PQ-5182-son Qaror · 13.07.2021

Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5182
  • Qabul qilingan sana:13.07.2021
  • Kuchga kirgan sana:14.07.2021
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5182/0666

Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos boʻlgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va oʻzaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulugʻlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2021-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20-iyul — seshanbaga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021-yil 20-iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “2021-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-6122-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-6222-son Farmoni bilan 2021-yil 21-22-iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oila davrasida oʻtkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 13-iyul,

PQ-5182-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.