[Koʻchirma]
2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining budjet sohasidagi vakolatlarini kengaytirish, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning masʼuliyatini yanada oshirish, mahalliy budjetlar daromadlarini shakllantirish va mablagʻlaridan foydalanishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini taʼminlashga qaratilgan yangi budjet tizimi joriy etilmoqda.
Ilk bor, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan respublika budjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan, mahalliy budjetlar xarajatlari esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlgan hamda toʻliq mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldiriladigan daromad turlari kengaytirildi.
2020-yildan boshlab barcha davlat maqsadli jamgʻarmalari va chetdan jalb qilingan tashqi qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan davlat xarajatlari konsolidatsiyalashgan davlat budjetida aks ettirilib, budjet qamrovi va ochiqligi darajasi kuchaytirildi. Xalqaro standartlarga muvofiq umumiy fiskal balansining hisobini yuritish yoʻlga qoʻyildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qoʻllagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etildi, shuningdek, soliqlarni hisoblash va toʻlash tartiblari soddalashtirildi.
Oʻz navbatida, amalga oshirilayotgan islohotlar vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining birinchi darajali xarajatlarni, davlat dasturlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish borasida javobgarligini oshirishni, manbasi aniq boʻlmagan tadbirlarni amalga oshirmaslikni hamda budjet intizomini yanada qatʼiylashtirishni talab etadi.
Davlat moliyasini tizimi va budjet intizomini yanada mustahkamlash, soliq-budjet tizimining shaffofligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet daromadlari prognoz koʻrsatkichlari bajarilishida manfaatdorligini kuchaytirish, shuningdek, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida oʻrta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yoʻnaltirilgan budjet” tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini taʼminlash boʻyicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining masʼuliyatini oshirish;
budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning masʼuliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet maʼlumotlarining ochiqligi, toʻliqligi va xalqaro standartlarga mosligini taʼminlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda xalqaro moliyaviy institutlarning takliflarini inobatga olgan holda 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining budjet-moliya sohasidagi asosiy vazifasi etib belgilansin:
soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani toʻliq qamrab olish, soliqlar yigʻilishi darajasini oshirish, mavjud zaxiralarni safarbar etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tegishli budjet daromadlari prognozining bajarilishini taʼminlash;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda uni tejash, budjet intizomini mustahkamlash, budjet mablagʻlaridan foydalanishning natijadorligi boʻyicha hisobdorlik tizimini kuchaytirish;
birinchi navbatda moliyalashtiriladigan (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar) xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish va kreditor qarzdorlikka yoʻl qoʻymaslik;
obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlarni, birinchi navbatda, oldingi yillardan oʻtuvchi obyektlarni ishga tushirishga yoʻnaltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarz mablagʻlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb chora-tadbirlarini moliyalashtirishga yoʻnaltirish hamda ulardan samarali foydalanish orqali natijadorlikni taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda:
konsolidatsiyalashgan budjet defitsitini yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizidan oshmasligini;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromad va xarajatlari balanslashtirilgan holda ijro etilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini;
Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni oʻzlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd AQSH dollaridan oshmasligini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:
yakunlangan loyiha va dasturlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan oʻtkazib, audit natijalari boʻyicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuboradi;
tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga 3 oy ichida taqdimotlar oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini taʼminlaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi:
xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining soni 4 ta shtat birligidan iborat davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarni audit qilish sektorini tashkil etsin;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6098-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 06/20/6098/1432-son)
uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan oʻtkazish hamda ularni xatarlar boʻyicha guruhlashtirish masalalarini oʻz ichiga oluvchi tartibni tasdiqlasin.
6. 2020-yilda ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 07/21/5102/0412-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Moliya vazirligi:
mazkur qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishi yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrsin;
ikki hafta muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun va mohiyatini soliq toʻlovchilarga tushuntirish hamda amaliyotga joriy qilishni koʻzda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin.
9. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan qoʻshilgan qiymati soligʻining salbiy summasini soliq toʻlovchining arizasiga koʻra qoplash tartibi 2020-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hisobvaraq-faktura tizimi operatorlari sonini koʻpaytirish hamda operatorlar bilan hamkorlikda 2020-yil 1-aprelgacha elektron hisobvaraq-fakturalar almashish tizimini toʻlaqonli joriy qilish choralarini koʻrsin;
elektron hisobvaraq-fakturalar yuritishga oʻtgan soliq toʻlovchilar uchun soliq hisobotlarini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalar yuritishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish boʻyicha takliflarni 2020-yil 1-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. 2020-yilda soliq yukining keskin oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, jismoniy shaxslar mulkiga kadastr qiymati asosida belgilangan mol-mulk soligʻi summasi 2019-yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan ortiq oshirilmasligi belgilansin.
11. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi:
a) budjet tashkilotlari boʻyicha:
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga — 99,2 foiz;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga — 0,4 foiz;
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,4 foiz;
b) boshqa toʻlovchilar boʻyicha:
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga — 98,4 foiz;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga — 0,8 foiz;
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,8 foiz.
12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
rentabellik darajasidan kelib chiqib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda soligʻi stavkalari 4-ilovaga muvofiq;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy va kumush uchun 20 foiz va mis boʻyicha 15 foiz miqdorida tasdiqlansin.
14. Belgilansinki, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalariga qonunchilikda oliy taʼlim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi va 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qoʻllaniladi.
15. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yer soligʻi qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi:
2020-yil 1-aprelga qadar “Oʻzdaverloyiha” ilmiy-loyiha instituti, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlari boʻlgan barcha yuridik shaxslarga yer soligʻini hisoblash uchun qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini yetkazsin;
2020-yil 1-iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, xalqaro tajribadan kelib chiqib, 2021-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini belgilashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Belgilansinki, mobil aloqa xizmatlari koʻrsatish va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz soligʻi boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahri shahar budjetlariga ajratiladigan mablagʻlar har oyda (hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yil yakuni boʻyicha oxirgi ish kuniga qadar) oʻtkaziladi;
daromadlar prognozining bajarilmagan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi, prognozning oshirib bajarilgan qismi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti ixtiyorida qoldiriladi.
17. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari budjet daromadi prognoz koʻrsatkichlarini ortiqcha toʻlangan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yoʻl qoʻymasliklari boʻyicha qatʼiy ogohlantirilsin.
2020-yil 1-yanvardan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra ortiqcha undirilgan soliq summalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng boʻlgan stavkada foizlar toʻlagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga oʻtkazilgan soliqlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlariga oʻtkazilgan soliqlar boʻyicha — tegishli mahalliy budjetlar hisobidan;
budjet tizimi budjetlari oʻrtasida taqsimlangan soliqlar boʻyicha — tegishli budjetlar hisobidan ularga ajratmalar meʼyoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
18. Foyda soligʻi toʻliqligicha Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan dividendlar (sof foydadan ajratmalar) toʻlash miqdorlari va davriyligini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali tegishli masalalarni ushbu yuridik shaxslarning boshqaruv organlarida koʻrib chiqish uchun kiritish yoʻli bilan aniqlash huquqi berilsin.
19. Quyidagi soliq turlari boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismini toʻliq hajmda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjetiga qoldirilsin:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
qoʻshilgan qiymat soligʻi (mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi bundan mustasno);
foyda soligʻi (mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻi bundan mustasno).
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga narxlar (tariflar) va qonunchilik hujjatlari oʻzgarishidan kelib chiqib, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha daromadlar prognozini tasdiqlangan koʻrsatkichlar doirasida hududlar kesimida qayta taqsimlash huquqi berilsin.
20. 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
21. 2020-yilda budjet tizimi budjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlansin:
moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmasa;
belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari)siz yoki loyiha hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, yaʼni parallel ravishda olib borish;
pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tender (konkurs) oʻtkazmasdan (“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarida nazarda tutilgan boʻlmasa) tanlab olish asosida.
Mazkur bandda koʻrsatilgan budjet intizomi qoidalariga rioya qilinishi ustidan Bosh vazirning tegishli sohalar boʻyicha oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish, qurilish meʼyorlari va qoidalarini qayta koʻrib chiqish, qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, yollanma ishchilarning norasmiy faoliyatini legallashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning hosildorlik oshishiga, suv va moddiy (elektroenergiya, mineral oʻgʻitlar va boshqalar) resurslar iqtisod qilinishiga taʼsirini mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda oʻrgansin va 2020-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
Mustaqil konsalting kompaniyalarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan qoplansin.
24. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining:
jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda zarar yetkazilmasligini taʼminlash;
(24-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)
Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan chiqariladigan qarorlarini majburiy tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilishi hamda zararlarni qoplashda ularning davlat budjeti va mahalliy budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishi yuzasidan masʼulligi belgilab qoʻyilsin.
(24-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)
25. Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlar, maʼmuriy va moliyaviy jarimalardan ajratmalar miqdorini budjetdan tashqari mablagʻlardan toʻlab kelinayotgan ish haqi va ragʻbatlantirish toʻlovlarini unifikatsiyalashtirgan holda Davlat budjeti orqali amalga oshirish hisobiga maqbullashtirish boʻyicha taklif kiritsin.
Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan ularning xodimlariga uy-joy va avtomashinalar xaridi uchun imtiyozli kreditlarni va foizsiz ssudalarni ajratish bekor qilinsin.
26. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab budjet tashkilotlari, vazirlik, idoralar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining:
milliy valyutadagi budjetdan tashqari mablagʻlari hisobi faqat Yagona gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi;
vaqtincha boʻsh turgan milliy valyutadagi mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning soʻrovlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshiriladi;
tijorat banklari depozitlariga 2020-yilgacha joylashtirilgan milliy valyutadagi mablagʻlari depozit muddati tugagandan soʻng, muddat uzaytirilmasdan Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablagʻlar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar soʻndirilgandan soʻng Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining tijorat banklardagi hisobvaraqlarining harakati boʻyicha maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻysin.
2021-yil 1-yanvardan boshlab budjet tashkilotlari, vazirliklar, idoralar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining:
xorijiy valyutadagi budjetdan tashqari mablagʻlari hisobi faqat Yagona gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi;
vaqtincha boʻsh turgan xorijiy valyutadagi mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning soʻrovlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan elektron auksion orqali amalga oshiriladi;
tijorat banklari depozitlariga 2021-yilgacha joylashtirilgan xorijiy valyutadagi mablagʻlari depozit muddati tugagandan soʻng, muddat uzaytirilmasdan Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablagʻlar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar soʻndirilgandan soʻng Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qaroriga asosan oltinchi — toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
28. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davolash va profilaktika muassasalarida, “barkamol avlod” markazlarida, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida, sport muassasalarida, davlat madaniyat muassasalarida, veterenariya boʻlinmalarida, shuningdek, adliya organlarida pullik xizmatlar koʻrsatish amaliyotini oʻrganib chiqqan holda aholiga yanada qulaylik yaratish, pul tushumlarining shaffofligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar davlat tashkilotlarida yengil xizmat avtomashinalari cheklangan sonini belgilash, shuningdek, rahbar xodimlarga xizmat avtomashinalarini klassiga qarab biriktirish tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
30. Maktabgacha taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda oʻz tasarrufidagi muassasalarda ovqatlantirish boʻyicha joriy etilgan autsorsing tizimining samaradorligini oʻrganib chiqsin va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
31. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi markaziy apparatida taʼlim muassasalarida ish xaqini rejalashtirish va moliyalashtirish boʻlimlarini tashkil etish uchun hududiy gʻaznachilik organlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga qoʻshimcha 4 tadan shtat birliklari ajratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablarining oʻquv binolaridan samarali foydalanishga hamda sinflarni komplektlash jarayonining shaffofligini oshirishga qaratilgan umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga, hududiy moliya organlari tomonidan esa hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga kelgusi uch yil uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari chegaralangan miqdorlarini va budjetlararo transfertlar miqdorlarini har yili 15-iyunga qadar yetkazish tartibi joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga har yili 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanishining keyingi yilga moʻljallangan makroiqtisodiy prognozi aniqlashtirilgan koʻrsatkichlarini, har yili 15-avgustga qadar esa oʻrta muddatli (kelgusi uch yilga) davrga moʻljallangan prognozlarini taqdim qilsin.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari oʻrtasida budjetlararo transfertlarning miqdorini aniqlash va oʻtkazish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat budjeti xarajatlarini samaradorligini baholashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
2020-yil davomida sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, avtomobil yoʻllari va suv xoʻjaligi sohalarida 2018-2019-yillardagi tadbirlarga yoʻnaltirilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarning natijadorligini xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda tahlil etib, baholash;
baholash natijalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va Suv xoʻjaligi vazirligi xarajatlarining sifat va miqdor koʻrsatkichlarini belgilash hamda, tajriba tariqasida, ularni baholash tizimini joriy etish, shu asosda koʻrsatilgan vazirlik va idoralarning 2021-yil uchun budjetlarini shakllantirish;
2021-yildan boshlab barcha vazirlik va idoralarning budjetlari xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilagan holda maqsadli rejalashtirish tizimiga oʻtkazish va mazkur tizimni 2022-yil budjetini shakllantirishda tatbiq etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida belgilangan shtat birliklari doirasida 5 ta shtat birligidan iborat Budjet xarajatlari samaradorligini baholash va budjetni rejalashtirishning dasturiy-maqsadli uslublarini joriy etish boʻlimi tashkil etilsin.
35. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlarini tasdiqlasin.
36. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlar mablagʻlarining sarflanishi, shuningdek, respublika budjetidan mablagʻ oluvchi budjet mablagʻlari taqsimlovchilari tomonidan ularga ajratilgan budjet mablagʻlaridan manzilli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsinlar;
2020-yil 1-sentabrga qadar yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda vazirlik va idoralar, budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini va javobgarligini oshirishni nazarda tutuvchi Ichki nazorat va ichki auditni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotidan boshlab moliyaviy aktivlar va majburiyatlarning oʻzgarishi bilan bogʻliq moliyaviy oʻtkazmalarni Davlat moliyasi statistikasining xalqaro standartlaridan kelib chiqib, hisobotda aks ettirsin.
40. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlarini quyidagi hajmlarda aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari 113 500,0 mlrd soʻm miqdorida;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining xarajatlari 26 260,0 mlrd soʻm miqdorida;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining xarajatlari 434,3 mlrd soʻm miqdorida.
(42-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2020-y., 07/20/4804/1173-son)
41. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat moliyasini boshqarish, buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni shakllantirish, shuningdek, budjet muassasalarida ishlovchi ishchi xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hisobini toʻliq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish boʻyicha axborot dasturlarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobiga server va telekommunikatsion qurilmalarini yangilasin.
42. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
43. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-dekabr,
PQ-4555-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga1-ILOVA
2020-yil uchun ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari
Izoh. Mazkur ilovada koʻrsatilgan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini tasdiqlash va ularni oʻzgartirish Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 07/21/5102/0412-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga3-ILOVA
2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognozi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga4-ILOVA
“Navoiy kon-togʻ metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-togʻ metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda soligʻi stavkalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga5-ILOVA
Foyda soligʻi toʻliqligicha Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga6-ILOVA
2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari
Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻona viloyat mahalliy budjetlari aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari kamayishi hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga jamlanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar mahalliy budjetlari aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlarini oshirishga yoʻnaltiriladi.
Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining aylanma kassa mablagʻlari miqdori xorijiy valyutadagi mablagʻlarni inobatga olgan holda koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktabrdagi PQ-3350-son “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 7-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yilda qurilgan koʻp kvartirali uylarni realizatsiya qilishda Moliya vazirligi tomonidan ishtirok etuvchi tijorat banklariga milliy valyutada 20 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan dastlabki 5 yil davomida yillik 3 foiz stavkada va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan tijorat bankining yillik 4 foiz miqdoridagi marjasini chegirgan holda hosil boʻladigan stavkada mablagʻlar taqdim qilinadi.”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorining 23-bandi ikkinchi xatboshisining rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“budjetnie organizatsii, poluchayushiye dopolnitelnie doxodi iz istochnikov, ukazannix v statyax 60 — 63 Budjetnogo kodeksa Respubliki Uzbekistan, ot vsex vidov vzimayemix nalogov”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PQ-3694-son “Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 4-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “1,6 trillion” va “1 trillion” soʻzlari tegishincha “1,245 trillion” va “645 milliard” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “600” raqami “450” raqami bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi PQ-3839-son “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisida “200” raqami “115” raqami bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qarorida:
a) 33-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin;
b) 42-bandidagi “2020” raqami “2022” raqami bilan almashtirilsin;
v) 25-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4541-son qarorida:
a) 6-bandning toʻrtinchi xatboshisi “bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari” soʻzlaridan oldin “qoʻshilgan qiymat soligʻi va” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 8-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligini saqlash, jumladan, moddiy-texnik taʼminot uchun ularning oʻz daromadlari bilan qoplanmagan xarajatlarini moliyalashtirish tartibi saqlab qolinsin.”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-iyundagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Dafn etishga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 14 va 44-bandlaridagi “Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi” soʻzlari “Davlat budjeti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 203-bandidagi “bosh boshqarmasi” soʻzlari “departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
12. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 13-maydagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlariga qaratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarida nazarda tutiladigan rejali budjet mablagʻlari mulkiy va maʼnaviy zararni qoplash boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning manbalari hisoblanadi.”.
13. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-avgustdagi 593-son “Tabiiy suv havza uchastkalarini baliq ovlash xoʻjaliklariga ijaraga berish va baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida:
a) 1-ilovaning 48-bandidagi “bankdagi” soʻzlari “shaxsiy gʻazna” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Jamgʻarma alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasida tuziladi hamda uning mablagʻlari “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamida jamlanadi.”.
14. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 137-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida:
a) 1-ilovaning 5-bandidagi “milliy va xorijiy valyutada jamgʻarib boriladigan maxsus” soʻzlari “shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari va xorijiy valyutadagi bank” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovada:
2-bandning toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma — Qoʻmita tomonidan, yuridik shaxs maqomisiz, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlarini ochish orqali tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
Jamgʻarma maxsus hisob raqamlari — Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlarni jamlash uchun Qoʻmita tomonidan ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari va xorijiy valyutadagi jamgʻarib boriladigan maxsus hisob raqamlar”;
4-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“faqat turistik (mehmonxona) yigʻimni undirishdan tushadigan tushumni jamlash va uni keyinchalik Jamgʻarmaning maxsus hisob raqamiga oʻtkazish uchun foydalaniladigan, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochishga;
mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish uchun turoperatorlik va boshqa tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan va undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻimdan tushadigan tushumlar oʻtkaziladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqni shartnoma rekvizitlarida alohida koʻrsatishga;”.
15. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-martdagi 201-son “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandining ikkinchi xatboshisidagi “aksiyadorlik tijorat Xalq bankida alohida hisob raqamlar” soʻzlari “Moliya vazirligi Gʻaznachiligida alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi 669-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Jamgʻarma davlat maqsadli jamgʻarma shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.”;
b) 17-bandning birinchi xatboshisidagi “shu jumladan xorijiy valyutadagi mablagʻlar tijorat bankida belgilangan tartibda ochiladigan maxsus hisob raqamlarda” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
17. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-bandining birinchi xatboshisidagi “bank hisob raqamiga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamga” soʻzlari “shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
18. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan yuridik shaxsni tashkil etmagan holda tuziladi hamda uning mablagʻlari Agentlikning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamida jamlanadi.”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma quyidagi maqsadlarda tashkil etilgan:”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
20. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-iyundagi 481-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan yuridik shaxs tashkil etmagan holda tuziladi hamda uning mablagʻlari Agentlikning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida va xorijiy valyutadagi bank hisob raqamida jamlanadi.”;
Quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma quyidagi maqsadlarda tashkil etilgan:”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin;
v) 6-bandning “v” kichik bandidagi “uning markaziy apparati taʼminoti uchun korporativ bank plastik kartochkalaridan foydalanish,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
21. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 691-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy statistikani yanada takomillashtirish va milliy hisoblar zamonaviy tizimini joriy etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar kompleksida:
a) 17-satrning “Amalga oshirish muddati” ustunidagi “2019-yil sentabr” va “2019-yil mobaynida” soʻzlari tegishli ravishda “2020-yil fevral” va “2020-yil mobaynida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
b) 18-satrda:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq davlat moliyasi statistikasi boʻyicha hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash.”;
“Amalga oshirish muddati” ustunidagi “2019-yil sentabr” soʻzlari “2020-yil fevral” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Moliya vazirligi (Sh. Sharaxmetov)” soʻzlaridan keyin “Davlat soliq qoʻmitasi (B. Musayev)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
22. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Jamgʻarma umumtaʼlim muassasasi mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda tashkil etiladi. Jamgʻarmaning mehnatga haq toʻlash fondiga nisbatan foizlardagi miqdori navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonuni qabul qilinganidan soʻng umumtaʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan yetkaziladi.
Jamgʻarmaning mehnatga haq toʻlash fondiga nisbatan miqdori Respublikaning barcha umumtaʼlim muassasalari boʻyicha yagona hisoblanadi”.