PQ-4907-son Qaror · 02.12.2020

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4907
  • Qabul qilingan sana:02.12.2020
  • Kuchga kirgan sana:03.12.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4907/1598

Oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan atoqli adib va jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyatini inobatga olib, adib tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va jamoatchilik vakillarining 2021-yilda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlasin:

2021-yil avgust oyining birinchi oʻn kunligida Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan adabiy-badiiy xotira kechasini oʻtkazish;

adibning oʻzbek tilidagi “Tanlangan asarlar”ini; qoraqalpoq, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan asarlarini, shuningdek, “Oʻtkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Oʻtkir Hoshimov ijodining oʻrni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish;

Toshkent shahri Chilonzor tumani Doʻmbirobod mahallasidagi adib yashagan uyda yodgorlik lavhasi oʻrnatish;

Oʻtkir Hoshimovning asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish va yangi filmlar yaratish;

Toshkent shahridagi koʻchalardan biriga Oʻtkir Hoshimov nomini berish;

respublika ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Oʻtkir Hoshimov asarlarining bilimdonlari” tanlovini oʻtkazish;

mamlakatimizdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida adib asarlari asosida insholar tanlovlarini oʻtkazish;

taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida Oʻtkir Hoshimov ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallarida Oʻtkir Hoshimov asarlari asosida yaratilgan televizion filmlarni keng namoyish etish.

Tashkiliy qoʻmitaga Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 2-dekabr,

PQ-4907-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-dekabrdagi PQ-4907-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga shu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.