PQ-4333-son Qaror · 23.05.2019

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish toʻgʻrisidagi shartnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4333
  • Qabul qilingan sana:23.05.2019
  • Kuchga kirgan sana:23.05.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4333/3174

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish toʻgʻrisida 2010-yil 10-dekabr kuni Moskva shahrida imzolangan shartnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish toʻgʻrisidagi shartnomasining sud qarorlarini ijro etishdan boʻyin tovlayotgan shaxslarning joylashgan joyini aniqlash qismi boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnoma depozitariysiga uni amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari roʻyxati oʻzgarganligi toʻgʻrisida tegishli bildirishnoma yoʻllasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 19-maydagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-1532-son qarori 2-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 23-may,

PQ-4333-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.