Soʻnggi yillarda respublikamizda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha keng koʻlamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan:
birinchidan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi;
ikkinchidan, hududlarda ishlarning haqqoniy holatini chuqur va har tomonlama tanqidiy oʻrganish va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini tegishlicha viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar tashkil etilib, ularning asosiy vazifalari belgilandi;
uchinchidan, barcha darajadagi hokimlarning xalq deputatlari Kengashlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarida hisobot berishi tizimi yaratildi, shuningdek, hokim va uning oʻrinbosarlarining xalq bilan ochiq muloqot qilish, shu jumladan aholining keng qatlamlari bilan sayyor qabullar oʻtkazish amaliyoti joriy etildi;
toʻrtinchidan, mahallalarning “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, mavjud muammolarni hal etish orqali aholini kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish, “drayver” loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi tashkil qilindi;
beshinchidan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir shaxs bilan tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish orqali aholining, ayniqsa, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning real daromadlarini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, hududlarni, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishda birinchi navbatda barcha darajadagi mahalliy hokimliklar rahbarlari va ular oʻrinbosarlarining vakolatlarini aniq belgilash hamda shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirish, shuningdek, mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyati samaradorligi hamda maqsadli vazifalarga erishilishining asosiy mezonlar orqali baholash tizimini joriy etish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari (keyingi oʻrinlarda — mahalliy hokimliklar rahbarlari)ning eʼtibori quyidagilarga qaratilsin:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoniga muvofiq ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ning yangicha taʼsirchan tizimini joriy etish;
masʼuliyatsiz oʻrinbosarlariga nisbatan shaxsiy talabchanlik oʻrniga liberal munosabat shakllanib borayotganligi kabi salbiy holatning oldini olish, ularning funksional vazifalarini oʻz vaqtida hamda samarali bajarishga nisbatan shaxsiy masʼuliyatsizligining har qanday koʻrinishi va holatlariga butunlay barham berish.
2. Mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlarining oʻzlariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda asosiy eʼtibori quyidagi ustuvor masalalarga qaratilsin:
mahalliy hokimliklar rahbarlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari — aholining bandligini taʼminlash, respublika va mahalliy budjetga soliq tushumlari prognoz koʻrsatkichlarini bajarish, hududlarda tashkil etilgan kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash, “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirishdagi mavjud muammolarni hal qilish hamda “mahallabay” ishlash tizimiga oʻtish;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari — ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan obyektlar, qishloq va shahar joylarida namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi sifatini nazorat qilish, obyektlarni oʻz vaqtida foydalanishga topshirish, ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish, tuman markazlarida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlari ijrosini tashkil etish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, oqova suv, ichki xoʻjalik yoʻllari va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini qatʼiy nazoratga olish;
hokim oʻrinbosarlari — viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari boshliqlari — investitsiya, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, hududni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan kelib chiqib, uning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash va eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha imzolangan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlash ishlariga hamda hududlarda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratish, hudud rahbarlarining xorijiy davlatlarga xizmat safarlari yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar amaliyotga tatbiq qilinishini taʼminlash;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari — paxta va gʻalla yetishtirish bilan bogʻliq vazifalar bilan bir qatorda, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, shu jumladan klasterlar faoliyatini tashkil etish, qishloq xoʻjaligiga zamonaviy, innovatsion agrotexnologiyalarni faol kiritish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, ularni qayta ishlash, tomchilatib sugʻorish boʻyicha innovatsion loyihalarni joriy etish kabi jiddiy va muhim masalalarga eʼtibor qaratish;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusni hududlarda toʻlaqonli joriy etish, shu jumladan yoshlarning muammolarini hal qilish va bandligini taʼminlashda faollik koʻrsatish, aholini ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash, birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qamrab olish, umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish, professional taʼlim va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, aholi oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
hokim oʻrinbosarlari — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari — mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini va osoyishtalikni taʼminlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish, jamiyatda xotin-qizlar mavqeyini yanada oshirish, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar bilan manzilli ishlash, ayollar bandligini taʼminlash borasida aniq natijalarga erishish;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari — ichki turizmni rivojlantirish, turizm qishloqlarini barpo etish, aholini sportga jalb qilish orqali ularning sogʻligʻini mustahkamlash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish borasidagi ishlarni talab darajasida tashkil etish, sohani raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan xususiy sektorning ushbu yoʻnalishlardagi rolini oshirishda tashabbuskorlik koʻrsatish;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosarlari — aholining, ayniqsa yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari, Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal gʻoyalarga qarshi milliy anʼana va qadriyatlarimizning keng targʻib etilishini taʼminlash, radikal diniy oqimga mansub fuqarolar hamda ularning oila aʼzolari bilan manzilli ishlash, ularning bandligini taʼminlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topishga yaqindan koʻmaklashish, jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik borasidagi ishlarni talab darajasida tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4702-son qarori bilan joriy qilingan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida reyting koʻrsatkichlarini aniqlash ishlari amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Mahalliy hokimliklar rahbarlarining oʻrinbosarlari oʻzlari masʼul boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijalari uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) (keyingi oʻrinlarda — samaradorlik koʻrsatkichlari) asosida baholash tartibi joriy etilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, shaxsiy masʼuliyati, vakolati va javobgarligi hamda eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan namunaviy nizomlarni tasdiqlasin;
mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari tomonidan samaradorlik koʻrsatkichlari ijrosi boʻyicha har oy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan tele va radio kanallar orqali axborot berilishini tashkil etsin.
6. Belgilansinki:
mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati har chorak yakuni boʻyicha mahalliy vakillik hokimiyati organlari yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda, mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari tomonidan samaradorlik koʻrsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam taʼminlanganda — “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha — “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha — “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori boʻlganda “aʼlo” deb baholanadi;
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan mahalliy hokimliklar rahbarlari tomonidan baholash natijalari tegishli tahliliy materiallar bilan birga Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 20-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining masʼul tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda taqdim etilgan tahliliy materiallarni tegishli rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilgan holda har bir rahbar oʻrinbosari faoliyatiga berilgan shaxsiy bahoni muhokama qiladi, ularni ragʻbatlantiradi yoki oʻziga biriktirilgan yoʻnalishlarda samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan rahbar oʻrinbosarlarining lavozimiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqadi hamda bu toʻgʻrisida aniq takliflar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi;
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi oʻtkaziladi hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari ragʻbatlantiriladi yoki ularga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻriladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Mazkur qaror bilan joriy etilayotgan mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyatini samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash tizimi 2021-yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida amalga oshirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻtkazilgan eksperiment yakunlariga koʻra 2022-yil 1-fevralga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyatini samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholashni tashkil etishda yuzaga kelgan muammolar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, mazkur tizim samaradorligini oshirish maqsadida uni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan eksperiment tariqasida tuman va shaharlar hokimliklari rahbarlari faoliyati eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda uch oy muddatda tuman (shahar) hokimlari va ular oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
11. Vazirlar Mahkamasi (Qoʻchqorov, Umarov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (Xasanov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov), Davlat statistika qoʻmitasi (Begalov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari faoliyatini baholash natijalari va dinamikasi haqidagi maʼlumotlarning real vaqt rejimida idoralararo elektron almashinuvini taʼminlaydigan elektron axborot tizimini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va maslahatchilari hududlarga xizmat safarlari davomida joylarga chiqish, yigʻilish oʻtkazish va boshqa tadbirlarni amalga oshirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining tegishli oʻrinbosarlarini jalb qiladi. Mazkur tadbirlarga hududlar rahbarlarini jalb qilish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari va Bosh vazirning bevosita topshirigʻi asosida amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻz vakolatiga kiritilgan tegishli yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha barcha darajadagi hokimliklar tomonidan strategik va ustuvor vazifalar, tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” hamda oʻrta va uzoq istiqbolga moʻljallangan dasturlarning samarali amalga oshirilishida ularning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlash uchun taʼsirchan choralar koʻradi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda har yili muntazam ravishda viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari va ularning oʻrinbosarlarining malakasini oshirish boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etsin;
Tashqi ishlar vazirligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining xorijiy davlatlarga oʻz yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli oʻqish va tajriba orttirishga yuborilishini taʼminlasin.
14. Adliya vazirligi bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimining joriy etilishiga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-martga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-avgust,
PQ-5230-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-avgustdagi PQ-5230-son qaroriga ILOVA
Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash tartibi toʻgʻrisida
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlarining (keyingi oʻrinlarda — rahbar oʻrinbosarlari) funksional vazifalari asosida ularning faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (keyingi oʻrinlarda — samaradorlik koʻrsatkichlari) ishlab chiqish, tasdiqlash hamda ularga baho berish tartibini belgilaydi.
2. Rahbar oʻrinbosarlari hududda oʻziga biriktirilgan sohalardagi samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarining toʻliq va sifatli bajarilishini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda tegishli xalq deputatlari kengashlari oldida hisobdordir.
Rahbar oʻrinbosarlarining hududlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal qilish boʻyicha faoliyati hamda uning samaradorligini baholash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlarini hamda ularni baholash mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash
4. Rahbar oʻrinbosarlarining kelgusi yil uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini shakllantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari, tegishli davlat boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq samaradorlik koʻrsatkichlari roʻyxati asosida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda tasdiqlangan asosiy vazifa va funksiyalaridan kelib chiqqan holda maʼlumotlar tayyorlanadi hamda har yili 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga kiritiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi taqdim qilingan maʼlumotlarni umumlashtirish asosida keyingi yilning 1-yanvariga qadar har bir rahbar oʻrinbosari kesimida samaradorlik koʻrsatkichlarini puxta qayta ishlagan holda ularni tasdiqlash boʻyicha hujjat loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishadi hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
6. Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda har yili 5-yanvarga qadar loyihani tegishli davlat dasturlari, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyalari va strategiyalarida belgilangan asosiy maqsad va vazifalarga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganadi hamda bildirilgan qoʻshimcha taklif va xulosalar asosida puxta qayta ishlaydi.
7. Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari har yili 10-yanvarga qadar loyihani tegishli rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga oid qismi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari yoki maslahatchisi bilan kelishadi hamda umumlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyatiga taqdim etadi.
8. Loyiha har yili 15-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasining hujjati bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishini monitoring qilish va baholash tartibi
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari har bir rahbar oʻrinbosari boʻyicha tasdiqlangan samaradorlik koʻrsatkichlarini amalda joriy etilganligi hamda bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi hamda uning natijalarini tanqidiy tahlil qilib boradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zarur hollarda boshqa davlat organlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi organlaridan har bir rahbar oʻrinbosari boʻyicha tasdiqlangan koʻrsatkichlarni amalda joriy etilganligi yuzasidan rasmiy statistik va idoraviy maʼlumotlarni soʻrab oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi organlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari soʻroviga asosan ularni tegishli statistik maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishlicha Axborot tahlil boshqarmasi hamda axborot-tahlil guruhlari obyektiv va tasdiqlanadigan maʼlumotlar, jumladan davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy statistik va boshqa maʼlumotlar, joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari asosida har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10 sanasiga qadar rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi natijalarini umumlashtiradi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10 sanasidan kechiktirmasdan hisobot davri yakuni boʻyicha rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishining yakuniy natijalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15 sanasiga qadar oʻz majlisida koʻrib chiqish hamda har bir rahbar oʻrinbosariga shaxsiy baho berish uchun kiritadi.
Taqdim qilingan maʼlumotlarning haqqoniyligini oʻrganish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari tomonidan oʻrganishlar oʻtkazilishi mumkin.
12. Rahbar oʻrinbosarlarining samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi natijalarini baholash, tegishli oʻrinbosarning samaradorlik koʻrsatkichlarining har biri uchun olingan foizlarni qoʻshish yoʻli bilan oʻrtacha arifmetik koʻrsatkichlari orqali hisoblab chiqariladigan hamda quyidagi formulaga asosan aniqlanadigan umumiy samaradorlik koʻrsatkichi (USK) orqali amalga oshiriladi:
USK = (SK1 + SK2 + … + SKn)/N
Bunda, SK — samaradorlik koʻrsatkichlari, N — samaradorlik koʻrsatkichlari soni.
13. Rahbar oʻrinbosarlari tomonidan samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi natijalarining umumiy samaradorlik koʻrsatkichi:
70 foizdan kam taʼminlanganda — “qoniqarsiz”;
71 foizdan 90 foizgacha — “qoniqarli”;
91 foizdan 99 foizgacha — “yaxshi”;
100 foiz va undan yuqori boʻlganda “aʼlo” deb baholanadi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15 sanasidan kechiktirmasdan har bir rahbar oʻrinbosari boʻyicha berilgan baho natijalari boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlar, shu jumladan tegishli oʻrinbosarlar masʼuliyati yuzasidan takliflar hamda boshqa tahliliy materiallar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
15. Har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 20 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining masʼul tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda taqdim etilgan tahliliy materiallarni tegishli rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilgan holda har bir rahbar oʻrinbosari faoliyatiga berilgan shaxsiy bahoni muhokama qiladi, ularni ragʻbatlantirish yoki oʻziga biriktirilgan yoʻnalishlarda samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan rahbar oʻrinbosarlarining lavozimiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqadi hamda bu toʻgʻrisida aniq takliflar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi.
16. Vazirlar Mahkamasi har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 25 sanasiga qadar tegishli rahbar va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisini oʻtkazgan holda ularni ragʻbatlantiradi yoki intizomiy taʼsir choralari koʻradi.
17. Har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmasdan rahbar oʻrinbosarlari faoliyatini baholash yakunlari yuzasidan umumlashtirilgan tahliliy materiallar, shuningdek, biriktirilgan yoʻnalishlarda samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan rahbar oʻrinbosarlarining lavozimiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Mazkur Nizom talablarining bajarilishini taʼminlash uchun har bir davlat boshqaruvi organi hamda xoʻjalik birlashmasining birinchi rahbarlari shaxsan masʼul hisoblanadi.
19. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlariga nomzodlarni tanlash, lavozimga tayinlash va ularning faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholashning
Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblash uchun taqdim etiladigan maʼlumotlar