PQ-4756-son Qaror · 22.06.2020

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan va xalqaro tashkilotlarga aʼzolikdan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4756
  • Qabul qilingan sana:22.06.2020
  • Kuchga kirgan sana:23.06.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4756/0795

[Koʻchirma]

Xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallarni toʻlash mexanizmini soddalashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari masʼuliyatini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlarini bajarishga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlaridan kelib chiqadigan badallarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish hamda xalqaro shartnomalar doirasidagi, shu jumladan, badallarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari etib belgilansin (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar).

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

vakolatli organlar Oʻzbekiston Respublikasining kelgusida tegishli xalqaro tashkilotda ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi hamda aʼzolikdan olinadigan iqtisodiy va boshqa foydalar boʻyicha doimiy tahlil olib boradi;

Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro tashkilot faoliyatida ishtirok etishi maqsadga muvofiq boʻlmagan taqdirda, vakolatli organlar Vazirlar Mahkamasiga kelgusi xatti-harakatlar boʻyicha asosli takliflar bilan xulosa kiritadi;

2021-yildan boshlab xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallar va ular boʻyicha qarzdorliklar bevosita vakolatli organlar tomonidan mazkur qaror bilan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarmalar va oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;

Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va vakolatli organlar bilan birgalikda har yil yakuni boʻyicha xalqaro shartnomalar doirasida va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligi, tashkilotda qatnashishning maqsadga muvofiqligi va aʼzolikdan olinadigan iqtisodiy va boshqa foyda, amalda toʻlangan aʼzolik badallari toʻgʻrisida maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda har bir xalqaro shartnoma va xalqaro tashkilotda Oʻzbekiston Respublikasi ishtiroki doirasida 2020-2021-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Tashqi ishlar vazirligi hamda vakolatli organlar bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro shartnomalar va tashkilotlarga aʼzolik badallari toʻlovi boʻyicha majburiyatlarni xatlovdan oʻtkazsin va natijasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritsin;

xalqaro shartnomalar va tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallar hisobini yuritish jarayoniga axborot texnologiyalarini tatbiq etgan holda, mazkur majburiyatlar bajarilishini doimiy kuzatib boruvchi tizimni joriy qilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-iyun,

PQ-4756-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PQ-4756-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlarni bajarishga masʼul davlat organlari va boshqa tashkilotlar

* Ushbu tashkilotga aʼzolik badallarini toʻlash uni toʻlovchilarning aʼzolik yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-iyundagi PQ-237-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PQ-4756-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlaridan kelib chiqadigan badallarni toʻlash tartibi toʻgʻrisida

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlaridan kelib chiqadigan badallarni (keyingi oʻrinlarda — badallar) toʻlash tartibini belgilaydi.

2. Davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajalarda xalqaro shartnomalarga qoʻshilish boʻyicha qarorlar qabul qilish “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.

3. Badallar mazkur qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlaridan kelib chiqadigan badallarni toʻlovchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxatida (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) koʻrsatilgan xalqaro tashkilotlarga ushbu nizom talablariga muvofiq toʻlanadi.

4. Badallar va ular boʻyicha qarzdorliklar bevosita Roʻyxatda koʻrsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan toʻlanadi.

Xalqaro shartnomalar va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallar hisobini yuritish hamda monitoring qilib borish Moliya vazirligining axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) amalga oshiriladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

5. Badallar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Roʻyxatda koʻrsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda — toʻlovchilar) budjetdan tashqari jamgʻarmalari va oʻz mablagʻlari hisobidan mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha toʻlanadi.

Budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan toʻlovchi tashkilot tomonidan toʻlanadigan har qanday ixtiyoriy badallar faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.

(5-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-son qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

2-bob. Badallarni toʻlash uchun zarur boʻlgan budjet mablagʻlarini rejalashtirish

6. Roʻyxatning 1-boʻlimida koʻrsatilgan toʻlovchilar yillik asosda toʻlov hujjatlarini (invoys) yoki xalqaro tashkilotning keyingi yil uchun rejalashtirilgan badal summasi toʻgʻrisidagi rasmiy xabarnomasini olish yuzasidan tegishli choralar koʻradi hamda buning asosida keyingi yil uchun rejalashtirilgan badallar summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotni 1-iyungacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi hamda axborot tizimiga kiritadi.

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Toʻlov hujjatlari (invoys) yoki xalqaro tashkilotning rasmiy xabarnomasi mavjud boʻlmagan taqdirda, oldingi yillarda haqiqatda toʻlangan badallar summasidan kelib chiqqan holda, keyingi yil uchun badallarning prognoz miqdorlari toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etiladi.

Kelgusi yil badallarini toʻlash maqsadida toʻlov summasini milliy valyutada hisoblash uchun toʻlovchilar keyingi yil uchun xorijiy valyutaning oʻrtacha yillik prognoz kursini, shuningdek, toʻlovlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan xarajatlarni (mablagʻlarni oʻtkazish uchun vositachilik haqi va boshqalar) hisobga olgan holda, xorijiy valyutadagi mablagʻlarni milliy valyutaga qayta hisoblaydi.

Bunda keyingi yil uchun oʻrtacha yillik prognoz kursi toʻlovchilar tomonidan xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan kursining oʻzgarish tendensiyasini hisobga olgan holda hisoblab aniqlanadi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida badallar miqdorining kelgusi yilda oshish ehtimolini hisobga olgan holda, badallarni toʻlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining prognoz parametrlarida nazarda tutadi.

8. Agar oʻtgan yilda rejalashtirilgan badal miqdori bilan joriy yilda haqiqatda toʻlanishi lozim boʻlgan miqdor oʻrtasida farq (defitsit) yuzaga kelsa, yetishmagan qism Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida xalqaro tashkilotlarga badallarni toʻlash uchun nazarda tutilgan iqtisod qilingan budjet mablagʻlari, ular mavjud boʻlmagan taqdirda esa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

Joriy yilda toʻlanishi lozim boʻlgan badal miqdorining yetishmagan qismining keyingi yilga oʻtkazilishiga, agar bu Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot faoliyati doirasidagi huquqlarini cheklamasa, jiddiy siyosiy-iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarmasa, mamlakat nufuziga putur yetkazmasa hamda qarzdorlik, shu jumladan badallarni toʻlamaganlik yoki toʻliq toʻlamaganlik uchun jarima sanksiyalari hisoblanishi hisobidan shakllanishini keltirib chiqarmasa yoʻl qoʻyiladi.

3-bob. Badallarni toʻlash tartibi

9. Badallar toʻlovchilar tomonidan toʻlov hujjatlariga (invoys) yoki joriy yil uchun badal miqdorini tasdiqlovchi xalqaro tashkilotning (yoki tegishli xalqaro shartnomani maʼmurlashtirish uchun masʼul boʻlgan tashkilotning (organning)) xabarnomalariga muvofiq toʻlanadi hamda toʻlangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumot va toʻlovni tasdiqlovchi hujjatlar axborot tizimiga 3 (uch) ish kuni ichida kiritiladi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

10. Roʻyxatning 1-boʻlimida koʻrsatilgan toʻlovchilar 10-martgacha boʻlgan muddatda badallarni inobatga olgan holda xarajatlar smetasini tasdiqlab, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.

11. Badallar va ular boʻyicha qarzdorlikni toʻlash uchun nazarda tutilgan pul mablagʻlarining konvertatsiyasi toʻlovchining oʻrnatilgan tartibda taqdim etilgan buyurtmanomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi tomonidan 5 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.

12. Gʻazna ijrosi bilan qamrab olinmagan toʻlovchilar badallar va ular boʻyicha qarzdorlikni toʻlash uchun moʻljallangan pul mablagʻlarini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazadi.

12-1. Badallar toʻlovchilar tegishli toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng 1 (bir) oy muddatda toʻlovlar xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilinganligi tasdigʻini olish choralarini koʻradi va olingan tasdiq xabarnomalarini 3 (uch) ish kuni ichida axborot tizimiga yuklaydi.

(12-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

13. Agar badallarni toʻlash boʻyicha majburiyatlarning oʻz vaqtida bajarilmagani Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot faoliyati doirasidagi huquqlari cheklanishiga, jiddiy siyosiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelgan, mamlakat nufuziga putur yetkazgan boʻlsa, shuningdek, qarzdorlik, shu jumladan badallarni toʻlamaganlik yoki toʻliq toʻlamaganlik uchun jarima sanksiyalari hisoblanishi hisobidan shakllanishiga olib kelgan taqdirda, shaxsiy javobgarlik tegishliligi boʻyicha:

Roʻyxatning 1-boʻlimida koʻrsatilgan toʻlovchilarga budjet mablagʻlari oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda ajratilishini taʼminlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;

Roʻyxatda koʻrsatilgan toʻlovchilarga, gʻazna ijrosi bilan qamrab olinmagan toʻlovchilardan tashqari, ajratilgan mablagʻlarni konvertatsiya qilib, oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi;

gʻazna ijrosi bilan qamrab olinmagan toʻlovchilar topshiriqnomasi boʻyicha toʻlovlar oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlanishini taʼminlash boʻyicha — tijorat banklari;

badallarni toʻlash va ular boʻyicha qarzdorlik yuzaga kelmasligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlarining oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini kafolatli taʼminlash boʻyicha — toʻlovchilar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.

13-1. Badallar toʻlovchilar tegishli toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng 1 (bir) oy muddat ichida toʻlovlar xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilinganligi tasdigʻini olish choralarini koʻradi va olingan tasdiq xabarnomalarini 3 (uch) ish kuni ichida axborot tizimiga yuklaydi.

(13-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

14. Badallarni oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlaydigan toʻlovchilar har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro tashkilot nomi, toʻlov miqdori va sanasini koʻrsatgan holda maʼlumot taqdim etadi.

4-bob. Hisobdorlik va badallarni toʻlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalarni koʻrib chiqish tartibi

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Markaziy banki axborot tizimdagi maʼlumotlar asosida xalqaro shartnomalar va tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan badallar toʻlanishini doimiy monitoring qilib boradi.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy yilning 1-dekabr holati boʻyicha badallarni toʻlamagan toʻlovchilarni aniqlash yuzasidan maʼlumotni shakllantiradi hamda 10-dekabrgacha boʻlgan muddatda joriy yil uchun badallarni toʻlamagan toʻlovchilarga badal toʻlovini zudlik bilan toʻlash zarurligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.

17. Toʻlovchilar mazkur Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan xabarnomani olgandan keyin 10 kun muddatda badallarni toʻlashi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligiga badal toʻlangani haqida axborot berishi shart.

Agar biron-bir sababga koʻra tegishli xalqaro shartnomani yoki xalqaro tashkilot faoliyatini moliyalashtirishda Oʻzbekiston Respublikasining kelgusida ishtirok etishi maqsadga muvofiq boʻlmagan taqdirda, toʻlovchi mazkur Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan xabarnomani olgandan keyin 10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgusi xatti-harakatlar boʻyicha asosli takliflar bilan xulosa kiritadi hamda bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladi.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq kiritilgan taklif boʻyicha qaror qabul qiladi yoki masalani koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va (yoki) Prezidentiga axborot beradi.

5-bob. Oʻzbekiston Respublikasining badallarni toʻlash boʻyicha xalqaro tashkilotlar oldidagi qarzdorligining soʻndirilishi

19. Oʻzbekiston Respublikasining badallarni toʻlash boʻyicha qarzdorligi (keyingi oʻrinlarda — qarzdorlik) budjet mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori asosida soʻndiriladi, mazkur Nizomning 20 va 21-bandlarida nazarga tutilgan holatlar bundan mustasno.

20. Qarzdorlikni budjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda shaxsiy mablagʻlar hisobidan soʻndirish toʻlovchi tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.

21. Agar avvalgi yillar boʻyicha yoki dastlabki hisoblangan badal miqdori bilan haqiqatda toʻlanishi lozim boʻlgan badal miqdori oʻrtasidagi farq natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikni toʻlab berish uchun vakolatli organlarning joriy yildagi budjet parametrlarida mablagʻlar yetarli boʻlganda ushbu qarzdorliklar toʻlab beriladi.

(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son)

21-1. Aʼzolik badali toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlgan hollarda, ushbu qarzdorlik yuzasidan maʼlumotlar va tasdiqlovchi hujjatlar ular olingan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni ichida badal toʻlovchilar tomonidan axborot tizimiga yuklanishi lozim.

(21-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

22. Ishtirok etish uchun badallar toʻlash nazarda tutilgan xalqaro tashkilotga Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilganda yoki xalqaro shartnoma tuzilganda, tegishli masʼul organ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Roʻyxatga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida taklif kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

22-1. Roʻyxatda koʻrsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot tizimiga barcha maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi va doimiy yangilab borilishi uchun masʼul hisoblanadi.

(22-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

23. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xalqaro tashkilotlarga aʼzolik boʻyicha majburiyatlaridan kelib chiqadigan badallarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA

Budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan toʻlovchi tashkilot tomonidan badallarni toʻlash

* Gʻazna ijrosi bilan qamrab olinmagan toʻlovchilar badallar va ular boʻyicha qarzdorlikni toʻlash uchun moʻljallangan pul mablagʻlarini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.