PQ-4865-son Qaror · 19.10.2020

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4865
  • Qabul qilingan sana:19.10.2020
  • Kuchga kirgan sana:20.10.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4865/1395

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.

Soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, shoir tugʻilgan qutlugʻ 9-fevral sanasini har yili adabiyot va maʼrifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash anʼanasi qaror topdi. Ulugʻ soʻz sanʼatkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari oʻrnatilgani, asarlar toʻplami toʻliq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulugʻ bobomizning muazzam meʼmoriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.

Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻyib, yangi Uygʻonish davri — Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy gʻoyalarning jahon tamaddunida tutgan oʻrnini hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulugʻ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targʻib etish maqsadida:

1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda keng jamoatchilik vakillarining 2021-yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmitaga Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng oʻrganish va targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin;

Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini taʼsis etish yuzasidan taklif kiritsin;

Afgʻoniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqsin va natijasi boʻyicha taklif kiritsin.

4. Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini koʻrsin.

5. Fanlar akademiyasi:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-2021-yillar davomida Alisher Navoiyning qoʻlyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirsin;

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil dekabrga qadar Alisher Navoiy ijodiy merosining sharhini yaratish ishlarini yakuniga yetkazsin hamda ularni “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturida joylashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etsin;

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida 2021-yil noyabr oyida Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi, adabiy muhiti, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi, asarlarining qoʻlyozma va nashr nusxalari toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi adabiy-badiiy koʻrgazmani tashkil etsin.

6. Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini eʼlon qilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021-yil oxiriga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasini yaratsin.

8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz oʻqitish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda 2021/2022 oʻquv yilidan barcha taʼlim muassasalarida shu asosda oʻqitishni yoʻlga qoʻysin.

9. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil dekabrga qadar quyidagi masalalarni oʻz ichiga olgan “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiy vorislari” gʻazalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari oʻrtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash;

beshta muhim tashabbus doirasida yosh dasturchilarni keng jalb etgan holda Alisher Navoiy asarlarining mobil ilovalarini yaratish va ularni yoshlar oʻrtasida ommalashtirish.

10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va Toshkent shahar hokimligining 2021-yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Navoiy viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani hamda Toshkent shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy anjumanni yuqori saviyada oʻtkazsin.

12. Madaniyat vazirligi 2021-yilda Alisher Navoiy hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratish hamda “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivalini oʻtkazish, shoir gʻazallari asosida “Nazm va navo” kechalarini, maqom tanlovlarini tashkil etishni taʼminlasin.

13. “Oʻzbekkino” milliy agentligi 2021-yil davomida Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar va manbalar asosida toʻliq metrajli badiiy-publitsistik film yaratish choralarini koʻrsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yilda “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi” rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumini chop etish choralarini koʻrsin.

15. Tashqi ishlar vazirligi 2021-yildan boshlab muntazam ravishda:

Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etish;

chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirsin.

16. Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosini toʻliq rekonstruksiya qilish, yangi zamonaviy ekspozitsiya yaratish, zarur texnik va ashyoviy jihozlar bilan taʼminlash uchun kerakli mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin hamda 2021-yil oktabrga qadar taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.

17. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi 2021-yil fevral oyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy sanʼat asarlari, miniaturalar, xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalarini oʻtkazsin.

18. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish, shoir asarlari asosida maxsus koʻrsatuv va eshittirishlar, oʻquv-maʼrifiy filmlar yaratish tavsiya etilsin.

19. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Davlat budjeti mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

20. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 19-oktabr,

PQ-4865-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi PQ-4865-son qaroriga1-ILOVA

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

A. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, tashkiliy qoʻmita raisi A. Abduvaxitov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari S. Saidov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari X. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Spichrayteri A. Joʻraboyev — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari B. Musayev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Yoʻldoshev — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti I. Majidov — Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Sh. Shermatov — Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri A. Shin — Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri O. Nazarbekov — Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri A. Komilov — Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri B. Zakirov — Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri I. Abdurahmonov — Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri J. Abruyev — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari A. Saidov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlari doktori A. Xodjayev — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A. Saʼdullayev — Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori M. Hojimatov — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari F. Abduxoliqov — “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori A. Nuriddinov — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi J. Artikxodjayev — Toshkent shahar hokimi Q. Tursunov — Navoiy viloyati hokimi E. Turdimov — Samarqand viloyati hokimi Sh. Sirojiddinov — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor, navoiyshunos N. Mahmudov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor J. Eshonqulov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor M. Muhiddinov — Samarqand davlat universiteti professori, navoiyshunos I. Haqqulov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti boʻlim mudiri, filologiya fanlari doktori A. Erkinov — filologiya fanlari doktori, professor, navoiyshunos N. Jabborov — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor V. Rahmonov — filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Sh. Rizayev — filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos E. Ochilov — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Z. Mashrabov — Xalqaro Bobur fondi rahbari N. Ilin — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, tarjimon T. Toʻxtayev — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, tarjimon Lavozimiga koʻra — Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi B. Onorboyev — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyati mudiri, tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga shu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi PQ-4865-son qaroriga2-ILOVA

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan

T/r Chora-tadbirlar nomi Bajarish muddati Moliyalashtirish manbai Ijro uchun masʼullar I. Tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlangan esdalik tangalar, pochta markalari, taqvimlar va koʻrgazmali axborot vositalarini chiqarish. 2021-yil sentabr Davlat budjeti mablagʻlari Markaziy bank, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan “Alisher Navoiy oʻquv muzeyi”ni tashkil etish. 2021-yil sentabr Davlat budjeti mablagʻlari, ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Toshkent shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy anjumanni yuqori saviyada oʻtkazish. 2021-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligi Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi Alisher Navoiy tavallud topgan 9-fevral sanasida Toshkent shahridagi Adiblar xiyoboni, shuningdek, hududlarda oʻrnatilgan shoir haykali poyiga gul qoʻyish marosimlari, navoiyxonlik va adabiy kechalarni tashkil qilish. 2021-yil 9-fevral Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Samarqand shahridagi Alisher Navoiy tahsil olgan Fazlulloh Abullays Samarqandiy madrasasini taʼmirlash va esdalik lavhasi oʻrnatish. 2021-yil fevral Ijrochilar mablagʻlari va Samarqand viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari, homiylik xayriyalari Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi II. Ilmiy-amaliy konferensiyalar va taqdimotlarni tashkil etish OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan anʼanaviy respublika konferensiyasini oʻtkazish. 2021-yil fevral Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyasini oʻtkazish. 2021-yil fevral Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Toshkent shahar hokimligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Yozuvchilar uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi Alisher Navoiy asarlari asosida ishlangan sanʼat asarlari koʻrgazmasini tashkil etish. 2021-yil fevral — Badiiy akademiya Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini oʻtkazish. 2021-yil may Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Samarqand viloyati hokimligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Alisher Navoiy dunyo sharqshunoslari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman oʻtkazish 2021-yil fevral Tashkilotchilar mablagʻlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti III. Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini oʻrganish va adabiyotlar chop etish Alisher Navoiyning yangi tahrirdagi 20 jildlik mukammal asarlari toʻplamini, rus tilidagi 10 jildlik asarlari hamda Alisher Navoiyga bagʻishlangan kitob-albomning nashrini amalga oshirish. 2021-yil davomida Davlat budjeti mablagʻlari, ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi Toʻrt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ni nashr etish. 2021 — 2023-yillar davomida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Besh jildlik “Alisher Navoiy asarlarining izohli lugʻati”ni nashr etish. 2020-2021-yillar davomida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi “Navoiy va yoshlar” turkumida 10 jildlik “Maʼnolar xazinasi” (Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar) kitobini tayyorlash va nashr etish. 2021-2022-yillar davomida Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Navoiy viloyati hokimligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, mutasaddi vazirlik va idoralar Alisher Navoiy asarlarining qisqacha nasriy bayoni va sharhi aks etgan, keng jamoatchilik uchun moʻljallangan ommabop ixcham kitoblar nashr etish. 2021-yil may Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, mutasaddi vazirlik va idoralar “Oʻzbek adabiyoti tarixi” koʻpjildlik fundamental tadqiqotining Alisher Navoiyga bagʻishlangan 1 — 3 jildlarini, Alisher Navoiyning 100 gʻazali sharhiga bagʻishlangan “Nazm mulkin til chekib olmish Navoiy” toʻplamini, “Turkiy xalqlar maʼnaviyatining quyoshi” ilmiy toʻplamini nashr etish va taqdimotlarini oʻtkazish. 2021-yil fevral — may Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Alisher Navoiy asarlarining faksimile nashrlarini amalga oshirish. 2021-yil noyabr Davlat budjeti mablagʻlari, ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, chop etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish. 2021-yil davomida Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar Yozuvchilar uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi, mutasaddi vazirlik va idoralar IV. Madaniy-maʼrifiy tadbirlar “Navoiy va yoshlar” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish. 2020-yil dekabr — Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, mutasaddi vazirlik va idoralar Alisher Navoiy gʻazallari asosida “Nazm va navo” kechalari, maqom tanlovlarini oʻtkazish. 2021-yil davomida Davlat budjeti mablagʻlari, ijrochilarning budjetdan tashqari mablagʻlari, homiylik xayriyalari Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Taʼlim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va tashkilotlarda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, navoiyxonlik kechalari, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish. 2021-yil davomida Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etish. 2021-yildan boshlab muntazam Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, mutasaddi vazirlik va idoralar V. Targʻibot-tashviqot tadbirlari Respublikamizdagi barcha shahar va tumanlar markazlarida Alisher Navoiy tavallud sanasi bilan bogʻliq hamda shoir hikmatlari aks etgan tasviriy-targʻibot vositalarini joylashtirish. 2021-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari, homiylik xayriyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ijtimoiy roliklar yaratish va teleradiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlarda muntazam namoyishini tashkil etish. 2021-yil davomida Ijrochilar mablagʻlari va homiylik xayriyalari Milliy teleradiokompaniya, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng targʻib etish, uning adabiy merosi namunalarini muntazam joylashtirib borish. 2021-yil davomida — Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish, shoir asarlari asosida maxsus koʻrsatuv va oʻquv-maʼrifiy filmlar yaratish. 2021-yil davomida — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, barcha ommaviy axborot vositalari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.