PQ-4243-son Qaror · 18.03.2019

Chorvachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4243
  • Qabul qilingan sana:18.03.2019
  • Kuchga kirgan sana:19.03.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4243/2784

Chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ayniqsa qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini koʻpaytirishda muhim oʻrin tutadi.

Shu bilan birga, hududlardagi ishlarning hozirgi holati mazkur tarmoq korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ozuqa bazasini koʻpaytirish, naslchilikni yaxshilash, shu jumladan sunʼiy urugʻlantirishni rivojlantirish va naslchilik xoʻjaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Xalqimizning chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ushbu tarmoqda ilmiy yondashuvlar va ilgʻor zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop chorva mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yanada ragʻbatlantirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirish va daromadlarini koʻpaytirish maqsadida:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga (keyingi oʻrinlarda — ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar deb yuritiladi) ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan 1-ilovaga muvofiq ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha xoʻjalik subyektlariga va omixta yem ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sugʻorish tik quduqlari burgʻulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi.

Bunda subsidiya xarajatlari 2019-yilda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi.

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha xoʻjalik subyektlariga va omixta yem ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratilayotgan yer uchastkalarida yer osti suvi chiqarish uchun sugʻorish tik quduqlari burgʻulash joylarini aniqlab, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni xabardor qilib borsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

4. Sugʻorish tik quduqlarini burgʻulash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mazkur quduqlarni burgʻulash loyihalariga ekologik ekspertiza xulosalari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi gidrogeologik xulosalar berilishini taʼminlasin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son)

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4231-son qarori ijrosini tashkil etish jarayonida “Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari”ning tavsiyasiga asosan:

chorvachilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi boʻsh, lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga bersin;

mazkur fuqarolarga ushbu bandda koʻrsatilgan tartibda ajratilgan yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam koʻrsatsin.

7. Quyidagilar:

2019 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ozuqabop ekinlarning birlamchi urugʻlarini yetishtirish prognoz hajmlari 2-ilovaga muvofiq;

Xoʻjaliklarning asosiy maydonlarida choʻl-yaylov ozuqabop ekinlar urugʻlarini ekin turlari va navlari boʻyicha 2019-yilda joylashtirish rejasi 3-ilovaga muvofiq;

Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida choʻl-yaylov ozuqabop ekinlarining birlamchi urugʻlik maydonlarini barpo etish uchun xarid qilinishi zarur boʻlgan moddiy-texnika vositalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

ozuqabop ekinlar urugʻlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklarning yer maydoni hajmlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:

bir oy muddatda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda ozuqabop ekinlar urugʻlariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda xoʻjaliklarda urugʻlik yetishtirish maydonlari ajratilishini;

ozuqabop ekinlar urugʻlarini optimal muddatlarda ekish, parvarish qilish, urugʻ hosilini uyushqoqlik bilan oʻrib-yigʻib olish tadbirlarining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ozuqabop ekinlar urugʻlarini yetishtiruvchi rivojlangan mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xoʻjaliklar mutaxassislari malakasini doimiy ravishda oshirib borilishini taʼminlasin.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi:

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

xoʻjaliklarga sertifikatlangan yuqori sifatli ozuqabop ekinlarning birlamchi urugʻlarini yetkazib berishni;

ozuqabop ekinlarning yangi navlari va duragaylarini yaratish, ularning agrotexnologiyalarini takomillashtirish, birlamchi urugʻchilik ishlarini olib borish, superelita va elita urugʻlarini yetishtirish, yer tarkibini yaxshilovchi kuchsiz va oʻrta darajada shoʻrlangan tuproq sharoitlariga mos yuqori oqsilli va noanʼanaviy (oq lyupin, payza va boshqalar) ozuqabop ekinlarni iqlimlashtirish, seleksiya va urugʻchilik ishlarini olib borish hamda mahalliy sermahsul chorva mollari liniyalari va tiplarini yaratishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini doimiy ravishda tashkil etishni taʼminlasin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi “OʻZNASLCNILIK” davlat korxonasi bilan birgalikda:

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

sunʼiy urugʻlantirilgan sigirlarning hamda ulardan olingan buzoqlarning elektron hisobi yuritilishini;

Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida “OʻZNASLCNILIK” davlat korxonasining filiallari tashkil etilishini taʼminlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2020-yilda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida chorva mollari genetikasini tahlil qilish uchun zamonaviy genomika laboratoriyasini tashkil etish, zamonaviy kimyo laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash, ozuqabop ekinlar agrotexnologiyalari va birlamchi urugʻchilik ishlarini olib borish uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zarur texnika va agregatlarni xarid qilishga yetarli miqdorda mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

15. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Qibray tumani, “Shalola” MFY hududidan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga ozuqabop ekinlarning superelita va elita urugʻlarini yetishtirish uchun 30 gektar sugʻoriladigan yer ajratilishini taʼminlasin.

16. Quyidagilar 2022-yil 1-yanvarga qadar:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xom ashyolar 7-ilovadagi roʻyxatga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin;

asalarichilik subyektlari asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qoʻshni mamlakatlarga koʻchirib chiqarishi natijasida yigʻib olgan tabiiy asalni (TIF TN kodi 0409 00 000 0) respublika hududiga olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.

Bunda, imtiyoz bitta asalari oilasi boʻyicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qoʻllaniladi.

17. Asalarichilik subyektlariga bahor-yoz mavsumida asalari oilalarini qoʻshni mamlakatlarga “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida koʻchirib chiqarishga ruxsat berilsin.

18. Belgilansinki, 2019-yil 1-apreldan boshlab bir kunlik joʻjalarni (TIF TN kodi 0105 11 110 0, 0105 11 190 0, 0105 11 990 0) eksport qilish ruxsat etiladi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda 10 kun muddatda ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning sugʻorish tik quduqlarini burgʻulash bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda chorva hayvonlarini soʻyish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda isteʼmol bozoriga goʻsht va goʻsht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotishga nisbatan veterinariya-sanitariya qoidalari hamda ixtisoslashgan soʻyish korxonalariga nisbatan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoida va meʼyorlarini;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanoat usulidagi parrandachilik korxonalari faoliyatini amalga oshirishda zootexnika, zoogigiyena, veterinariya, veterinariya-sanitariya, ekologiya, sanitariya, yongʻin hamda qurilish boʻyicha xavfsizlik talablarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D.Vaxabov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 18-mart,

PQ-4243-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PQ-4243-son qaroriga 2-ILOVA

2019 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ozuqabop ekinlarning birlamchi urugʻlarini yetishtirish prognoz hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PQ-4243-son qaroriga 3-ILOVA

Xoʻjaliklarning asosiy maydonlarida choʻl-yaylov ozuqabop ekinlar urugʻini ekin turlari va navlari boʻyicha 2019-yilda joylashtirish rejasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PQ-4243-son qaroriga 4-ILOVA

Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklarining birlamchi urugʻlik maydonlarini barpo etish uchun xarid qilinishi zarur boʻlgan moddiy-texnika vositalari

Izoh: Zarur moddiy-texnika resurslari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan qaytarish sharti bilan moliyalashtiriladi.

(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-iyuldagi PF-6031-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 06/20/6031/1088-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PQ-4243-son qaroriga 5-ILOVA

Ozuqabop ekinlar urugʻlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklar yer maydoni

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi PQ-4243-son qaroriga 7-ILOVA

2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojlarini toʻlashdan ozod etiladigan ayrim turdagi butlovchi qismlar va xom ashyolar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.