PQ-4526-son Qaror · 21.11.2019

Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4526
  • Qabul qilingan sana:21.11.2019
  • Kuchga kirgan sana:22.11.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4526/4064

Oʻzbekistonda yadro fizikasi tadqiqotlari oʻtgan asrning 40-yillarida boshlangan boʻlib, 50-yillariga kelib jadal rivojlana boshladi. Mamlakatda yuqori malakali olimlarning mavjudligi, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish yoʻlida Oʻzbekiston olimlarining samarali ilmiy izlanishlari va amaliy ishlanmalari 1956-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilishiga zamin yaratdi.

Institut oʻzining 60 yildan ziyod faoliyati davomida yadro fizikasi va yadroviy texnologiyalar sohasida dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan yirik tadqiqot markaziga aylandi.

Oʻtgan yillar davomida Institut jamoasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, shu jumladan:

atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, yadro tuzilishi nazariyasi, quyi va oʻta past energiyalarda yadrolarning parchalanishi va qoʻshilishi fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, astrofizika va kosmologiya, qattiq jism radiatsion fizikasi, radiokimyoning fundamental jihatlari sohalarida yadroviy ilmlarning fundamental asoslari rivojlantirildi;

amaliy radiokimyo, radioizotoplar va ular asosida radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun radiatsion priborlar va uskunalar tayyorlash, opto- va mikroelektronika uchun yangi materiallar olish boʻyicha amaliy yadro texnologiyalari yaratildi.

Shu bilan birga, yadro fizikasi sohasida tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, Institutning ilmiy salohiyatini yanada oshirish uchun qoʻshimcha choralarni koʻrish talab etilmoqda, xususan:

ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;

yosh olimlarni tayyorlash va ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy-ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish hamda tadqiqot reaktoridan samarali foydalanish;

atom energetikasi yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlarni yoʻlga qoʻyish;

Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zamonaviy yadroviy uskunalar, yuqori energiyali siklotron, yuqori quvvatli elektron tezlatgichlar, boshqa asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash.

Yadro fanlari va texnologiyalarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlarni olib borish tizimini tubdan takomillashtirish va Institut ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, yadroviy tadqiqot reaktoridan samarali va bexatar foydalanishni taʼminlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, uning natijadorligini taʼminlashda kadrlarning malakasini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

nazariy va eksperimental yadro fizikasi, atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar, qattiq jism radiatsion fizikasi va materialshunoslik, yadroviy analitika va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;

oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim instituti faoliyati samaradorligini taʼminlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

respublika maqsadli fan-texnika va innovatsion dasturlarini bajarish orqali yadro fani va texnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayonida Institut ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, dissertatsiya ishlari va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish orqali fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

xorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, Institut ilmiy faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish;

Institut faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha maqsadli dastur (keyingi oʻrinlarda — Maqsadli dastur) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2020 — 2024-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi) 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2021-yilgacha maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda — Maqsadli koʻrsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirib borish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malakasini oshirish reja-grafigi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga Maqsadli dastur va Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi sifatli hamda toʻliq bajarilishini taʼminlash va Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishini taʼminlasin.

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi uchun Davlat budjetida nazarda tutilgan maqsadli mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Institut ilmiy xodimlarining xorijda malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

(2-bandning toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab:

Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;

Institutda ilmiy-texnik dasturlar doirasidagi fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi toʻxtatiladi va boʻshagan budjet mablagʻlari Institutni saqlash xarajatlarining moliyalashtirilishiga yoʻnaltiriladi.

4. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xoʻjalik faoliyati hisobidan tushgan mablagʻlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda:

yangi tahrirdagi Institut ustavi hamda laboratoriyalar va ilmiy xodimlar faoliyatini yillik baholash tartibini belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yordamchi xodimlar, jumladan, respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-yordamchi xodimlari shtat normativlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda Institutni 2020 — 2024-yillarda rivojlanish konsepsiyasini;

ikki oy muddatda 2030-yilgacha Institutning ilmiy izlanish faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 21-noyabr,

PQ-4526-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2020 — 2024-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2021-yilgacha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining

Xodimlarning umumiy soni — 311 birlikni, jumladan:

maʼmuriy-boshqaruv xodimlari — 12 birlikni;

ilmiy xodimlar — 111 birlikni tashkil etadi.

Yordamchi xodimlar soni qonunchilikda belgilangan normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Uzuq chiziq bilan budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan boʻlinmalar koʻrsatilgan.

* — keltirilgan boʻlinma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirib borish

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malakasini oshirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi PQ-4526-son qaroriga7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Fan va oliy taʼlim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3876-son qarorining 2-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2018-yil 1-avgustdan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdorini 2 baravar, 2020-yil 1-yanvardan 25 foizga oshirish”.

2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangidan tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 292-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 20-son, 371-modda) 2 va 3-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

3. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari tuzilmasini yanada maqbullashtirish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 33-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 6-son, 63-modda) 6-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining obyektlarini sotish hamda ilmiy muassasalar xodimlari sonini optimallashtirish hisobiga maxsus hisob raqamida yigʻiladigan mablagʻlar, Fanlar akademiyasining boshqaruv apparati va ilmiy muassasalarining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy yuqori texnologik ilmiy asbob uskunalar, kompyuter texnikasi, mebel, avtotransport vositalari, tajriba bazalari uchun qishloq xoʻjalik texnikasini sotib olish, bino va inshootlarni yalpi va joriy taʼmirlash, shuningdek, sotilayotgan obyektlarda joylashgan institutlar va ularning boʻlinmalari, asbob-uskunalari va mulkini koʻchirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga maqsadli yoʻnaltiriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.