Soʻnggi yillarda respublikada elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, tarmoq korxonalari faoliyatini samarali tashkil etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import oʻrnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli zamonaviy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ichki bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda import oʻrnini bosuvchi, energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish;
mavjud xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayonlariga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va diversifikatsiyalash;
elektrotexnika sanoati tarmogʻi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va shu orqali elektrotexnika sanoatida ishlatiladigan butlovchi qismlar va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish;
elektrotexnika sanoati tarmogʻiga sifat menejmentining zamonaviy usullarini va xalqaro standartlarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish tizimini yaratish;
elektrotexnika sanoatida yangi turdagi istiqbolli mahsulotlar ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarni va innovatsion gʻoyalarni joriy etish.
2. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan:
2019-2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi” deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida amalga oshiriladigan va istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etilayotgan mahsulot turlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruhi 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklatilsin:
elektrotexnika sanoatida mis va boshqa xom ashyo qayta ishlashni chuqurlashtirishga, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga koʻmaklashish;
ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar tannarxini hamda uni pasaytirish imkonini cheklayotgan holatlarni tahlil qilish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ishlarini tashkil etish;
elektrotexnika sanoati tarmogʻiga, shu jumladan mahsulotlar ishlab chiqarishning texnologik jarayonlariga innovatsion ishlanma va texnologiyalar joriy etilishini taʼminlash;
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatish;
har oʻn besh kunda amalga oshirilayotgan loyihalarning holati va “Yoʻl xaritasi”ning bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.
Ishchi guruhiga (D. Sultanov) 2-ilovaga muvofiq 2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida amalga oshiriladigan va istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxatiga, zarur hollarda, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritib borish huquqi berilsin.
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2021-y., 07/21/5011/0174-son)
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019-yil 1-iyuldan boshlab:
a) elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarning davlat xaridlari amalga oshirilishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllanadi. Bunda korporativ buyurtmachilar tomonidan tijorat maqsadlarida qayta sotish yoki shu maqsadlarda tovarlardan ishlab chiqarishda foydalanish uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlarida preferensiyalar qoʻllanmaydi;
(4-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi PF-85-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2024-y., 06/24/85/0396-son — 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)
b) Davlat buyurtmachilari mablagʻlari hisobidan obyektlarni “tayyor holda topshirish” shartlari asosida qurish yoki rekonstruksiya qilish boʻyicha tender hujjatlarida pudratchi tomonidan respublikada ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar sotib olish nazarda tutiladi.
(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
(4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-son Farmoniga asosan 2020-yil 1-avgustdan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)
(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2021-y., 07/21/5011/0174-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-fevraldagi PQ-2772-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilarni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar grantlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamgʻarma hisob raqamiga 2019-2020-yillarda teng ulushlarda 20 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlar quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni chet el bozorlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta holat boʻyicha ekvivalenti 20 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
(6-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)
startap-loyihalarini moliyalashtirish, elektrotexnika sanoati tarmogʻida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarining ustav fondlarini (kapitallarini) shakllantirishda ishtirok etish, maxsus injiniring markazlari va tajriba-konstruktorlik byurolarini tashkil etish;
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida, boʻsh turgan va foydalanilmayotgan bino-inshootlarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va ulardagi tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash, shuningdek, hududlarda elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial texnoparklar tashkil etish;
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga tender savdolarida ishtirok etish uchun qisqa muddatga moliyaviy kafilliklar berish;
elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalarining xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizini, lekin bitta holat boʻyicha ekvivalenti 10 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplash;
elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalarining tashqi bozorlarda mahsulotlarning ommabopligini oshirish boʻyicha marketing olib borishi, tarmoq loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini (biznes-reja, texnik-iqtisodiy asoslar va boshqalar) ishlab chiqishi, shuningdek, jahon bozorini oʻrganish va marketing tahlillarini amalga oshirish uchun xalqaro maʼlumotlar bazalariga (axborot resurslariga) ulanishi bilan bogʻliq xarajatlarini 50 foiz miqdorda qoplash;
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
mahalliy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni ilgari surish boʻyicha respublikada va xorijiy davlatlarda koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etish, seminarlar oʻtkazish, taqdimot materiallari va koʻrgazma stendlarini tayyorlash;
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi ijro apparatiga xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq moliyalashtirish;
(6-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish (ERP, MES, PLM tizimlarini joriy qilish) bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta tadbirkorlik subyektiga koʻpi bilan 5 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdorida qoplash;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari huzuridagi elektrotexnika sohasi boʻyicha menejerlarining (xodimlarining) ish haqi va barcha moddiy taʼminot xarajatlarini moliyalashtirish.
(6-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qaroriga asosan oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)
7. “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining 2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati sohasidagi xalqaro standartlarni qabul qilish uchun:
2019-yilda “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish maxsus jamgʻarmasi hisobidan 1,2 mlrd soʻm;
2020 ― 2021-yillarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda 2,4 mlrd soʻm mablagʻlar ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin. Unda 2019 ― 2022-yillarda:
tarmoqda misni qayta ishlash hajmini 5 baravar oshirish;
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravar oshirish;
elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar eksporti hajmini 4 baravar oshirish;
amalga oshirilayotgan va istiqbolli investitsiya loyihalari doirasida kamida 15 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish nazarda tutilsin.
9. Elektrotexnika sanoati tarmogʻi korxonalari 2030-yil 1-yanvarga qadar muddatga belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar, butlovchi qismlar va asbob-uskunalar boʻyicha bojxona bojlari toʻlashdan ozod etilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-sentabrdagi PQ-325-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 07/26/325/0940-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda mis, polietilen, polipropilen va elektrotexnika sanoatida ishlatiladigan boshqa xom ashyolar birja savdolariga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda barqaror qoʻyib borilishini taʼminlasin;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2019-yil 1-sentabrga qadar Toshkent shahri, Fargʻona viloyati va respublikaning boshqa hududlarida elektrotexnika sanoatiga ixtisoslashtirilgan industrial-innovatsion texnoparklar tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
2019-yil 1-avgustga qadar Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
2020-yil 1-dekabrga qadar Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oʻrgangan holda ularni kelgusi yillarda moliyalashtirish yuzasidan taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
respublika hududiga elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni noqonuniy ravishda olib kirish holatlarini va ularning kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan omillarni tahlil qilsin;
ilgʻor xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda respublika hududiga mahsulotlarni noqonuniy ravishda olib kirishning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini taʼminlasin.
13. “Oʻzstandart” agentligi 2019-yil 1-avgustga qadar:
respublika hududida kontrafakt va sifatsiz elektromaishiy mahsulotlar realizatsiya qilinishining oldini olish yuzasidan ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda ularning sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini taʼminlovchi namunaviy sinov dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda texnik hujjatlarida, markirovkasida va etiketkalarida energiya samaradorligining tegishli klassi toʻgʻrisidagi axborotlarning majburiy mavjud boʻlishi haqidagi talab tatbiq etiladigan chetdan olib kirilayotgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotilayotgan maishiy elektr priborlari roʻyxatini zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 3-ilovaga muvofiq 2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etilayotgan mahsulot turlari boʻyicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan investitsiya loyihalarini shakllantirish, shuningdek ularni amalga oshirish uchun salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlarni, birinchi navbatda, jahonning mashhur “brend”larini jalb qilish;
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda elektrotexnika sanoati tarmogʻida amalga oshirilayotgan yangi investitsiya loyihalari doirasida yaratiladigan ishlab chiqarish obyektlarida xalqaro talablarga javob beradigan mahsulotlar sinov laboratoriyalarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qaroriga asosan 2021-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2021-y., 07/21/5011/0174-son)
16. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-may,
PQ-4348-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga 1-ILOVA
2019-2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga 2-ILOVA
2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida amalga oshiriladigan va istiqbolli investitsiya loyihalari
* hududiy dasturlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar;
** loyihani Oʻzbekiston Respublikasining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi tomonidan birgalikda moliyalashtirish taklif etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga 3-ILOVA
2019 ― 2021-yillarda elektrotexnika sanoati tarmogʻida mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni kengaytirish tavsiya etilayotgan mahsulot turlari
Blender, mikser, elektr sharbat chiqargichlar, elektr goʻsht qiymalagichlar;
Maishiy elektr kofe qaynatuvchi asboblar va elektr choynaklar;
Elektr soch quritgich, sochlarni parvarishlash uchun elektr termik priborlar;
Maishiy avtomatlashtirilgan kir yuvish mashinalari;
Uyali va boshqa simsiz aloqa tarmogʻi uchun telefonlar, planshetlar va ularning butlovchi qismlari;
Kompyuter va noutbuklar hamda ularning butlovchi qismlari (klaviatura, sichqoncha va boshq.);
Bosib chiqarish, skanerlash, nusxa koʻchirish yoki faksimil qabul qilish va uzatish qurilmalari;
Elektron axborot tashuvchi vositalar;
Kredit yoki debit kartalari orqali elektron hisob-kitob qilish uchun terminallar, boshqa kassa apparatlari;
Konveksion isitgichlar va boshqa maishiy elektr isitgich priborlari;
Kuchlanish stabilizatorlari, yuqori kuchlanishli elektr toki oʻtkazgichlari, transformatorlar, elektr generatorlar;
Kuchlanish elektr zanjirini oʻchirish, almashlab ulash yoki himoyalash uchun apparaturalar, ular bilan jihozlangan taqsimlash shitlari va boshqa panellar, lift va eskalatorlar;
Svetodiod (LED) lampalar va panellar, elektr yoritish uskunalari (fonarlari), shu jumladan shaxtalarda ishlatiladigan fonarlar;
Markaziy isitish qozonlari, sanoat sovutish va ventilyatsiya uskunalari, maishiy va nomaishiy sovutgich hamda muzlatgichlar, ular uchun kompressorlar;
Aluminiydan quvurlar, trubkalar va ularning fitinglari;
Baliqni intensiv usulda yetishtirish, ovlash va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlar;
Parrandachilik uchun inkubator va bruderlar, parranda mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan boshqa asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlar;
Issiqxonalar va issiqxona komplekslari uchun sirkulyatsion va tortuvchi ventilyatorlar hamda boshqa uskunalar, asbob va jihozlar;
Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uchun uskunalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PQ-4348-son qaroriga 4-ILOVA
Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-15-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2024-y., 07/24/15/0027-son)