PQ-5246-son Qaror · 18.09.2021

Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5246
  • Qabul qilingan sana:18.09.2021
  • Kuchga kirgan sana:18.09.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5246/0893

Qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun Islom taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — ITB) tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 20 yil muddatga 200 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi toʻgʻrisidagi qaror 2020-yil 19-dekabrda Islom taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi tomonidan va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — OPEK) tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oluvchi 20 yil muddatga 75 mln AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi toʻgʻrisidagi qaror 2020-yil 16-dekabrda OPEK Direktorlar Kengashi tomonidan maʼqullanganligi;

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (keyingi oʻrinlarda — BMTTD)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Loyihani amalga oshirish davrida masʼul ijro etuvchi organning hamkori sifatida faoliyat koʻrsatishi va u tomonidan Loyiha uchun 3,05 mln AQSH dollari miqdorida grant mablagʻi ajratilishi;

Loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 59,95 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlardan iborat ekanligi;

Loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY (40 ta markaziy, 130 ta yondosh mahalla)larda amalga oshirilishi;

Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2021 — 2025-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB va OPEK kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Loyiha doirasida subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni tanlab olish “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida ochiq va shaffof usulda amalga oshiriladi;

Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha tashkilotlar Loyiha boʻyicha imzolangan qarz (kredit) bitimlarida koʻrsatilgan mexanizmlar talablariga amal qiladi;

Loyihani amalga oshirish doirasida ITB hamda OPEKning kreditlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar, xizmat koʻrsatganlik uchun haq va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

3. Quyidagilar:

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida ITB va OPEK kreditlarining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish prognoz jadvali 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida:

hosil boʻladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

olib kiriladigan tovarlarni bojxona bojidan ozod qilish va qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri (T.A. Ishmetov)ga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ITB va OPEK ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi boʻyicha qarz bitimlarini imzolash vakolati berilsin.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev):

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev) bilan birgalikda Loyiha doirasida subloyihalarni loyihalovchi va pudrat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida ochiq va shaffof usulda tanlab olish;

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R.T. Mamatov) bilan birgalikda Loyiha doirasida aholi orasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishda doimiy oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

7. Belgilansinki, Loyiha doirasida:

tanlangan qishloqlarda zaruriy subloyihalar aniqlangandan soʻng, har bir viloyat boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan belgilangan tartibda Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqiladi va ekspertiza organlarida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi hisoblanadi;

Loyihani amalga oshirish guruhi bilan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolanadi.

8. Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatga qoʻyilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda taʼminlasin.

9. Hisob palatasi (B.T. Turabov) Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

10. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

11. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov:

bir hafta muddatda masʼul ijrochilar ishtirokida majlis oʻtkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin hamda ularning tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Buxoro, Navoiy va Xorazm xalq deputatlari viloyat va tumanlar Kengashlarida tasdiqlanishini taʼminlasin;

tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Loyihani amalga oshirishga masʼul boʻlgan mutaxassislar malakasini oshirish uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda oʻquv-treninglar tashkil qilsin;

amalga oshirilayotgan subloyihalar va ularning sifatli bajarilishi ustidan monitoring oʻrnatsin hamda natijasi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin, ushbu maʼlumotlarni bir vaqtda jamoatchilikka eʼlon qilish orqali loyihalarning amalga oshirilishi ustidan samarali jamoatchilik nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokidagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” va ITB hamda OPEK ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha birlashtirilgan guruhning tuzilmasini tasdiqlasin va uning faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun Urganch shahrida, Buxoro hamda Navoiy viloyatlari uchun Buxoro shahrida birlashtirilgan guruhning Loyihani amalga oshirish boʻyicha hududlararo guruhlarini tashkil etsin;

Loyihani amalga oshirish davrida birlashtirilgan guruh faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasini hamda shtatlar jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin;

Loyiha boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, oʻzlashtirilgan mablagʻlar va erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining rasmiy veb-saytida yoritib borsin.

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorovga ITB va OPEKning ijtimoiy va ekologik himoyalash hamda koʻchirish siyosati tamoyillarini hisobga olgan holda, Loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvaliga hamda mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan ilovalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev), Buxoro (B.K. Zaripov), Navoiy (Q.B. Tursunov) va Xorazm (F.U. Ermanov) viloyatlari hokimliklari Loyihani toʻla-toʻkis amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini va Loyihani amalga oshirish guruhiga oʻz vaqtida yetkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev), Buxoro (B.K. Zaripov), Navoiy (Q.B. Tursunov), Xorazm (F.U. Ermanov) viloyatlari hokimlari:

qishloqlarni kompleks rivojlantirish uchun Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni bosh reja, hududlarni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalari va ular tarkibidagi batafsil rejalashtirish loyihalari asosida mahalliy budjet va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshirsin;

oʻz hududlaridagi loyihalarni muddatida amalga oshirish va muvofiqlashtirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib belgilansin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 15-aprel va 2022-yil 15-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 18-sentabr,

PQ-5246-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga 1-ILOVA

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga1a-ILOVA

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

* Shundan 49,75 mln AQSH dollari Oʻzbekiston Respublikasi ulushi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga 2-ILOVA

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki kreditining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish

* SWAP foiz koʻrsatkichi oxirgi toʻlov amalga oshirilganda aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga 3-ILOVA

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi kreditining asosiy qarzini, unga hisoblangan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish

* foiz koʻrsatkichi oxirgi toʻlov amalga oshirilganda aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga 4-ILOVA

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.