PQ-232-son Qaror · 30.04.2022

Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-232
  • Qabul qilingan sana:30.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:30.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/232/0378

Respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga koʻtarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin koʻpaytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyundan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida:

jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;

sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

2. Quyidagilar “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirish uchun masʼul etib belgilansin:

yoshlar, ayniqsa, taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari uchun turizmning tarixiy bilim beruvchi, madaniy-koʻngilochar, ekstremal, ekologik, etno- va plyaj turizmi turlari boʻyicha — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

mehnat, mahallalar jamoalari uchun turizmning ishbilarmonlik, ekstremal, ekologik, agro-, etno- gastronomik turlari boʻyicha — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi;

xotin-qizlar uchun turizmning ziyorat, maʼrifiy, ijtimoiy, madaniy-koʻngilochar, ekologik, etnoturizm turlari boʻyicha — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi;

faxriylar, nuroniylar va pensionerlar uchun turizmning ziyorat, tibbiyot, sogʻlomlashtirish turizmi turlari boʻyicha — Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi va “Nuroniy” jamgʻarmasi.

Mazkur masʼul tashkilotlar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha har yili ish beruvchilar bilan birgalikda xodimlar respublika boʻylab sayohatga chiqishi uchun sayohat grafiklarini tasdiqlashni hamda sayohatni amalga oshirishni taʼminlasin.

3. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirishni muvofiqlashtirib borish uchun masʼul etib Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.

4. Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (keyingi oʻrinlarda — mahalliy turistlar) uchun “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“Cashback”) (keyingi oʻrinlarda — Sayohat xarajatlarini qaytarish) tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maqullansin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablagʻlarni qaytarish hamda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan uning mobil ilovasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) orqali amalga oshiriladi;

b) Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning oʻzida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

avia, temir yoʻl va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;

joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;

madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish;

v) Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

temir yoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

g) sayohat xarajatlari faqatgina Platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi;

d) Platforma Davlat soliq qoʻmitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini koʻrsatish orqali sayohatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.

5. Moliya vazirligi respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan sayohat xarajatlarini qaytarishni moliyalashtirish uchun joriy yilda jami 10 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarning Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ajratilishini taʼminlasin.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Turizm va madaniy meros vazirligiga Platformani ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi boʻlish, unga xizmat koʻrsatish, uning faoliyatini takomillashtirib borish va doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash funksiyalari yuklatilsin.

6. Quyidagilar:

a) Turizm va madaniy meros vazirligi (A. Abduxakimov):

2022-yil 1-sentabrga qadar Platformani ishlab chiqish va ishga tushirish;

2022-yil 1-oktabrga qadar joylashtirish vositalari, turoperator va turagentlar, gid (gid-tarjimon), yoʻriqchi-yoʻl boshlovchi va ekskursiya yetakchilari Platforma orqali oʻz xizmatlarini yoʻlga qoʻyishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish;

turizm sohasi subyektlari oʻrtasida Platforma imkoniyatlarini doimiy targʻib qilib borish;

Platformaga xizmat koʻrsatish va keyinchalik modernizatsiya qilish hamda doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;

b) Transport vazirligi (I. Maxkamov):

Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimi, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ va boshqa yoʻlovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlarning elektron chiptalarni xarid qilish portallarini Platformaga integratsiya qilish va doimiy ravishda uzluksiz faoliyat olib borishini taʼminlash;

temir yoʻl qatnovlari sonini koʻpaytirish va aholining sayohat qilishi uchun ularning qulay logistikasini yaratish;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda turoperator va turagentlar takliflariga asosan turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman va shaharlarni oʻzaro bogʻlovchi temir yoʻl va avtobus qatnovlarini tezkorlik bilan yoʻlga qoʻyish;

v) Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) va Madaniy meros agentligi (Sh. Nurulloyev) madaniyat tashkilotlari, shu jumladan moddiy-madaniy meros obyektlari chipta chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali Platformada roʻyxatdan oʻtkazish uchun sharoit yaratish;

g) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) maxsus mobil ilova (SoliqUz)ni Platforma bilan integratsiya qilish, shuningdek, uning uzluksiz faoliyat olib borishi hamda xizmat koʻrsatiladigan obyektlarda chipta chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali Platformada roʻyxatdan oʻtkazish uchun sharoitlar yaratilganligi holatini oʻrganish maqsadida muntazam profilaktika ishlari olib borilishini tashkil etish;

d) Adliya vazirligi (R. Davletov) “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimini Platformaga integratsiya qilish va uzluksiz faoliyat olib borishi yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin.

7. Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligining “Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori (keyingi oʻrinlarda — Turizm transport koridori) boʻylab avtomagistral yoʻllari va yoʻl boʻyidagi infratuzilma holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhi takliflariga muvofiq, belgilangan tartibda Turizm transport koridori boʻylab yer uchastkalarini realizatsiya qilish va avtomagistral yoʻllari boʻylab zamonaviy standartlarga javob beradigan “Karvonsaroy”larni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Belgilansinki, Turizm transport koridori boʻylab turizm xizmatlari yoʻlga qoʻyiladigan obyektlar Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan namunaviy loyihalar asosida barpo etiladi. Bunda:

har bir “Karvonsaroy”ning tashqi koʻrinishi anʼanaviy arxitektura va ushbu hududning oʻziga xosligini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi;

har bir “Karvonsaroy”da turizm xizmatlari, hunarmandchilik va mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi, avtomobillarga, shu jumladan elektromobillarga xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtoturargoh hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarining mavjud boʻlishi;

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir “Karvonsaroy” atrofida daraxt va buta koʻchatlarini ekish nazarda tutiladi.

9. Turizm va madaniy meros vazirligi Qurilish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda zamonaviy “Karvonsaroy”larni tashkil etish boʻyicha manzilli roʻyxatni shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari Turizm va madaniy meros vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tegishlicha Aqchakoʻl, Ashshi koʻl, Zikri koʻli, Aydarkoʻl, Tuzkon koʻli va Toʻdakoʻl hududlarida hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish maqsadida ularning yashash muhiti, xususan, asosiy toʻplanish joyi sifatida belgilangan hududlarga kirmaydigan yer maydonlarida plyaj zonalarini tashkil qilish uchun yer uchastkalarini 10 yilgacha boʻlgan muddatga belgilangan tartibda ijaraga berish choralarini koʻrsin.

Belgilansinki, plyaj zonalari hududida ekologik va sanitariya talablariga javob beradigan yengil konstruksiyali bino va inshoatlar barpo etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini realizatsiya qilishda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi nobudgarchiligining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari yer maydoni ajratib beriladigan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoplanishini taʼminlasin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda plyaj zonalarining batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqsin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari turizm sohasini rivojlantirishga doir loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida:

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda investorlar bilan muzokaralar oʻtkazish choralarini koʻrsin;

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihalarni amalga oshirish uchun zarur yer uchastkalarini belgilangan tartibda investorlarga ajratib berish masalasini koʻrib chiqsin;

Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2023-2024-yillarda ichki turizm yoʻnalishi boʻyicha hududlarda boshlanadigan yirik turizm loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi hamda Oʻzbekiston restoratorlari va otelyerlari uyushmasining turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi tungi vaqtda (soat 18:00 dan 06:00 ga qadar) amal qiladigan mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish toʻgʻrisidagi takliflari maqullansin:

maxsus tashkil etiladigan “turizm koʻchalari”da joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari, koʻngilochar va savdo obyektlari, madaniyat tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — turizm namoyishi obyektlari) faoliyatini jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini taʼminlagan holda toʻsqinliksiz amalga oshirish;

turizm namoyishi obyektlarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiyalar tizimini yanada yaxshilash;

madaniy-koʻngilochar va konsert tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratish;

maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yoʻlga qoʻyish;

turizm namoyishi obyektlarining faoliyat olib borishiga ruxsat berishning yagona tartibini joriy qilish va turizm namoyishi obyektlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish.

13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) tungi vaqtda faoliyat olib boruvchi turizm namoyishi obyektlarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun davlat tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

faoliyat yuritayotgan turizm namoyishi obyektlari atrofi uzluksiz yoritilishi taʼminlanadi, shu jumladan mazkur hududlar energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlanadi;

turizm namoyishi obyektlari “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilinadi;

“turizm koʻchalari”da jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida “xavfsizlik chaqiruv tugmalari” oʻrnatiladi hamda “Wi-Fi” zonalari tashkil etiladi;

b) tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan turizm namoyishi obyektlariga:

obyektlarning ichki qismi, xizmat koʻrsatish xonalari, kirish va chiqish, shu jumladan favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish joylarida maʼlumotlarni kamida oʻttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini oʻrnatish va “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilish;

binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni kamida 10 metr masofada yoritish;

obyektlarni toʻliq tovush oʻtkazmaydigan tarzda jihozlash. Bunda, tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan aholining tinchligini buzmagan holda foydalaniladi;

obyektlarni yongʻin oʻchirish vositalari, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻplamiga ega tibbiy yordam qutichalari bilan taʼminlash;

binoning barcha uchun koʻrinarli joylarida yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari eks ettirilgan maʼlumotlarni aks ettirish talabi belgilanadi.

Davlat organlariga belgilangan tartibda tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish, ular faoliyatiga byurokratik toʻsiqlar qoʻyish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday harakatlar taqiqlansin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda zaruratga qarab, har bir hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi PQ-104-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus xizmat koʻrsatish koʻchalariga aylantiriladigan markaziy koʻchalar roʻyxatida keltirilgan ayrim koʻchalarda maxsus “turizm koʻchalari”ni tashkil etsin va ushbu koʻchalarda tungi vaqtda turizm namoyishi obyektlarining faoliyat olib borishini taʼminlasin.

14. Ichki turizmni diversifikatsiya qilish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoni bilan tasdiqlangan Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya (A. Abduxakimov, S. Umurzakov) ikki hafta muddatda:

Fargʻona va Samarqand, Fargʻona va Buxoro, Fargʻona va Termiz hamda Fargʻona va Urganch shaharlari orasida aviaqatnovlarni qayta yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqilishini;

Fargʻona — Moʻynoq — Fargʻona yoʻnalishida aviaqatnovlar tashkillashtirilishini taʼminlasin.

16. 2022-yildan boshlab 20-iyuldan 20-avgustga qadar “Yoshlar turizmi oyligi”, 2023-yildan boshlab esa yanvar oyining birinchi dekadasi va mart oyining uchinchi dekadasida — “Yoshlar turizmi haftaligi”ni oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilsin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)

Belgilansinki:

a) “Yoshlar turizmi oyligi” va “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida oʻquvchi, talaba va yoshlarning sayohat guruhlarini tashish maxsus jihozlangan xizmat avtomobillarida ichki ishlar organlari hamrohligida Ichki ishlar vazirligi Maxsus budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

b) “Yoshlar turizmi oyligi” doirasida “Yoshlar turizmi” qurultoyi tashkil etiladi. Bunda:

respublikaning har bir hududidan 50 nafar iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi boʻlgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻquvchi, talaba va yoshlar jalb qilinadi;

kitobxonlik kunlari, milliy va etnosport turlari boʻyicha sport musobaqalari hamda madaniy-koʻngilochar tadbirlar tashkil etiladi;

yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga oʻrnak koʻrsatadigan sportchilar va murabbiylar hamda sanʼat va madaniyat, ilm-fan va biznes sohalarining namoyandalari ishtirokida “mahorat darslari” oʻtkaziladi;

yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha davra suhbatlari tashkil etiladi;

yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari uyushtiriladi;

“Yoshlar turizmi” qurultoyi tashkil etiladigan va unga yaqin hududdagi (viloyat, shahar) turizm namoyishi obyektlariga sayohatlar tashkil etiladi;

“Yoshlar turizmi” qurultoyini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

v) Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yoshlar turizmi” qurultoyini yuqori saviyada oʻtkazishga masʼul hisoblanadi.

17. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda uch oy muddatda tashkilot va idoralarga biriktirilgan muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni dinlar tasnifi boʻyicha (islomiy obidalar, yahudiylik, xristianlik, buddaviylikka oid ziyoratgohlar va boshqalar) toʻliq xatlovdan oʻtkazsin;

moddiy madaniy meros obyektlarini xalqaro standartlar asosida xatlovdan oʻtkazsin;

2022-yil 1-sentabrga qadar respublikadagi Muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarning roʻyxatini shakllantirsin va “Uzbekistan.travel” yagona milliy turistik axborot portaliga joylashtirsin;

Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi bilan birgalikda Muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlar roʻyxatidagi obyektlarning respublika hududlarining “chorlov nuqtasi” sifatida turizm yoʻnalishlariga kiritilishini va keng targʻib qilinishini taʼminlasin.

18. Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda Toshkent shahrining turizm infratuzilmasini rivojlantirish orqali, uni mintaqaviy turistik markazga aylantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini taʼminlasin:

yirik koʻngilochar va turizm obyektlarini (akvapark, safari park, astronomiya va gul bogʻi) qurish boʻyicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan ularning moliyaviy manbaini aniqlash;

Toshkent shahridagi yirik muzeylar va Oʻzbek davlat sirkini rekonstruksiya qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida interaktiv xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, muzeylarning arxiv fondini tartibga solish;

Toshkent shahrida 2022 — 2024-yillarda tashkil etiladigan madaniy-koʻngilochar tadbirlar va festivallar, shu jumladan xalqaro tadbirlar kalendar rejasini belgilash;

Toshkent shahrining zamonaviy va taniqli turistik brendini ishlab chiqish va uni targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlash;

b) ikki oy muddatda respublikada yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlashni jadallashtirish boʻyicha dasturni tasdiqlasin. Bunda, dor yoʻllarini qurish uchun yuqori salohiyatga ega hududlarni aniq belgilash va tashabbuskorlarga kredit mablagʻlari ajratish nazarda tutilsin.

19. Turizm va madaniy meros vazirligi (A. Abduxakimov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov) bilan birgalikda maxsus soliq rejimi joriy etilgan 28 ta tuman va shaharning 135 ta mahallasi kesimida turizmni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlab, ularning ijrosi boʻyicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin. Bunda:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu tuman va shaharlarning mahallalarida infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirsin;

Moliya vazirligi (T. Ishmetov) joriy yilda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun respublika budjetidan 250 milliard soʻm ajratsin.

20. Belgilansinki:

2022-yil 1-iyuldan boshlab “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan fuqarolar yigʻinlari hududlarida mehmon uylari, ovqatlanish, koʻngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “a” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va qoidalari tatbiq etiladi;

oilaviy mehmon uylarini taʼmirlashga 100 million soʻmgacha, mebel, maishiy texnika va boshqa buyumlar bilan jihozlashga 50 million soʻmgacha hamda suzish havzalarini tashkil etishga 200 million soʻmgacha loyihalarni moliyalashtirish uchun tadbirkorlarga kreditlar beriladi.

(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)

21. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A. Voitov) Markaziy bank (B. Zoxidov) hamda Turizm va madaniy meros vazirligi (B. Shaxriyorov) bilan birgalikda turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-apreldagi “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-212-son qarorida nazarda tutilgan mablagʻlarning 50 million AQSH dollarini yoʻnaltirsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish boʻyicha manzilli loyihalarni shakllantirib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

22. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi 2022-yil 1-dekabrga qadar ov turizmini rivojlantirish maqsadida tashabbuskorlarni jalb qilgan holda ov xoʻjaligining tegishli infratuzilmasini (qirgʻovulxona, hayvonlar boqish joyi) birinchi navbatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida joriy qilish choralarini koʻrsin.

23. Turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun:

Markaziy bank (B. Zoxidov) tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda 1 trillion soʻm miqdorida kredit resurslarining;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafoyev) 2022-yilning yakuniga qadar 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarning jalb qilinishini taʼminlasin.

24. Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosarlari:

B. Shaxriyorov — investitsiya dasturi ijrosini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, turizm infratuzilmasini, turistik-rekreatsion zonalar va klasterlarni rivojlantirish, Sayohat xarajatlarini qaytarish tartibini joriy etish, vazirlikning moliya va buxgalteriya masalalari;

B. Ibragimov — tashqi, ziyorat va ichki turizm oqimlarini oshirish, ommaviy tadbirlarni tashkil etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari;

N. Zikrillayev — taʼlim, turizm sohasini raqamlashtirish, metodologiya va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ishlash, litsenziyalash, sertifikatlashtirish va standartlashtirish masalalari boʻyicha masʼul etib belgilansin.

Bosh vazir oʻrinbosari A. Abduxakimov uch kun muddatda turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosarlarining oʻzlariga yuklatilgan vazifalari boʻyicha 2022-yil davomida oyma-oy amalga oshiriladigan tadbirlarni nazarda tutuvchi ish rejasi va maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanishini taʼminlasin.

25. Hisob palatasi madaniy meros obyektlarining xatlovdan oʻtkazilishi va mazkur qarorga muvofiq beriladigan imtiyoz va kreditlarning belgilangan tartibda ajratilishini nazorat qilib borsin.

26. Turizm va madaniy meros vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 30-aprel,

PQ-232-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qaroriga1-ILOVA

Ichki turizmni diversifikatsiya qilish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3219-son qarorining 3-bandi uchinchi xatboshisidagi “Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga” soʻzlari “Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3514-son qarorida:

a) 8-bandning birinchi xatboshisidagi “2023-yil 31-dekabrga” soʻzlari “2025-yil 1-yanvarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 15-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2020” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-son qaroriga 2-ilovaning 3-bandi chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4819-son qaroriga 8-ilovaning toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“ Sh.A. Nurulloyev — Madaniy meros agentligi direktori ”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5270-son qarorining 7-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “2022” raqami “2023” raqami bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-55-son qarorining 1-bandi “b” kichik bandida:

a) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“oilaviy mehmon uylari, xostellar, oʻtov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni taʼmirlash uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga”;

b) beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.