Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Investitsiya dasturida nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish joylarini yaratish, infratuzilmani takomillashtirish hamda hududlarni obodonlashtirish va xalq farovonligi darajasini oshirishning gʻoyat muhim omili hisoblanadi.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning holatini tahlil qilish investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va toʻla-toʻkis amalga oshirishga, investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim tizimli kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishning amaldagi tizimi istiqbolli investitsiya loyihalarini bosqichma-bosqich tayyorlashni, loyiha hujjatlari oʻz vaqtida ishlab chiqilishini taʼminlamayapti, bu esa moliyalashtirishning ochilishi, mablagʻlar oʻzlashtirilishi, oqibatda esa quvvatlar ishga tushirilishi kechiktirilishiga olib kelmoqda. Investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va monitoring qilish jarayoniga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq etilmagan.
Investitsiya dasturlarini shakllantirishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Investitsiya dasturi soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini, investitsiya loyihalarini monitoring qilishning samarali mexanizmlari joriy etilishini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga investitsiyalarni jalb etishni taʼminlash, barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlar rahbarlari va hokimlarning ushbu sohadagi shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan konsepsiyalari va dasturlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida uning asosiy koʻrsatkichlarini har yili aniqlashtirib va yangilab borgan holda uch yillik davrga shakllantiriladi.
2. 2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) shakllantirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Dasturni, shu jumladan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — XMI/XHMT), Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va boshqa markazlashtirilmagan manbalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish, shuningdek Dasturning amalga oshirilishini umumiy monitoring va nazorat qilish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda budjet tizimining budjetlari hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish, shuningdek unga aniqliklar va yangiliklar kiritish, ularning amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish yuzasidan vakolatli organ hisoblanadi;
2019-yil 25-iyunga qadar Dastur loyihasini jamlash uchun ushbu kichik bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan loyihalarning manzilli roʻyxatini belgilangan tartibda loyihalarning tashabbuskorlari bilan kelishilgan, taklif etilayotgan loyihalarni joylashtirish, ularning quvvatlari va manbalari uygʻunlashtirilishini taʼminlashni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etadi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan prognoz limitlari oʻz vaqtida taqdim etilishini, shuningdek loyihalar markazlashtirilgan manbalar hisobidan toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
g) Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda Dastur loyihasiga kiritiladigan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etishda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga, tarmoqlar va hududlarga koʻmaklashadi;
d) loyiha tashabbuskorlari — davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari (keyingi oʻrinlarda — loyiha tashabbuskorlari) oʻzlariga tegishli qismlarda, investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini oʻz vaqtida ishlab chiqish, ularni Dastur loyihasiga kiritish uchun taqdim etish, tarmoq jadvallari va loyiha hujjatlarini sifatli tayyorlash, shuningdek qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash, mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻzlashtirish va ishlab chiqaruvchi quvvatlarni ishga tushirish borasidagi barcha tadbirlarning soʻzsiz va sifatli bajarilishini taʼminlaydilar.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasi tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha, 2019-yil 1-iyunga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga aniq investitsiya loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin;
e) “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK loyihaoldi hujjatlari, shuningdek texnik topshiriqlar va tender hujjatlarining kompleks ekspertizasi belgilangan tartibda oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini taʼminlaydi;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oyiga kamida bir marotaba xorijiy investorlar bilan uchrashuv oʻtkazadilar, aniq investitsiya takliflari (loyihalari)ni taqdim etadilar (prezentatsiya qiladilar) hamda ularning amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlaydilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Moliya vazirligi Dastur loyihasiga kiritiladigan budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari manzilli roʻyxatini shakllantirishda respublika aholisining turmush sifatini oshirish va rivojlantirish tarmoq dasturlarini ildam bajarishga imkoniyat yaratadigan avtomobil yoʻllari qurish va rekonstruksiya qilish hamda ichimlik suv taʼminoti tarmoqlarini kengaytirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutsin.
Belgilansinki, loyihani bajarish Dasturni amalga oshirishning keyingi yiliga rejalashtirilgan taqdirda, loyiha hujjatlari mavjud boʻlmagan investitsiya loyihalarini Dastur loyihasiga kiritish taqiqlanadi;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov, E.M. Gʻaniyev) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (G.K. Saidova) zimmasiga Dastur loyihasini shakllantirish bilan bogʻliq ishlarni umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshirish vazifasi yuklansin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) ishlab chiqilgan boʻlib, u investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilingan barcha ishtirokchilarni ulagan holda Loyiha boshqaruvi yagona milliy axborot tizimining bir qismi hisoblanadi va quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
loyihalarni hisobga olish, ularning amalga oshirilishini nazorat va monitoring qilish jarayonlarini avtomatlashtirish;
loyihalarning muddatlari, budjeti, maqsadlari va koʻrsatkichlari ustidan nazoratni amalga oshirish;
investitsiyalar, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning jalb etilgan va oʻzlashtirilgan hajmlari boʻyicha ishonchli maʼlumotlarni shakllantirish;
loyihalarni amalga oshirishda quvvatlarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha xavf-xatarlarni aniqlash;
investitsiyadan keyingi davrda, loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni kuzatib borish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi bir hafta muddatda Axborot tizimining belgilangan tartibda “Texnik koʻmaklashish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Agentlik:
ikki hafta muddatda vazirlik, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatiga Axborot tizimi joriy etilishi, shuningdek uning uzluksiz ishlab turishi, yanada modernizatsiya qilinishi va axborot xavfsizligi uchun javobgar boʻlgan tizimli operatorni belgilasin;
ikki oy muddatda “UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJ bilan birgalikda Axborot tizimining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda investitsiya loyihalarini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Investitsiya dasturi (keyingi oʻrinlarda — 2019-yilgi Investitsiya dasturi) amalga oshirilishini monitoring qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin, unda, jumladan “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha Reglament tasdiqlanishini, Axborot tizimini ishlab chiqish va keyinchalik undan foydalanish xarajatlarini toʻlash masalalarini hal etishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga muhim investitsiya loyihalarining bajarilishini har oyda tanqidiy koʻrib chiqqan holda, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarining samarali muvofiqlashtirilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga erishilishini taʼminlash yuzasidan masʼuliyat yuklansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va E.M. Gʻaniyev bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining taqdimnomasiga binoan 2019-yilgi Investitsiya dasturi doirasida loyihalar (obyektlar) boʻyicha investitsiyalar, kapital qoʻyilmalar limitlari (qiymati)ning prognoz parametrlari, joriy yilda ishga tushiriladigan har chorak boʻyicha taqsimlangan investitsiya loyihalarining aniqlashtirilgan roʻyxatlari tasdiqlanishini;
loyihalar tashabbuskorlari tomonidan 2019-yilgi Investitsiya dasturi hamda Dastur bajarilishini, shuningdek tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga erishilishini har oyda tanqidiy koʻrib chiqishni;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining taklifiga binoan Dasturda nazarda tutilgan investitsiya loyihalari boʻyicha ajratilgan mablagʻlar oʻz vaqtida oʻzlashtirilmay qolganda markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan manbalar hisobidan kapital qoʻyilmalar roʻyxatlari va limitlari (qiymati)ga tuzatishlar kiritilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov har oyda investitsiya loyihalari amalga oshirilishining holati toʻgʻrisidagi hisobotni va tahliliy materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etgan holda investitsiya loyihalarini amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilishni taʼminlash yuzasidan shaxsan masʼul ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga budjet tizimlarining budjet qismida iqtisodiyot va sanoat vazirining investitsiya dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish masalalari boʻyicha vazir oʻrinbosari lavozimi kiritilsin, uning zimmasida qisqartirilayotgan, iqtisodiyot va sanoat vazirining infratuzilmani rivojlantirish strategiyasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari boʻyicha vazir oʻrinbosari oʻrniga infratuzilmani rivojlantirish strategiyasi boʻyicha funksiyalar saqlanib qolinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida 7 nafar shtat birligidan iborat Infratuzilmaviy loyihalar tahlili guruhini tashkil etish, uning zimmasiga markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirilgan infratuzilmaviy loyihalarni kompleks tahlil etish, iqtisodiy samarani baholash, ularning ish yuklamasini koʻpaytirish va samarasini oshirish chora-tadbirlarini, shuningdek yangi infratuzilmaviy loyihalar boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish vazifalarini yuklash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Infratuzilmaviy loyihalar tahlili guruhi faoliyatini moliyalashtirish budjet mablagʻlari, tegishli vazirliklarning budjetdan tashqari mablagʻlari, XMI/XHMT mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini yanada takomillashtirishning “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Belgilansinki, 2019-yilning 1-iyulidan boshlab:
investitsiya loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaganlik, shuningdek tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishganlik uchun tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjeti qoʻshimcha manbalari hisobidan ikki lavozim maoshigacha boʻlgan miqdorda biryoʻla mukofotlash tarzida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro hokimiyati organlarining rahbarlarini ragʻbatlantirish;
ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan talablar bajarilishini taʼminlamaganlik uchun hayfsan eʼlon qilish, lavozim maoshining ellik foizigacha miqdorida jarima solish va belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilish (egallab turgan lavozimidan ozod qilish) tarzida mazkur rahbarlarning intizomiy javobgarligi tizimi joriy etiladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
a) loyihalarni amalga oshirish guruhi (keyingi oʻrinlarda — LAOG) faoliyatini tashkil etish, shuningdek xaridlar jarayonlarining shaffofligini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
LAOG rahbarlari va xodimlarini loyiha tashabbuskorlarining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida LAOG rahbarlarining hisobotlarini XMI/XHMT, shuningdek loyihalar tashabbuskorlarining markazlashtirilgan hamkorligi boʻyicha tegishli boshqaruvchilar (organlar)ni jalb etgan holda kollegial asosda eshitish;
LAOGning hisobdorligi, ular faoliyatining samarali muvofiqlashtirilishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyunga qadar XMI/XHMT ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish chogʻida jalb etiladigan, milliy konsultantlar tomonidan ilgari amalga oshirilgan investitsiya loyihalari samaradorligini baholashni inobatga olgan holda ularning maʼlumotlar bazasini shakllantirsin;
v) LAOG xodimlarini hamda loyiha tashabbuskorlarini oʻqitish va malakasini oshirish maqsadida xaridlarni oʻtkazish, moliyaviy boshqarish, investitsiya loyihalarini ijtimoiy-ekologik baholash hamda boshqa gʻoyat muhim yoʻnalishlarga oid masalalar boʻyicha XMI/XHMT konsultantlari va mutaxassislarining muntazam asosda jalb etilishini taʼminlasin.
Loyihalarning tashabbuskorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, zarur hollarda, LAOG tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin;
g) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Agrosanoat kompleksi va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi negizida XMI/XHMT ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha alohida boʻlinmani tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Belgilansinki, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan investitsiya va tashqi savdo sohasidagi hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”, shuningdek xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatdagi korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va kiritiladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Hisob palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga kiritilgan investitsiya loyihalarining bajarilishini tanqidiy oʻrganib chiqsin hamda uning natijalariga koʻra ushbu loyihalarni qayta koʻrib chiqish yuzasidan takliflar kiritsin.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi PF-6042-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2020-y., 06/20/6042/1190-son)
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirish, shuningdek ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishini hisobga olishning takomillashtirilgan tartibini joriy etsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-may,
PF-5717-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-son Farmoniga 1-ILOVA
2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi loyihasini shakllantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini yanada takomillashtirishning
Izohlar
1. Chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi, ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqib birlashtirilishi mumkin.
2. Ikki va undan koʻp bandlar birlashtirilganida, birlashadigan bandlar uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib oʻrnatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 12-noyabrdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “M39 Toshkent-Termiz avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1433-son qarorining rus tilidagi matni 1-ilovasi 11-bandi “Vsego*” ustunidagi “97” raqamlari “105” raqamlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 28-dekabrdagi “Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “4R87 Gʻuzor-Chim-Koʻkdala avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1671-son qarorining rus tilidagi matni 1-ilovasi 8-bandi “Vsego*” ustunidagi “82” raqamlari “100” raqamlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “M39 Toshkent-Termiz avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish” hamda “Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “4R87 Gʻuzor-Chim-Koʻkdala avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish” loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3011-son qarorining rus tilidagi matnida:
a) 2-bandidagi “1-oktabrya 2018 goda” va “1 maya 2019 goda, s uchetom zakritiya zaymov” soʻzlari tegishlicha “1-iyunya 2019 goda” va “1-noyabrya 2020 goda, bez ucheta garantiynogo perioda (srok garantiynogo perioda — odin god posle sdachi obyekta v ekspluatatsiyu) i” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandidagi “Ministerstvu finansov” soʻzlari “Ministerstvu investitsiy i vneshney torgovli” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3439-son qarorida:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oʻzbekiston Respublikasidan quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi — moliya institutlari bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev — Islom taraqqiyot banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari L.Sh. Kudratov — Islom taraqqiyot banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari S.X. Bekenov — Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev — Osiyo taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi oʻrinbosari R.A. Gulyamov — Osiyo taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov — Jahon banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Sh.A. Vafayev — Jahon banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari L.Sh. Kudratov — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev — Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari (lavozimi boʻyicha) — Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari etib belgilansin”;
b) 3-bandda:
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-iyuldagi “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3857-son qarorining 2-bandi beshinchi xatboshi “doirasida” soʻzidan keyin “belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4105-son qarorida:
a) 2-band:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi markaziy apparati departamentlari tuzilmasida 4 ta va undan ortiq shtat birligidan iborat boshqarma (shu jumladan, yigʻma) tashkil etish”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
b) 1-ilova quyidagi mazmundagi blok bilan toʻldirilsin:
v) 2-ilova matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining markaziy apparati tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni – 206 nafar.
* Vazirlik markaziy apparatining umumiy shtat birliklariga kiritilmaydi”.
g) 7-ilovada:
“Andijon viloyati”, “Qashqadaryo viloyati” va “Fargʻona viloyati” pozitsiyalarining “Xodimlarning cheklangan soni (birlikda)” ustunidagi “54” raqamlari “55” raqamlari bilan almashtirilsin;
“Namangan viloyati”, “Surxondaryo viloyati” va “Xorazm viloyati” pozitsiyalarining “Xodimlarning cheklangan soni (birlikda)” ustunidagi “46” raqamlari “47” raqamlari bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4135-son qarori quyidagi mazmundagi 7-1-band bilan toʻldirilsin:
“7-1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining budjetdan tashqari Rivojlanish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish, yuqori malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish (mehnatga haq toʻlash, transport xarajatlari va boshqalar), xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar, shu jumladan chet elda oʻtkaziladigan tadbirlar, shuningdek, Vazirlik faoliyatini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish xarajatlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladigan Vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari va qarz mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan va koʻrsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin”.