini isloh etishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan ilgʻor mamlakatlar tajribasiga asoslangan yondashuvlarni oʻz ichiga oladi.

2. Konsepsiya qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda respublika aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati faoliyatini maqbullashtirish boʻyicha strategik yoʻnalishlar va tegishli tadbirlarni belgilaydi.

3. Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

a) qisqa muddatli istiqbolda (2019 — 2021-yillarda):

ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yoʻlida maʼmuriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatini tashkil etishdagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va joriy etish;

ruhiy holat va xulq-atvor buzilishlarini innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tashxis qilish va davolash (shu jumladan, ixtisoslashmagan tibbiyot muassasalarida) standartlarini qayta koʻrib chiqish va keyinchalik ularni klinik amaliyot va taʼlim jarayoniga joriy etish;

“Sogʻliqni saqlashning ixtisoslashmagan muassasalarida ruhiy holat buzilishlari va nevrologik buzilishlar, shuningdek psixofaol moddalarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq buzilishlar munosabati bilan yordam koʻrsatish boʻyicha mhGAP-IG qoʻllanmasi (2.0 versiya)”ni joriy etish;

aholiga psixiatriya yordamini koʻrsatish sohasida xususiy tibbiyot amaliyoti rivojlanishini ragʻbatlantirish;

respublikaning barcha hududlarida “goʻdaklar psixiatriyasi” xizmatini rivojlantirish;

tugʻma va irsiy kasalliklar bilan xastalangan bolalar tugʻilishining oldini olish uchun perinatal skriningni amalga oshirish;

bolalar huquqlari himoyasini taʼminlaydigan mexanizmlarni, jumladan, aholining ushbu guruhi bilan ishlayotgan barcha muassasa va xizmatlarda bolalar huquqlari buzilishi holatlari toʻgʻrisida tezkor xabardor qilishni joriy etish;

psixiatriya yordamining kasalxonadan tashqari shakllarini rivojlantirish;

yordamga muhtoj boʻlgan aholining barcha yoshdagi guruhlarini psixiatriya yordami bilan qamrab olish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni rekonstruksiya qilish va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash);

“Psixiatriya yordamini koʻrsatishda idoralararo multidissiplinar brigada ishining modellari” metodik tavsiyasini ishlab chiqish;

b) oʻrta muddatli istiqbolda (2022 — 2025-yillarda):

aholiga psixiatriya yordamini koʻrsatish tizimini innovatsion rivojlantirish, yosh jihatidan ruhiy holat buzilishlarini profilaktika, tashxis qilish va davolashning ilgʻor texnologiyalarini amaliyotga joriy etish;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini bilan integratsiya qilish;

ruhiy holati buzilgan shaxslarning sport obyektlari, madaniyat muassasalari va boshqa obyektlardan foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;

demensiya toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish, shuningdek demensiya bilan kasallangan odamlarni parvarishlayotgan shaxslar va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash va oʻqitish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;

aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, “tibbiy psixolog va psixoterapevt”, “ijtimoiy ishlar boʻyicha mutaxassis”, “ijtimoiy xodim” yoʻnalishlari boʻyicha aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati mutaxassislarini tayyorlash;

respublika psixiatriya muassasalarida ruhiy holat va xulq-atvor buzilishlarini davolashning innovatsion diagnostik va davolash-reabilitatsiya texnologiyalarini joriy etish;

“Psixiatriya yordamini koʻrsatishda idoralararo multidissiplinar brigada ishining modellari”ni joriy etish.

2-bob. Psixiatriya yordamini koʻrsatish tizimini takomillashtirish faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

4. Ushbu Konsepsiyani amalga oshirish doirasida quyidagilar koʻzda tutilmoqda:

a) ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani, shu jumladan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga ruhiy holat buzilishlarini tashxis qilish va davolash klinik protokollarini joriy etish orqali yanada takomillashtirish;

b) davolash-profilaktika tadbirlarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan:

ruhiy holati buzilgan shaxslarni ambulatoriya sharoitida koʻmaklashuvchi terapiyani amalga oshirish uchun samaradorligi yuqori boʻlgan zamonaviy dori vositalari va preparatlar bilan taʼminlash;

ruhiy holati buzilgan shaxslarning yoʻldosh kasalliklarini tashxis qilish va davolash uchun sharoitlar yaratish;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari vrachlari uchun — aholi oʻrtasida suitsidal xulq-atvorni profilaktika qilish modullarini joriy etish;

asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish maqsadida obyektiv maʼlumotlarni toʻplash, axborot olishning obyektivligi va tezkorligini taʼminlash uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimlarini joriy etish;

v) ruhiy salomatlikni muhofaza qilish sohasida quyidagi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish:

ruhiy holat va xulq-atvor buzilishlarini profilaktika, tashxis qilish, davolash, reabilitatsiya qilish va prognozlash masalalariga innovatsion yondashish;

mintaqaviy, etnik, yoshga oid, gender va boshqa xususiyatlarni oʻrgangan holda aholining gʻayriijtimoiy xulq-atvori darajasini monitoring qilish;

gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarni keltirib chiqaruvchi stress holatlarining aniq sabablarini, jumladan sud muhokamasi materiallari asosida oʻrganish;

yosh jihatidan ruhiy holat va xulq-atvor buzilishlarini barvaqt tashxis qilish, davolash va profilaktika qilish usullarini takomillashtirish;

g) ruhiy salomatlikni muhofaza qilish sohasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish:

psixiatriya xizmatlari faoliyati toʻgʻrisidagi notoʻgʻri tasavvurlarga barham berish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan oʻzaro hamkorlik qilish;

ruhiy holat buzilishlarining sabablari, prognozi va ularning alomatlari aniqlanganda zarur yordam toʻgʻrisidagi axborotni tarqatish;

ruhiy holati buzilgan shaxslar, jumladan, ularning oila aʼzolari uchun taʼlim dasturlarini, shu jumladan demensiya bilan kasallangan odamlar uchun inklyuziv jamiyatni shakllantirish maqsadida ruhiy gigiyena va profilaktika boʻyicha materiallarni ishlab chiqish va joriy etish;

taʼlim muassasalarida va aholining keng qatlamlarida ruhiy salomatlikni asrashga qaratilgan sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;

d) kadrlar salohiyatini mustahkamlash:

davlat taʼlim standartlarini yanada takomillashtirish orqali ruhiy salomatlik sohasidagi mutaxassislarning professional darajasini oshirish;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmati mutaxassislarini tayyorlash va taqsimlash hajmlarini hududlarning real ehtiyojlarini hisobga olgan holda, aholi soni va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqib optimallashtirish;

aholiga psixiatriya yordamini koʻrsatishda ishtirok etuvchi mutaxassislarning ish hajmi normativlarini ish vaqti xronometrajini oʻtkazgan holda qayta koʻrib chiqish;

kadr resurslarini jalb etish maqsadida ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari va oddiy tibbiyot xodimlari uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash, moddiy taʼminotini oshirish va xizmatda oʻsish imkoniyatlarini kengaytirish.

3-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

5. Konsepsiyani amalga oshirish 2021-yilga kelib:

aholiga psixiatriya yordamini koʻrsatishning barcha darajalarida sogʻliqni mustahkamlash, profilaktika, tashxis qilish va davolash boʻyicha xizmatlarning keng doirasidan teng foydalanishni taʼminlaydigan ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yaratish;

yosh jihatidan ruhiy va xulq-atvor buzilishlarini sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini darajasida aniqlash darajasini oshirish;

oilada va taʼlim muassasalarida qulay shart-sharoitlar yaratish;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan aholiga psixiatriya yordami koʻrsatish hisobiga psixiatrlar yetishmovchiligini qoplash;

koʻrsatilayotgan psixiatriya xizmati sifatini oshirgan holda davlat va xususiy psixiatriya muassasalari oʻrtasida raqobat muhitini yaratish;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmati mutaxassislarini tayyorlash darajasini oshirish;

ruhiy holat buzilishlarining asosiy koʻrsatkichlarini tizimli monitoring qilish uchun axborot tizimini yaratish;

psixiatriya yordamini koʻrsatuvchi muassasalarning moddiy-texnik va sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash;

ruhiy salomatlikni muhofaza qilish, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishiga chek qoʻyish, ularga nisbatan notoʻgʻri tasavvurlarga barham berish masalalarida aholining xabardorlik darajasini oshirish;

davlatning uzoq vaqt boʻlish va/yoki yashash muassasalarida bolalar huquqlarining himoyasini taʼminlash imkonini beradi.

6. Konsepsiyani amalga oshirish 2025-yilga kelib:

innovatsion axborot-kommunikatsiya tizimlari asosida ruhiy salomatlik sohasida zarur darajada rejalashtirish va baholashni amalga oshirish;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ruhiy holat buzilishlarini profilaktika qilish va barvaqt aniqlash boʻyicha kuchli salohiyatni shakllantirish;

ruhiy holati yoki xulq-atvori buzilgan shaxslarni tashxis qilish, davolash va reabilitatsiya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan hamda ilgʻor xorijiy mamlakatlarda keng qoʻllaniladigan usullarini joriy etish;

aholiga psixiatriya yordami koʻrsatishning barcha boʻgʻinlarida ruhiy salomatlikni saqlash boʻyicha mutaxassislar bilan taʼminlanishini yaxshilash, kadrlarning zarur darajadagi malakasi, koʻnikma va yuksak professional darajaga yetishishiga motivatsiya yaratish;

demensiya bilan kasallangan shaxslar, shuningdek ularni parvarish qilayotgan shaxslarni profilaktika, tashxis qilish va davolash (jumladan, palliativ yordam, reabilitatsiya va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash) boʻyicha xizmatlarning keng doirasi bilan taʼminlash;

ruhiy holati buzilgan shaxslar va ularning yaqinlarini taʼlim dasturlari bilan qamrab olish imkonini beradi.

4-bob. Yakuniy qoidalar

7. Konsepsiyani amalga oshirishni muvofiqlashtirish va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshiriladi.

8. Natijalarga erishish darajasi va ularning samaradorligi ilovada keltirilgan indikatorlar boʻyicha Konsepsiyada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish asosida baholanadi.

2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasiga ILOVA

2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishning

* 2018-yil uchun rasmiy statistik maʼlumotlar eʼlon qilinmaganligi sababli 2017-yil oxiri holatidagi maʼlumotlar keltirilgan.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4190-son qaroriga 2-ILOVA

2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini 2019-2020-yillarda amalga oshirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.