Mamlakatimizda opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirish, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini takomillashtirish, milliy opera va balet sanʼatini keng targʻib etish, uning jahon sanʼat olamida tutgan oʻrni va mavqeyini yanada mustahkamlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6000-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar respublikada opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda opera va balet sanʼatining nufuzini oshirish, milliy opera va balet sanʼatini jahon miqyosida targʻib qilish;
opera va balet sanʼatining eng sara milliy va klassik asarlaridan xalqimizni bahramand etish, aholi, ayniqsa, olis hududlardagi fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishini qoʻllab-quvvatlash;
milliy opera va balet sanʼatini keng ommalashtirish, uning noyob durdonalarini saqlash va targʻib etish, ustoz-shogird anʼanalari va ijodiy maktablarni har tomonlama rivojlantirish;
opera va balet sanʼati uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, teatrlar va taʼlim muassasalari uzviy hamkorligini taʼminlash, ushbu yoʻnalishdagi teatr tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
opera va balet sanʼati vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda uning ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan taniqli namoyandalarning hayoti va ijodiy faoliyatini targʻib qilish.
2. Milliy opera va balet sanʼatida ustoz-shogird anʼanalari va mahorat maktablarini rivojlantirish maqsadida:
opera va balet sanʼatidagi isteʼdodli va yuqori malakali ijodkorlarning mahorat maktablari 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;
mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar Davlat budjeti hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida qoʻshimcha ragʻbatlantirib borilsin;
mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasaning obyektlaridan tekin foydalanish huquqi berilsin, shuningdek, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratilsin;
kelgusida Madaniyat vazirligi hayʼati qarori bilan tashkil etiladigan yangi mahorat maktablariga ushbu bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshisida belgilangan ragʻbatlantirish choralari tatbiq etilishi belgilansin.
3. Opera va balet sanʼati uchun amaliy koʻnikma va zarur mahoratga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash, teatr va taʼlim tashkilotlari uzviyligini taʼminlash hamda bunga sohadagi faxriylar va ustoz ijodkorlarni keng jalb qilish maqsadida:
a) quyidagilar:
Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzurida Xoreografiya oʻquv teatri;
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri huzurida (keyingi oʻrinlarda — Teatr) Vokal akademiyasi hamda Opera va balet asarlarini yaratish ijodiy ustaxonasi;
Teatr huzurida 70 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Faxriylar orkestri tashkil etilsin;
b) Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqali teatr-studiyasi faoliyati takomillashtirilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda keltirilgan:
oʻquv teatri, Vokal akademiya, ijodiy ustaxona va Faxriylar orkestri yuridik shaxs hisoblanmaydi;
oʻquv teatri hamda Faxriylar orkestrini jihozlash va ularni saqlash xarajatlari Davlat budjeti hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
Vokal akademiya va ijodiy ustaxona Teatrda joylashtiriladi hamda Teatrning budjetdan tashqari mablagʻlari, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan jihozlanadi va saqlanadi.
Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ikki oy muddatda oʻquv teatri, Vokal akademiya va ijodiy ustaxonaning faoliyat koʻrsatish tartibini tasdiqlasin hamda ular faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
4. Teatr bilan madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim tashkilotlarining uzviy hamkorligi quyidagi tartibda yoʻlga qoʻyilsin:
Teatrning buyurtmasiga asosan vokal xonandalar, orkestr va xor artistlari, balet sohasi mutaxassislarini tayyorlash uchun madaniyat va sanʼat sohasidagi tegishli taʼlim tashkilotlariga har yili maxsus kvota ajratiladi;
V. Uspenskiy va R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablari konsert-pedagogik dasturini shakllantirishda Teatrning repertuarlari inobatga olinadi;
madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim tashkilotlarining tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻquvchi va talabalari uchun amaliyot darslarini Teatrda oʻtkazish tizimli joriy etiladi;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi va Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tegishli mutaxassisliklar boʻyicha bitiruvchilarining malakaviy (diplom) ishlari Teatrda amalga oshiriladi;
Teatrning mahoratli ijodkorlari tomonidan madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim tashkilotlarida tegishli mutaxassislik fanlari boʻyicha Teatrdan ajralmagan holda dars berish yoʻlga qoʻyiladi;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Balet rejissorligi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi ochiladi.
Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshqulov) hamda Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlasin.
5. Madaniyat va sanʼat, shu jumladan opera va balet sanʼati uchun texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni, xususan grim ustasi, rekvizitor, sahna montajchisi va yorituvchini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti huzurida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab texnikum tashkil qilinsin.
Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashkil qilinayotgan texnikum faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻysin va malakali mutaxassislar bilan taʼminlasin.
Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda texnikumni joylashtirish uchun bino ajratsin hamda 2022/2023 oʻquv yiliga qadar uning moddiy-texnika bazasini shakllantirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (A.N. Aripov) 2022-yil 1-iyunga qadar texnikumga 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul parametrlarini tasdiqlasin.
6. Madaniyat va sanʼat sohasi, shu jumladan opera va balet sanʼati boʻyicha yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan soha vakillari uchun Madaniyat sohasi akademigi maxsus unvoni (keyingi oʻrinlarda — maxsus unvon) taʼsis etilsin.
Belgilansinki:
maxsus unvon sohiblariga Badiiy akademiyaning akademiklari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi, shu jumladan ularga daromad soligʻidan ozod qilinadigan oylik gonorar toʻlanadi;
maxsus unvon madaniyat va sanʼat sohalarida yirik ijodiy ishlarni amalga oshirgan ijodkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida har uch yilda bir marta oʻtkaziladigan saylov natijalariga koʻra beriladi.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda maxsus unvon uchun nomzodlar koʻrsatish, saylovlarni tashkil etish, oʻtkazish hamda maxsus unvonni berish tartibini tasdiqlasin.
7. Teatrga har yili kamida ikkita milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmasini berish yoʻlga qoʻyilsin, shuningdek, 2022 — 2026-yillarda Teatr tomonidan davlat buyurtmasi asosida 2-ilovadagi rejaga muvofiq sahna asarlari sahnalashtirilishi taʼminlansin.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2024-y., 07/24/399/1000-son)
Belgilansinki, Davlat budjeti hisobidan:
tarixiy va zamonaviy mavzularda tegishliligi boʻyicha milliy hamda jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish jarayoniga Teatr tomonidan tanlov eʼlon qilinadi;
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan milliy hamda zamonaviy jahon klassik opera va balet asarlarini yaratish va sahnalashtirish uchun xalqaro darajadagi mutaxassislar jalb qilinadi;
davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan sahna asarlarining reklama-targʻibot ishlari uch oy oldin boshlanadi hamda ushbu maqsadlar uchun har bir buyurtma summasining 10 foizi miqdorida mablagʻ ajratiladi.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Teatr repertuaridagi yangi spektakllarni muntazam ravishda tasvirga olsin, ularning “Oltin fondi”ni yaratsin, shuningdek, spektakllarni telekanallar orqali efirga uzatib borsin hamda bu borada xususiy telekanallar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.
9. Opera va balet sanʼati boʻyicha iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni yuzaga chiqarish va ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish maqsadida har ikki yilda bir marotaba anʼanaviy tarzda:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2024-y., 07/24/399/1000-son)
fevral oyida “Yosh vokal ijrochilari”;
aprel oyida “Yosh balet ijrochilari”;
iyun oyida “Dirijor, rejissor va baletmeysterlar” respublika koʻrik-tanlovlari oʻtkazilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda koʻrsatilgan respublika koʻrik-tanlovlarining Gran-pri va 1-oʻrin gʻoliblari mos taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tegishli davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
10. Milliy opera va balet sanʼatini jahon miqyosida targʻib qilish, eng sara milliy va klassik asarlardan aholini bahramand etish, xorijiy teatrlar bilan ijodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun 2022-yildan boshlab Davlat budjeti hisobidan har ikki yilda:
Halima Nosirova nomidagi xalqaro yosh operachilar koʻrik-tanlovi;
“Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali oʻtkazilsin.
Belgilansinki, ushbu bandda keltirilgan hamda xorijda oʻtkaziladigan xalqaro nufuzli opera va balet festivallari, tanlovlarida 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan ijodkorlar Davlat budjeti hisobidan daromad soligʻidan ozod qilinadigan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida;
3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu qarorning 9 va 10-bandlarida belgilangan koʻrik-tanlov va festivallarni tashkil etish va oʻtkazish tartiblarini tasdiqlasin.
11. Teatr faoliyatida zamonaviy marketing tizimini joriy etish, yuqori badiiy saviyadagi spektakllarni sahnalashtirish va xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
Teatrning marketing, moliyaviy-iqtisodiy va boshqa tashkiliy faoliyatini yuritish uchun Teatr tuzilmasida bosh menejer lavozimi joriy etilsin;
xorijiy mamlakatlardan yetuk va malakali bosh dirijor Teatrga kamida ikki yil faoliyat olib borish sharti bilan jalb etilsin;
Teatrga Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarning shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga qoʻshimcha 40 ta ijodiy xodim shtat birligi ajratilsin.
2022-yil 1-iyuldan boshlab Teatr xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq toʻlashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)
12. Aholi, ayniqsa, olis hududlardagi fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishiga koʻmaklashish maqsadida Teatr jamoasining har yili kamida toʻrt marta respublika hududlariga gastrol safarlarini tashkil etish tartibi yoʻlga qoʻyilsin, shuningdek, Teatr jamoasining 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan mahalliy gastrol safarlari rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.
Belgilansinki:
mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish, chiptalarni realizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari, metsenatlik koʻmagi, ixtiyoriy homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
27-mart — Xalqaro teatri kuni munosabati bilan Teatrda har yili 21 — 27-mart, 1-iyun va 1-noyabr kunlari “ochiq eshiklar” kuni deb eʼlon qilinsin. Ushbu kunlarda tashrif buyuruvchilarga teatr namoyishlari bepul tashkil qilinadi va madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrgazma va ijodiy uchrashuvlar oʻtkaziladi.
13. Milliy opera va balet sanʼatini jahon miqyosida keng targʻib etish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish hamda madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida quyidagi tartib joriy qilinsin:
Teatr jamoasining xorijiy davlatlarga har yili kamida ikki marta gastrol safarlari tashkil etiladi;
Teatr ijodkorlari va mutaxassislarini xorijda oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborish yoʻlga qoʻyiladi;
Teatr tomonidan malakali xorijiy mutaxassislar ishtirokida har yili kamida ikki marta mahorat darsi oʻtkaziladi.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan vazifalar Davlat budjeti, toʻrtinchi xatboshisidagi vazifalar metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
Davlat budjeti hisobidan Teatr jamoasi xorijiy gastrol safarlarini tashkil etishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan rejasi 4-ilovaga muvofiq, shuningdek, opera va balet sanʼati ijodkorlari va mutaxassislarini xorijda oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrining Vasiylik kengashi tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Teatrning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, opera va balet sanʼatini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Teatr faoliyati samaradorligini oshirish va takomillashtirish boʻyicha dasturlarni moliyalashtirish va amalga oshirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;
Teatrning Vokal akademiyasi, ijodiy ustaxona, mahorat maktablari va taniqli namoyandalarning hayoti va ijodi bilan bogʻliq tadbirlarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
Teatrning doimiy rivojlanishini taʼminlash uchun metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari, grantlar va budjetdan tashqari boshqa mablagʻlarni jalb qilish;
Teatr faoliyatini samarali tashkil etish bilan bogʻliq boshqa tashkiliy masalalarni amalga oshirish.
15. Opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga shaxsan masʼul hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
16. Teatr xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish va ularning sogʻligʻini tiklashga koʻmaklashish maqsadida:
Teatr xodimlariga sifatli va bepul tibbiy xizmat koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi biriktirilsin, bunda poliklinika tomonidan koʻrsatilgan tibbiy xizmat bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
homiylik xayriyalari, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Teatrning kamida 50 nafar xodimini sanatoriylar, dam olish uylari va oromgohlarda imtiyozli yoʻllanma bilan sogʻlomlashtirish va dam olishlari tashkil etilsin.
17. Teatr faoliyatini rivojlantirishga jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar, mol-mulk, shuningdek, bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlar va qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlari metsenatlik koʻmagi hisoblanishi hamda ular Soliq kodeksiga asosan soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
18. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov) Madaniyat vazirligining talabnomalariga binoan Teatrda faoliyat yuritish, tadbirlarda ishtirok etish va mahorat darslari oʻtish uchun mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
19. Madaniyat vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan, Teatrning faoliyati uchun zarur boʻlgan musiqa asbob-uskunalari, texnik jihozlar, dekoratsiyalar, chiroqlar, grim mahsulotlari va balet artistlari uchun maxsus liboslar, oyoq kiyimlar va boshqa ashyolar 2026-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Davlat bojxona qoʻmitasi (A.Yu. Mavlonov) mazkur bandga asosan xorijdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona boji summasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Davlat budjetiga undirilishini taʼminlasin.
20. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorda nazarda tutilgan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda Toshkent shahar hokimi, Teatr vasiylik kengashi raisi J.A. Artikxodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari A.A. Joʻraboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-dekabr,
PQ-64-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 1-ILOVA
Opera va balet sanʼatidagi isteʼdodli va yuqori malakali ijodkorlarning mahorat maktablarini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 2-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri tomonidan 2022 — 2026-yillarda eng sara milliy, jahon opera va balet asarlarini sahnalashtirish repertuar
Izoh: zaruratga koʻra Madaniyat vazirligi yoki Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2024-y., 07/24/399/1000-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 3-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri jamoasining 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan mahalliy gastrol safarlari
Izohlar:
asosli zarurat yuzaga kelganda Teatr Vasiylik kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda ushbu rejada koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi;
hududlarda ushbu rejaga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 4-ILOVA
Davlat budjeti hisobidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi xorijiy gastrol safarlarini tashkil etishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan
Izohlar:
ushbu rejada koʻrsatilgan muddatlarning aniq sanalari xorijiy mamlakat bilan gastrol safarini tashkil etish yuzasidan erishilgan kelishuvga muvofiq tegishliligi boʻyicha Madaniyat vazirligi va Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan belgilanadi;
Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlarda gastrol safarlarini tashkil etishga amaliy yordam koʻrsatadi;
asosli zarurat yuzaga kelganda Teatr Vasiylik kengashi yoki Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 5-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri ijodkorlari va mutaxassislarini 2022 — 2026-yillarda xorijda oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkaga yuborish
Izohlar:
ushbu rejada koʻrsatilgan muddatlarning aniq sanalari xorijiy mamlakat bilan oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil etish yuzasidan erishilgan kelishuvga muvofiq Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi;
ushbu rejada koʻrsatilgan xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida har yili 4 nafar ijodkorlar oʻqitiladi;
oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkalarning sarf-xarajatlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mamlakatlarda oʻqitish, malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil etishga amaliy yordam koʻrsatadi;
asosli zarurat yuzaga kelganda Teatr Vasiylik kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 6-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrining Vasiylik kengashi
Izohlar:
Vasiylik kengashi raisiga Vasiylik kengashi tarkibiga boshqa homiylar, metsenat va tadbirkorlik subyektlarini ularning tashabbusi asosida kiritish huquqi beriladi;
Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(6-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2024-y., 07/24/399/1000-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qaroriga 7-ILOVA
Opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)