2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, shoshilinch tibbiy yordamni oʻz vaqtida koʻrsatish hisobiga fuqarolar hayotini saqlab qolish va ularning faol mehnat qobiliyatini tiklashga imkoniyat yaratish, bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda nefrologiya va gemodializ yordamini koʻrsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida:
1. 2021-2022-yillar davomida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) 1-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“oltin soat” tamoyili asosida qoʻshma shikastlanishlar hamda oʻtkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etish;
oʻtkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini koʻrsatish;
Markazlarga biriktirilgan tuman (shahar)lar aholisiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibda tibbiy xizmat koʻrsatish.
3. Belgilansinki, Markazlarga:
hududlardagi aholi sonidan kelib chiqqan holda, shoshilinch tibbiy yordam va umumiy jarrohlik boʻlimlarining umumiy oʻrinlari soni doirasida 50 tadan 60 tagacha oʻrinlar ajratiladi;
hududiy sogʻliqni saqlash muassasalari shtat birliklari doirasida qoʻshimcha neyroxirurg, nevrolog, kardiolog, anesteziolog-reanimatolog va boshqa shtatlar kiritiladi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan qoidalar tatbiq etiladi.
Markazlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar mahalliy budjetlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (U. Sobirov) Moliya vazirligi (J. Abruyev) bilan birgalikda Markazlarning tashkil etilishi munosabati bilan talab etiladigan qoʻshimcha shtat birliklari hamda ularga zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Markazlarni malakali kadrlar bilan taʼminlash, ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq moliyaviy, moddiy-texnik va boshqa tashkiliy masalalarni oʻz vaqtida hal qilish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4887-son qaroriga muvofiq:
6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni “A” vitamini bilan;
2 — 10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan;
homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan;
35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlash nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2021 — 2023-yillarda bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholiga koʻrsatilayotgan nefrologiya va gemodializ yordamini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
hududlarning umumiy oʻrinlar fondi hisobidan nefrologiya va gemodializ boʻlimlarini 50 oʻringacha yetkazish;
dializ apparatlari va sarflash vositalarini xarid qilish;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy tibbiyot taʼlim muassasalarida nefrologiya va gemodializ kafedralari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binolarini qurish va rekonstruksiya qilish.
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
oʻn kun muddatda bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarning profilaktik maxsus preparatlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash va ushbu preparatlarni taqsimlash hamda yetkazish tartibini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan:
sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev zimmasiga — ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etish uchun;
sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosarlari A.Sh. Inoyatovga gemodializ xizmatini yuqori darajada koʻrsatish, U.Yu. Sobirovga Markazlar faoliyatini samarali tashkil etish, E.I. Basitxanovaga bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan taʼminlash uchun;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning hududlarda sifatli ijro etilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
Qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-iyul,
PQ-5198-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son qaroriga 1-ILOVA
2021-2022-yillar davomida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida bosqichma-bosqich tashkil etiladigan tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari
Izoh. Sogʻliqni saqlash vazirligi tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlariga biriktirilgan tuman va shaharlar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son qaroriga 2-ILOVA
Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son qaroriga 3-ILOVA
2021 — 2023-yillarda bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son qaroriga 4-ILOVA
Aholiga koʻrsatilayotgan nefrologiya va gemodializ yordamini yanada yaxshilash
Aholiga koʻrsatilayotgan nefrologiya va gemodializ yordamini yanada yaxshilash chora-tadbirlari rejasini amalga oshirish uchun jami xarajatlar — 197,8 mlrd soʻm.