PF-141-son Farmon · 25.05.2022

Hisob-kitob tizimini takomillashtirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-141
  • Qabul qilingan sana:25.05.2022
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/141/0451

Barcha toifadagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng raqobat sharoiti yaratilishini davom ettirish, shuningdek, hisob-kitob tizimining shaffofligini oshirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning toʻlov intizomini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

a) 2022-yil 15-iyundan boshlab xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tijorat banklarida ochilgan qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga yoʻl qoʻyilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlari (keyingi oʻrinlarda — maxsus maqsadli hisobvaraqlar) tugatiladi.

Bunda, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tugatilgan maxsus maqsadli hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldigʻi ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobvaraqlariga oʻtkaziladi;

b) maxsus maqsadli hisobvaraqlar Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ochiladi va yopiladi;

v) maxsus maqsadli hisobvaraqlarni ochish va (yoki) yopish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalari Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan majburiy ravishda kelishiladi.

2. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga yoʻl qoʻyilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlardan vaqtincha foydalanishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qarorni tasdiqlasin.

3. Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 25-may,

PF-141-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.