Innovatsion va yuqori sifatli dori vositalarini, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, aholining ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, farmatsevtika sohasi mutaxassislarini xalqaro taʼlim standartlari asosida va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlashni, farmatsevtika taʼlimining xalqaro ilmiy hamjamiyat tizimiga izchil integratsiyalashuvini taʼminlash va respublikada farmatsevtika tarmogʻini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini (keyingi oʻrinlarda — Klaster) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2022-y., 06/22/55/0055-son)
2. Belgilansinki, Klaster oʻz ichiga quyidagilarni tashkil etishni qamrab oladi:
a) quyidagilardan iborat oʻz infratuzilmasiga ega boʻlgan Farmatsevtika texnik universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet):
ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar;
oʻquv-ilmiy laboratoriyalari va vivariylar;
farmakopeya markazi;
mehmonxonaga ega simpoziumlar markazi;
talabalar, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy;
sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, suv havzasi va stadion;
b) innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga moʻljallangan ishlab chiqarish maydonlaridan iborat sanoat zonasi (keyingi oʻrinlarda — sanoat zonasi).
3. Quyidagilar:
a) Klasterning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
xalqaro tajribani qoʻllagan holda innovatsion yechimlar (nou-xau) va yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali respublikaning farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish;
farmatsevtika tarmogʻida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro oʻqitish dasturlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim infratuzilmasini yaratish;
xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalashish, zamonaviy oʻquv-laboratoriyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, innovatsion infratuzilmani yaratish orqali ilmiy-tadqiqot bazasini rivojlantirish;
innovatsion va yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun, shu jumladan xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish;
ilmiy-taʼlim va tadqiqot markazlarining ilmiy-texnik va innovatsion dasturlar, tanlovlar hamda grantlarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash;
tajriba va maʼlumotlarning doimiy almashinuvini tashkil etish orqali xorijning ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro tadqiqot dasturlari, anjumanlar va simpoziumlarda amaliy ishtirok etishni taʼminlash;
b) Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash;
farmatsevtika tarmogʻida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan innovatsion va samarali taʼlim dasturlari va oʻqitish shakllarini joriy etish;
taʼlim va fanning uzluksizligi va uzviyligi, shuningdek, ularning jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshirish;
farmatsevtika taʼlimi, fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;
farmatsiya, biotexnologiya, biofarmatsiya, farmatsevtika tarmogʻi uchun dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqish hamda ularni qoʻllash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ishbilarmon doiralari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF) liniyalari boʻyicha Koreya Respublikasi Hukumatining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb qilish orqali oʻz infratuzilmasiga ega boʻlgan Universitetni tashkil etish toʻgʻrisida dastlabki kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Quyidagilar:
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2024-y., 07/24/14/0015-son)
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar:
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining vasiylik kengashi 5-ilovaga muvofiq tarkibda;
Davlat muassasasi shaklidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar:
a) Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
ilmiy-texnik ishlanmalarni moliyalashtirish va strategik loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro grantlarni jalb qilishda koʻmaklashish;
Klasterning ilmiy-tadqiqot va taʼlim salohiyatini rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilash;
Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya va tajriba-sanoat uskunalari bilan jihozlashga koʻmaklashish;
mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar Direksiya tomonidan bajarilishini monitoring qilish;
b) Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ilgʻor xorijiy tajribani, Klasterni xalqaro hamjamiyatga integratsiya qilishni inobatga olgan holda uni rivojlantirish, shuningdek, Klasterning ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish tashkilotlari oʻrtasida barqaror kooperatsion aloqalarni yoʻlga qoʻyish;
farmatsevtika sohasida birinchi ilmiy shaharchani yaratishda taʼlim, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish;
qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda akademik, taʼlim va tarmoq ilm-fani oʻrtasida oʻzaro samarali hamkorlikni taʼminlash;
Klaster aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularga tegishli guvohnomalarni berish, Klaster ishtirokchilarining reyestrini yuritish;
investorlar va Klaster ishtirokchilari oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Direksiya tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, Agentlikning qaroriga asosan tasdiqlangan investitsiya loyihalarini Klaster hududida joylashtirish;
sanoat zonasi hududida investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi, ishga tushirilishi va Klaster ishtirokchilari samarali faoliyat yuritishini taʼminlash uchun ularga zarur infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yoʻllari va boshqalar) yaratish bilan bogʻliq masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatish;
Klasterni rivojlantirishga xorijiy va mahalliy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb qilish;
(6-band “b” kichik bandining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
respublika farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini amalga oshirishda strategik investorlarni aniqlash nuqtai nazaridan Klaster hududida joylashtirish uchun taklif qilinayotgan investitsiya loyihalarini tayyorlash va ekspertiza qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Direksiya faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.
7. Belgilansinki,
a) Klaster hududida investitsiya loyihalari xalqaro moliya institutlari/xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi;
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
b) investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida qaror ushbu loyihaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni tatbiq etish darajasi va ishlab chiqarishning raqobatbardoshliligi toʻgʻrisida Direksiyaning ijobiy xulosasi olinganidan keyin Agentlik tomonidan qabul qilinadi;
v) Klaster aʼzolari hamda Direksiyaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4853-son Farmonining 3 va 4-bandlari tatbiq etiladi;
g) Direksiyaning taʼminoti, shu jumladan uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, asosiy vositalarni sotib olish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Agentlik qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari;
Direksiya boshqaruvidagi yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan tushumlar;
Direksiya tomonidan shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
d) Klaster hududida yer uchastkalarini ajratish ularni Direksiya tomonidan elektron onlayn auksionga chiqarish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmonida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyundagi PF-153-sonli Farmoniga asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2022-y., 06/22/153/0518-son)
8. Agentlikka Klasterni tashkil etish maqsadida Direksiyaning talabnomalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish budjetdan tashqari jamgʻarmasi va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM mablagʻlari hisobidan quyidagi chora-tadbirlarga toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
Klaster hududining bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;
konsalting va injiniring xizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etadigan xorijiy va mahalliy mutaxassislar hamda maslahatchilarning mehnatiga haq toʻlash;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
Universitet professor-oʻqituvchilarining xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amaliyot oʻtashi boʻyicha xarajatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkasida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish binolari va boshqa binolar, inshootlar va daraxtzorlar buzilishi sababli, yer uchastkasi olib qoʻyilganda mulkdorlarga yetkazilgan zararni qoplash.
9. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Direksiya bilan birgalikda yer uchastkasining chegaralarini belgilagan holda Klasterni joylashtirish uchun ajratiladigan hududlarni topografik tasvirga olishni taʼminlansin;
Klaster tashkil etish uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanida keyinchalik kengaytirish imkoniyatini inobatga olgan holda, umumiy maydoni 130 gektar yer uchastkasi ajratilishini taʼminlasin.
(9-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2022-y., 06/22/55/0055-son)
10. Klaster qurilishi doirasida Direksiya, istisno tariqasida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan maqsadlarda olib qoʻyiladigan sugʻoriladigan yerlar uchun kompensatsiya toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har yili tegishli yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining parametrlarini shakllantirishda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun kapital qoʻyilmalar limitlarini va zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish davrida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolariga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Agentlik buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda Klaster hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish davrida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va uzaytirilishini, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi belgilangan tartibda respublikaga ishchi kuchini (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmaganlar orasidan) jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ushbu fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishda quyidagi tartib oʻrnatilsin:
investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov — uzoq muddatli xorijiy imtiyozli kreditlarni oʻz vaqtida jalb qilgan holda belgilangan muddatlarda Klasterni, shu jumladan Universitet va sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha ishlarning samarali tashkil etilishini, masʼul idoralar va tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilishini, aniqlangan muammo va kamchiliklar tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlasin;
Agentlik direktori v.b. S.X. Kariyev — Klasterni samarali boshqarish tizimini yaratish, uni shakllantirish jarayonida yuzaga keladigan kundalik masalalarni hal qilish, sanoat zonasi hududida yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha innovatsion quvvatlarni joylashtirish, ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, ushbu sohadagi akademik va ilmiy-tadqiqot muhitini rivojlantirishni taʼminlasin;
Toshkent viloyati hokimi R.K. Xolmatov — yer uchastkasining chegaralarini aniqlasin va transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini taʼminlagan holda uni Klaster tashkil etish uchun ajratsin, Klaster, shu jumladan Universitet va sanoat zonasi faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-yanvar,
PQ-4574-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga 1-ILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) mamlakatning farmatsevtika tarmogʻida oʻquv, ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirish tizimini shakllantirishga, eng yaxshi xorijiy oʻquv dasturlari asosida farmatsevtika sohasida kadrlarni oʻqitish va tayyorlashga, chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarishlarni yaratishga qaratilgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
Farmatsevtika tarmogʻining hozirgi tahlili shuni koʻrsatadiki, mahalliy farmatsevtika bozori va farmatsevtika sanoati zamonaviy sogʻliqni saqlash ehtiyojlarini yetarli darajada qanoatlantirish hamda aholining kasalliklarga chalinish va oʻlimlar sonini kamaytirish muammolarini hal qilish imkonini bermayapti.
Tashqi bozorlarga qaramlikni minimallashtirish, farmatsevtika sanoatini har tomonlama takomillashtirish va uni rivojlanishning investitsion modelidan innovatsion modeliga oʻtkazish uchun sharoit yaratish maqsadida mamlakatda dori-darmon xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiyotning farmatsevtika sektorini modernizatsiya qilish, chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarishlarni yaratish, tovarlar va xizmatlar eksportini koʻpaytirish, ilgʻor ilmiy-texnik ishlanmalarni moliyalashtirish zarurati mavjud.
Xususan, farmatsevtika tarmogʻi mahsulot turlariga koʻra iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarning shunday tarmoqlaridan orqada qolmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar, jarrohlik asbob-uskunalari, sterillangan bir martalik kateterlar, oʻtkazuvchi kateterlar, tikuv materiallari, dializatorlar, anestetik va nafas olish uskunalari, kardiojarrohlik, neyrojarrohlik va travmatologiyada yuqori texnologik jarrohlik aralashuvlarda ishlatiladigan materiallar yetishmasligi yaqqol sezilmoqda.
2-bob. Klasterning maqsad va vazifalari
Ushbu Konsepsiya “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini (keyingi oʻrinlarda — Klaster) tashkil etishdan koʻzlangan maqsadlar va uning vazifalarini belgilaydi.
Klasterni tashkil etishdan maqsad respublikaning farmatsevtika tarmogʻini quyidagi uch yoʻnalishda rivojlantirish hisoblanadi:
farmatsevtika fanini rivojlantirish;
farmatsevtikada taʼlim tizimini takomillashtirish;
chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil qilish.
Klasterning vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
xalqaro tajribani qoʻllagan holda innovatsion yechimlar (nou-xau) va yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali respublikaning farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish;
zamonaviy oʻquv-laboratoriyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, innovatsion infratuzilmani yaratish;
dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni ekspertiza qilish boʻyicha markaz faoliyatini tashkil etish;
ilmiy-tadqiqot bazasini xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalash orqali rivojlantirish;
tajriba va maʼlumotlarning doimiy almashinuvini tashkil etish orqali xorijning ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro tadqiqot dasturlari, anjumanlar va simpoziumlarda amaliy ishtirok etishni taʼminlash;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun, shu jumladan xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish;
farmatsevtika tarmogʻida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro oʻqitish dasturlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash, shu jumladan innovatsion dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim infratuzilmasini yaratish;
ilmiy-taʼlim va tadqiqot markazlarining ilmiy-texnik va innovatsion dasturlar, tanlovlar va grantlarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash.
3-bob. Klasterni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari
Klaster ikkita asosiy yoʻnalishdan iborat:
1. Klasterning akademik, ilmiy-tadiqot, klinik oldi va klinik tarkibiy qismlari joylashadigan texnopark yaratish.
2. Yetakchi farmatsevtika kompaniyalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish maydonlari joylashadigan farmatsevtika sanoat zonasini yaratish.
Klaster hududidagi loyihalarni moliyalashtirish toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
Farmatsevtika, kosmetologiya, ishlab chiqarish texnologiyasi, biznesni boshqarish va boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan koʻp tarmoqli universitet (keyingi oʻrinlarda — universitet) barpo etish koʻzda tutiladi. Universitet quyidagi infratuzilmani oʻz ichiga oladi:
yangi dori vositalari va biotexnologik preparatlar ishlab chiqish va ishlab chiqarishga tatbiq qilish, shuningdek, faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarishlarni takomillashtirish, tajriba-eksperimental ishlab chiqarish bilan birga klinik oldi tadqiqotlarni oʻtkazish boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriyalar;
oʻquv-ilmiy laboratoriyalari va vivariylar;
farmakopeya markazi;
mehmonxonaga ega simpozium markazi;
talabalar, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joylar;
sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, suv havzasi va stadion.
Xalqaro taʼlim muassasasini tashkil etishning ushbu modeli xorijdagi shunday oʻquv muassasalarida qoʻllaniladi.
Shuningdek, klaster modeliga sanoat zonasi ham integratsiyalashtirilgan boʻlib, unda innovatsion dori vositalari va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi.
Kelgusida Klaster hududida chet el klinikalari, tibbiyot markazlari va boshqa zarur infratuzilmalarni joylashtirish koʻzda tutilmoqda, bu esa umuman Klasterni uygʻun ravishda rivojlantiradi.
Ushbu yoʻnalishlarni amalga oshirish quyidagilarga yordam beradi:
taʼlim jarayonining ilmiy va oʻquv-uslubiy taʼminotini rivojlantirish orqali malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
farmatsevtika tarmogʻining hozirgi rivojlanish tendensiyalari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda farmatsevtika sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish;
ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini jahon standartlariga muvofiq yangilash;
oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar professor-oʻqituvchilarining ilmiy-amaliy jarayondagi ishtirokini moddiy ragʻbatlantirish orqali ularning yuqori malakali kadrlar tayyorlashda, yangi ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishdagi rolini oshirish;
eng samarali generik dori vositalari turini kengaytirish orqali yangi dori vositalarini ishlab chiqish tizimini takomillashtirish, yanada yaxshilangan farmakokinetik va farmakodinamik xususiyatlarga ega yangi, zamonaviy innovatsion dori shakllari, faol moddani organizmga maqsadli yetkazib berish tizimlarini yaratish;
innovatsion samarali dori vositalari va tayyor dori shakllarini yaratish va ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekistondagi oʻsimliklar, hayvonlar va mikroorganizmlardan ajratib olingan biologik faol birikmalarning elektron maʼlumotlar bazasini yaratish, farmatsevtika sanoatida ishlatish uchun oʻsimliklar, mikroorganizmlar va hayvonlardan biologik faol moddalar olish texnologiyasini ishlab chiqish.
Klasterni rivojlantirish mezonlaridan biri bu ekspertlik markazini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot bazasini rivojlantirish, biofarmatsevtika sanoatini rivojlantirishda xalqaro tajribani joriy etish, mahalliy mutaxassislarni umum eʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq ravishda oʻqitish, yangi jihozlar, muhandis-texnik kadrlar tayyorlashda zarur boʻlgan mezon va mutaxassisliklar hisoblanadi.
Klaster rivojlanishining boshqa bir mezoni bu xalqaro klaster hamjamiyatlariga qoʻshilish, xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari va klinikalar bilan sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, xalqaro simpoziumlar, konferensiyalar, yarmarkalar oʻtkazish, Klasterni Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻquv va ilmiy-tadqiqot ishlari markazi sifatida shakllantirish hisoblanadi.
Loyihaning oʻziga xosligi shundan iboratki, koʻp tarmoqli universitetda oʻzining ekotizimi yaratiladi, bu esa taʼlim va ilmiy-tadqiqot tarkibiy qismlarining hamohang rivojlanishiga imkon beradi. Ularning barchasi bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq boʻladi va mahalliy kadrlarni tayyorlash ushbu maydonlarda amalga oshiriladi.
Koʻp tarmoqli universitetning kampusi (talabalar shaharchasi) quyidagi funksional elementlarni oʻz ichiga oladi:
oʻquv binolari;
oʻquv-ilmiy laboratoriyalar;
ilmiy-tadqiqot markazi;
vivariyga ega klinik oldi tadqiqotlar markazi;
farmakopeya markazi;
oʻquv-ilmiy kutubxona;
ilmiy-tajriba liniyalari;
kovorking markazi, biznes akselerator;
talabalar, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joylar;
sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, stadion;
mehmonxonaga ega simpozium markazi.
4-bob. Kutilayotgan natijalar
Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar quyidagilar boʻlishi lozim:
aholini farmatsevtika va unga yondosh sohalarda yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash;
farmatsevtika tarmogʻida tadqiqotlar va ishlanmalarni yanada rivojlantirish uchun ilgʻor ilmiy-texnik bazaning faoliyat olib borishi;
ilm-fan va taʼlimni milliy innovatsion tizimning kadrlar taʼminoti sifatida integratsiyalash;
Klaster hududida chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarning faoliyat olib borishi;
farmatsevtika sohasida birinchi “ilm shaharchasi” ning shakllanishi.
5-bob. Loyihani moliyalashtirish
Klasterning ilmiy-taʼlim tarkibiy qismini moliyalashtirish manbai Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamgʻarmasi (EDCF) liniyasi boʻyicha 188,7 million AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlari hisoblanadi.
(5-bobning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2024-y., 07/24/14/0015-son)
Kredit liniyasining shartlari:
loyihaning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi, loyiha tarkibiy qismlarida tijorat komponentining yoʻqligi;
kredit muddati — 40 yil, shu jumladan imtiyozli davr — 10 yil;
foiz stavkasi: I bosqich uchun — yillik 0,10 foiz, II bosqich uchun — yillik 0,05 foiz.
(5-bobning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2024-y., 07/24/14/0015-son)
Loyihani ikkita fazada qurilish-montaj ishlarini bosqichma-bosqich moliyalashtirish va amalga oshirish bilan roʻyobga chiqarish koʻzda tutilgan.
I fazani moliyalashtirish 2019-yil 16-avgustda Seul shahrida “Siyosiy muloqot” (Policy Dialogue) doirasida imzolangan Protokol (“Aide Memoire”) natijalariga binoan 2018 — 2020-yillarga moʻljallangan amaldagi Hadli bitim (Framework agreement) doirasida (loyiha 2020-yilga kiritilgan) rejalashtirilgan.
II fazani moliyalashtirish Oʻzbekiston uchun kelajakdagi Hadli bitim (Framework agreement) doirasida 2021-yilga rejalashtirilgan.
Qurilish bosqichlari.
I bosqich: koʻp tarmoqli universitet:
oʻquv binolari;
oʻquv-ilmiy laboratoriyalar;
vivariyga ega klinik oldi tadqiqotlar markazi;
farmakopeya markazi;
oʻquv-ilmiy kutubxona;
sport-sogʻlomlashtirish majmuasi, stadion;
kovorking markazi, biznes akselerator;
talabalar, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy;
muhandislik kommunikatsiyalari.
II bosqich: koʻp tarmoqli universitet:
ilmiy-tadqiqot markazi;
ilmiy-tajriba liniyalari;
mehmonxonaga ega simpozium markazi;
muhandislik kommunikatsiyalari.
6-bob. Manfaatdor tomonlarning ishtiroki va maslahatlashuvlar
Loyihaning konseptual qismini amalga oshirishda quyidagi tashkilotlarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi;
Toshkent vaksinalar va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti;
Oʻzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti;
Toshkent farmatsevtika instituti;
yetakchi xorijiy va mahalliy farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchilar.
Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmogʻining hozirgi holati boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazildi.
Farmatsevtika klasteri tashkil etish masalasini oʻrganish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi koʻmagida Germaniyaning “Berlin Economics” iqtisodiy guruhining Oʻzbekistondagi maslahatchilari jalb qilindi. Germaniya guruhi tomonidan Oʻzbekistonda farmatsevtika klasterini rivojlantirish va klasterli yechimlarni boshqarish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Koreyalik quyidagi hamkorlar bilan doimiy ravishda maslahatlashuvlar olib borilmoqda:
Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vazirligi;
Koreya Respublikasi Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (KPBMA);
KBIOHealth — “OSONG” biofarmatsevtik texnoparkining boshqaruv kompaniyasi (Koreya Respublikasi);
KHIDI — Koreya Respublikasi sogʻliqni saqlash va farmatsevtikani rivojlantirish instituti.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga2-ILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish boʻyicha amaliy
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2024-y., 07/24/14/0015-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga4-ILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish
Izoh:
2020 — 2022-yillarga Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida ajratiladigan mablagʻlar moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
xarajatlarning qiymati taxminiy boʻlib, yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga5-ILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining vasiylik kengashi
Izoh: Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.