PF-5995-son Farmon · 18.05.2020

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5995
  • Qabul qilingan sana:18.05.2020
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/20/5995/0605

Soʻnggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

2016 — 2019-yillar davomida yalpi qishloq xoʻjaligi mahsuloti hajmi — 171,2 foizga, jumladan meva-sabzavotchilik — 172,6 foizga, chorvachilik mahsulotlari — 170 foizga, oʻrmon va baliqchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish — 177,5 foizga oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport hajmi 1,4 mln tonnadan oshib, 2016-yilga nisbatan 1,5 barobarga oʻsishga erishildi.

Shu bilan birga, jahon bozorida mahsulotlarga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borishi, respublikamizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash uchun qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qilmoqda.

Respublikada Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini yaxshilash, eksport geografiyasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatimizning organik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan toʻliq foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2020 — 2025-yillarda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon fondi yerlarida bosqichma-bosqich organik ishlab chiqarishga oʻtishning prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2020 — 2025-yillarda maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) xalqaro standarti talablari boʻyicha sertifikatlanadigan yer maydonlarining asosiy eksportbop ekin turlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;

Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi korxonalari va klasterlari tomonidan organik paxta xom ashyosi yetishtirish hamda organik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

Respublika hududlarida agroekoturizm jozibadorligini yanada oshirish uchun organik bozorlar va restoranlar tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi barcha manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga:

barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, hokimliklar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlardan organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi zaruriy maʼlumotlarni olish;

organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, sotish va sertifikatlash bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik subyektlari faoliyatining ekvivalentligini baholash va avtorizatsiyalash tizimini yaratish huquqi beriladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq organik qishloq xoʻjaligiga oʻtkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirish organik standart talablarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan almashlab ekish sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi va ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar organik qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish tizimlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini;

“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ixtiyoriy sertifikatlashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash uchun oʻquv-uslubiy materiallarni ishlab chiqsin va 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab ushbu yoʻnalishda talabalar qabul qilishni yoʻlga qoʻysin;

v) bir oy muddatda vazirlik tuzilmasida belgilangan shtatlar doirasida 4 ta shtat birligidan iborat organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasini tashkil etsin;

d) 2021-yil 1-yanvarga qadar qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot institutlarida mavjud laboratoriyalarni zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlasin va birlamchi organik urugʻ yetishtiruvchi xoʻjaliklar faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

e) 2020-yil 31-dekabrga qadar Jahon bankining qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash va raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha kredit mablagʻlari hisobidan “Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi qoshida Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq kompleks sinov laboratoriyasi majmuasini tashkil etish choralarini koʻrsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik mahsulotlarni yetishtirish (ishlab chiqish), qayta ishlash, saqlash va qadoqlashga hamda organik urugʻchilikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan besh yillik davlat ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqsin va loyihalarni tanlovlar asosida shakllantirsin.

6. “Oʻzstandart” agentligi:

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kodeks Alimentarius Komissiyasi standartlari talablariga muvofiq Yevropa Ittifoqi bilan savdo faoliyatini jadallashtirish boʻyicha 2020 — 2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturlari rejasini ishlab chiqsin;

2020-yil 1-sentabrga qadar ISO 28000 Yetkazib berish zanjirida xavfsizlikni boshqarish tizimlari xalqaro standartlari seriyalarini qabul qilsin;

uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻshimcha qiymat zanjirini tashkil etishda ishtirok etuvchi barcha korxona va tashkilotlar faoliyatlarida bajariladigan jarayonlarni ISO 28000 “Yetkazib berish zanjirida xavfsizlikni boshqarish tizimlari” xalqaro standarti talablariga muvofiqligini baholashning belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda organik mahsulotlarni zararsizlantirish boʻyicha xalqaro tajribada qoʻllanilayotgan usullar va vositalar roʻyxatini shakllantirsin hamda eksportga yoʻnaltirilayotgan organik mahsulotlarni zararsizlantirish ishlarining xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmon mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 18-may,

PF-5995-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish

Bugungi kunda, organik qishloq xoʻjaligi — jahon trendi hisoblanadi. 2019-yilda organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 mlrd yevroni tashkil etib, 71,5 mln gektar maydonda 2,8 mln ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shugʻullangan.

Ekspertlarning baholashiga koʻra, dunyo organik mahsulotlari bozorida soʻnggi 5 yil davomida yiliga oʻrtacha 15 foizdan oʻsishga erishilib, 2022-yilda savdo aylanmasi 212 mlrd AQSH dollari (jahon qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi umumiy hajmining 20 foizi)ni tashkil etishi prognoz qilingan.

Organik qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) maʼlumotlariga koʻra, dunyoning 103 ta mamlakatida organik qishloq xoʻjaligi toʻgʻrisida qonun qabul qilingan boʻlib, 6 ta mamlakatda qonun ishlab chiqilmoqda.

Organik qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) va Organik qishloq xoʻjaligi harakati boʻyicha Xalqaro Federatsiyasi (IFOAM)ning Jahon organik qishloq xoʻjaligi statistikasi boʻyicha 2019-yildagi nashrida Oʻzbekiston Respublikasi meva yetishtirish boʻyicha qulay sharoitga ega boʻlgan dunyodagi 10 ta davlat qatoriga kiritilgan va respublikamiz organik meva ishlab chiqarish uchun qulay yer maydonlariga ega ekanligi qayd etilgan.

Respublikamizdagi “Sunny Fruit Production” MCHJ tomonidan 2017 — 2019-yillarda jami 1 848 tonna organik mayiz yetishtirilib, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Italiya va Gretsiya mamlakatlariga mayizning anʼanaviy turiga nisbatan 14,7 foizga yuqori narxlarda eksport qilingan va 4,1 barobar koʻproq sof foyda olingan.

Shu kabi, 2019-yilda AQSH bozorlarida 1 tonna organik paxta xom ashyosi anʼanaviy turiga nisbatan 155 dollardan 225 dollargacha yuqori narxlarda baholangan.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi tarixida ushbu amaliyot oʻz oʻrniga ega, yaʼni asrlar davomida shakllangan anʼanaviy sabzavotchilik va bogʻdorchilik madaniyati mahalliy oʻgʻitlardan foydalanishni koʻzda tutadigan biologik dehqonchilik tamoyillariga asoslangan. Bu genlarni modifikatsiya qilish texnologiyalarini qoʻllamasdan, ozuqaviy qiymati yuqori, oʻziga xos taʼm va isteʼmol xususiyatlariga ega boʻlgan organik (ekologik toza) meva va sabzavotlarni yetishtirish imkonini beradi.

Shuningdek, ayni vaqtda respublikamizda organik qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun quyidagi qulay sharoitlar mavjud:

zaharli moddalar bilan zararlanmagan ekin maydonlari;

tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilgan organik mahsulotlarni eksport qilish natijasida aholi daromadini oshirish imkoniyati;

organik ishlab chiqarish boʻyicha agroklaster, logistika va kooperatsiya tizimlarini rivojlantirish natijasida aholi bandligini oshirish imkoniyati;

laboratoriyalar, nazorat va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirish hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini tahlil qilish imkoniyati;

genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO)dan holi mintaqalar.

Qulay sharoit va imkoniyatlar mavjudligiga qaramasdan, respublikamizda organik qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga yetarli eʼtibor berilmayotganligi nafaqat atrof-muhitga, insonlar salomatligiga, yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga, balki hududlarning eksport salohiyatini oshirish va geografiyasini kengaytirishga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya):

organik mahsulotlarni rasmiy kafolatlash va ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishlab chiqaruvchilarning xorijiy bozorlarga kirishini yengillashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish;

qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq aholisining bandligini oshirish;

sogʻlom ovqatlanish imkoniyatini mustahkamlash, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori sifati hamda xavfsizligini oshirish, atrof-muhitga salbiy taʼsirlarni kamaytirish;

tuproq unumdorligini oshirish va degradatsiyasining oldini olish, ekotizimning biologik xilma-xilligini, ekologik barqarorlikni saqlab qolish, “daladan dasturxongacha” texnologik sxemasi boʻyicha sertifikatlashtirish va nazorat tizimlarini kuchaytirish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini jadallashtirishga qaratilgan.

Konsepsiya quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi:

1. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish

Organik va organomineral oʻgʻitlarning xavfsizligi toʻgʻrisida umumiy texnik reglamentni ishlab chiqish.

Bolalar ovqatlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi maxsus texnik reglamentni ishlab chiqish.

Maxsus oziq-ovqat mahsulotlari, funksional parhez, davolash va parhez-profilaktika ovqatlari xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni ishlab chiqishda organik mahsulotlarga qoʻyilgan talablarni inobatga olish.

Organik yer maydonlariga belgi va koʻrsatkichlar oʻrnatish shakli va tartibini joriy etish.

2. Sertifikatlashtirish, avtorizatsiya va akkreditatsiya tizimlarini shakllantirish

Organik ishlab chiqarish sohasidagi sertifikatlashtirish, avtorizatsiyalash va akkreditatsiyalashning milliy tizimlarini yaratish.

Organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, sotish va sertifikatlash bilan shugʻullanuvchi subyektlar faoliyati ekvivalentligi (teng qiymatliligi)ni baholash va avtorizatsiyalash.

Organik mahsulotlar uchun davlat savdo belgisi (logotipi)ni ishlab chiqish.

“Biosifat” markaziy laboratoriyasini hamda Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti qoshidagi daraxt koʻchatlari va gul qalamchalari boʻyicha sinov laboratoriyasini Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi tarkibiga oʻtkazgan holda ushbu yoʻnalishdagi muvofiqlikni baholash idorasini tashkil etish.

3. Organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish uchun malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakalarini oshirish

Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash hamda Germaniya, AQSH, Fransiya, Isroil, Italiya, Turkiya kabi organik qishloq xoʻjaligi rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb etish boʻyicha yetakchi oliy va ilmiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

Toshkent davlat agrar universiteti hamda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda Turkiyaning Egey universiteti va boshqa xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va organik paxtachilik sohasida ilmiy-tadqiqotlar olib borish yuzasidan hamkorlik choralarini amalga oshirish.

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)

Organik qishloq xoʻjaligini yuritish boʻyicha oʻquv va uslubiy materiallarni tayyorlash.

Organik ishlab chiqarishning maqsadi va istiqbollari toʻgʻrisidagi bilimlarni ommalashtirish ishlarini amalga oshirish.

Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash masalalari boʻyicha fermer va dehqon xoʻjaliklari, tadbirkorlar va boshqa manfaatdorlar uchun oʻquv va maslahat xizmatlarini koʻrsatish.

“Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni organik ishlab chiqarishga oʻtkazish va sertifikatlashtirishga tayyorlash jarayonlarida ularning mutaxassislariga organik standart talablarini oʻrgatish va zarur hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha xoʻjalik shartnomalari asosida maslahat xizmatlarini koʻrsatish ishlarini tashkil etish.

“Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasining organik qishloq xoʻjaligi va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti talablarini joriy qiluvchi mahsulot yetishtiruvchilar, eksport qiluvchilar uchun masalahat xizmatlari, xalqaro koʻrgazma, oʻquv seminarlari va treninglarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplash choralarini koʻrish.

4. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ichki bozorlarni rivojlantirish va eksport geografiyasini kengaytirish

Mahalliy organik mahsulotlarni sotish uchun salohiyatli eksport bozorlarida marketing tadqiqotlari oʻtkazish va ichki bozorlarni rivojlantirish.

Talab yuqori va istiqbolli organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari turlarini aniqlash uchun organik mahsulotlar bozorlari konyunkturasini oʻrganish, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlarni qadoqlash va tamgʻalash turlarini tahlil qilish.

Organik mahsulot turlari boʻyicha ichki bozor hajmi va eksport salohiyatini aniqlash.

Salohiyatli investorlarni jalb qilish orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSH kabi davlatlarga organik mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur infratuzilmaga ega boʻlgan klasterlar, kooperativ va logistika markazlarini tashkil etish.

Organik qishloq xoʻjaligi bilan aloqador subyektlarning sohaga tegishli respublika va xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda ishtirokini taʼminlash.

Organik mahsulotlarni isteʼmol qilish orqali aholining sogʻlom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish va uni targʻib qilish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazish. Bunda, aholining keng qatlamlari bilan birga manfaatdor vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislari, meva-sabzavot klasterlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining ishtirokini taʼminlash.

Organik qishloq xoʻjaligi harakatlarining xalqaro federatsiyasi bilan aloqa oʻrnatish uchun organik tovar ishlab chiqaruvchilar uyushmasini tuzishga tashkiliy jihatdan koʻmaklashish.

Organik paxta xom ashyosini yetishtirish, toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlash va eksport qilish boʻyicha Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSH va Yaponiya kabi ushbu yoʻnalishlar rivojlangan mamlakatlar tajribalarini oʻrganish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalqaro tashkilotlar (FAO, GIZ, USAID, KOPIA, JICA va boshq.)ning texnik koʻmaklari doirasida oʻquv tanishuv safarlarini tashkil etish. Bunda, manfaatdor vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislari bilan birgalikda organik paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish imkoniyatiga ega tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etishini taʼminlash.

Global organik toʻqimachilik standarti (Global Organic Textile Standard — GOTS) talablarini hamda xalqaro tajribani chuqur tahlil qilgan holda:

milliy standartlar ishlab chiqish va ular talablariga muvofiq eksportga yoʻnaltirilgan organik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyiladi;

eksport geografiyasini kengaytirish hamda toʻqimachilik sohasiga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

Textile Exchange faoliyati oʻrganiladi va u bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Turkiyaning EGEDENIZ TEKSTIL A.S bilan hamkorlikda organik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish choralarini koʻrish.

Aholi ixtiyoridagi sut mahsulotlarini qabul qilish, qayta ishlash va sotishni oʻz ichiga olgan kooperatsiya tashkil etish boʻyicha ilgʻor chet el tajribalarini oʻrganish va ushbu yoʻnalishda kooperativlar tashkil etish choralarini koʻrish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarining ixtisoslashgan tumanlarida tashabbuskorlar tomonidan aholi xonadonlarida organik kurka yetishtirish tajribasini yaratish va yetishtirilgan mahsulotlarni organik sertifikatlashtirib, eksportga yoʻnaltirish.

Respublikamizning kimyoviy ishlov berilmaydigan togʻ va togʻoldi mintaqalarida yetishtirilayotgan yongʻoq va boshqa danakli mevalar va rezavorlarni kooperatsiyalar orqali organik sertifikatlashtirish va eksportga yoʻnaltirish tadbirlarini tashkil etish.

5. Organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish doirasidagi ilmiy-tadqiqotlarni kengaytirish

Mintaqa va mahalliy darajalarda organik ishlab chiqarishni tashkil etish sharoitlari uchun qishloq xoʻjaligi yer turlarining yaroqliligini kompleks baholashdan oʻtkazish.

Kompleks baholash natijasida organik ishlab chiqarishni tashkil etish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, viloyatlar va tabiiy-qishloq xoʻjaligi tumanlarining yaroqliligi boʻyicha xoʻjaliklar sonini aniqlash.

Organik ishlab chiqarishni taʼminlaydigan texnologik omillar va biologik vositalardan kompleks foydalanishga tayanadigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish texnologiyalari, oʻsimliklarni himoya qilish, oʻgʻitlar va biopreparatlar qoʻllashning yaxlit tizimlari, tuproqlarga ishlov berish va almashlab ekish (dala va yem-xashak, sabzavot hamda kartoshka) usullarini ishlab chiqish.

Qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalarida organik ishlab chiqarishni tasarruf etishning asoslarini shakllantirish.

Klasterlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari uchun organik standartlar va organik qishloq xoʻjaligining asosiy tamoyillari boʻyicha organik dehqonchilik tizimlariga bosqichma-bosqich oʻtish usullarini ishlab chiqish.

Organik chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.

Organik mahsulotlar bozorlarini samarali shakllantirish, ularni sertifikatlashtirish va tamgʻalash boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish.

Organik paxtachilik va organik toʻqimachilik sohasining ilmiy asoslarini rivojlantirish.

Organik urugʻchilikni tashkil etish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va jadallashtirish.

Organik ishlab chiqarishga asoslangan oʻsimlikshunoslik va chorvachilik sohasidagi fermerlar, dehqonlar va boshqa kichik tadbirkorlik subyektlarini oʻqitish uchun amaliy namoyish maydonchalarini yaratish.

6. Organik ishlab chiqarish doirasidagi hisob-kitoblar va hisobotlar

Organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqaruvchilar reyestrlari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Organik mahsulotlarni ishlab chiqarishni va sotishni amalga oshiruvchi shaxslar toʻgʻrisidagi rasmiy maʼlumotlarni chop etish va organik mahsulot (xom ashyo)larni ishlab chiqaruvchilar reyestrini yuritish.

Organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarga sotish toʻgʻrisidagi davlat statistika hisobotini taqdim etish usullarini ishlab chiqish.

Organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarga sotish toʻgʻrisidagi mavjud maʼlumotlarni chop etish.

Organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarga sotish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish maqsadida amaldagi davlat statistika hisoboti shakllarini takomillashtirish, zarur hollarda yangi hisobot shaklini ishlab chiqish va joriy etish.

7. Organik ishlab chiqarish tizimlarini xalqaro tizimlarga integratsiyalashtirish

Organik qishloq xoʻjaligi doirasidagi sertifikatlashtirish idoralarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish.

Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining IFOAMda ishtirokini, Markaziy Osiyo va global darajada organik qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashishini tashkil etish.

Xalqaro organik forumlarda (ilmiy-tadqiqot masalalari yoki sertifikatlashtirish boʻyicha) ishtirok etish.

Organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha xalqaro anjuman tashkil etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga3-ILOVA

2020 — 2025-yillarda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon fondi yerlarida bosqichma-bosqich organik ishlab chiqarishga oʻtishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga4-ILOVA

2020 — 2025-yillarda maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti (Global G.A.P.) xalqaro standarti talablari boʻyicha sertifikatlanadigan yer maydonlarining asosiy eksportbop ekin turlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga5-ILOVA

Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi korxonalari va klasterlari tomonidan organik paxta xom ashyosi yetishtirish va organik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha amaliy

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-son Farmoniga6-ILOVA

Respublika hududlarida agroekoturizm jozibadorligini yanada oshirish uchun organik bozorlar va restoranlar tashkil etish boʻyicha amaliy

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.