Hududlarda sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va resurs imkoniyatlarini kengaytirish, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalari uchun zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilish hamda ulardagi mutaxassislarning yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan Moliya vazirligiga uning talabnomalariga asosan 2021-2022-yillarda 100 mln AQSH dollarigacha ekvivalentdagi milliy valyutada yillik 2 foiz stavkada kredit mablagʻlari ajratilsin. Bunda, ushbu mablagʻlar Moliya vazirligining talabnomalari taqdim etilgan sanadan boshlab 3 yil muddatgacha beriladi.
2. Moliya vazirligi mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq ajratilayotgan mablagʻlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan talabnomalariga hamda belgilangan stavkaga koʻra qaytarish sharti bilan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga ularga budjet ssudasi sifatida ajratsin. Bunda, Moliya vazirligi kredit mablagʻlarini respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga va yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda ularning mutaxassislari malakasini oshirishga ham yoʻnaltirishi mumkin.
3. Belgilansinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari bilan birgalikda xatlov oʻtkazish asosida har bir hudud va muassasa kesimida tibbiy uskunalarga boʻlgan ehtiyojni aniqlaydi hamda ssuda mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan uskunalar roʻyxatini Sogʻliqni saqlash vazirligiga kelishish uchun kiritadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kelishilgan roʻyxatga asosan tibbiy uskunalarni xarid qiladi. Bunda, ushbu jarayonga “Oʻzmedimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati agent sifatida jalb qilinishi mumkin;
tibbiy uskunalarni xarid qilish boʻyicha texnik topshiriqlar va tender hujjatlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) kompleks ekspertizadan oʻtkaziladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ajratilayotgan ssuda mablagʻlarining samarali va maqsadli ishlatilishi hamda oʻz vaqtida qaytarilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi;
xorijda malaka oshiradigan tibbiyot xodimlari roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlov (konkurs) asosida shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son Farmoni bilan tashkil qilingan Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish boʻyicha ishchi guruhi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlardagi tibbiyot muassasalari mutaxassislarining yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish maqsadida Markazda kompleks ekspertizadan oʻtkazish sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
4. Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Hisob palatasi (B. Turabov) ushbu qaror doirasidagi tibbiy uskunalarni xarid qilish jarayoni va ulardan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritib borsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-noyabr,
PQ-6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi PQ-6-son qaroriga ILOVA
Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha