PQ-5114-son Qaror · 18.05.2021

Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5114
  • Qabul qilingan sana:18.05.2021
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5114/0470

Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5924-son va 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son farmonlariga muvofiq:

1. Quyidagilar paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular oʻrtasida sport bilan shugʻullanuvchilar qamrovini yanada oshirish;

barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sport boʻlimlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega boʻlgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yoʻnaltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini taʼminlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish;

rivojlantirilayotgan (mavjud), yangi tashkil etilayotgan va kelajakda yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan paralimpiya sport turlarini har tomonlama rivojlantirish va ommalashtirish;

paralimpiya sport turlari boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashlarini ragʻbatlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy taʼminlash, kasbiy reabilitatsiya va kadrlar tayyorlash;

sport taʼlim muassasalarida (shu jumladan, oliy taʼlim muassasalarida) faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish tizimini kuchaytirish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida maxsus taʼlim muassasalarida hamda mahallalarda sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish;

barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish.

2. Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Paralimpiya qoʻmitasi) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Paralimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar Paralimpiya qoʻmitasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga koʻmaklashish, sport obyektlari va inshootlarining konsepsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

paralimpiya sport turlari boʻyicha musobaqalar va chempionatlar, forumlar, konferensiyalar, seminarlar va yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib boshqa tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek, ular orqali tinchlik, doʻstlik va oʻzaro tushunish gʻoyalarini targʻib-tashviq qilish;

paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanadigan trenerlar, uslubchi-yoʻriqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;

respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarda oʻz aʼzolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, oʻz aʼzolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash;

paralimpiya sport turlarini rivojlantirish boʻyicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.

4. Joylarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari tashkil etilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

2021-yil 1-sentabrga qadar hududiy paralimpiya boʻlinmalarining moliyaviy hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tegishli hududda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun homiylar biriktirilishini, shuningdek, ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar ajratilishini;

Turizm va sport vazirligi, Paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilishi va kiritilishini;

2022-yildan boshlab tasdiqlanadigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan hududiy paralimpiya boʻlinmalariga mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

5. Paralimpiya qoʻmitasining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 26 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi PQ-270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 07/22/270/0480-son)

Paralimpiya qoʻmitasi raisiga, zarur hollarda:

Paralimpiya qoʻmitasi tuzilmasiga belgilangan umumiy shtat soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoniga asosan 2024-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son)

6. Paralimpiya qoʻmitasi 2021-yil yakuniga qadar Paralimpiya qoʻmitasi huzurida paralimpiya sport turlari boʻyicha klublarni tashkil etsin, ular faoliyatini muvofiqlashtirsin hamda saqlash bilan bogʻliq moliyaviy va tashkiliy masalalarni oʻz vaqtida hal etsin.

7. Paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanadigan trenerlar va uslubchi-yoʻriqchilar, koʻzi ojizlar, kar va zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislar (surdo, tiflo-surdo va xalqaro-surdo tarjimonlari) hamda boshqa kadrlarni tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti tashkil qilinsin.

8. Paralimpiya qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, Institut paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanadigan trenerlar, uslubchi-yoʻriqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

shartnoma (pullik) asosida koʻrsatiladigan xizmatlar;

yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Institut faoliyatini qoʻshimcha moliyalashtirish uchun Davlat budjeti mablagʻlari ham yoʻnaltirilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Institut faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining 2021-yil 1-sentabrdan boshlab “Sport hamma uchun” loyihasini amalga oshirish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Belgilansinki, “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida:

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsadida bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali oʻtkaziladi;

har yili 3-dekabr kuni — Xalqaro nogironlar kuniga bagʻishlab koʻzi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar oʻrtasida parasport turlari turkumiga kiritilgan parastol tennisi, 5x5 futbol, golbol, parayengil atletika, parapauerlifting, parabadminton, shaxmat va boshqa sport turlari boʻyicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari oʻtkaziladi;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) oʻquvchilari oʻrtasida paralimpiya sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etiladi, taniqli sportchilar tomonidan master-klasslar, shuningdek, seminar, konferensiya va davra suhbatlari oʻtkaziladi.

(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.I. Ikramov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X.U. Umarova) “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida amalga oshirilishi belgilanayotgan va boshqa chora-tadbirlarni samarali va toʻliq tashkil etsin, ularni oʻtkazish bilan bogʻliq moliyaviy va tashkiliy masalalarni oʻz vaqtida hal etsin.

(9-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

10. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Fargʻona filiallarida, shuningdek, boshqa tegishli oliy taʼlim muassasalarida “Paralimpiya” kafedrasi, shuningdek, “Adaptiv sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport” magistratura mutaxassisligi ochiladi;

b) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:

Paralimpiya qoʻmitasi tavsiyasiga asosan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining paralimpiya sport turlari boʻlimlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilar uchun 5 foizgacha qoʻshimcha kvotalar ajratiladi;

(10-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

davlat sport taʼlim muassasalarida paralimpiya sport turlari boʻyicha trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalari bir yarim baravar miqdorda qoʻllaniladi.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 07/25/221/0593-son)

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 07/25/221/0593-son)

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 07/25/221/0593-son)

14. Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi PQ-270-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 07/22/270/0480-son)

14-1. Adaptiv sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi (A.N. Aripov):

(14-1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-389-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.11.2024-y., 07/24/389/0911-son)

ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2021-yilda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha manzilli hududiy dasturlarni tasdiqlasin, shuningdek, ularning toʻliq va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatsin;

paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, homiylar — yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jalb qilsin.

(14-1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 07/25/221/0593-son)

15. Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduhakimov) vazirlik markaziy apparatida paralimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinma tashkil etsin hamda kamida ikki nafar qoʻshimcha shtat birligini ajratish orqali malakali mutaxassis bilan taʼminlasin.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-79-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2022-y., 0722/79/0015-son)

16. “Chorvoq” erkin turistik zonasi Maʼmuriy kengashi (A.N. Aripov) 2021-yil yakuniga qadar mazkur zonada kamida 50 gektarga teng boʻlgan yer uchastkasini jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutish sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga istisno tariqasida bepul ajratish choralarini koʻrsin. Bunda, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanishi uchun sport obyektlari va inshootlarini barpo etishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar tadbirkorlik subyektlarining soliq solinadigan bazasidan belgilangan tartibda chegirib tashlanadi hamda ushbu obyektlar va inshootlar Paralimpiya qoʻmitasiga begʻaraz beriladi.

17. Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduhakimov):

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Paralimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yil 1-iyundan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida nazarda tutilgan barcha sport musobaqalarini tashkil qilishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida ham tegishli musobaqalarni oʻtkazish choralarini koʻrsin;

2022-yildan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida paralimpiya sport tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun kamida 30 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;

Paralimpiya qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar sport bilan shugʻullanishi uchun zarur boʻlgan sport asbob-uskunalari, inventarlari, jihozlari, buyumlari va boshqa vositalar bilan taʼminlasin. Bunda, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari, jihozlari, buyumlari va boshqa vositalar 2024-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda respublikamizda paralimpiya sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi va Osiyo paralimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda, ushbu tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlab berish bilan bogʻliq xarajatlar 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;

Qurilish vazirligi va Paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar barcha mavjud davlat sport obyektlari va inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin;

Paralimpiya qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari talabnomalariga koʻra jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sport obyektlari va inshootlaridan foydalanish boʻyicha zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin.

18. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorga asosan, joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablagʻlar 2021-yil Davlat budjetida Turizm va sport vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.

19. Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqaro tajribalarni oʻrgangan holda hududlarda qurilishi rejalashtirilgan sport inshootlari va sport maydonchalarining loyihalarini ishlab chiqishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutsin.

Belgilab qoʻyilsinki, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan sport inshootlari va sport maydonchalari loyihalarini ishlab chiqishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar nazarda tutilmagan taqdirda ushbu loyihalar uchun moliyalashtirish amalga oshirilmaydi hamda davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.

20. Turizm va sport vazirligi Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda barpo qilinadigan olimpiya va paralimpiya shaharchasi loyihasida Paralimpiya sport markazini tashkil etishni nazarda tutsin.

21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Turizm va sport vazirligi, Paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda adaptiv (moslashtirilgan), paralimpiya sport turlarini oʻrgatish metodikasi boʻyicha telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etsin, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida sportni keng targʻib etish boʻyicha alohida koʻrsatuvlar namoyish etish orqali sportga keng jalb qilish media-rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga (A.A. Abduhakimovga) kiritsin.

22. Turizm va sport vazirligi:

uch oy muddatda respublikada faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va ularni Sport turlarining reyestriga kiritish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 18-may,

PQ-5114-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi PQ-5114-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasining

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 24 nafar boʻlib, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi PQ-270-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 07/22/270/0480-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi PQ-5114-son qaroriga 3-ILOVA

Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2025-y., 07/25/221/0593-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.