PQ-21-son Qaror · 04.03.2005

Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan fuqarolarni xizmatdan boʻshatish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga navbatdagi chaqiruv toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-21
  • Qabul qilingan sana:04.03.2005
  • Kuchga kirgan sana:04.03.2005
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 8-9

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari saflaridan:

muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan fuqarolar — rezervga;

muqobil xizmatning belgilangan muddatlarini oʻtab boʻlgan fuqarolar —zaxiraga boʻshatilsin.

2. 1978—1987-yillarda tugʻilgan, chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2005-yilning aprel-may oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilsin.

Muddatli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega boʻlmagan, biroq ushbu chaqiruv mobaynida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (Q. Gʻulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (F. Nazirov), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (O. Obidov), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov) bir hafta muddatda “Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yigʻish va joʻnatish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarning yashash joylariga qaytish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomni ishlab chiqsinlar hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda joylardagi chaqiruv komissiyalarining samarali ishlashini tashkil qilsinlar, chaqiriluvchilarning sifatli va xolisona tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlasinlar;

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Qurolli Kuchlardan boʻshatilgan fuqarolarni ularning xizmat davrida egallagan harbiy va fuqarolik mutaxassisliklarini hisobga olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (Q. Gʻulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov), Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi (I. Ergashev), harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari:

muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni qoʻshilmalarga va qismlarga qabul qilishda yuksak uyushqoqlikni, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini;

muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan xizmatchilar, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatchilar harbiy mutaxassisliklarni sifatli oʻzlashtirib olishiga, jismoniy va maʼnaviy jihatdan kamol topishiga, maqsadga intilish, Vatanga muhabbat va uni himoya qilishga tayyor boʻlib turishga asoslangan mustahkam hayotiy fazilatlarni shakllantirish yoʻlida ularning samarali jangovar tayyorgarligini tashkil qilishni, maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni taʼminlasinlar.

6. “Oʻzteleradio” kompaniyasi (A. Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (M. Hazratqulov), Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi (B. Alimov)ga chaqiriluvchilarni Qurolli Kuchlarda xizmat qilishga tayyorlashning borishini, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning amalga oshirilishini,chaqiruv komissiyalari ishini, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatning tashkil qilinishini va Qurolli Kuchlardan rezervga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni joylarda kutib olish boʻyicha tantanali tadbirlar uyushtirilishini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashi Kotibi R. Mirzayev zimmalariga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2005-yil 4-mart,

PQ–21-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.