Milliy teleradioeshittirish tizimi yuz berayotgan voqea-hodisalarni yoritish jarayonida muhim oʻrin tutadi, uning faoliyati, birinchi navbatda, aholining keng qatlamlariga xolis axborotni oʻz vaqtida yetkazish, tashqaridan kirib kelayotgan notoʻgʻri, gʻarazli va boshqa buzgʻunchi axborot hamda mafkuraga nisbatan munosib munosabat bildirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, respublikada axborot eshittirishlari holatining tahlili teleradiokanallarning axborot xizmatlari salohiyatidan, eng avvalo, aholida faol fuqarolik pozitsiyasini va amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirishda yetarlicha foydalanilmayotganligidan dalolat bermoqda.
Yuqori sifatli mediakontentni shakllantirishga yaxlit va tizimli yondashuvning mavjud emasligi efir vaqtining talabgir boʻlmagan axborot mahsulotlari bilan rasmiyatchilik yuzasidan toʻldirilishiga, auditoriya qamrovining torayishiga va aholi ishonchining pasayishiga sabab boʻlmoqda.
Vujudga kelgan vaziyat milliy axborot makonining koʻp hollarda ham mamlakat ichkarisida, ham uning tashqarisida yuz berayotgan voqealarni xolis yoritishni taʼminlamaydigan muqobil manbalar bilan toʻldirilishiga zamin yaratishi mumkin.
Aholiga xolis va ishonchli axborotni yetkazishni tashkil etish tizimini takomillashtirish, respublika mediamakonini mamlakatimizda va xorijda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sport sohalarida yuz berayotgan muhim voqealarning tezkor yoritilishini taʼminlaydigan sifatli axborot-tahliliy mahsulotlar bilan boyitish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining:
davlat unitar korxonasi shaklida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining tunu kun faoliyat koʻrsatuvchi “Oʻzbekiston 24” milliy axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK);
“Madaniyat va maʼrifat” telekanali” DUKning “Diyor” telekanali hamda “Toshkent” teleradiokanali” DUKning “Toshkent” radiokanalini tugatish va ularning teleradioeshittirish chastotalarini hamda boʻshayotgan shtat birliklarini “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:
yangiliklar jurnalistikasining yangi formati asosida ichki va tashqi siyosatning dolzarb masalalari boʻyicha butun respublika hududida toʻgʻridan-toʻgʻri tunu kun axborot uzatilishini tashkil etish;
eng avvalo, aholining sifatli axborot mahsuloti olishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish hamda tashqaridan notoʻgʻri, gʻarazli va boshqa buzgʻunchi axborot hamda mafkura tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan mamlakatimizda va xorijda yuz berayotgan voqealarni oʻz vaqtida va ishonchli yoritish, ularga begʻaraz va xolis baho berish;
axborotni yoritishda mediatexnologiyalar, zamonaviy standartlar va kreativ yondashuvlarni joriy etish orqali teledasturlarning yuksak professional va badiiy saviyasini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosati masalalari boʻyicha xolis va prinsipial pozitsiyani hisobga olgan holda zamonaviy tendensiyalar, hodisalar va voqealarga oʻz vaqtida hamda munosib munosabat bildirish;
davlat organlari va tashkilotlari masʼul rahbarlarining aholi bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish, fuqarolarning hayotiy muhim muammolarini va joylardagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda hal etish uchun sharhlovchilar, ekspertlar hamjamiyati va akademik doiralar vakillarini keng jalb etish.
3. “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKning cheklangan shtat soni 251 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 10 nafardan iborat tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Ushbu shtat birliklarining 80 tasi “Madaniyat va maʼrifat” telekanali” DUKning tugatilayotgan “Diyor” telekanali va “Toshkent” teleradiokanali” DUKning “Toshkent” radiokanalining boʻshayotgan shtat birliklari, 171 nafari esa Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi boshqa teleradiokanallari xodimlarining sonini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK xodimlariga Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining boshqa teleradiokanallari xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
“Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK butun respublika hududlari boʻylab tarqatiladigan raqamli teleeshittirishlarning umumfoydalaniladigan ijtimoiy paketi tarkibiga ikki formatda (SD va HD) kiritiladi, mazkur telekanalni HD formatda translyatsiya qilish esa respublikada telekoʻrsatuvlar toʻliq HD formatiga oʻtguniga qadar parallel ravishda “UzHD” telekanalida amalga oshiriladi;
mamlakatimizda teleradioeshittirishning zamonaviy formatini yaratish maqsadida “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK boshqa ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, eng avvalo, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Xalqaro press-klub bilan yaqin hamkorlikni amalga oshiradi.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda:
“Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKni xorijiy tillarni biladigan, yuklatilgan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir boʻlgan har tomonlama tayyorgarlikka ega malakali mutaxassislar bilan taʼminlanishi;
“Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK ustavini ishlab chiqish va tasdiqlash, uni davlat roʻyxatidan, shu jumladan ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Moliya vazirligi bilan birgalikda “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKning xorijdagi muxbirlik punktlarini tashkil etish masalasi boʻyicha asoslantirilgan takliflarni puxta ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
6. “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUK va Xalqaro press-klub Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Toshkent shahar, Olmazor koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan “Oʻzbekiston MTRK Mediamarkazi” DUK binolar majmuasiga joylashtirilsin.
“Oʻzbekiston MTRK Mediamarkazi” DUK binolar majmuasi Xalqaro press-klubning majlislari, konferensiyalari, seminarlari, “davra suhbatlari” va treninglarini, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazish joyi etib belgilansin hamda ularning oʻtkazilayotgan tadbirlarga belgilangan tartibda kirishi taʼminlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2017-yilda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi teleradiokanallarining shtat sonini maqbullashtirish hisobidan tejalgan mablagʻlarni hisobga olgan holda Davlat budjetining ijtimoiy soha parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” DUKni moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratsin;
2018-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida mazkur telekanal faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-may,
PQ-2944-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi PQ-2944-son qarorigaILOVA
“Oʻzbekiston 24” teleradiokanali” davlat unitar korxonasining
DirektorBadiiy kengashDirektorning birinchi oʻrinbosariDirektor oʻrinbosari — radiokanal direktoriDirektor oʻrinbosari“Axborot” bosh tahririyati9Bosh muharrirlar guruhi7“Oʻzbekiston 24” radiokanali30Reklama va marketing boʻlimi2Prezident puli muxbirlari guruhi3Xronikal-hujjatli filmlar va jurnalist surishtiruvlari studiyasi5“Tahlilnoma” axborot-tahliliy dasturlar boʻlimi6Chiqaruvchi muharrirlar guruhi17“Axborot” tahririyati12Gonorar toʻlash boʻlimi2Bosh rejissor xizmati(rejissorlar, operatorlar, videomuhandislar, ovoz rejissorlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va infografika guruhlari)49Videoteka va arxiv2Moliya-iqtisod boʻlimi2Xalqaro axborot boʻlimi4Siyosiy sharhlovchilar guruhi4Buxgalteriya2Moddiy-texnik taʼminot boʻlimi4Kadrlar boʻlimi2Ijtimoiy-siyosiy mavzular boʻlimi4Suxandonlar guruhi4Bosh prodyuser xizmati(kreativ-innovatsion guruh, PR va mediatuzilmalar bilan aloqa guruhi, “Meteo-TB”)9Yurist1Ijtimoiy-iqtisodiy mavzular boʻlimi4Tarjimonlar guruhi4Umumiy boʻlim2Ilm-fan, taʼlim va madaniyat boʻlimi4Hududiy muxbirlik punktlari24Masʼul kotib xizmati(rejalashtirish va veb-saytni muvofiqlashtirish guruhlari)10Sport boʻlimi4Xorijiy muxbirlik punktlari18
* Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 251 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 10 nafar.