PQ-4265-son Qaror · 03.04.2019

Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4265
  • Qabul qilingan sana:03.04.2019
  • Kuchga kirgan sana:04.04.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4265/2883

Soʻnggi yillarda kimyo sanoati korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va ularning faoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalda roʻyobga chiqarish, eng avvalo, davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hamda korxonalarning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish orqali tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishi zarurligini taqozo etmoqda.

Kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va tarmoq diversifikatsiya qilishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmlarini kengaytirish maqsadida:

1. “Oʻzkimyosanoat” AJning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda optimallashtirilgan va yangi istiqbolli loyihalar bilan toʻldirilgan, hisoblangan qiymati 12,1 mlrd AQSH dollariga teng, shu jumladan 1,7 mlrd AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2019 — 2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin:

azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral oʻgʻitlarni, shu jumladan ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MCHJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish boʻyicha amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy innovatsion ishlanmalarni qoʻllagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;

tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilatsetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilatsetat, trinatriy fosfat, nitrotsellyuloza, metallurgiya, neftgaz va toʻqimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimeviy qoʻshilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yoʻnaltirilgan polipropilen plenkasi (BOPP), oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish boʻyicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyo tarmogʻida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish;

“Oʻzkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;

kimyo tarmogʻi korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.

3. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish yoʻli bilan:

“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;

“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ ustav fondidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 51 foiz ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;

“Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “Oʻzkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari — “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63 ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 mln AQSH dollari miqdorida sotib olish qiymatida;

(3-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2021-y., 07/21/4992/0114-son)

v) “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning 26,14 foiz aksiyalarini — ochiq savdolarda bozor qiymatida;

g) “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25 foizgacha aksiyalar — dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) oʻtkazish asosida;

d) quyidagilar orqali:

(3-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2021-y., 07/21/4992/0114-son)

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud boʻlganda va tushgan mablagʻlarni jamiyat investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltirgan holda ularni toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2021-y., 06/21/6258/0651-son)

“Oʻzkimyosanoat” AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;

ushbu qarorga muvofiq tarmoq korxonalarini qayta tashkil etishda tashkilotdan tashkilotga oʻtkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, aksiyalar, ulushlar va aktivlar hamda davlat aktivlarini sotishdan tushgan, shu jumladan “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga oʻtkaziladigan daromadlar qiymati yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi, toʻlov manbaidan toʻlanadigan dividendlar koʻrinishidagi daromadlarga soliq hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;

Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarini potensial investorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish yoki qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish orqali, shu jumladan ularga investitsiya majburiyatlarini yuklagan holda sotishdan tushgan mablagʻlar jamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oldidagi kreditlarini soʻndirishga yoʻnaltiriladi;

xoʻjalik boshqaruvi organlarining ustav kapitaliga oʻtkazilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi ulushlarni tasarruf etish ularning boshqaruv organlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mineral oʻgʻitlar narxlarining keskin oʻzgarishi xavfini hamda paxta xomashyosi va gʻalla qiymatiga taʼsirining oldini olishni hisobga olgan holda mineral oʻgʻitlarga boʻlgan narxlarni shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mineral oʻgʻitlarni sotib olish uchun birja savdolarida barcha ishtirokchilar (xaridorlar) uchun teng sharoitlarni taʼminlash boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” AJning ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan umumiy qiymati 85,1 mln AQSH dollari miqdoridagi, shu jumladan moliyalashtirish manbai sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga “Oʻzkimyosanoat” AJ investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarini optimallashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga TIF TN boʻyicha 4011 va 4012 kodi bilan import qilinadigan avtomobil va qishloq xoʻjaligi shinalariga bojxona bojlarining aralash stavkasi joriy etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi “2017 — 2021-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3236-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 3-aprel,

PQ-4265-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-son qaroriga1-ILOVA

2019 — 2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish

Izoh: Loyihalarning yakuniy parametrlari loyihalarning dastlabki texnik iqtisodiy asoslar/texnik iqtisodiy asoslarini (PTEO/TEO) tasdiqlash hamda tender savdolarini oʻtkazish natijalariga koʻra aniqlashtiriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2021-y., 07/21/4992/0114-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-son qaroriga2-ILOVA

Kimyo tarmogʻida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha tadbirlar

Izoh: Kimyo tarmogʻi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitali (jamgʻarmalari)dagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJ aktivlarini sotish shartlariga Davlat tender komissiyasi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2021-y., 07/21/4992/0114-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-son qaroriga3-ILOVA

“Oʻzkimyosanoat” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalari sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari maqbullashtiriladigan investitsiya loyihalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-apreldagi PQ-4265-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-maydagi “Fosforit xom ashyosini ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1975-son qarori rus tilidagi matni 4-bandi uchinchi xatboshisidagi “GP “Navoiyskiy GMK”“ soʻzlari “OOO “Qizilqum fosforit kompleksi”“ soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 18-dekabrdagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari boshqaruv xodimlari tuzilmasini takomillashtirish va ular sonini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2450-son qarori 3-ilovasining V boʻlimi 6-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 24-oktabrdagi “Oʻsimliklarni himoya qilish va qishloq xoʻjaligiga agrokimyoviy xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2640-son qarori 11-bandidagi “Elektrokimyosanoat” AJ” soʻzlari “Elektrkimyozavod” QK AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3818-son qarori 1-ilovasining rus tilidagi matni “Stavka poshlini (v % ot tamojennoy stoimosti tovara ili v dollarax SSHA za yed. izm.)” ustunida:

4011-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin;

“10, no ne meneye 3 doll. SSHA za sht.”;

4012-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin;

“20, no ne meneye 3 doll. SSHA za sht.”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3983-son qarorining:

a) 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2. 2019 — 2030-yillar davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;

b) 7-bandning;

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;

v) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “YOʻL XARITASI”

Amalga oshiriladigan loyihalarning umumiy qiymati — 12 073,0 mln AQSH doll.

Izohlar:

1. Mazkur “Yoʻl xaritasi”dagi tadbirlarni amalga oshirish mexanizmi va muddatlariga investorlar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarini ishlab chiqish natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tuzatishlar kiritilishi mumkin.

2. Loyihalarning parametrlariga loyihalar DTIA/TIAsi ishlab chiqilishi asosida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4145-son qarori 3-ilovasi 21-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

7. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlaridan samalari va oqilona foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 289-son qarori 3-ilovasining rus tilidagi matni “Razmer gosaktiva, peredavayemogo v ustavniy kapital organov xozupravleniya (%)” ustunida:

7-pozitsiyadagi “100” raqami “0,08” raqami bilan almashtirilsin;

14-pozitsiyadagi “100” raqami “0,03” raqami bilan almashtirilsin.

8. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-avgustdagi “Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish (II bosqich)” investitsiyaviy loyihasi doirasida togʻ-kon majmuasi qurilishini yakunlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 576-son qarori rus tilidagi matni 4-bandi uchinchi xatboshisidagi va 6-bandidagi “2020-yil” soʻzlari “2022-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.