PQ-4877-son Qaror · 03.11.2020

Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4877
  • Qabul qilingan sana:03.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:04.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4877/1451

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, sportda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali raqobatbardosh trener-oʻqituvchilar, mutaxassislar hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Sport vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filialini (keyingi oʻrinlarda — Filial);

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini oʻrganish va tahlil qilish boʻyicha maxsus ilmiy laboratoriyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutini (keyingi oʻrinlarda — Ilmiy tadqiqotlar instituti) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

2. Belgilab qoʻyilsinki:

Filial Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga ega boʻladi;

Ilmiy tadqiqotlar instituti davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga ega boʻladi;

Filialning faoliyati 2021/2022 oʻquv yilidan, Ilmiy tadqiqotlar institutining faoliyati 2021-yil 1-yanvardan boshlab tashkil etiladi.

3. Quyidagilar:

a) Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:

oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlash;

xizmatlar va sogʻlomlashtirish tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda sport sohasiga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;

oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonlarini joriy qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;

b) Ilmiy tadqiqotlar institutining asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy tarbiya va sport sohasining nazariy va ilmiy metodologik asoslarini yaratish;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek xalqaro hamda mahalliy ilmiy va amaliy grant loyihalarini jalb etish;

yuqori malakali sportchilarning oʻquv mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish davrida kompleks ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va innovatsion texnologiyalarni keng qoʻllash yuzasidan zarur tavsiyalar ishlab chiqish;

sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari (yoshlar, oʻsmirlar va kattalar) aʼzolarining hamda sport-taʼlim muassasalari sportchi oʻquvchi va talabalarining jismoniy rivojlanishi va tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini ilmiy jihatdan oʻrganish, monitoring qilish va istiqbolini belgilash;

seleksiya ishlarini samarali tashkil etish maqsadida trener-seleksioner va mutaxassislarga metodik yordam berish;

olimpiya va paralimpiya sport turlarini tahlil qilish va prognozlashtirish natijalari asosida sport turlari boʻyicha terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilmiy-metodik jihatdan koʻmaklashish;

sportchilarning funksional, psixodiagnostika, biomexanik ish qobiliyatini diagnostika qilish va korreksiyalash hamda ommaviy sportni tadqiq etish tizimini yoʻlga qoʻyish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida, shu jumladan sport biomexanikasi va fiziologiyasi boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;

aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda samarali, ilmiy asoslangan vositalar va uslublarni ishlab chiqish;

aholining jismoniy tayyorgarligi holati natijalarini monitoring qilish va korreksiyalash boʻyicha ilmiy-uslubiy tavsiyalar berish;

aholining yosh xususiyatidan kelib chiqib, jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligini ilmiy asosda oʻrganish va tavsiyalar ishlab chiqish;

ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarining transferi va ularni tijoratlashtirish, startap loyihalarni joriy etish orqali yoshlar, olimlar va professor-oʻqituvchilarni jismoniy tarbiya va sport sohasining ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish maqsadida xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro va mahalliy tashkilotlarning olimlari, mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, seminar-treninglar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va anjumanlar, tanlovlar oʻtkazish;

barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalarida barcha boʻgʻinlarida (maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim, shuningdek maktabdan tashqari sport taʼlimi) ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va oʻtkazish;

jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar, shu jumladan audio, video va elektron darsliklar, onlayn darslar hamda boshqa turdagi ilmiy-metodik materiallarni tayyorlash.

(3-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

4. Belgilansinki:

a) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

b) Ilmiy tadqiqotlar instituti faoliyatini moliyalashtirish:

faoliyatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

(4-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;

xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari, texnik koʻmak va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak doirasida tushadigan mablagʻlar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

v) Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida tasdiqlanadi;

g) Ilmiy tadqiqotlar instituti direktori sport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

d) Ilmiy-tadqiqotlar instituti xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalaridagi tegishli lavozimlarga belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Universitet respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

6. Mazkur qarorning 5-bandida koʻrsatilgan vazifani samarali tashkil qilish maqsadida Universitet huzurida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yuritadigan Respublika ilmiy-uslubiy kengashi tashkil etilsin.

Quyidagilar Respublika ilmiy-uslubiy kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyatining samaradorligini oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi sport-taʼlim muassasalarida mashgʻulotlar oʻtkazishning uslubiy asoslarini tashkil etish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ilmiy jihatdan asoslash boʻyicha xulosalar berish;

sport sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislarni va ilmiy xodimlarni jalb etgan holda ishchi komissiyalar va ekspert guruhlarini tashkil etish.

7. Quyidagilar:

Sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sport vaziriga, zarurat boʻlganda, Ilmiy tadqiqotlar instituti tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining Fargʻona shahri, Margʻilon koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan Fargʻona viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining hamda Fargʻona shahri, Kimyogarlar koʻchasi, 9-uy manzilida joylashgan Fargʻona politexnika instituti balansidagi sobiq Fargʻona transport kasb-hunar kolleji bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Filialga berilayotgan bino oʻrniga Fargʻona politexnika institutiga teng qiymatli bino ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

9. Ilmiy tadqiqotlar instituti Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Sportchilar koʻchasi, 19-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab har yili jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga va sohadagi muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan loyihalar tanlovlarining muntazam eʼlon qilinishini nazarda tutsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi Sport vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining takliflari asosida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent farmatsevtika instituti va boshqa oliy taʼlim muassasalarida sport tibbiyoti, farmakologiyasi, reabilitologiyasi, psixologiyasi va diyetologiyasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlari magistraturasida “Diyetologiya” va “Nutritsiologiya (ovqatlanish ilmi)” mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yuzasidan tashkiliy choralarni amalga oshirsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda Sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra Filial uchun ajratiladigan bino va inshootlarda taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish hamda Ilmiy tadqiqotlar institutida tashkil etiladigan laboratoriya xonalarini jihozlash ishlarining belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

13. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

bir oy muddatda Filial va Ilmiy tadqiqotlar institutining tegishlicha nizom va ustavlari tasdiqlanishi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, ularning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining tajribasini oʻrganib, kadrlar buyurtmachisi boʻlgan tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;

2020-yilning yakuniga qadar sport-taʼlim muassasalari hamda sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) uchun bosma nashrlarni chop etish maqsadida Universitetda budjetdan tashqari mablagʻlar asosida xoʻjalik hisobidagi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Jismoniy tarbiya va sport” nashriyoti va bosmaxona faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov:

(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

mazkur qarorning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ularning rahbarlaridan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni qabul qilsin va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;

Filial hamda Ilmiy tadqiqotlar institutining samarali faoliyat yuritishini taʼminlasin, Universitetda oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin.

(14-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

Milliy teleradiokompaniya raisi A.D. Xadjayev, Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Kuchimov — Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda sport turlarini oʻrgatish metodikasi boʻyicha telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etsin, shuningdek yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar oʻrtasida sportni keng targʻib qilish, ularni sogʻlom turmush tarziga amal qilishga qaratilgan alohida koʻrsatuvlar namoyish etish orqali ommalashtirish boʻyicha media-rejani ishlab chiqsin.

(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 3-noyabr,

PQ-4877-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-noyabrdagi PQ-4877-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti

(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Izoh: Institut xodimlarining cheklangan umumiy soni — 25 nafar, jumladan, ilmiy xodimlar — 13 nafar.

* Ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar boʻyicha belgilanadi.

** Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

***Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari va oʻquv-uslubiy boʻlim xodimlariga oliy taʼlim muassasasining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori (filial direktori oʻrinbosari) hamda oliy taʼlim muassasasining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

Bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining hajmidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha ravishda mutaxassislar va ilmiy xodimlar shartnoma asosida ilmiy-texnik loyihalarga jalb etiladi/

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-noyabrdagi PQ-4877-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.