PQ-42-son Qaror · 10.12.2021

Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-42
  • Qabul qilingan sana:10.12.2021
  • Kuchga kirgan sana:11.12.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/42/1148

Keyingi yillarda cheklangan suv zaxiralaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi yerlari biofondini tiklash, shoʻrlangan va eroziyaga uchragan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish, ekotizimlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish, “yashil energetika” va agrotexnologiyalar kabi muhim yoʻnalishlarda taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferini samarali yoʻlga qoʻyish talab etilmoqda.

Bunday dolzarb global muammolarni yechish uchun investitsiyalar va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ilmiy salohiyatni yangi bosqichga koʻtarish hamda ishlanmalarni amaliyotda qoʻllashga qodir boʻlgan muhandislarni tayyorlash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Respublikada innovatsion taʼlim va texnologiyalar transferini qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish, taʼlim va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlash, oliy taʼlim muassasalari faoliyat yoʻnalishlarini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro nufuzini oshirish, samarali boshqaruv tizimini tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil taʼminlash maqsadida:

1. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) deb qayta nomlansin.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

gidroenergetika, irrigatsiya tizimlarini boshqarish, suv xoʻjaligi obyektlari qurilishi, kadastr va geoinformatika, “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika”, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, raqamli texnologiyalar tarmoqlari uchun oliy maʼlumotli muhandis kadrlarni tayyorlash;

sugʻorish tizimlari samaradorligini oshirish, tejamkor sugʻorish texnologiyalarini yaratish, “raqamli qishloq xoʻjaligi” va geoaxborot tizimlari asosida yerlarning meliorativ holatini baholashni yoʻlga qoʻyish hamda tuproq unumdorligini oshirishning takomillashgan usullarini ishlab chiqish;

zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi boʻyicha samarali tizimni shakllantirish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, suv resurslarini hisobga olish va boshqarish tizimini takomillashtirish, gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish va foydalanishni raqamlashtirish borasida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish;

ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;

yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, Universitet professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha tahsil olishlarini tashkil etish;

oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;

oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, taʼlim va tadqiqotni uygʻunlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun eng ilgʻor innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish;

tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Belgilansinki, Universitet gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xoʻjaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

3. Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Boshqaruv kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Boshqaruv kengashiga (I.Yu. Abdurahmonov):

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-oktabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda)

a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:

Universitetning moliyaviy yil uchun moʻljallangan biznes-rejasini, uzoq va oʻrta muddatli strategik rivojlantirish dasturini, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini muhokama qilish;

Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;

qishloq va suv xoʻjaligi texnologiyalari yoʻnalishida taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalar boʻyicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlikni oʻrnatish;

ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startap va akselerator faoliyatlarini yoʻlga qoʻyish;

taʼlim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni oʻrnatish;

b) quyidagi vakolatlar berilsin:

iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, shuningdek, toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul parametrlarini belgilash;

oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash;

Universitet va uning tasarrufidagi taʼlim tashkilotlari tuzilmalarini tasdiqlash;

Universitetning tashkiliy tuzilmasiga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy boʻlinmalar hamda qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish.

4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Universitetda Transformatsiya ofisini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Transformatsiya ofisi quyidagilar uchun masʼul etib belgilansin:

Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2025-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kiritish;

Universitetni tanitish boʻyicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻi va boshqa vositalar orqali targʻibot tadbirlarini oʻtkazish va reklama qilish;

Universitetdagi turli hisobot va maʼlumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashda qogʻoz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimi va oʻquv jarayonlari, kutubxona va hujjatlar aylanmasini raqamlashtiruvchi “Raqamli Universitet” platformasiga toʻliq oʻtishini taʼminlash.

Belgilansinki, Transformatsiya ofisi rahbari lavozimi, mehnatga haq toʻlash shartlari va miqdorlari boʻyicha Universitet prorektoriga tenglashtiriladi.

5. Universitetga 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab quyidagi vakolatlar berilsin:

a) akademik mustaqillik sohasida:

oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, taʼlim tilini hamda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda taʼlim olish shaklini belgilash;

ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash;

tegishli ixtisosliklarda ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish hamda respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalari tomonidan berilgan ilmiy unvon va ilmiy darajalarni tan olish, shuningdek, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;

taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar uchun taʼlim davomiyligi muddatlarini belgilash;

doktoranturada toʻlov-kontrakt asosida oʻqish qiymatini belgilash, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qoʻshimcha ravishda talabgorlarni qabul qilish;

magistratura bosqichida taʼlimning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, shuningdek, taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha qoʻsh malakalar hamda kasbiy malakalar berish tizimini joriy qilish;

oʻzaro kelishuvlar asosida oliy taʼlim muassasalari bilan ichki akademik mobillikni amalga oshirish;

Universitet va uning tasarrufidagi taʼlim muassasalari uchun oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;

taʼlim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish;

b) tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:

faoliyatining asosiy yoʻnalishi taʼlim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;

pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;

xorijiy davlat fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish va masofaviy taʼlim olish shaklida oʻqitishni tashkil etish.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vakolatlar Universitet tomonidan mustaqil ravishda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligining Universitetni 2022-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, Universitetga oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilgan oliy taʼlim muassasalari uchun berilgan barcha vakolat va huquqlar tatbiq etiladi.

7. Quyidagilar:

2025-yilga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq;

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari, tashkilotlari va muassasalarga biriktirish jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish;

Universitetning Buxoro filiali negizida Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutini tashkil etish;

Universitetning Qarshi filiali negizida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish.

9. Belgilansinki:

Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutining joriy faoliyati, bino va inshootlardan foydalanish, xodimlar mehnatiga haq toʻlash (ilmiy xodimlardan tashqari) boʻyicha xarajatlarini moliyalashtirish Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti ilmiy, rahbar va boshqa xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi;

Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha yuzaga keladigan qoʻshimcha xarajatlarni moliyalashtirish 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2023-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-maydagi PQ-245-sonli qaroriga asosan uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 07/22/245/0423-son)

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti Universitet huzurida faoliyat yuritadi;

Universitetning Buxoro va Qarshi filiallari talabalari tahsil olayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishni mos ravishda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida davom ettiradi;

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti taalluqliligi boʻyicha Universitetning Buxoro va Qarshi filiallarining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi hamda filiallarning mol-mulki va boshqa asosiy vositalari tegishli ravishda yangi tashkil etilayotgan institutlarga oʻtkaziladi.

10. Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mintaqada mavjud suv resurslarini inobatga olgan holda hududlar kesimida suvdan foydalanish boʻyicha oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan tadqiqotlar oʻtkazish;

geoaxborot texnologiyalari asosida yerlarning meliorativ holatini baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, tuproq unumdorligini oshirishning yangi usullarini yaratish;

sunʼiy intellekt va “aqlli texnologiyalar” boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish, mahalliy tuproq, ekin va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari turlariga moslashtirilgan agrotexnologiyalar yaratish;

oʻsimliklar va ularning yashash muhitini, oʻsimliklar tarkibidagi ozuqa moddalarining optimal darajasini, tuproqning makro va mikro elementlarini fizik-kimyoviy tahlil usullari asosida tadqiq etish;

“yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda resurstejamkor texnologiyalar boʻyicha tadqiqotlarni rivojlantirish va ishlanmalarni yaratish;

elektronika, mexatronika va robototexnika yoʻnalishidagi amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, kosmik apparatlar maʼlumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish;

fizika yoʻnalishlari boʻyicha fundamental muammolarni oʻrganish, eksperimental maʼlumotlarni qayta ishlashning yangi modellari va usullarini ishlab chiqish.

11. Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani, Qori Niyoziy koʻchasi, 39-uy, “A” binoga joylashtirilsin.

Belgilansinki, Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti binosini joriy taʼmirlash, unga tutash hududni obodonlashtirish, xizmat xonalarini mebel, kompyuter, tashkiliy texnika va inventar bilan jihozlash Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Suv xoʻjaligi vazirligini maʼmuriy bino bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

12. Universitet faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin va uning moliyaviy manbalari etib quyidagilar belgilansin:

irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini tuziladigan shartnomalar asosida ilmiy-texnik jihatdan taʼminlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning 5 foizigacha boʻlgan qismi;

iqtisodiyot tarmoqlarida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha oʻzaro kelishuv asosida taʼlim, kadrlar tayyorlash, tadqiqot va texnologiyalar transferini rivojlantirish komponentlari mablagʻlari;

xorijiy investorlar bilan investitsiya kelishuvlarida nazarda tutilgan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;

kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, qishloq, suv xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda jalb etiladigan donor tashkilotlarning grant mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Boshqaruv kengashiga Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibini belgilash vakolati berilsin.

13. Boshqaruv kengashi (I.Yu. Abdurahmonov):

(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-oktabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda)

a) ikki oy muddatda:

Boshqaruv kengashi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Transformatsiya ofisi rahbari lavozimiga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida rahbarlik ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassisni jalb etsin;

Universitet kafedralarining ilmiy faoliyatini soha va tarmoqlar muammolarining yechimiga yoʻnaltirish maqsadida zamonaviy taʼlim yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, ularni qaytadan tashkil etsin;

Universitetning ixtisoslashgan fakultet va kafedralarining mos yoʻnalishlari boʻyicha yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻysin;

Universitet rahbariyati, kafedralari va tarkibiy boʻlinmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini hamda yuqori natijadorlikka erishganlarni ragʻbatlantirib borish tizimini joriy qilsin;

b) Universitetni xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatiga kiritish boʻyicha maqsadli parametrlarga erishilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin;

v) oʻquv jarayoniga xorijiy professor-oʻqituvchilarni tanlov asosida jalb qilish hamda Universitet professor-oʻqituvchilarining malakasini xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oshirish choralarini koʻrsin;

g) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab suv xoʻjaligi obyektlari qurilishi, gidroenergetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va geoinformatika kabi yoʻnalishlar boʻyicha xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlarini hamda keng koʻlamli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish chorasini koʻrsin;

d) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar Universitet huzurida yangi sinov laboratoriyasi hamda qishloq va suv xoʻjaligi texnoparkini tashkil etsin va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlasin.

14. Quyidagilar:

2022-2023-yillarda Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti ilmiy laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini yaratish dasturi 6-ilovaga muvofiq;

2022 — 2024-yillarda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida amalga oshiriladigan qurilish hamda oʻquv-laboratoriyalar moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-oktabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 10-dekabr,

PQ-42-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga1-ILOVA

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha boshqaruv kengashi

Izoh: Boshqaruv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-oktabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga2-ILOVA

2025-yilga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-oktabrdagi PQ-328-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga 3-ILOVA

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga4-ILOVA

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari, tashkilotlari va muassasalariga

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga5-ILOVA

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 25 nafar, shu jumladan maʼmuriy-boshqaruv xodimlari — 9 nafar, ilmiy xodimlar — 16 nafar.

Tuzilmada keltirilgan xodimlar Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan meʼyorlarga koʻra aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga6-ILOVA

2022-2023-yillarda Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti ilmiy laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini yaratish

* Izoh: Loyihaning qiymatiga ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlik kiritiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-42-son qaroriga7-ILOVA

2022 — 2024-yillarda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida amalga oshiriladigan qurilish hamda oʻquv-laboratoriyalar moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish

* Izoh: Loyihaning qiymatiga ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari va tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra aniqlik kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.