PQ-5225-son Qaror · 19.08.2021

Avtomobil transportida yuk tashuvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5225
  • Qabul qilingan sana:19.08.2021
  • Kuchga kirgan sana:19.08.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5225/0807

Avtomobil transportida yuk tashuvchi tadbirkorlik subyektlarining avtotransport vositalari parkini yanada yangilash va modernizatsiya qilish, mahalliy yuk tashuvchilar uchun qulay raqobat muhitini yaratish, shuningdek, avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyasini saqlab qolish maqsadida:

1. Yuk tashish uchun moʻljallangan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transport vositalarini 2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga import qilishda ularga bojxona bojining, utilizatsiya yigʻimining va avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun avtotransport yigʻimlarining nol stavkalari qoʻllanilsin:

“Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari (TIF TN kodlari 8701 20, 8704 23 (samosvallardan tashqari);

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son)

tirkamalar va yarim tirkamalar (TIF TN kodlari 8716 31, 8716 39).

2. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transport vositalari 2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasiga import qilishda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinsin:

“Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan yuk va maxsus avtotransport vositalari;

avtomobil transportida yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkamalar va yarim tirkamalar.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

Belgilansinki, mazkur qarorga ilovaning 2-bandi “b” kichik bandi hamda 3-bandi “v” kichik bandi u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

4. Mazkur qarorning ijrosini tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 19-avgust,

PQ-5225-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-avgustdagi PQ-5225-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3589-son qarorining 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“11. Asosiy faoliyati avtobuslarda yoʻlovchi tashishni amalga oshirish boʻlgan umumiy foydalanishdagi shahar yoʻlovchi transporti tashkilotlari 2022-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatga yer soligʻi toʻlovlaridan ozod etilsin”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Yuk va yoʻlovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4230-son qarorida:

a) 1-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“b) transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlashni”;

b) 9-bandning uchinchi xatboshisidan “8701 20,”, “8704 22,” va “, 8716 31, 8716 39” raqamlari chiqarib tashlansin.

3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-oktabrdagi “Koronavirus pandemiyasi davrida tashqi iqtisodiy faoliyat, turizm va qurilish sohalarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 665-son qarorining 1-bandida:

a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

b) uchinchi-toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi-uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

v) ikkinchi xatboshidagi “kodlari 8704 22,” soʻzlari “kodi” soʻzi bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.