PF-6066-son Farmon · 22.09.2020

Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6066
  • Qabul qilingan sana:22.09.2020
  • Kuchga kirgan sana:23.09.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/20/6066/1317

Qimmatbaho metallarni qabul qilish, saqlash, topshirish va hisobini yuritish tizimini yanada takomillashtirish, aholining qimmatbaho metallardan jamgʻarma sifatida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoniga muvofiq:

1. Markaziy bank, Moliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasining jismoniy shaxslarga tegishli sertifikatlar mavjud boʻlganda va tovarlarni olib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan meʼyoridan oshgan taqdirda, majburiy ravishda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan tayyorlangan oʻlchovli yombilar va Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini respublika hududidan tashqariga cheklovlarsiz olib chiqish huquqini berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Davlat bojxona qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu bandning qoidalarini respublika aholisiga va xorijiy davlatlarning fuqarolariga yetkazish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.

2. Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Moliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilganligi munosabati bilan Markaziy bankning:

Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tugatish va Markaziy bankning markaziy apparati tuzilmasida Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmatini (keyingi oʻrinlarda — xizmat) tashkil etish;

tugatilayotgan Agentlikning Markaziy bank tomonidan xalqaro rezervlarni boshqarish operatsiyalari doirasida sotib olinadigan va sotiladigan qimmatbaho metallarni hamda saqlanayotgan boshqa qimmatliklarni qabul qilish, saqlash, joʻnatish va hisobini yuritish borasidagi funksiyalarini xizmatga oʻtkazish takliflari maʼqullansin.

3. Belgilansinki:

Markaziy bank tugatilayotgan Agentlikning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

xizmat tomonidan qimmatbaho metallarni hamda boshqa qimmatliklarni qabul qilish, saqlash va joʻnatish maqsadida foydalaniladigan Markaziy bankning bino va obyektlari oʻta muhim obyektlar toifasiga kiradi va tegishlicha muhofaza qilinadi.

4. Markaziy bank:

a) bir hafta muddatda:

xizmatning tashkiliy va shtat tuzilmasini hamda u toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Agentlikning pul mablagʻlari, mol-mulki, arxiv va boshqa hujjatlari oʻz balansiga qabul qilinishini taʼminlasin;

b) qonunchilikka muvofiq ravishda Agentlikni tugatish choralarini koʻrsin;

v) bir oy muddatda:

xizmat tomonidan qimmatbaho metallarni qabul qilish, saqlash, joʻnatish va hisobini yuritish tartibini tasdiqlasin;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

5. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda birja savdolarida sotiladigan qimmatbaho metallarni respublika hududlariga yetkazib berish mexanizmini joriy etsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-sentabr,

PF-6066-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6066-son Farmoniga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5215-son Farmonida:

a) 1-ilovaning 4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

b) 2-ilovaning 2-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-152-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 06/22/152/0507-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamentiga 2-ilovadan 61-band chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3199-son qarorining 4-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-noyabrdagi “2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3388-son qaroriga 5-ilovaning toʻrtinchi xatboshisidagi “B.B. Sabirov — Qimmatbaho metallar agentligi bosh direktori” soʻzlari “R.E. Umarov — Davlat asillik darajasini belgilash palatasi boshligʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PF-5-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2026-y., 06/26/5/0051-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6066-son Farmoniga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim farmonlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 31-oktabrdagi “Qimmatbaho metallar xarid qilish, saqlash va sotish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3346-son Farmoni.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoniga 3-ilovaning 1-bandi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.