Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlash, ularga sifatli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish, shuningdek, mehnat faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish hamda mehnat migrantlari boʻlib turgan davlatda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishlarida koʻmaklashish maqsadida:
1. Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi ochilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-oktabrdagi PQ-4480-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2019-y., 07/19/4480/4211-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi ochilayotganligini hisobga olib, 2018-yildan boshlab xorijiy muassasani moliyalashtirishni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga uchta avtomobil taʼminoti uchun limit ajratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda shtat jadvaliga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasini mutasaddilik qiladigan yoʻnalishlar boʻyicha konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish va mehnat migrantlari masalalari boʻyicha mutaxassislar bilan toʻldirsin;
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi va Qozon shahri maʼmuriyati bilan birgalikda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga muvofiq, Bosh konsulxonani joylashtirish va jihozlash masalasini, shuningdek, uning faoliyatini tashkillashtirish bilan bogliq boshqa masalalarni hal etsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Uzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
PQ-3960-son