PQ-5063-son Qaror · 09.04.2021

Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5063
  • Qabul qilingan sana:09.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:09.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5063/0312

Bugungi kunda energiya resurslariga boʻlgan talab tarkibiy jihatdan oʻzgarmoqda, xususan uglevodorod resurslaridan qayta tiklanuvchi manbalarga oʻtishda vodorod energetikasini rivojlantirish dolzarb masalaga aylanmoqda.

Shu bilan birga, soha holatining tahlili iqlim oʻzgarishi sharoitida respublikada samarali, resurstejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni taʼminlash bilan bogʻliq muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining oʻsishi iqtisodiyotning energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirmoqda, shuningdek, atrof-muhitga salbiy antropogen taʼsirni kuchaytirmoqda.

Respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini barqaror rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ushbu sohaning ilmiy salohiyatini kuchaytirish talab etiladi.

Respublikada vodorod energetikasi infratuzilmasini barpo etish, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida ilmiy va amaliy izlanishlarning natijadorligini oshirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishini taʼminlash maqsadida:

1. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining:

Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJ negizida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut);

Institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

Institut faoliyatining tashkil etilishini muvofiqlashtirish;

qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha milliy strategiya va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishni, shuningdek ushbu sohalardagi istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash;

qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida zarur tadqiqotlar oʻtkazish hamda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalarida vazirlik va idoralarga koʻmaklashish;

qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish hamda ilmiy-texnikaviy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash.

3. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini oʻrganish va joriy etish;

qayta tiklanuvchi energiya va vodorodni ishlab chiqarish, yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish;

ilgʻor davlatlarning mazkur sohalardagi ilmiy muassasalari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik oʻrnatish va ular ishtirokida tadqiqotlarni tashkil qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularda ishtirok etish;

mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni oʻzaro bogʻlovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorodni ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi hamda ushbu turdagi energiya bilan ishlovchi uskuna, qurilma va texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish va sertifikatlash.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna va bank hisobvaraqlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi;

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

Institut tugatilayotgan “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJga tegishli Toshkent shahar, Chingiz Aytmatov koʻchasi, 2B-uy, 2-korpus manzilidagi mavjud hamda yangidan quriladigan bino va inshootlarda joylashtiriladi;

“Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJning tugatilishi paytida Institutga oʻtkaziladigan mulklar, mulkiy huquqlar, xususan aksiyalar va ustav kapitallaridagi tegishli ulushlarning qiymati barcha turdagi soliqlar boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi;

Institut “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJning huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

5. Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

a) Energetika vazirligi (A.S. Sultanov):

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Fanlar akademiyasi (S.Z. Mirzayev) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) bilan birgalikda bir oy muddatda Institutni jihozlash uchun zarur boʻlgan zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, texnologik qurilmalar, reagentlar, butlovchi qismlar, inventarlar, avtotransport vositalari, maxsus texnika hamda dasturiy taʼminotlar roʻyxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazsin;

2021-yilda Institut faoliyatini tashkil etish, shu jumladan uning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash, shakllantirilgan roʻyxatga muvofiq tovarlarni xarid qilish, Institut binosini taʼmirlash, belgilanayotgan yoʻnalishlarda tadqiqotlarni jadallashtirish, innovatsiyalarni keng joriy qilish, yetakchi xorijiy olimlarni tadqiqotlarga jalb qilish, xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun Energetika vazirligining budjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 50 mlrd soʻmgacha mablagʻlarni ajratsin;

b) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining har yilgi tasdiqlanadigan xarajatlar parametrlarida Institut faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

7. Energetika vaziriga:

zarur boʻlganda, Institut xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida uning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish;

Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Institut yoʻnalishlarini kengaytirishga bogʻliq ravishda Institut xodimlarining umumiy sonini oshirish huquqi berilsin.

Bunda, Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) Institut faoliyatiga qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohasida amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda va boshqa ustuvor vazifalarni bajarishda autsorsing mexanizmlari doimiy ravishda joriy etilishini taʼminlasin.

8. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari;

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan mablagʻlar;

Energetika vazirligining budjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi mablagʻlari;

respublika va xalqaro moliya tashkilotlarining texnik koʻmaklari va grantlari;

Institut tomonidan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) Energetika vazirligi (A.S. Sultanov), “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (A.Sh. Bekmurodov), Fanlar akademiyasi (S.Z. Mirzayev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (U.Sh. Begimkulov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) bilan birgalikda Institutning ilmiy va ilmiy-texnik xodimlarining, shuningdek, respublikada ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxassislarning rivojlangan xorijiy davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlarda belgilangan tartibda ilmiy stajirovkadan oʻtishini moliyalashtirishni taʼminlasin.

10. Energetika vazirligi (A.S. Sultanov):

ikki oy muddatda Institutning ustavi, uning moliyaviy-iqtisodiy faoliyat koʻrsatkichlarini inobatga olgan holda, tuzilmasi hamda Institut xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni ragʻbatlantirish tartibi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini;

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha milliy strategiya ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshkulov) hamda Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) bilan birgalikda:

bir oy muddatda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bakalavriatining “Muqobil energiya manbalari” (turlari boʻyicha) taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qabul parametrlarini vodorod energetikasi yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutgan holda oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Vodorod energetikasi va texnologiyalari” magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

12. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) Energetika vazirligi (A.S. Sultanov), manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, mamlakatda vodorod energetikasining rivojlanishi holati boʻyicha yillik hisobotni tayyorlash va “InnoWeek.uz” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida uning taqdimotini oʻtkazish amaliyotini joriy etsin;

ikki oy muddatda 2021-yilda Toshkent shahrida xalqaro moliya institutlari, yetakchi xalqaro ekspertlar, xorijiy tadqiqot markazlari hamda texnologik uskunalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirokida muqobil energiya manbalarini qoʻllash masalalariga doir xalqaro konferensiyani oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda amalga oshirsin.

13. Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev), Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov) hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) bilan birgalikda Energetika vazirligi va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), “Air Products” (AQSH) oʻrtasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha tuzilgan ochiq kelishuvga muvofiq “ACWA Power”, “Air Products” va boshqa yetakchi kompaniyalarning investitsiyalari va ilmiy xodimlarini Institutning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va xalqaro darajadagi innovatsion izlanishlarni kengaytirish ishlariga jalb qilsin.

14. “Oʻzstandart” agentligi (D.N. Sattarov) belgilangan tartibda Institut laboratoriyalarining akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda keyinchalik ushbu laboratoriyalar akkreditatsiya sohasidagi xalqaro standartlar va qoidalar talablarini hisobga olgan holda, xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan akkreditatsiya organlarida akkreditatsiyadan oʻtishiga koʻmaklashsin.

15. Institutning moddiy-texnik bazasini shakllantirish va mustahkamlash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan olib kirilayotgan uskunalar, texnologik qurilmalar va jihozlar, moddiy-texnika vositalari, dasturiy taʼminot va xizmatlar bojxona bojlaridan ozod qilinsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4142-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov va energetika vaziri A.S. Sultanov belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 9-aprel,

PQ-5063-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga 1-ILOVA

Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha idoralararo komissiya

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga 2-ILOVA

Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4142-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish

1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashkiliy tuzilmasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 1-martdagi “Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1929-son qarori.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro quyosh energiyasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 2013-yil 1-martdagi PQ-1929-son qaroriga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-2804-son qarori.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-sentabrdagi “Xalqaro quyosh energiyasi instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 265-son qarori.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.