PQ-4694-son Qaror · 24.04.2020

Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4694
  • Qabul qilingan sana:24.04.2020
  • Kuchga kirgan sana:24.04.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4694/0492

1. Vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi konvensiyaga (1990-yil 26-iyun, Istanbul) uning quyidagi ilovalarini qabul qilib qoʻshilinsin:

A-ilova. “Vaqtincha olib kirish hujjatlari toʻgʻrisida (A.T.A karnetlari va C.P.D karnetlari)”;

V.1-ilova. “Koʻrgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar yoki shu kabi tadbirlarda namoyish qilish yoxud foydalanish uchun tovarlar toʻgʻrisida”;

V.2-ilova. “Professional asbob-uskuna toʻgʻrisida”;

V.3-ilova. “Tijorat operatsiyasi munosabati bilan olib kirilgan konteynerlar, poddonlar, oʻramlar, namunalar va boshqa tovarlar toʻgʻrisida”;

V.5-ilova. “Taʼlim, ilmiy yoki madaniy maqsadlarda olib kirilgan tovarlar toʻgʻrisida”;

V.6-ilova. “Sayohatchilarning shaxsiy buyumlari va sport maqsadlarida olib kirilgan yuklarga tegishli ilova”.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin;

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi hujjatlarni berish uchun masʼul boʻlgan va vaqtincha olib kirish shartlari buzilgan taqdirda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha kafolatlovchi vakolatli tashkilot etib belgilansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qoʻshilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida, vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi hujjatlarni berish uchun masʼul boʻlgan va vaqtincha olib kirish shartlari buzilgan taqdirda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha kafolatlovchi vakolatli tashkilot toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi ikki oy muddatda Vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi konvensiyani (1990-yil 26-iyun, Istanbul) qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirlik hamda idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi uchun kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasinlar.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 24-aprel,

PQ-4694-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.