PQ-4546-son Qaror · 09.12.2019

Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4546
  • Qabul qilingan sana:09.12.2019
  • Kuchga kirgan sana:10.12.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4546/4126

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va aholini tashvishga solayotgan jiddiy muammolarni aniqlashning butunlay yangicha tizimining joriy etilishi qisqa vaqt ichida fuqarolarning davlat institutlariga ishonchi darajasini ortishiga va davlat xizmatchilari tomonidan oʻziga yuklatilgan ish sohasiga munosabati va masʼuliyatini tubdan oʻzgartirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qogʻozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan koʻplab yigʻilish va majlislar oʻtkazish amaliyoti saqlanib qolayotganligini koʻrsatdi.

Davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada takomillashtirish, maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralarning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlarini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga 1-ilovaga muvofiq oʻtkazish;

b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagilarni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlarini chiqarib tashlash:

texnologik, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishish;

buzilishi uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan, jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan boʻlsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilish;

atmosfera havosini ifloslantirishning turgʻun manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bogʻliq faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish;

oʻrmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha qaror qabul qilish;

bozor faoliyatini toʻxtatib turish boʻyicha qaror qabul qilish.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari 2-ilovada nazarda tutilgan hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron koʻrinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyati boʻyicha zarur hisobotlarni real vaqt rejimida tuzish hamda 2021-yil 1-yanvarga kelib qogʻoz koʻrinishidagi blanklar, shakllar va jadvallarni toʻldirishdan toʻliq voz kechish imkonini beradigan Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

Davlat organlari va tashkilotlari Barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasida nazarda tutiladigan muddatlarda hisobot yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini va uning toʻlaqonli ishlashini taʼminlasin.

Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar davlat organlari va tashkilotlarining barcha xodimlari va rahbarlarini belgilangan tartibda elektron raqamli imzolar bilan taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5527-son Farmoniga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi idoralararo kollegial organlarning faoliyati tahlil qilinganligi va samaradorligi baholanganligi, natijasiga koʻra ularni yanada qisqartirish va maqbullashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlari bilan tuzilgan 3-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha alohida idoralararo kollegial organlarning ayrimlari vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga oʻtkazgan holda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ularni tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar mazkur qarorning 3-ilovasini amalga oshirishga qaratilgan tegishli tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin va bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish va oʻrganish;

oʻtkazilgan xatlov va oʻrganish natijalariga koʻra aniqlangan tugatilayotgan idoralararo kollegial organlarning dolzarb vakolatlarini tegishli davlat organlari va tashkilotlariga oʻtkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.

8. Byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) ikki oy muddatda vaqtni toʻgʻri tashkil etish va undan foydalanish samaradorligini oshirish texnologiyalari (time management), byurokratiya, qogʻozbozlik va yigʻilishlar oʻtkazish amaliyotini bekor qilish boʻyicha oʻquv dasturini ishlab chiqib, Akademiya va uning filiallarida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun kurslarni kelishilgan muddatlarda tashkil etsin.

10. Belgilansinki:

Akademiya va uning filiallaridagi oʻquv kurslari pullik asosda olib boriladi va ushbu kurslarda ishtirok etish tasdiqlangan kurslar grafigiga kiritilgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va rahbarlari uchun majburiydir;

Akademiya va uning filiallaridagi oʻquv kurslarida oʻqish bilan bogʻliq xarajatlar budjetdan tashqari mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar, shuningdek, xodimlari kurs tinglovchilari hisoblangan davlat organlari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

11. Quyidagilarga:

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur qaror talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish hamda aniqlangan qoidabuzarliklarni keng yoritish;

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish respublika markaziga davlat organlari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida mazkur qaror talablariga rioya qilish holati boʻyicha anonim soʻrovnomalar oʻtkazish tavsiya etilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda uning tarkibiy boʻlinmalari davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida byurokratiyani, qogʻozbozlikni yanada qisqartirish boʻyicha aniq va asoslantirilgan takliflarni kiritgan holda mazkur qaror ijrosi boʻyicha taʼsirchan monitoring va tahlillar olib borsin.

13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini yoritishga oid maqolalar va telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 9-dekabr,

PQ-4546-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son qaroriga1-ILOVA

2020-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tegishli davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalariga oʻtkaziladigan alohida funksiyalari va vakolatlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son qaroriga2-ILOVA

2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan hujjatlar

1. Yashash joyidan maʼlumotnoma.

2. Ariza beruvchi yashash joyi boʻyicha yashayotganligi (roʻyxatdan oʻtkazilganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

3. Doimiy va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtib yashovchilar soni toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

4. Doimiy yashash joyida yashayotgan muddati koʻrsatilgan maʼlumotnoma.

5. Yashovchi shaxslar sonini tasdiqlaydigan maʼlumotnoma.

6. Turar joyda yashovchi shaxslar koʻrsatilgan holda maʼlumotnoma.

7. Ariza beruvchi yashash joyi boʻyicha bir oʻzi yashashi (roʻyxatdan oʻtkazilganligi) toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

8. Fuqaroning yolgʻiz yashayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

9. Oila aʼzolarining pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turganligi holatini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

10. 80 yoshga toʻlgan, oʻzganing parvarishiga muhtoj boʻlgan keksa yoshdagi odamni parvarish qilgan vaqtni tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

11. Qaramogʻida mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari borligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

12. Vafot etgan boquvchining qaramogʻidagi oila aʼzolari tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

13. Vafot etgan xodim bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

14. Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarida ishlovchi fuqarolarning bandligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

15. Shaxs haqiqatan nogironligi boʻlgan shaxsni parvarish qilayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

16. Ishsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

17. Vafot etgan boquvchining ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, buvasi, buvisi, aka-ukasi yoki opa-singlisidan biri vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan holda taʼtilda boʻlish huquqini beradigan yoshga toʻlgunga qadar parvarish qilish bilan band boʻlganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

18. Vafot etgan shaxsning ota-onalari, turmush oʻrtogʻi yoki oilaning boshqa aʼzosi vafot etgan shaxsning uch yoshga toʻlmagan bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band boʻlganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

19. Xodimning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

20. Tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalarni olish uchun voyaga yetmagan shaxsning yoki pasport olmagan shaxsning fotosurati yopishtirilgan maʼlumotnoma.

21. Vasiylikka olinganlarni taʼminlash va ularni zarur darajada parvarishlash boʻyicha qarindoshlarining bunga qodirligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

22. Vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan ishlamaydigan shaxslar uchun maʼlumotnoma.

23. Shaxsiy yordamchi xoʻjaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xoʻjalik mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtirish bilan bandligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

24. Oʻzi tayyorlagan tovarlarning chakana savdosi bilan shugʻullanishi uchun sharoitlar mavjudligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma.

25. Kasallikka chalingan (sil, teri-tanosil kasalliklarining ogʻir koʻrinishi, qandli diabetning yiringli yalligʻlanishi, psoriaz) ayollarning alohida xonada yashashi kerakligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

26. Kam taʼminlangan oilada yolgʻiz oʻzi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

27. Jazoni oʻtash joylaridan ozod qilingan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan shaxslarning tavsifi bilan maʼlumotnoma.

28. Dafn oʻtkazilganligi holatini tasdiqlash uchun maʼlumotnoma.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining hujjatlari bilan tuzilgan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab tugatilayotgan alohida idoralararo kollegial organlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son qaroriga4-ILOVA

Byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.