Respublikada turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-6155-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilinayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita):
a) “Uzbekistan Airports” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda:
bir oy muddatda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Fargʻona-Urganch-Fargʻona, Termiz-Urganch-Termiz hamda Qarshi-Urganch-Qarshi aviareyslarini yoʻlga qoʻyish va Andijon-Xiva-Andijon temir yoʻl qatnovi sonini oshirish;
2021-yil 1-aprelga qadar Termiz-Qarshi-Xiva, Xiva-Urganch-Nukus va Termiz-Qarshi-Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha doimiy temir yoʻl qatnovini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
b) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan aviareyslarni va temir yoʻl qatnovlarini, shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Fargʻona vodiysiga qatnov yoʻnalishlari boʻyicha aviareyslarni subsidiyalash nazarda tutilsin;
v) turoperatorlar bilan birgalikda subsidiyalash mexanizmini qoʻllagan holda boshqa avia va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.
3. Qoʻmita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlarini 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
a) turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish;
b) kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;
v) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subyektlar boʻyicha:
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish;
ular tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros obyektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq;
Xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targʻib qilish chora-tadbirlari rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha va koʻchirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam boʻlmagan muddatga belgilanadi;
ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam boʻlmagan “oilaviy sayohat taʼtili” tizimi joriy qilinadi. Bunda, “oilaviy sayohat taʼtili” yillik asosiy taʼtil hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi;
2021-yil 1-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda turistik (mehmonxona) yigʻim undiriladi. Bunda, turistik (mehmonxona) yigʻim ichki turizmni targʻib qilish va ragʻbatlantirish, turizm mavsumi past boʻlgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;
xorijiy aviakompaniyalarning Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan xorijiy turistlarning Oʻzbekiston Respublikasiga sayohatlarini tashkil etishga qaratilgan hamda “Umra+” dasturi doirasidagi Oʻzbekiston Respublikasiga aviaparvozlari, qoʻnish va uchish xavfsizligi qoidalaridan tashqari, toʻsqinliksiz amalga oshiriladi;
respublikaning turizm namoyishi obyektlarini keng targʻib qilish, fuqarolarni boy tabiiy, madaniy va tarixiy meros obyektlari bilan tanishtirish hamda ichki turizmni ommalashtirishga qaratilgan (tijorat maqsadlarni koʻzlamagan) axborot maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga doir axborotga tenglashtiriladi.
6. 2021-yil 1-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 10 kunlik muddatga oʻz yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyundagi PF-86-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2023-y., 06/23/86/0329-son)
7. Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiyaga quyidagi vakolatlar berilsin:
xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarning turizm va investitsiya yoʻnalishlarida aviaparvozlarni tashkil etish hamda faoliyatini amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan tezkorlik bilan hal etish;
aviaparvozlarga ruxsat olish tizimini soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish, parvozlar geografiyasini “bogʻlash” prinsipi orqali kengaytirishga toʻsqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkor koʻrib chiqish va ularni hal etish;
“Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yoʻnalishlar ochish boʻyicha xorijiy kompaniyalarni jalb etish, ularning loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish;
aeroportlarda quruqlikda xizmat koʻrsatish (ground handling) sohasini takomillashtirish, belgilangan narxlarni qayta koʻrib chiqish va maqbullashtirish orqali investitsiyalarni jalb qilish;
hududlararo yoʻnalishli avtotransport qatnovlarini kengaytirish, yangi qatnovlarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal qilish choralarini koʻrish;
temir yoʻl transporti, shu jumladan temir yoʻl vagonlari va konteynerlar orqali tashish tizimiga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish tartibini takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish.
8. Belgilansinki:
har yili 1-iyulga qadar Qoʻmita tomonidan shakllantiriladigan roʻyxatga asosan turizm namoyishi obyektlariga olib boradigan yoʻllar qurish va taʼmirlash uchun maqsadli davlat dasturlariga kiritiladi;
2021-yil 31-dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllash toʻxtatiladi.
9. Qoʻmita, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi ikki oy muddatda turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish, madaniy-koʻngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan teng ulushlarda ajratishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida budjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish va unga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, istisno tariqasida, 200 milliard soʻm ajratish va ushbu mablagʻlar yoʻnaltiriladigan maqsadlar nazarda tutilsin.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 2021-yilda ajratilmagan mablagʻlar, shuningdek, moliyalashtirilmasdan qolgan (oʻzlashtirilmagan) mablagʻlar 2022-yilda ajratilishi taʼminlansin.
Dasturda imzolangan shartnomalar boʻyicha 2021-yilda bajarilmagan ishlar va moliyalashtirilmagan mablagʻlar, Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida 2022-yilda ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hamda dastur doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-79-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2022-y., 0722/79/0015-son)
11. Belgilansinki, 2021-yil 1-martdan boshlab Tashqi ishlar vazirligining masʼul shaxslari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlagan taqdirda, ularga Qoʻmita taklifiga muvofiq mukofot toʻlanadi, prognoz koʻrsatkichlari bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
12. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov):
bir oy muddatda ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga oid 2021-yil boʻyicha asosiy prognoz koʻrsatkichlarini hamda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni tasdiqlasin;
har oy yakuni boʻyicha tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Transport vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur Farmonga 1 va 3-ilovalardagi obyektlarga olib boruvchi yoʻnalishli avtotransport qatnovi tizimi yoʻlga qoʻyilishini, shuningdek, hududdagi aholining boshqa hududga sayohat qilishi uchun transport qatnovlari tashkil qilinishini taʼminlasin.
13. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ziyorat turizmi yoʻnalishida toʻgʻri targʻibotni yoʻlga qoʻyish va ziyorat obyektlari haqida ilmiy asoslangan maʼlumotlarni taqdim etish maqsadida, Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
14. Qoʻmita, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
15. Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi 2021-yil 1-avgustga qadar qadimiy ipak qogʻozi xomashyo zaxirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 64 gektar yer maydonida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qogʻozini ishlab chiqarish boʻyicha “Ipakchilik shaharchasi” turistik majmuasini tashkil etishni taʼminlasin.
16. Qoʻmita Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Fanlar Akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda buyuk alloma va ulamolarimiz, ayniqsa, Imom Buxoriyning bebaho merosini keng koʻlamda ommalashtirish va targʻib qilish maqsadida, indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu va boshqa xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi va Qoʻmita bilan birgalikda ikki oy muddatda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamolarning qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasini, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Samarqand viloyati hokimligi Qoʻmita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Samarqand shahrida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobonni yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
19. Buxoro viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi innovatsion muzeyni qurish va uni rivojlantirish konsepsiyasi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
20. Quyidagilarga:
Bosh vazir oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga — ichki turizmni ommalashtirish va ziyorat turizmini rivojlantirish, Dastur doirasida vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatish;
tashqi ishlar vaziri A.A. Kamilov zimmasiga — xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini tizimli targʻib qilish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish choralarini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga — ushbu Farmonga 3-ilovada belgilangan xorijiy mamlakatlarda ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib qilish, ulardan respublikaga aviareyslarni tashkil qilishga har tomonlama koʻmaklashish;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi A.T. Axmedov zimmasiga — ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlaridagi masʼul rahbar va xodimlarning xizmat va servis sohasidagi bilim va koʻnikmalarini muntazam oshirib borish;
transport vaziri vazifasini bajaruvchi I.R. Maxkamov zimmasiga — ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlariga yangi transport aloqalarini oʻrnatish, mahalliy va xalqaro aviareyslar geografiyasini kengaytirish va oʻz vaqtida tashkil qilish hamda “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yoʻnalishlar ochish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — ushbu Farmonga 1 va 3-ilovalarda belgilangan turizm namoyishi obyektlarida zarur infratuzilmani oʻz vaqtida barpo etish va ichki turizm oqimini tashkil qilishga oid 2021-yil boʻyicha asosiy prognoz koʻrsatkichlarini bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar va tematik koʻrsatuvlarni tashkil etsin.
22. Moliya vazirligi Qoʻmita bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandida belgilangan soliq imtiyozlari muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi “Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus maʼmuriy hududi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida”gi PF-5819-son Farmoni 2021-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
26. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-fevral,
PF-6165-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros obyektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga3-ILOVA
Xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targʻib qilish chora-tadbirlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga4-ILOVA
Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoniga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5969-son Farmoni 16-bandining uchinchi xatboshisida “zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek” soʻzlari “zararlanib, karantinga joylashtirilgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6002-son Farmonida:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshisi “iyundan” soʻzidan keyin “2021-yil” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 4-bandda:
“a” kichik bandi:
ikkinchi xatboshisi “qurish” soʻzidan keyin “qayta taʼmirlash (obyektda 80 foizdan kam taʼmirlash ishlari oʻtkazilgan holatlar bundan mustasno), jihozlash va boshqa maqsadda qurilgan bino va inshootlarni joylashtirish vositasiga qayta ixtisoslashtirish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5780-son Farmoni 25-bandining “b” kichik bandida belgilangan kompensatsiya taqdim etish qoidalari mazkur kichik bandga tatbiq qilinmaydi”;
“b” kichik bandidagi “31-dekabrga” soʻzlari “1-martga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik bandidagi “kirib keluvchi” soʻzlari “ular tomonidan olib kelingan” soʻzlari bilan almashtirilsin”;
“g” kichik bandidagi “2020” raqami “2021” raqami bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi “Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6053-son Farmonida:
4-band quyidagi mazmundagi “d” kichik bandi bilan toʻldirilsin:
“d) Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamgʻarmasi (“chiqish turizmi” yoʻnalishi boʻyicha turizm faoliyatini amalga oshiruvchi turoperator va turagentlar tomonidan zaxira qilinadigan mablagʻlar bundan mustasno) hamda Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda koʻrsatilgan maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi.”;
18-bandning birinchi xatboshisidagi “tuman” soʻzi “erkin turistik zona” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(4 — 6-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3815-son qarorida:
quyidagi mazmundagi 15-1-band bilan toʻldirilsin:
“15-1. Belgilansinki, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti boʻlim boshliqlari, markaz va direksiya rahbarlari, bosh yuriskonsulti, bosh auditori, matbuot kotibi, bosh hisobchi mos ravishda oliy taʼlim muassasasining fakultet dekani oʻrinbosari bazaviy lavozim maoshiga, boʻlim boshliq oʻrinbosarlari mos ravishda oliy taʼlim muassasasining katta oʻqituvchi bazaviy lavozim maoshiga, bosh mutaxassis, bosh iqtisodchi, psixolog, marketolog mos ravishda oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi va yetakchi mutaxassisi, uslubchilar, ilmiy tadqiqot ishlari boʻyicha muhandislar, kabinet mudiri, oʻquv ishlab chiqarish markazi supervayzerlari mos ravishda oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi-stajer bazaviy lavozim maoshiga tenglashtiriladi”;
3-ilova quyidagi mazmundagi 8-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“E.M. Muxitdinov — Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4229-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga turistik (mehmonxona) yigʻimidan kelib tushadigan tushumlarning 10 foizi”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4332-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisidan “viloyatlarda (Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan tashqari) hamda Toshkent shahrida va” soʻzlari chiqarib tashlansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatining 60-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“60. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar xizmatlari”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-son qarorida:
5-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq turizm sohasidagi davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga taqsimlanadigan qismi Budjetdan tashqari jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda koʻrsatilgan maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi”;
(11-bandning toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Chorvoq” erkin turistik zonasi maʼmuriy kengashi
TARKIBI
Izoh: Maʼmuriy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Maʼmuriy kengash raisiga Maʼmuriy kengash tarkibiga yangi aʼzolarni kiritish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralar ekspertlari va mutaxassislarini jalb qilish huquqi beriladi”.