PQ-221-son Qaror · 26.04.2022

Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-221
  • Qabul qilingan sana:26.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:26.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/221/0357

Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqaviy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga oʻz vaqtida chora koʻrish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka boʻlgan huquqlarini himoya qilish kabi yoʻnalishlarda bir qator masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-son Farmoniga muvofiq, Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlari ularning vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga oʻtkazilgan holda qoʻshib olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) kiritilgan huquq egalariga tegishli tovar belgilari boʻyicha qonunchilik talablari buzilishi aniqlanganda, bu toʻgʻrisida xabar berish;

tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari oʻrtasida intellektual mulk huquqlariga rioya etish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish;

b) quyidagi davlat organlari intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish hamda intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishini nazorat qiladi:

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mahsulotlarni sertifikatlashtirish, muvofiqlik sertifikatlari va belgilarini berish jarayonida;

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2022-yil 1-avgustdan boshlab quyidagi jarayonlardagi tekshirish va oʻrganishlar Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali”dan foydalangan holda amalga oshiriladi:

a) sertifikatsiyalash bilan shugʻullanuvchi organlar tomonidan respublikada ishlab chiqarilayotgan, realizatsiya qilinayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida ularda qoʻllanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisi, geografik koʻrsatkich, tovar kelib chiqqan joy nomi va sanoat namunasiga) boʻlgan huquqlarni oʻrganish va tekshirish;

b) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish, sifat nazorati, standartlashtirish va sertifikatlashtirishni amalga oshiradigan ishchi organi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasini berish jarayonida intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisi va sanoat namunasiga) boʻlgan huquqlarga rioya etilganligini tekshirish va (yoki) oʻrganish.

Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyungacha sertifikatsiyalash bilan shugʻullanuvchi barcha organlarni “Sanoat mulki muhofazasi portali”ga bepul ulanishini taʼminlasin.

4. Belgilansinki, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:

a) “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali intellektual mulk obyektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni elektron tarzda yuborish va qabul qilish, ularni koʻrib chiqish bosqichlarini onlayn ravishda kuzatib borish hamda qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida ariza yuboruvchilarni xabardor qilish tartibi yoʻlga qoʻyiladi;

b) bojxona organlari tomonidan Reyestrga kiritilgan intellektual mulk obyektlari huquq egalarining qonuniy manfaatlarini quyidagi himoya qilish huquqi beriladi:

tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida intellektual mulk huquqlari buzilganligi alomati mavjud boʻlgan tovarlar aniqlanganda, bojxona organlari tomonidan huquq egasining “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga ushbu holat toʻgʻrisida bir ish kunida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan xabar yuborish;

xabar yuborilgandan boshlab bir ish kuni davomida huquq egalaridan tegishli shakldagi ariza kelib tushgan taqdirda, ularning huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrish. Bunda, ushbu muddat ichida huquq egalaridan tegishli shakldagi ariza bojxona organlariga kelib tushmagan taqdirda, tovarlar belgilangan tartibda chiqarib yuboriladi;

intellektual mulk huquqlari buzilganligi alomati tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvida xavfni boshqarish tizimi natijalari asosida bojxona nazorati shakllarini qoʻllagan holda aniqlash, bundan bojxona organlarining tezkor-qidiruv faoliyati davomida aniqlangan holatlar mustasno;

v) Reyestrga kiritilgan huquq egalari ularning intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish toʻgʻrisida bojxona organlariga ariza bilan murojaat qilganda, ulardan taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlashda yordam beradigan, shu jumladan ishlab chiqaruvchi, tovar turishi mumkin boʻlgan joy va uni bojxona chegarasi orqali olib oʻtish sanasi, tashish xususiyatlari va oʻrovining koʻrinishi, tovar turgan joy yoki rejalashtirilayotgan yetkazish joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.

Davlat bojxona qoʻmitasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga ushbu banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

5. Adliya vazirligi 2023-yil 1-yanvarga qadar intellektual mulk obyektlarining oldi-sotdisiga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun quyidagilar aks ettiriladigan “Intellektual mulk — barcha uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasini ishlab chiqsin va ishga tushirsin:

auksion savdosiga taklif etilayotgan intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

auksion savdosiga taklif etilayotgan intellektual mulk obyektlarining boshlangʻich savdo narxi;

tuzilgan litsenziya shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqalar.

6. Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi “Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri” axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — qonunbuzilishlar reyestri) ishlab chiqsin va ishga tushirsin.

Belgilansinki, veb-saytlar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimli ravishda buzilishi belgilangan tartibda isbotlangan taqdirda, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Adliya vazirligining xulosasi asosida mazkur veb-saytlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonunbuzilishlar reyestriga kiritadi va uning koʻrsatmasiga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu veb-saytlar faoliyatini mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzuvchi xatti-harakatlar bartaraf etilmaguniga qadar qonunchilikka muvofiq cheklaydi.

Adliya vazirligi hamda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar qonunbuzilishlar reyestrini yuritish tartibini tasdiqlashga doir hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. 2022-yil 1-maydan boshlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning eʼtiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari himoyasini taʼminlash boʻyicha qonunchilikka rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha vakolatlari toʻliq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasiga oʻtkazilsin.

8. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Adliya vazirligi 2023-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil qilgan holda, mazkur Strategiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritib borsin.

9. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va tarqatilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va tarqatuvchilarga huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda idoralararo axborot almashinuvi Adliya vazirligining “IP-Protection” axborot portali (keyingi oʻrinlarda — Portal) orqali amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyunga qadar Portalning elektron shaklda real vaqt rejimida ishlashini hamda unga manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bepul asosda ulanishini taʼminlasin.

10. Portaldan toʻlaqonli foydalanish uchun davlat organlari hamkorligining shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga koʻra:

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ishlab chiqaruvchisi nomaʼlum boʻlgan qalbaki yoki kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va tayyorlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining soʻrovlariga asosan Portal orqali oʻn ish kunida taqdim etadi;

Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oʻz vakolatlari doirasida Internet va ijtimoiy tarmoqlarda intellektual mulk huquqlarini buzayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining soʻrovlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga rioya qilgan holda Portal orqali oʻn ish kunida taqdim etadi;

Davlat bojxona qoʻmitasi Reyestrga kiritilgan intellektual mulk obyektlari va bojxona organlari tomonidan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud boʻlgan tovarlarni chiqarib yuborish toʻxtatib turilgan holatlar toʻgʻrisida har chorakda Adliya vazirligiga Portal orqali umumlashtirilgan maʼlumot taqdim etadi;

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi intellektual mulk obyektlaridan foydalangan holda sodir etilgan nohalol raqobat holatlari boʻyicha koʻrilgan ishlar va qabul qilingan qarorlar boʻyicha har chorakda Adliya vazirligiga Portal orqali axborot taqdim etadi.

(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

11. Adliya vazirligi Portalga taqdim qilingan maʼlumotlarni doimiy tahlil qilish va har yarim yilda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari koʻrsatkichlari boʻyicha statistik maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

12. Oliy sudga intellektual mulk obyektlarining sud orqali huquqiy himoyasini taʼminlash maqsadida barcha instansiya sudlari tomonidan intellektual mulk sohasiga doir ishlarni bir xil yondashuv asosida koʻrib chiqish uchun yagona sud amaliyoti boʻyicha Oliy sud Plenumi qarorini qabul qilish tavsiya etilsin.

13. Quyidagilar:

Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boʻyicha joriy etilayotgan yangi mexanizmlarni masʼul davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga oʻrgatish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarni oʻtkazish grafigi 4-ilovaga muvofiq;

Intellektual mulkni roʻyxatga olish va uni fuqarolik muomalasiga kiritishni xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlariga oʻrgatish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarni oʻtkazish grafigi 5-ilovaga muvofiq;

Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining intellektual mulk sohasidagi malakasini oshirish yuzasidan oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlari grafigi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻquv mashgʻulotlari grafiklarga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 26-aprel,

PQ-221-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish

1-bob. Umumiy qoidalar

Intellektual faoliyat natijalarini qoʻllash orqali iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy axborot-innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy qilish Oʻzbekiston Respublikasini jadal rivojlantirishning muhim shartlaridan biri sanaladi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda mamlakatimizning jahon bozorida mustahkam oʻrin egallashi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishi yoʻlida dadil qadamlar tashlash uchun islohotlarni zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ixtirolar va mashhur mintaqaviy brendlar yaratilishiga asoslangan holda amalga oshirish talab etiladi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar intellektual faoliyatni rivojlantirish, ilgʻor intellektual faoliyat natijalarini qoʻllash orqali ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, intellektual mulk obyektlari qoʻllangan mahsulotlar hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda oʻz nomiga (brendiga) ega boʻlgan raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi. Xususan:

intellektual mulk obyektlarini ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish koʻrsatkichlari juda past;

aholi va tadbirkorlik subyektlari intellektual mulk sohasi boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmalarga ega emas;

xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz faoliyatiga intellektual faoliyat natijalarini joriy qilishdan manfaatdor emas;

ixtirochilar va novatorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmagan;

intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasini taʼminlash uchun masʼul vazirlik va idoralar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan, ilmiy-tadqiqot muassasalari va laboratoriyalarining intellektual mulk sohasi bilan bogʻliq faoliyati yetarli darajada muvofiqlashtirilmagan;

ilmiy ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga kiritish koʻrsatkichlari past;

“IP Management” (intellektual mulkni boshqarish) sohasida intellektual mulk obyektlarini rivojlantirish va ularning transferi bilan faol shugʻullanuvchi yuqori malakali mutaxassislar yetishmaydi;

intellektual mulkni huquqiy himoya qilish lozim darajada emas, ushbu sohada, ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlarida malakali mutaxassislar yetishmaydi;

taʼlim tashkilotlarida insonlarning intellektual faoliyat natijalariga hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan amaliy tadbirlar oʻtkazilmaydi;

taʼlim jarayonlarida oʻzgalarning intellektual mulk obyektlaridan toʻgʻri foydalanishga oʻrgatish, koʻchirmachilikning (plagiat) oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yetarlicha amalga oshirilmagan;

kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi kurashish bilan bogʻliq ishlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqiladigan va uning hududiga olib kiriladigan tovarlar boʻyicha intellektual mulkni huquqiy himoya qilish lozim darajada tashkil qilinmagan.

Qayd etilgan kamchiliklar mamlakatimizda intellektual mulk sohasining jadal rivojlanishiga, jahon bozorlarida Oʻzbekiston nomini ifoda qiluvchi mahsulotlar eksporti hajmining ortishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, iqtisodiyotning oʻsishiga hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan 2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari

1. Mamlakatda “Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan — kuchli huquqiy himoyasi sari” tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali Oʻzbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish Strategiyaning bosh maqsadi hisoblanadi.

2. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

intellektual mulk sohasi boʻyicha qonunchilikda mavjud boʻshliq va ziddiyatlarni bartaraf qilish, ilgʻor jahon tajribasi asosida uni doimiy takomillashtirib borish;

respublikada amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini masʼul vazirlik va idoralar faoliyatidagi bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalarni bartaraf qilish orqali takomillashtirish;

intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish jarayonlarini zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda muntazam takomillashtirib borish va intellektual mulk obyektlari yaratilishini qoʻllab-quvvatlash;

kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi kurashish bilan bogʻliq ishlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqiladigan va uning hududiga olib kiriladigan tovarlar boʻyicha intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni samarali himoya qilish mexanizmlarini yaratish;

intellektual mulk obyektlarining taʼsirchan huquqiy mexanizm bilan himoya qilinishini taʼminlash;

intellektual mulk sohasini byurokratiyadan holi qilish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali toʻliq raqamlashtirish;

fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulkka boʻlgan munosabatini oʻzgartirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha innovatsion usullarni qoʻllagan holda manzilli targʻibot tadbirlarini muntazam oʻtkazib borish;

intellektual mulk sohasi boʻyicha global integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish.

3-bob. Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari

3.1. Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish

1. Intellektual mulk obyektlarini ishonchli huquqiy himoya qilish maqsadida soha boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi idoralararo hamkorlikni yanada takomillashtirish.

2. Intellektual mulk sohasidagi nizolarni sudga qadar hal qilish tartiblarini keng joriy qilish.

3. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish boʻyicha maxsus vakolatli organlar faoliyati boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish.

3.2. Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish

1. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni ishonchli huquqiy himoya qilish maqsadida kuchli qonunchilik bazasini shakllantirish.

2. Globallashuv va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Internet makonida intellektual faoliyat natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning oʻziga xosliklarini aks ettiruvchi jihatlardan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga qaratilgan real choralarni koʻrish.

3. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq egalarining oʻz huquqlarini himoya qilish va tiklash orqali foyda koʻrishini taʼminlash mexanizmini ishlab chiqish.

4. Intellektual mulk huquqining savdo aspektlari boʻyicha bitim va Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasiga oid qonunchiligini qiyosiy tahlil qilish.

5. Bojxona qonunchiligiga “ex officio” tartibini kiritish masalasini oʻrganish.

3.3. Intellektual mulk obyektlarini yaratish va roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish

1. Hududlarda mintaqaviy brendlar yaratilishini qoʻllab-quvvatlash va jahonda “Made in Uzbekistan” brendini butun dunyoda tanitish choralarini koʻrish.

2. Intellektual faoliyat natijalarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini soddalashtirish.

3. Mamlakatda davlat va jamiyatga yuqori foyda keltiradigan ixtirolar yaratilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.

4. Intellektual mulk obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini tartibga soluvchi maʼmuriy reglamentlarni ishlab chiqish.

3.4. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish tizimini takomillashtirish

1. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) koʻmagida respublikada mualliflik huquqini Internetda himoya qilish boʻyicha “WIPO Alert” onlayn platformasidan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish.

2. Intellektual mulk sohasida professional yuridik yordam koʻrsatuvchi patent vakillari faoliyatini yanada jonlantirish.

3. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini tahliliy oʻrganish, ularni mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni tom maʼnoda himoya qiluvchi tashkilotlarga aylantirish choralarini koʻrish.

4. Tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda barcha kuch va vositalarni intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishga jalb qilish orqali sohada kuchli huquqiy himoyani taʼminlash.

5. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida litsenziyalangan dasturiy taʼminot vositalaridan foydalanish istiqbollarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida tahliliy oʻrganish.

6. Mualliflik huquqlarini himoya qilish, shu jumladan koʻchirmachilikka (plagiatga) qarshi ayovsiz kurashish maqsadida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3.5. Intellektual mulk bilan bogʻliq munosabatlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish va takomillashtirish

1. Intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun toʻlanadigan mualliflik haqi miqdorini hisoblab beruvchi kalkulyator modulini ishlab chiqish.

2. Intellektual mulk obyektlari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan farmakologik faol taʼsir koʻrsatuvchi moddalar va dori vositalari reyestrini tuzish.

3. Adliya vazirligining maxsus axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

4. Intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarning har bir bosqichi toʻgʻrisida talabnoma beruvchilarni xabardor qilishning yangi mexanizmini joriy etish.

5. Intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlarini raqamlashtirish orqali talabnoma beruvchilarni ortiqcha byurokratik toʻsiqlardan xalos qilish.

3.6. Jamiyatda intellektual mulkka boʻlgan hurmat hissini shakllantirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish

1. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida intellektual mulk obyektlaridan keng foydalanishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan ularning faoliyatida intellektual mulkni qoʻllashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish boʻyicha doimiy fikr almashinuvini yoʻlga qoʻyish.

2. Umumiy oʻrta taʼlim va kasb-hunar maktablari oʻquvchi-talabalarida intellektual faoliyat natijalarini hurmat qilish hamda ixtirochilik va novatorlik xislatlarini shakllantirish maqsadida intellektual mulk sohasiga oid fan dasturlarini takomillashtirish.

3. Intellektual mulk sohasida yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalari turkumini yaratish, shu jumladan sohaga oid xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish.

4. Intellektual mulk sohasi boʻyicha qonunchilik hujjatlaridan xorijliklar ham foydalanishini taʼminlash maqsadida ularning ingliz tiliga tarjima qilinishini taʼminlash.

5. Intellektual mulk sohasining dolzarb masalalari boʻyicha xalqaro ekspertlar ishtirokida soha xodimlari uchun xorijiy amaliyot, seminar va oʻquv kurslarini tashkil etish.

6. Intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, intellektual mulk obyektlari huquq egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilib borish.

7. Taʼlim va amaliyot oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlash maqsadida oliy taʼlim tashkilotlarining (yengil sanoat, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlar) talabalari uchun Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasida amaliyot oʻtash tartibini joriy etish.

8. Aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun toʻlov-shartnoma asosida oʻz intellektual mulk obyektlarini yuqori daromad keltiruvchi vositaga aylantirishga koʻmaklashuvchi “IP Management” (Intellektual mulkni boshqarish) oʻquv kurslarini tashkil qilish.

9. Keng jamoatchilikka intellektual mulk sohasi boʻyicha maʼlumotlarni yetkazuvchi jurnalistlar uchun toʻlov-shartnoma asosida oʻquv kurslarni tashkillashtirish.

3.7. Intellektual mulk sohasidagi xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

1. Oʻzbekiston Respublikasining BIMT tomonidan boshqariladigan intellektual mulk sohasiga oid universal xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi masalasini oʻrganish.

2. Intellektual mulk sohasi boʻyicha xalqaro va milliy ekspertlar muloqot maydonini yaratish maqsadida “XXI asrda intellektual mulk” xalqaro forumini oʻtkazish.

3. Oʻzbekiston Respublikasidagi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, boshqa davlatlarning intellektual mulk boʻyicha idoralari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali xorijiy donorlar bilan aloqalarni faollashtirish.

4. Mahalliy tadbirkorlik subyektlarining BIMT maxsus dasturlarida ishtirok etishini taʼminlash orqali ularda intellektual mulkdan foydalanish koʻnikmalarini oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga2-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PF-194-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga3-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)

Izoh:

3 va 10-bandlardagi maqsadli koʻrsatkichlar yildan-yilga qoʻshilib boriladi (oʻsib boruvchi).

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/80/0364-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga4-ILOVA

Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boʻyicha joriy etilayotgan yangi mexanizmlarni masʼul davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga oʻrgatish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarni oʻtkazish

* Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun Adliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentliklari masʼul hisoblanadi.

** Reja-jadvalda belgilangan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish muddatlari masʼullar tomonidan zaruratga koʻra oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga5-ILOVA

Intellektual mulkni roʻyxatga olish va uni fuqarolik muomalasiga kiritishni xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlariga oʻrgatish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarni oʻtkazish

* Tegishli xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hududiy boʻlinmalari uchun oʻquv mashgʻulotlari bevosita ular faoliyat yurituvchi hududlarda oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga6-ILOVA

Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining intellektual mulk sohasidagi malakasini oshirish yuzasidan oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlari

* Oʻquv mashgʻulotlari bevosita tegishli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-916-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matni 4-pozitsiyasi “Otvetstvennie ispolniteli” ustunidagi “Agentstvo po intellektualnoy sobstvennosti Respubliki Uzbekistan” soʻzlari “Minyust” soʻzi bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-noyabrdagi PQ-4024-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi 3-kichik bandi toʻrtinchi xatboshisidagi “Intellektual mulk agentligiga” soʻzlari “Adliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-fevraldagi PQ-4151-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi 2-kichik bandining oʻn ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“kitob nashr etishda, elektron va audio kitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishini oldini olish yuzasidan choralar koʻradi, nashriyotlar, elektron va audio kitoblar yaratish faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar faoliyatida qonunbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish, respublika hududida noshirlik-matbaa faoliyati sohasida kontrafakt mahsulotlar tayyorlanishi, nashr qilinishi va sotilishini bartaraf qilish borasida huquqni muhofaza qiluvchi, bojxona, soliq va boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4168-son qarori 3-bandining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi tegishli kelishikdagi “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oʻzbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4550-son qarorining 9-bandi uchinchi xatboshisidagi va 13-banddagi “huzuridagi Intellektual mulk agentligi” soʻzlari chiqarib tashlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4965-son qarorida:

a) 2-banddagi “Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)” soʻzlari “Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “Agentlikning budjetdan tashqari” soʻzlari “Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oltinchi xatboshidagi “Agentlik” soʻzi “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 6-bandda:

ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “Agentlik” soʻzi “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “Agentlikning budjetdan tashqari” soʻzlari “Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 1-ilovada:

11, 17, 19 va 20-pozitsiyalarning “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Intellektual mulk agentligi (T. Abdusattarov)” soʻzlari “Adliya vazirligi (R. Davletov)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

18-pozitsiya “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Intellektual mulk agentligi (T. Abdusattarov)” soʻzlari chiqarib tashlansin;

d) 2-ilovada:

1, 6, 10, 14 — 17 va 19 pozitsiyalar “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Intellektual mulk agentligi (T. Abdusattarov)” soʻzlari “Adliya vazirligi (R. Davletov)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

7 va 8-pozitsiyalar “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Intellektual mulk agentligi (T. Abdusattarov)” soʻzlari chiqarib tashlansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PQ-5047-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomda:

a) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga” soʻzlari “Adliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“5. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining chet el valyutasidagi mablagʻlari Vazirlik tomonidan Jamgʻarmaning hisobvaraqlariga har oyda valyutaning har bir turi boʻyicha alohida hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha oʻtkaziladi”.

8. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 22-bandida:

quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarga nisbatan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi”;

oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga8-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4380-son qarorining 7-bandi va qarorga 2-ilovaning 2-bandi.

2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 609-son qarori.

3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 467-son qaroriga 5-ilovaning XI va XIII-boʻlimlari.

4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 88-son qaroriga 3-ilovaning 23-bandi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.