PQ-5241-son Qaror · 31.08.2021

Oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5241
  • Qabul qilingan sana:31.08.2021
  • Kuchga kirgan sana:31.08.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5241/0845

(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarni oʻz yoʻnalishlari boʻyicha turdosh oliy taʼlim hamda tarmoq tashkilotlariga biriktirish, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

b) turdosh oliy taʼlim muassasalari hamda asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tarmoq tashkilotlariga 213 ta texnikum 2-ilovaga muvofiq biriktirilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, Kasbiy taʼlim agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda:

(1-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

texnikum bitiruvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish boʻyicha tarmoq tashkilotlarida zarur shart-sharoitlar yaratilishi ustidan nazorat oʻrnatsin va amaliyot oʻtash grafiklarini ishlab chiqib, tasdiqlanishini taʼminlasin;

har yili 1-mayga qadar texnikum bitiruvchilarining bandligini taʼminlashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishni tashkil etsin hamda ular ijrosi boʻyicha nazorat tizimini yaratsin;

har yili iyul-avgust oylarida texnikum bitiruvchilari uchun har bir tuman va shaharda ish beruvchilarni jalb qilgan holda yarmarkalar, shu jumladan “Karyera kuni” tadbirlarini oʻtkazsin, oʻquv yili davomida ishlab chiqarish tashkilotlarida tasdiqlangan reja-grafiklar asosida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil qilsin.

Kasbiy taʼlim agentligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining takliflari asosida mazkur qarorning 2-ilovasida keltirilgan oliy taʼlim muassasalari hamda tarmoq tashkilotlariga biriktirilgan texnikumlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

(1-band “b” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Kasbiy taʼlim agentligi har yili 1-dekabrga qadar texnikum oʻquvchilari amaliyot oʻtkazadigan tashkilotlar, ulardagi ish oʻrinlari va yaratilgan shart-sharoitlar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirishni yoʻlga qoʻysin.

(1-band “b” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

v) texnikumlar bir oliy taʼlim muassasasi tizimidan boshqa oliy taʼlim muassasasi tizimiga 3-ilovaga muvofiq oʻtkazilsin;

g) Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Jizzax xizmat koʻrsatish va servis texnikumi faoliyati tugatilsin va uning barcha mol-mulki, bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Jizzax axborot texnologiyalari texnikumiga oʻtkazilsin. Bunda:

Jizzax viloyati, Forish tumani, Fayzobod koʻchasi, 25-uy manzilida joylashgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Jizzax axborot texnologiyalari texnikumiga tegishli bino va inshootlar, hududi bilan birgalikda Jizzax davlat pedagogika institutiga koʻp tarmoqli oʻquv markazi va amaliyot poligonini tashkil etish uchun beriladi;

Jizzax xizmat koʻrsatish va servis texnikumida tahsil olayotgan oʻquvchilar amaldagi taʼlim dasturlari asosida Jizzax axborot texnologiyalari texnikumida oʻqishni belgilangan tartibda tugatadi.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab texnikumlar va akademik litseylarda malaka talablari, oʻquv reja va dasturlar, oʻquv-meʼyoriy hujjatlar tayanch oliy taʼlim muassasalari tomonidan tajribali professor-oʻqituvchilar va tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda ishlab chiqiladi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

oliy taʼlim muassasalari oʻzlariga biriktirilgan texnikumlarni oʻquv-metodik hujjatlar (oʻqitish materiallari toʻplamlari, didaktik materiallar, praktikumlar, texnologik xaritalar, elektron resurslar, xorijiy oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar, davriy nashrlar, lugʻatlar, ensiklopediyalar, axborotnomalar hamda boshqalar) bilan taʼminlaydi;

oliy taʼlim muassasalari oʻzlariga biriktirilgan texnikumlarda taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda bunga texnikum direktori va oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) shaxsan masʼul hisoblanadi;

oliy taʼlim muassasalari oʻziga biriktirilgan texnikumlar pedagog kadrlari uchun oʻz budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy professorlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda qisqa muddatli oʻquv-seminarlarni tashkil etadi;

texnikum direktori bir vaqtning oʻzida tegishli oliy taʼlim muassasasining Ilmiy kengashi aʼzosi hisoblanadi;

texnikumlar tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda texnikum hamda xorijiy davlatlardagi taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali texnikumlarda qoʻshma dasturlar asosida oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etadi;

texnikumlarda xalqaro standartlar (shu jumladan, Worldskills) asosida oʻquv-ustaxonalarini tashkil etish va oʻquvchilarni mazkur standartlarga muvofiq tayyorlash hamda kelgusida ishchi kasblar musobaqalarida ularning ishtirok etishini taʼminlash tegishli oliy taʼlim muassasalarining bevosita koʻmagi asosida amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida texnikumlar boʻlgan vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda mazkur bandda koʻrsatilgan vazifalar ijrosi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli oliy taʼlim muassasalari hamda vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalariga taqdimnomalarni kiritib borsin.

(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov) ikki oy muddatda quyidagi masalalarni puxta oʻrganib, Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin:

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarga qabul parametrlarini shakllantirishda mehnat bozorida oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan real ehtiyojdan kelib chiqqan holda qurilish, transport, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, xizmat koʻrsatish va axborot texnologiyalari kabi sohalarda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashning davlat buyurtmasini asoslangan hisob-kitoblarga koʻra bosqichma-bosqich koʻpaytirish;

texnikumlar va kollejlarni oʻquv adabiyotlari, guruh jurnallari va boshqa davlat namunasidagi hujjatlar bilan taʼminlashni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirish;

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirmagan umumtaʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari bandligini taʼminlash maqsadida ularni texnikumlar va kollejlarda birinchi kasb yoki mutaxassisliklar boʻyicha bepul oʻqitish;

2022-yil 1-yanvardan boshlab texnikumlar va kollejlar moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida maʼmuriy boshqaruv xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar hamda kommunal xizmatlar bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni, shu jumladan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish.

4. Huzurida texnikumlar va akademik litseylar boʻlgan oliy taʼlim muassasalari har yili 1-dekabrga qadar taʼlimning keyingi bosqichini davom ettirmayotgan texnikum va akademik litsey bitiruvchilari roʻyxatini ularning bandligini taʼminlash maqsadida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalariga taqdim qilsin.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili 1-fevralga qadar respublikada eng koʻp talab etiladigan oʻrta boʻgʻin kadrlari ishlashi mumkin boʻlgan kasblar va lavozimlar roʻyxatini shakllantirsin hamda ushbu kasblar va lavozimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib borsin.

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

5. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.H. Toshkulov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 31-avgust,

PQ-5241-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-avgustdagi PQ-5241-son qaroriga 2-ILOVA

Turdosh oliy taʼlim muassasalari hamda asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tarmoq tashkilotlariga biriktirilayotgan texnikumlar

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-avgustdagi PQ-5241-son qaroriga 3-ILOVA

Bir oliy taʼlim muassasasi tizimidan boshqa oliy taʼlim muassasasi tizimiga oʻtkazilayotgan texnikumlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.