Aholini davlat ijtimoiy himoya tadbirlari bilan toʻliq qamrab olish hamda sogʻliqni saqlash va sanitariya-epidemiologiya xizmatining koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularga tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatlarini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Jahon banki tomonidan “Oʻzbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan jami 95 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari ajratilishi maʼqullanganligi;
Loyihaning maqsadlari Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish uchun sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam taʼminlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirish hisoblanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) hamda ular hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (xizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilishi;
Loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasining ulushi jami 11,75 mln AQSH dollarini, jumladan 6,88 mln AQSH dollari miqdoridagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda 4,87 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiya davri mobaynidagi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan amalga oshiriladigan toʻlovlarni tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (keyingi oʻrinlarda — XTU) kreditidan samarali foydalanishni monitoring qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi XTU kreditidan maqsadli foydalanish hamda loyihani samarali amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi vazirliklar hisoblanadi;
“Shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish guruhiga qoʻshimcha 1 shtat birligi ajratiladi hamda xizmat koʻrsatuvchi “Asaka” ATBda Loyiha uchun alohida hisob raqamlari ochiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzmedimpeks” davlat unitar korxonasi Loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;
XTU krediti boʻyicha qarzni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar boʻyicha toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan qoplanadi.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasining parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasini amalga oshirish doirasida Jahon banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda qarz boʻyicha foiz va komissiyalarni toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan XTU bilan kredit bitimini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tibbiyot muassasalarida mavjud tibbiy buyum, tibbiy texnika va jihozlar xatlovi asosida bir oy muddatda Loyiha doirasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun sotib olinadigan tibbiy buyum, tibbiy texnika va jihozlar roʻyxatini tasdiqlasin;
XTU krediti orqali yetkazib berilgan tovarlarni sotib olish va yetkazib berish xizmatlari uchun xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun tasdiqlangan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar doirasida amalga oshirsin.
6. Masʼul ijro etuvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishlicha quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin:
Loyiha doirasida xarid qilinadigan uskunalarni oʻrnatish va montaj qilish uchun tibbiyot muassasalarini tayyorlash;
Loyiha tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
Loyiha doirasida ijtimoiy nafaqalarning maqsadli va manzilli tayinlanishi hamda oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Loyiha doirasidagi mablagʻlar hisobidan ishsizlik boʻyicha nafaqalarning manzilli ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining viza talabnomalariga binoan Loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar uchun belgilangan tartibda kirish vizalarining konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev:
ikki oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi loyihalarni amalga oshirish guruhlari, “Oʻzmedimpeks” DUK rahbar va xodimlari tarkibini qayta koʻrib chiqsin va ularni professional bilim darajasiga ega boʻlgan, malakali xodimlardan iborat tarkibda shakllantirish chorasini koʻrsin;
sogʻliqni saqlash sohasida chet el kreditlari va investitsiya loyihalari doirasida amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtirib borsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari S.U. Umurzakov va B.A. Musayevlar zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 2-iyul,
PQ-4772-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-iyuldagi PQ-4772-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasining
* Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari tovar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha tender natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-iyuldagi PQ-4772-son qaroriga 2-ILOVA
“Oʻzbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasini amalga oshirish doirasida Jahon banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda qarz boʻyicha foiz va komissiyalarni toʻlashning
Izoh
* Toʻlovlar summasi qarz mablagʻlarining haqiqatdagi oʻzlashtirish kuniga bogʻliq ravishda aniqlashtiriladi.
** Hisob-kitob uchun oʻzgaruvchan bazis 10 punktda olinib, foiz stavkasi 1,35 foizga teng deb qabul qilingan.
*** Hisob-kitob uchun oʻzgaruvchan bazis 54 punktda olinib, xizmat koʻrsatish uchun komissiya 1,29 foizga teng deb qabul qilingan.