Oʻzbekiston Respublikasida 2018-yilda mamlakat atom energetikasini umumiy energetika balansiga kiritish, undan kamida 60 yil davomida xavfsiz foydalanishni taʼminlagan holda respublika hududida atom elektr stansiyasi barpo etishni nazarda tutuvchi yadro-energetika dasturini amalga oshirishga start berildi.
Oʻzbekiston atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasida ilmiy bazaga ega. Xususan, respublikamizda tadqiqot yadro reaktoridan foydalangan holda ilmiy izlanishlar 1959-yildan beri olib borilmoqda.
Atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajribani hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi tavsiyalarini hisobga olgan holda atom energiyasidan foydalanish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash milliy yadroviy infratuzilmaning gʻoyat muhim elementlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi “2019 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4165-son qarorini ijro etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi yadro-energetika dasturini atom energiyasidan xavfsiz foydalanish talablariga javob beradigan malakali kadrlar bilan oʻz vaqtida va toʻlaqonli taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5484-son Farmoniga muvofiq Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika”, “Yadro fizikasi va yadro texnologiyalari (qoʻllash sohalari boʻyicha)”, shuningdek, Samarqand davlat universitetida “Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika” yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3875-son qaroriga muvofiq Toshkent shahrida atom sohasi uchun kadrlar tayyorlashda tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanuvchi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) filiali tashkil etilib, “Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi”, “Yadro fizikasi va texnologiyasi”, “Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi”, “Elektr energetikasi va elektr texnikasi” yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni oʻqitish yoʻlga qoʻyildi;
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Issiqlik texnikasining nazariy asoslari” kafedrasi “Issiqlik energiyasi va atom elektr stansiyalari” kafedrasiga aylantirildi, uning negizida “Energetika (atom energetikasi)” mutaxassisligi boʻyicha talabalarni oʻqitish tashkil etildi;
2018-yil 19-oktabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzatom” agentligi) va “Rosatom” davlat korporatsiyasi (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi atom energetikasi sohasida kadrlarni oʻqitish va tayyorlashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, unga koʻra 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasida (Rossiya Federatsiyasi) Oʻzbekiston Respublikasi talabalarini oʻqitish boshlandi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirishning asosiy tamoyillari etib belgilansin:
atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikning soʻzsiz ustuvorligi;
atom elektr stansiyasi (keyingi oʻrinlarda — AES) barpo etish va undan foydalanishda ishtirok etuvchi tashkilotlar xodimlarining yuqori darajadagi xavfsizlik madaniyatini doimiy ravishda taʼminlab borish;
tegishli lavozim uchun talab qilingan malaka va tajribaga ega boshqaruv, muhandislik, operativ va taʼmirlash xodimlarining AESda ishlashiga ruxsat berishni taʼminlash;
Xalqaro atom energiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — MAGATE) tavsiyalariga va eng yaxshi xalqaro amaliyotga asoslangan holda kadrlar tayyorlashga tizimli yondashish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uzluksizligi, tayyorlov dasturlari atom energiyasidan foydalanish obyektlari hayotiy davrining joriy bosqichlariga, atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organning xavfsizlik talablariga mosligini taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — Harakatlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzatom” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Harakatlar rejasida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini taʼminlasin.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
4. Belgilansinki, Strategiyada va Harakatlar rejasida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarni amalga oshirish “Oʻzatom” agentligi va yadro-energetika dasturida ishtirok etuvchi boshqa vazirlik va idoralarning asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi):
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
“Oʻzatom” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2020-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi uchun Davlat budjetida nazarda tutilgan maqsadli mablagʻlar, “Oʻzatom” agentligining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga xorijda kadrlar malakasini oshirish va stajirovka qilish, shuningdek, xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning magistratura, aspirantura va doktoranturasida yosh mutaxassislarni oʻqitish maqsadli koʻrsatkichlarini tuzishda yadro-energetika dasturida ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralarning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olsin;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va “Oʻzatom” agentligi bilan birgalikda atom energiyasidan foydalanish sohasining malakali va yuqori malakali mutaxassislari boʻlgan vatandoshlarimizni yadro-energetika dasturida ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralarning rahbar lavozimlariga jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni muntazam koʻrib borsin.
6. “Oʻzatom” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filialini moddiy-texnik taʼminlash boʻyicha xarajatlarni qoʻshimcha moliyalashtirish, shuningdek, uning xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirish bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining Atom energetikasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
7. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga — Strategiya va Harakatlar rejasini amalga oshirishda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzatom” agentligining bosh direktori J.T. Mirzamahmudov, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga — Strategiya va Harakatlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini, shuningdek, Strategiya va Harakatlar rejasini amalga oshirish jarayonini yoritish boʻyicha maqolalar va mavzuga doir telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-oktabr,
PQ-4492-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-oktabrdagi PQ-4492-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish
1-bob. Umumiy qoidalar
Birinchi atom elektr stansiyasini (keyingi oʻrinlarda — AES) barpo etish Oʻzbekiston Respublikasida energetikani rivojlantirishning strategik yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlari hayotiy davrining barcha bosqichlarida xavfsizlik taʼminlangan taqdirda, ekologik toza energiya turi hisoblanadi. Bu, shu jumladan AES xodimlarining, yadro-energetika dasturini amalga oshirishga jalb etilgan nazorat organlari, vazirliklar va idoralar xodimlarining yuksak malakasi va xavfsizlik madaniyati orqali taʼminlanadi.
AES qurilishini 2022-yilda boshlash rejalashtirilmoqda. Birinchi energiya blokini 2028-yilda, ikkinchi energiya blokini esa 2030-yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan.
Oʻzbekiston Respublikasining yadro-energetika dasturini kadr resurslari bilan taʼminlash uchun atom energiyasidan foydalanish sohasida kadrlar tayyorlashning samarali milliy tizimini shakllantirish zarur, bu esa Atom energiyasi xalqaro agentligining Milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalariga mos keladi.
Yadro energetikasi dasturi uchun kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratish vazifalarini kompleks hal qilish lozim, chunki atom sohasini rivojlantirish nafaqat AESni ekspluatatsiya qilishda, balki qurilish, energetika, materialshunoslik, taʼlim, ilm-fan, texnika, tibbiyot kabi oʻzaro bogʻlangan yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlashni ham talab qiladi.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi maqsad va vazifalari
AES barpo etish va xavfsiz ekspluatatsiya qilish, AESning butun hayotiy davri mobaynida yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni, AES xodimlari, aholi va atrof muhit xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalar olishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi atom energetikasi sohasi kadrlarini kompleks tayyorlash tizimini yaratish va kelgusida uning samaradorligini qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya)ning maqsadi hisoblanadi.
Strategiya maqsadiga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalar hal etilishini taʼminlash zarur:
atom energetikasini xavfsiz rivojlantirish talablariga muvofiq va eng yaxshi xalqaro tajribani hisobga olgan holda maktab taʼlimidan boshlab oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimgacha barcha bosqichlarni oʻz ichiga oladigan atom sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini va malaka oshirish tizimini yaratish;
yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirish;
milliy yadro-energetika dasturining tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom taʼlim muassasasining Toshkent shahridagi filiali (keyingi oʻrinlarda — “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali) faoliyatini rivojlantirish;
yangi taʼlim muassasalari tashkil etish, mavjud taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va taʼlim dasturlari hamda oʻquv metodikalarini takomillashtirish;
Atom energiyasi xalqaro agentligi (keyingi oʻrinlarda — MAGATE) tavsiyalariga muvofiq ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlari sifatli tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini taʼminlash, shuningdek, mehnat faoliyati atom energiyasidan foydalanish obyektlari xavfsizligiga taʼsir koʻrsatadigan xodimlar malakasini uzluksiz qoʻllab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ, milliy yadro-energetika dasturini amalga oshirishga jalb etilgan boshqa davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislarini jadal tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
yadro fizikasi, yadro tibbiyoti, radiokimyo, radiatsiya xavfsizligi, energetika, materialshunoslik, hayot faoliyatini taʼminlash xavfsizligi, gidrogeologiya, meteorologiya, ekologiya va boshqa sohalarda professor-oʻqituvchilar tarkibini hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash;
atom sohasiga xodimlarning professional-texnik bilimlarini baholashning samarali tizimini va ish haqi miqdori xodimning malakasi, sohadagi ish staji hamda ish beruvchi tashkilot va umuman soha faoliyati samaradorligining muhim koʻrsatkichlariga qoʻshadigan amaldagi real hissasiga bogʻliqligini nazarda tutuvchi moddiy ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;
atom sohasiga xodimlar uchun sohada ishlash obroʻsini va jozibadorligini oshiradigan kafolatlar, kompensatsiyalar va ijtimoiy dasturlar tizimini joriy etish;
AES xavfsizligi va qonun hujjatlari talablari bajarilishi nuqtai nazaridan kadrlar zaxirasini yaratishga va atom energetikasi tashkilotlarining oʻta muhim lavozimlarida izchillikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
3-bob. Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasining yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish uzoq muddatga moʻljallangan istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqqan holda quyidagi asosiy yoʻnalishlarga muvofiq amalga oshiriladi:
atom energetikasi kadrlar salohiyatini rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirish;
“MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini rivojlantirish;
taʼlim muassasalarini rivojlantirish;
AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarini tayyorlash;
atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlashni davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi organlar mutaxassislarini tayyorlash;
atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi organlari mutaxassislarini tayyorlash;
professor-oʻqituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarni tayyorlash;
kadrlar zaxirasini yaratish va atom energetikasining oʻta muhim lavozimlarida izchillikni taʼminlash;
kadrlar tayyorlash asosida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
§1. Atom energetikasi kadrlar salohiyatini rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish
Atom energetikasi kadrlar salohiyatini rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:
Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga, shuningdek, Professional taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatoriga atom energiyasidan foydalanish sohasidagi yangi yoʻnalishlar va taʼlim mutaxassisliklarini kiritish;
referent AES tashkiliy tuzilmasi va shtat jadvalidan kelib chiqqan holda Xizmatchilar asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga yangi lavozimlar kiritish;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat taʼlim standartlarini, shu jumladan referent AES uchun xodimlar tayyorlashda foydalanilgan yadro texnologiyalarini yetkazib beruvchi tomonidan taklif etiladigan taʼlim standartlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va yuridik shaxslar xodimlariga atom energiyasidan foydalanish sohasida ish olib borish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini tasdiqlash;
atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan malaka talablarini tasdiqlash;
atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va yuridik shaxslarning bajaradigan faoliyatiga qarab atom energiyasidan foydalanish sohasida ish olib borish huquqi uchun ruxsatnomalar olishi kerak boʻlgan xodimlari lavozimlari roʻyxatini tasdiqlash;
AESning ekspluatatsiya qiluvchi xodimlari bilimlarini tekshirish va attestatsiyadan oʻtkazish tartib-taomilini tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
atom energiyasidan foydalanish sohasida kadrlar tayyorlovchi, qayta tayyorlovchi, malakasini oshiruvchi taʼlim muassasalarining atom energiyasidan foydalanish sohasida kadrlar tayyorlash uchun litsenziyalar (ruxsatnomalar) olish va ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibini tasdiqlash;
yadro qurilmalari va (yoki) saqlash punktlari xodimlarining ayrim toifalari, shuningdek, mazkur obyektlarda nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ xodimlarining mehnat sharoitlarining va ijtimoiy-maishiy taʼminoti xususiyatlarini tartibga soluvchi normalarni tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida nazarda tutilgan majburiyatlar va huquqlarga nisbatan atom energiyasidan foydalanish obyektlarida mehnat intizomining kuchaytirilgan talablarini belgilovchi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning mehnat va ishlab chiqarish intizomi toʻgʻrisidagi ustavni tasdiqlash.
§2. Kadrlar tayyorlash uchun davlat buyurtmasini shakllantirish
Oʻzbekiston Respublikasining yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini oʻz vaqtida shakllantirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:
yadro-energetika dasturi uchun kadrlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, shu jumladan quyidagi toifadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash uchun mutaxassisliklar (ixtisosliklar) roʻyxatini belgilash:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi qoshidagi AES qurilishi direksiyasining AES qurilishini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan loyihani boshqarish, ish sifatini nazorat qilish va ishlarni qabul qilib olishni amalga oshiruvchi xodimlari;
(“a” kichik band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
b) AESning ekspluatatsiya qiluvchi (operativ va taʼmirlash) xodimlari;
v) atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlik masalalarini davlat tomonidan boshqarish va tartibga solish organlari xodimlari;
g) tayyorlangan xodimlar malakasini taʼminlab turadigan va yangi kadrlarni oʻqitadigan ilmiy tashkilotlar va taʼlim muassasalari xodimlari;
(2-paragrafning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
d) AES qurishda ishtirok etadigan va AESni ekspluatatsiya qilishni qoʻllab-quvvatlaydigan boshqa tashkilotlar xodimlari;
mutaxassislarning lavozim majburiyatlarini bajarishga kasbiy tayyorligi mezonlarini aniqlash va ularni ushbu majburiyatlarni bajarishga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish;
oʻz malakasi va professional tajribasiga koʻra atom sohasini kadrlar bilan toʻldiruvchi zaxira manbalariga kiradigan davlat organlari mutaxassislari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band boʻlgan mutaxassislar, taʼlim muassasalari bitiruvchilari doirasini belgilash;
kasbiy tayyorligini, bilim va tajriba darajasini hisobga olib, mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishning yillik hajmlarini belgilash.
§3. “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti”ning Toshkent shahridagi filiali faoliyatini rivojlantirish
“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti”ning Toshkent shahridagi filiali faoliyatini rivojlantirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:
atom tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash sohasida tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti”ning Toshkent shahridagi filialini moddiy-texnik taʼminlash va faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
oʻquv jarayonini, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Yadro fizikasi institutining oʻquv-amaliy laboratoriyalarini laboratoriya va oʻquv-laboratoriya uskunalari, maketlar va tahliliy trenajyorlar bilan jihozlash;
“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti”ning Toshkent shahridagi filialiga yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibini jalb qilish;
bakalavrlar tayyorlash yoʻnalishlarini kengaytirish;
magistratura ochish;
oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni tashkil etish;
atom sohasi xodimlari malakasini oshirishning tarmoq markazi faoliyatini tashkil etish.
§4. Taʼlim muassasalarini rivojlantirish
Atom sohasida kadrlarni sifatli tayyorlash uzluksiz tizimini taʼminlash uchun taʼlim muassasalarni rivojlantirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:
Milliy yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlashga jalb etilgan taʼlim va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik va oʻquv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash dasturini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;
Jizzax viloyatida AES joylashadigan asosiy maydon tanlanishini hisobga olib, AESning ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarini tayyorlashga eʼtibor bergan holda Jizzax politexnika institutida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarini kengaytirish;
AES binolari va inshootlari majmuasi tarkibida oʻquv-mashgʻulot markazi (keyingi oʻrinlarda — oʻquv-mashgʻulot markazi) barpo etish va foydalanishga topshirish;
oʻquv-mashgʻulot markazida ishlash uchun oʻqituvchilar va instruktorlarni tayyorlash, ularning malakasini doimiy qoʻllab-quvvatlashni, shu jumladan xorijda tashkil etish;
Jizzax viloyatida “Oʻzatom” agentligi vasiyligi hamda qoʻllab-quvvatlashi bilan aniq va tabiiy fanlar chuqur oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish;
atom energetikasi, yadro texnologiyalari hamda yadro yoqilgʻisi, ishlatib boʻlingan yadro yoqilgʻisi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash boʻyicha maxsus oʻquv va ilmiy-ommabop adabiyotlar tayyorlash va chop etish, shuningdek, barcha darajadagi taʼlim jarayonlarining axborot-metodik taʼminotini ishlab chiqish.
§5. AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarini tayyorlash
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarini tayyorlash vaqt boʻyicha AES hayotiy davrining toʻrtta bosqichiga boʻlingan:
1) barpo etish;
2) foydalanishga topshirish;
3) ekspluatatsiya qilish;
4) foydalanishdan chiqarish.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlari toʻrtta asosiy yoʻnalish boʻyicha tayyorlanadi:
1) oliy rahbar xodimlar;
2) ekspluatatsiya (operativ va taʼmirlash) xodimlari;
3) yordamchi texnik xodimlar;
4) maʼmuriy-boshqaruv xodimlari.
AESning oliy rahbar xodimlari tegishli malakaga, ish stajiga ega boʻlgan va atom energiyasidan foydalanish obyektini boshqarish uchun zarur boshqa talablarga javob beradigan ekspluatatsiya qiluvchi xodimlar orasidan yakka tartibdagi rivojlanish rejalari boʻyicha malakasini oshirish orqali tayyorlanadi.
Ekspluatatsiya qiluvchi va yordamchi texnik xodimlar toʻrt bosqichda tayyorlanadi:
1) AESdagi aniq lavozim uchun talab etiladigan bazaviy taʼlim;
2) oʻquv-mashgʻulot markazida nazariy tayyorlash;
3) oʻquv-mashgʻulot markazida maketlar, trenajyorlar va oʻqitishning boshqa texnik vositalarini qoʻllagan holda amaliy tayyorlash;
4) AESdagi ish joyida amaliyot oʻtash.
AESning maʼmuriy-boshqaruv xodimlari oʻquv-mashgʻulot markazida malakasini oshirish va nazariy tayyorgarlikdan oʻtkazish orqali tayyorlanadi.
AES barpo etiladigan va foydalanishga topshiriladigan davrda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarini tayyorlashni rejalashtirish uchun:
vaqt davomida rivojlanish davrlarini (2020, 2022, 2024, 2026, 2028-yillarda) hisobga olgan holda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning tashkiliy tuzilmasi va shtat jadvali tegishli tahrirlari ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning amaldagi tashkiliy tuzilmasi va uni rivojlantirish rejalari asosida nomzodlarni tayyorlash uchun malakali saralab olish grafiklari, xodimlarni oʻqitish grafiklari va qabul qilish grafiklari ishlab chiqiladi;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarini tayyorlash dasturi potensial ishtirokchilarining boʻlajak ish joyi uchun oʻrnatilgan maxsus talablarga muvofiqligi mezonlari ishlab chiqiladi;
oʻz malakasiga koʻra atom sohasini kadrlar bilan toʻldiruvchi zaxira manbalariga kiradigan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band boʻlgan mutaxassislar, taʼlim muassasalari bitiruvchilari doirasi belgilanadi.
Birinchi AESni foydalanishga topshirish uchun zarur boʻlgan ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 2018-yil 7-sentabrda tuzilgan bitim (keyingi oʻrinlarda — Hukumatlararo bitim) doirasida amalga oshiriladi.
Hukumatlararo bitim tatbiq etilmaydigan AES xodimlari davlat taʼlim muassasalari kuchi bilan yoki kontrakt asosida tayyorlanadi.
AESning ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida va atom energiyasidan foydalanish sohasida ish bajarish uchun ruxsatnomalar berishda qoʻllaniladigan malaka talablari va muvofiqlik mezonlari atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organ tomonidan tasdiqlanadi.
AESni ekspluatatsiya qilish davrida xodimlar malakasi, bilimi va koʻnikmalarini talab darajasida taʼminlab turish oʻquv-mashgʻulot markazida, shuningdek, zarur hollarda, ixtisoslashgan milliy va xorijiy taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarning bilimi Atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilangan muddatlarda tekshirilib turiladi (attestatsiyadan oʻtkaziladi).
§6. Atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar mutaxassislarini tayyorlash
Atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlarning mutaxassislari uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha tayyorlanadi:
1) atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ (keyingi oʻrinlarda — regulator) mutaxassislari;
2) yadro va radiatsiya xavfsizligi sohasi ekspertlari;
3) atom energiyasidan foydalanish obyektlarida nazorat faoliyatini amalga oshiruvchi sanoat, yongʻin, ekologik xavfsizlik, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi, jismoniy himoya qilish va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati organlari mutaxassislari.
Regulator mutaxassislar uchta bosqichda tayyorlanadi:
1) muayyan lavozim uchun talab qilinadigan bazaviy maʼlumot;
2) yadro va radiatsiya xavfsizligi boʻyicha, shu jumladan oʻquv-mashgʻulot markazida tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish;
3) ishlab turgan AESlarda amaliyot oʻtash.
Yadro va radiatsiya xavfsizligi sohasi ekspertlarini tayyorlash tegishli oliy taʼlim olish, shuningdek, zarur hollarda yadro va radiatsiya xavfsizligi boʻyicha tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish orqali amalga oshiriladi.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida nazorat faoliyatini amalga oshiruvchi sanoat, yongʻin, ekologik xavfsizlik, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi, jismoniy himoya qilish va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati organlari mutaxassislarini tayyorlash, shu jumladan oʻquv-mashgʻulot markazida malakasini oshirish orqali amalga oshiriladi.
Regulator xodimlarini tayyorlashni rejalashtirish uchun:
regulator tashkiliy tuzilmasi va uni rivojlantirish rejalari asosida nomzodlarni tayyorlash uchun malakali saralab olish grafiklari, mutaxassislarni oʻqitish grafiklari va ishga qabul qilish grafiklari ishlab chiqiladi;
regulator mutaxassislarini tayyorlash dasturining potensial ishtirokchilarini boʻlajak ish joyi uchun oʻrnatilgan maxsus talablarga muvofiqligi mezonlari ishlab chiqiladi;
oʻz malakasiga koʻra regulatorning kadrlar tarkibini shakllantiruvchi zaxira manbalariga kiradigan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band boʻlgan mutaxassislar, taʼlim muassasalari bitiruvchilarining doirasi belgilanadi.
atom energiyasidan foydalanish obyektlarida nazorat faoliyatini amalga oshiruvchi sanoat, yongʻin, ekologik xavfsizlik, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi, jismoniy himoya qilish va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi regulator va davlat nazorati organlari mutaxassislari malakasi, bilimi va koʻnikmalarini talab darajasida taʼminlab turish ixtisoslashgan milliy va xorijiy taʼlim muassasalarida, shu jumladan, zarur hollarda, oʻquv-mashgʻulot markazida olib borilishi mumkin. Bunda mazkur organlar mutaxassislarining bilimi belgilangan tartibda tekshirilishi (attestatsiyadan oʻtkazilishi) lozim.
§7. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari mutaxassislarini tayyorlash
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari ikki toifaga boʻlinadi:
1) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi (keyingi oʻrinlarda — davlat boshqaruvi vakolatli organi) mutaxassislari;
2) atom energiyasidan foydalanish sohasida alohida vakolatlarga ega boʻlgan davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari.
Davlat boshqaruvi vakolatli organi mutaxassislari ikki bosqichda tayyorlanadi:
1) muayyan lavozim uchun talab qilinadigan bazaviy maʼlumot;
2) atom energiyasidan foydalanish sohasida, shu jumladan oʻquv-mashgʻulot markazida tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish.
Atom energiyasidan foydalanish sohasida alohida vakolatlarga ega davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari, shu jumladan oʻquv-mashgʻulot markazida malaka oshirish orqali tayyorlanadi.
Davlat boshqaruvi vakolatli organi xodimlarini tayyorlashni rejalashtirish uchun:
davlat boshqaruvi vakolatli organi tashkiliy tuzilmasi asosida nomzodlarni tayyorlash uchun malakali saralab olish grafiklari, mutaxassislarni oʻqitish grafiklari va ishga qabul qilish grafiklari ishlab chiqiladi;
davlat boshqaruvi vakolatli organi mutaxassislarini tayyorlash dasturining potensial ishtirokchilarini boʻlajak ish joyi uchun oʻrnatilgan maxsus talablarga muvofiqlik mezonlari ishlab chiqiladi;
oʻz malakasiga koʻra davlat boshqaruvi vakolatli organi kadrlar tarkibini shakllantiruvchi zaxira manbalariga kiradigan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida band boʻlgan mutaxassislar, taʼlim muassasalari bitiruvchilari doirasi belgilanadi.
Davlat boshqaruvi vakolatli organi va atom energiyasi sohasida alohida vakolatlarga ega davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari malakasi, bilimi va koʻnikmalarini talab darajasida taʼminlab turish ixtisoslashgan milliy va xorijiy taʼlim muassasalarida, shu jumladan, zarur hollarda, oʻquv-mashgʻulot markazida amalga oshirilishi mumkin.
§8. Professor-oʻqituvchilar tarkibini hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash
Atom energiyasidan foydalanish sohasida oliy malakali kadrlarni tayyorlash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
taʼlim muassasalarini professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan hamda ilmiy tashkilotlarni ushbu sohadagi ilmiy xodimlar bilan taʼminlash;
(8-paragrafning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
atom energiyasidan foydalanishning noenergetik yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida yadro fizikasi, yadro tibbiyoti, radiatsiya xavfsizligi, hayot faoliyatini taʼminlash xavfsizligi, materialshunoslik, gidrogeologiya, meteorologiya va boshqa sohalarda kadrlar tayyorlash.
§9. Kadrlar zaxirasini yaratish va atom energetikasining oʻta muhim lavozimlarida izchillikni taʼminlash
AES xavfsizligi nuqtai nazaridan oʻta muhim lavozimlarda izchillikni taʼminlash va qonun hujjatlari talablarini bajarish uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot turli boshqaruv tajribasiga ega mutaxassislar (test sinovlariga koʻra talablarga mos deb topilgan oliy taʼlim muassasalarining yuqori kurslari talabalari, energetika korxonalarining tajribali xodimlari, boshqaruvchilar va boshqa malakali mutaxassislar) uchun kadrlar zaxirasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Yadro-energetika dasturini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar, idoralar va tashkilotlar kadrlar zaxirasini yaratish va rivojlantirish boʻyicha oʻz rejalarini hamda boʻlinmalar va alohida lavozimlar kesimida eng istiqbolli kadrlarni aniqlash va ularning malakasini oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi.
Atom sohasining malakali va tajribali xodimlari yosh mutaxassislarga ham professional asosda, ham xavfsizlik madaniyati va soha qadriyatlarini rivojlantirish borasida zarur bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishda koʻmaklashishini nazarda tutuvchi “ustoz-shogird” tizimini tashkil etish kadrlar zaxirasini rivojlantirish dasturining majburiy tarkibiy qismi boʻlishi lozim.
§10 Kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish
Kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida quyidagilarda ishtirok etish boʻyicha texnikaviy hamkorlik dasturi doirasida MAGATE bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur:
“Oʻzbekiston Respublikasida atom elektr stansiyasi va tadqiqot reaktori qurish boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun kadrlar salohiyatini va milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish” UZB2018004 milliy loyihasi doirasidagi oʻquv tadbirlari;
texnologiyalarni yetkazib beruvchi tomonidan tashkil etiladigan mintaqalararo oʻquv loyihalari;
MAGATE shafeligida tashkil etiladigan xalqaro konferensiyalar, seminarlar va kengashlar.
Kadrlar tayyorlash, shu jumladan tajriba almashish, oʻquv seminarlari va treninglarni, shu jumladan kontrakt asosida tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik quyidagilar bilan birgalikda amalga oshiriladi:
“Rosatom” Davlat korporatsiyasi tayanch oliy oʻquv yurtlari konsorsiumiga kiruvchi taʼlim muassasalari (Rossiya Federatsiyasi);
“Rosatom” texnik akademiyasi” qoʻshimcha kasb-hunar taʼlimi avtonom notijorat tashkiloti (Rossiya Federatsiyasi);
“Rosatom” korporativ akademiyasi” avtonom notijorat tashkiloti (Rossiya Federatsiyasi);
Jahon yadro uyushmasi huzuridagi Jahon yadro universiteti (Buyuk Britaniya);
AESni ekspluatatsiya qiluvchi va oʻquv-mashgʻulot majmualari hamda maxsus trenajyorlarga ega boʻlgan xorijiy tashkilotlar.
4-bob. Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Strategiyani amalga oshirish:
xodimlarni tayyorlash va mustaqil ishlashiga ruxsat berishdagi oʻziga xoslikni hisobga olib, AESni kadrlar bilan taʼminlash masalalari boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
AESni sifatli barpo etish va xavfsiz ekspluatatsiya qilishni, yadroviy va radiatsiya xavfsizligini, xodimlar, aholi va atrof muhit xavfsizligini taʼminlash uchun kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
AESni sifatli barpo etish va xavfsiz ekspluatatsiya qilish uchun respublikaning atom energetikasi sohasini oliy va kasb-hunar maʼlumotga ega mutaxassislar, oliy malakali ilmiy xodimlar, tegishli mutaxassisliklar va ixtisosliklar boʻyicha professional-texnik maʼlumotga ega xodimlar bilan taʼminlash;
atom sohasi, shu jumladan atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash;
yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlovchi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda taʼlim jarayonini samarali ilmiy-metodik, normativ-texnik va oʻquv-dasturiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
(4-bobning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini yaratish, yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlovchi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
(4-bobning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
oliy va kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining kasbiy bilim darajasini oshirish;
kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida moliyaviy mablagʻlardan samarali foydalanishni taʼminlash imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-oktabrdagi PQ-4492-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha