PQ-4500-son Qaror · 29.10.2019

Oʻzbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4500
  • Qabul qilingan sana:29.10.2019
  • Kuchga kirgan sana:30.10.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4500/3973

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, sportning har xil turlarini, shu jumladan regbini yanada ommalashtirish, sport bilan shugʻullanish uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda regbi respublikamizda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan biridir. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi hamda faoliyat koʻrsatmoqda, regbi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda (“Asian Olympic Pre-Qualifier”, “Asian 7ʼs”) faol ishtirok etib, sharafli oʻrinlarni egallab kelmoqda, ushbu jamoa Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida kuchli sakkizlikka kiradi.

Shu bilan birga, moddiy-texnik baza va infratuzilmaning yetarli emasligi, regbi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uygʻun tizimi yaratilmaganligi sohaning yanada rivojlanishiga hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlashga toʻsqinlik qilmoqda.

Regbini yanada rivojlantirish, uni respublika aholisining keng qatlamlari oʻrtasida faol targʻib qilish va ommalashtirish, yuqori sifatli oʻquv-mashq jarayonini taʼminlash, regbichilar, trenerlar va hakamlarning mahorat darajasi va malakasini doimiy oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, regbichi-sportchilarni tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston regbi federatsiyasining quyidagi takliflari maʼqullansin:

a) har bir olimpiya zaxiralari kollejlarida regbi boʻlimlarini ochish;

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6099/1450-son)

(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

v) quyidagilarni nazarda tutuvchi regbi boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazishning toʻrt bosqichli tizimini joriy etish:

birinchi bosqichda — sport klublari, seksiyalari jamoalari oʻrtasidagi sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

ikkinchi bosqichda — sport klublari, seksiyalari oʻrtasidagi musobaqalarda gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida tuman (shahar) sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

uchinchi bosqichda — tuman (shahar) sport musobaqalarida gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida hududiy sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

toʻrtinchi bosqichda — hududiy sport musobaqalarida gʻolib chiqqan jamoalar oʻrtasida respublika sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok).

2. 2019 — 2022-yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar belgilansin:

iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;

regbini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalar va toʻgaraklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash;

trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

regbi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun uning sifatli va samarali tayyorgarligini taʼminlash;

xalqaro musobaqalarning gʻoliblari va sovrindorlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi boʻyicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish;

regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklatilsin:

hududiy regbi federatsiyalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;

tegishli hududlarning rahbar kadrlari orasidan nomzodlarni hududiy regbi federatsiyalari raisi lavozimiga tavsiya etish;

tegishli hududda professional regbining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash, kamida bitta professional regbi klubini tashkil etish, regbi mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun stadionlar, shuningdek, tegishli hududiy regbi federatsiyalarini joylashtirish uchun binolar ajratish.

4. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi faoliyatini va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari quyidagilar ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlari;

homiylar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetining sport klublari stadionlarida muntazam ravishda regbi boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratib berilishini begʻaraz asosda taʼminlasin.

6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoni bilan tasdiqlangan Olimpiya sport turlarini 2018 — 2021-yillarda keyinchalik rivojlantirish va ommalashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturining 21-bandiga muvofiq Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chorvoq qishlogʻida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari tomonidan oʻquv-mashq jarayonini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston regbi federatsiyasining sport bazasini qurish koʻzda tutilgan;

sport bazasini saqlash va zarur jihozlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston regbi federatsiyasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chorvoq qishlogʻida Oʻzbekiston regbi federatsiyasining sport bazasi qurilishini 2020-yilga moʻljallangan jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli dasturiga kiritilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, professional regbi klublari belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga muvofiq olib kiriladigan, regbi boʻyicha sport obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport uskunalari, inventar va maxsus professional sport anjomlari uchun 2023-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi hamda bojxona yigʻimlari bundan mustasno) ozod etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020/2021 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetida regbi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlovchi yoʻnalishlar ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu bandni amalga oshirish boʻyicha choralar koʻrsin.

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi Oʻzbekiston regbi federatsiyasi bilan birgalikda:

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

mamlakatimizda regbini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirish, fuqarolarning ushbu sport turiga qiziqishini shakllantirish choralari koʻrilishi;

sport maktablarining zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sport jihozlari va inventar, regbi uchun sport kiyimlari va poyabzal bilan taʼminlanishi;

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

regbi infratuzilmasi rivojlangan mamlakatlarda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarining tashkil etilishi;

olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida regbi boʻlimlarini ochish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.

(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston regbi federatsiyasining buyurtmanomasiga binoan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston regbi federatsiyasining buyurtmanomasiga binoan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga davlat bojini undirmasdan koʻp martalik vizalarni berish va ularni uzaytirish hamda turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni belgilangan tartibda taʼminlasin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston regbi federatsiyasining buyurtmanomalariga binoan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etish uchun ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, mazkur xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning oʻrnatilgan toʻlovlar undirilmasdan berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida regbining rivojlanishini, regbi jamoalari, trenerlar va regbi boʻyicha boshqa mutaxassislar faoliyatini muntazam ravishda va keng yoritib borish hamda regbi boʻyicha rasmiy musobaqalar oʻtkazilishini targʻib qilish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 29-oktabr,

PQ-4500-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-oktabrdagi PQ-4500-son qaroriga ILOVA

2019 — 2022-yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.