PF-154-son Farmon · 14.06.2022

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-154
  • Qabul qilingan sana:14.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:15.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 06/22/154/0524

Fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash hamda faoliyatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida:

1. 2022-yil 1-avgustdan boshlab:

Davlat budjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari boʻyicha ularning asosiy texnik koʻrsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilsin;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilsin.

2. Belgilansinki:

a) Ochiqlik indeksi quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:

davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish holati;

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yoʻlga qoʻyilishi;

budjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;

Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi;

ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;

korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;

jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi;

b) Ochiqlik indeksini baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Ochiqlik indeksi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

baholash har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar boʻlgan davrini oʻz ichiga qamrab oladi;

2022-yilda Ochiqlik indeksi 1-iyuldan boshlab joriy yilning ikkinchi yarmi qamrab olingan davr uchun baholanadi;

Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari har yili 1-aprelga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib boriladi.

3. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Agentlik (A. Burxanov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (A. Abdullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ochiqlik indeksini hisoblash natijalariga koʻra quyidagi choralarni koʻrib borsin:

a) “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish;

b) “sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga koʻmaklashish va amaliy yordam berish;

v) “qizil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarida:

ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisida taklif kiritish;

ochiqlikni taʼminlashda yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarni oʻrganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

amalga oshirilgan ishlar va koʻrilgan choralar ijrosi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitiladi;

baholash natijalari eʼlon qilingach, bir oy muddatda faoliyati “qizil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yoʻl qoʻygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish boʻyicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan Hukumat tizimidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axboroti Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida eshitiladi.

Hukumat tizimiga kirmaydigan tashkilotlar rahbarlarining axborotini Oliy Majlis Senati majlislarida eshitish hamda natijasiga koʻra tegishli choralarni belgilash tavsiya etilsin.

6. Belgilansinki, Agentlikning tavsiyasiga asosan budjet mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bir yilda bir marta faoliyati “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlari bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.

7. Agentlik huzurida uning direktori rahbarligida masʼul davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksini baholash natijalarini koʻrib chiqish va Ochiqlik indeksi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish;

har yarim yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar, rejalashtirilgan loyihalar va chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilib borish;

tahlillar va keng jamoatchilik fikrini oʻrganish asosida ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar koʻlamini kengaytirish, sifatini oshirish va dolzarbligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilash;

davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash borasidagi yangi loyihalarini koʻrib chiqish va ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish.

8. Agentlik (A. Burxanov) Adliya vazirligi (R. Davletov), Davlat statistika qoʻmitasi (B. Begalov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat organlari va tashkilotlari uchun oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirilishi majburiy boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning namunaviy shakllarini;

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirishda ularni pasportlash tizimini joriy etish boʻyicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlarga rioya etilishini masofaviy monitoring qilish, natijalarini rasmiylashtirish va koʻrib chiqish muddatlarini belgilovchi tartibni.

9. 2022-yil 1-iyuldan boshlab Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirishda (eʼlon qilishda) quyidagi tartib belgilansin:

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtiriladi;

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar rasmiy veb-saytning boshqa sahifasiga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda, ular eʼlon qilinmagan deb hisoblanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaning baholash mezoni bajarilmagan deb topiladi.

10. Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida quyidagi qoʻshimcha huquqlar berilsin:

davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirish eʼlon qilish;

ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida eʼlon qilingan ochiq maʼlumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida soʻrovnoma yuborish.

Belgilansinki, Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va soʻrovnomalari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻn kun muddat ichida koʻrib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.

11. Agentlik (A. Burxanov):

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov), Adliya vazirligi (R. Davletov) bilan birgalikda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda ikki oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlari bilan shartnomalar tuzishda qoʻllash uchun tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan ochiqlikni taʼminlash sohasida qonunchilik talablarini buzganlik uchun intizomiy javobgarlikni belgilovchi namunaviy shartlarni ishlab chiqsin va eʼlon qilsin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (A. Abdullayev) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar ochiqlikni taʼminlash boʻyicha monitoring oʻtkazish, ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, shuningdek, Ochiqlik indeksini baholash jarayonlarini Yagona idoralararo axborot tizimi (platforma) orqali yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari Ochiqlik indeksini baholash mezonlari va indikatorlarida belgilangan talablar ijrosiga oid maʼlumotlarni (hujjatlarni) Yagona idoralararo axborot tizimiga (platforma) joylashtirib borishi shart.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

12. Agentlik (A. Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlarini muntazam oʻqitish va malakasini oshirish choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov)ga mazkur Farmonning mazmun va mohiyatini hamda Ochiqlik indeksini hisoblash natijalarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

15. Agentlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 14-iyun,

PF-154-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoniga 1-ILOVA

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika (keyingi oʻrinlarda — Metodika) davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha monitoring oʻtkazish, sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini baholash orqali Ochiqlik indeksini hisoblash tartibini belgilaydi.

2. Baholash davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash borasidagi samaradorlik koʻrsatkichlarini chuqur tahlil qilish, baholash, tizimli ravishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilishning ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini joriy etish maqsadida oʻtkaziladi.

3. Baholash va mazkur faoliyatda ishtirok etadigan davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.

4. Ushbu Metodikada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi — Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Milliy statistika qoʻmitasining zarur bilim va tajribaga ega yuqori malakali mutaxassis va ekspertlaridan iborat tarkibda tuziladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash natijalari boʻyicha Ochiqlik indeksini hisoblash haqida yakuniy qaror qabul qiladigan, muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan shakllantiriladigan kollegial organ;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

davlat organlari va tashkilotlari — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari;

indikator — ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlashda baholanishi lozim boʻlgan asosiy koʻrsatkich;

muvofiqlashtiruvchi organ (ishchi organ) — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;

masʼul xodimlar — ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari bajarilishini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash vazifasi yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari hamda murojaatlar bilan ishlash boʻlinmalari xodimlari;

monitoring qilish va baholash — indikatorlarda belgilangan mezonlar asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlash orqali ularning eng yuqori natijadan eng past natijagacha saralangan roʻyxatdagi oʻrnini belgilash;

baholashda ishtirok etadigan davlat organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Milliy statistika qoʻmitasi.

(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

5. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

qonuniylik — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholashni qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirish;

betaraflik — monitoring va baholash faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlarining xodimlari oʻz vakolat va vazifalarini har qanday davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslardan qatʼi nazar, faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshirishi;

xolislik — davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik sohasidagi faoliyatini monitoring qilish va baholashni subyektiv fikrlarning taʼsir qilishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirish;

maxfiylikni taʼminlash — davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan iborat, shuningdek, oshkor etilishi natijasida shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat yoxud davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axborotni eʼlon qilishda qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya qilish;

ochiqlik va shaffoflik — monitoring va baholash faoliyati haqidagi maʼlumot va axborotlardan toʻliq, oʻz vaqtida, erkin va bepul foydalanish imkoniyatini taʼminlagan holda, ularni belgilangan axborot resurslariga joylashtirish;

ishonchlilik — muvofiqlashtiruvchi organning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini monitoring qilish va baholashda ochiq eʼlon qilingan maʼlumotlarning ishonchliligini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallarni talab qilib olishi, ularning haqqoniyligiga shubha paydo boʻlgan taqdirda mustaqil manbalar orqali oʻrganishni amalga oshirishi.

6. Baholash mazkur Metodikaga 1 — 8-ilovalarda keltirilgan alohida mezonlardan tashkil topgan indikatorlar asosida amalga oshiriladi.

2-bob. Monitoring qilish va baholash tartibi

7. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi Agentlik tomonidan monitoring qilib boriladi.

8. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorlik va natijadorlik darajasi Metodikaga tegishli ilovalar boʻyicha quyidagi masʼul davlat organlari tomonidan baholash indikatorlari va mezonlari asosida baholanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi — Metodikaga 1-ilovada nazarda tutilgan mezonlar boʻyicha;

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi — Metodikaga 2-ilovada nazarda tutilgan mezonlar boʻyicha;

Agentlik — Metodikaga 3, 6 — 8-ilovalarda nazarda tutilgan mezonlar boʻyicha;

Moliya vazirligi — Metodikaga 4-ilovada nazarda tutilgan mezonlar boʻyicha;

Milliy statistika qoʻmitasi — Metodikaga 5-ilovada nazarda tutilgan mezonlar boʻyicha.

(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

9. Baholashda toʻplangan ballar rasmiy veb-sayt, Ochiq maʼlumotlar portali, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar, maxsus dasturiy taʼminot va uning mobil ilovalari hamda boshqa axborot resurslarida joylashtirilgan (qonunchilik hujjatlari, indikator yoki baholash mezonida axborot resursi aniq koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno) statistik va tahliliy maʼlumotlar, shuningdek, joriy etilgan mexanizm hamda platformalarni inobatga olgan holda hisoblanadi.

10. Axborot resurslarida yangilab borishning aniq muddati qonunchilik hujjatlari asosida belgilanmagan taqdirda, maʼlumotlarni yangilab borishning oxirgi muddati quyidagi tartibda hisoblanadi:

doimiy (muntazam) yangilab boriladigan maʼlumotlar — bir sutkadan kechiktirmay;

har oyda yangilab boriladigan maʼlumotlar — keyingi oyning beshinchi sanasi;

har chorakda yangilab boriladigan maʼlumotlar — har chorak yakunidan keyingi oyning oʻninchi sanasi;

har yarim yillikda (har olti oyda) yangilab boriladigan maʼlumotlar — har olti oy yakunidan keyingi oyning oʻn beshinchi sanasi;

har yillik (bir yilda bir marotaba) yangilab boriladigan maʼlumotlar — har yil yakunidan keyingi yilning 20-fevral sanasi.

11. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi va natijadorligining reytingi Agentlik (ishchi organi) tomonidan aniqlanadi.

Bunda, reyting har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar boʻlgan davrni oʻz ichiga qamrab oladi.

12. Indikatorlar kesimida toʻplangan ballarni hisoblash baholashda ishtirok etadigan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Baholashda ishtirok etadigan davlat organlari oʻzlari masʼul boʻlgan indikatorlar boʻyicha toʻplangan ballarning hisoblash koʻrsatkichlarini mazkur Metodikaga 9-ilovadagi sxemaga asosan muvofiqlashtiruvchi organga har yili 10-martga qadar rasmiy tartibda yuboradi.

Toʻplangan ballarni hisoblash natijalarining haqqoniyligi yoki asosliligiga shubha uygʻotuvchi holat mavjudligi aniqlangan taqdirda, ular muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan qayta oʻrganib chiqilishi mumkin.

13. Agentlik har yili 20-martga qadar barcha indikatorlar boʻyicha toʻplangan ballarning hisoblash koʻrsatkichlarini davlat organlari va tashkilotlari kesimida umumlashtirib, Ochiqlik indeksini hisoblash natijalarini koʻrib chiqish uchun Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Baholash komissiyasi) taqdim etadi.

Agentlik Baholash komissiyasi ixtiyoriga Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari bilan birga quyidagilarni qamrab olgan oʻz xulosasini taqdim etadi:

baholash yilida ochiqlikni taʼminlash sohasida yuqori samaradorlikka erishgan davlat organlari va tashkilotlari, ularning amaliyotga samarali joriy etgan ijobiy ish tajribasi;

yuqori samaradorlikka erishgan davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar;

baholash yilida eng past natijalarni qayd etgan davlat organlari va tashkilotlari, ularning indikator va mezonlar kesimida ijro etmagan koʻrsatkichlari hamda yoʻl qoʻygan kamchiliklari tahlili;

kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilash boʻyicha ishlab chiqiladigan chora-tadbirlar dasturi boʻyicha takliflar;

chuqur tahlillar asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash faoliyatida yoʻl qoʻyib kelinayotgan huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, sohada ilgʻor xalqaro standartlarni keng joriy etish orqali samaradorlik hamda natijadorlikni yanada oshirish choralari boʻyicha takliflar;

joriy yilda ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar, rejalashtirilgan loyihalar, hudud va tarmoqlarga mazkur faoliyatga taalluqli dasturlarini yuqori saviyada ijro qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar.

14. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari Baholash komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

15. Baholash komissiyasi tarkibiga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham kiritilishi mumkin.

16. Agentlik direktori Baholash komissiyasining raisi hisoblanib, uning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

17. Baholash komissiyasi kamida yetti nafar aʼzodan iborat tarkibda Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Milliy statistika qoʻmitasining tavsiyasi asosida Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

18. Baholash komissiyasi toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi, uning aʼzolari tarkibi va soni baholash yoʻnalishlari hamda indikator koʻrsatkichlarini hisoblash usullari inobatga olingan holda oʻzgartirilishi mumkin.

19. Baholash komissiyasi aʼzolari xolis boʻlishi va baholash yakunlaridan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi kerak.

20. Baholash komissiyasi ishiga rais rahbarlik qiladi. U Baholash komissiyasining reglamentini tasdiqlaydi, majlislarini chaqiradi va olib boradi, ovozga qoʻyishni tashkillashtiradi va qabul qilingan qarorlarni eʼlon qiladi, shuningdek, Baholash komissiyasi majlislarining bayonnomalarini imzolaydi. Baholash komissiyasi raisi yoʻqligida uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi.

21. Baholash komissiyasi raisining oʻrinbosari Agentlik direktorining tavsiyasi bilan komissiya qarori asosida tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.

22. Baholash komissiyasining tezkor faoliyatini uning ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan kotibi tashkil etadi.

23. Qoidaga koʻra, Baholash komissiyasi kotibi Agentlik masʼul xodimlari orasidan komissiya qarori asosida tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.

24. Baholash komissiyasining ishchi organi vazifa va vakolatlari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

25. Baholash komissiyasining har bir aʼzosi Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari boʻyicha ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki unda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Baholash komissiyasining raisi ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.

26. Baholash komissiyasining majlislari aʼzolari hozirligida yuzma-yuz oʻtkaziladi.

27. Baholash komissiyasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi yuzasidan yakuniy qarorni ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qiladi.

28. Baholash komissiyasi majlislariga baholash jarayonida yuzaga kelgan noaniqlik va boshqa zarur deb topilgan hollarda vazirlik va idoralarning ekspertlari, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislari taklif etilishi mumkin.

29. Baholash komissiyasi qarori komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

30. Ovozlar teng boʻlganda, Baholash komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

31. Baholash komissiyasi qarorlari uning aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

32. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi har yil yakunlariga koʻra (keyingi yilning 1-apreliga qadar) Agentlik tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalari orqali ochiq eʼlon qilinadi.

33. Agentlik Baholash komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari va tahliliy maʼlumotlarini har yili 15-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.

3-bob. Ochiqlik indeksini hisoblash tartibi

34. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi aniqlanadigan indikatorlar miqdoriga qarab “0” balldan “100” ballgacha baholanib, Ochiqlik indeksi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

35. Indikatorlarni baholash natijalariga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi reyting bali boʻyicha:

71 balldan 100 ballgacha boʻlganda — “yashil”;

55 balldan 71 ballgacha boʻlganda — “sariq”;

55 balldan past boʻlganda — “qizil” deb topiladi.

36. Baholash indikatorlari boʻyicha ballar quyidagicha taqsimlanadi:

birinchi indikator — maksimal 20 ball;

ikkinchi indikator — maksimal 20 ball;

uchinchi indikator — maksimal 16 ball;

toʻrtinchi indikator — maksimal 6 ball;

beshinchi indikator — maksimal 8 ball;

oltinchi indikator — maksimal 11 ball;

yettinchi indikator — maksimal 15 ball;

sakkizinchi indikator — maksimal 4 ball.

(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

37. Yakuniy ball mazkur Metodikaning 2-bobida koʻrsatilgan indikatorlardagi ballarni bir-biriga qoʻshish orqali aniqlanadi.

4-bob. Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar

38. Baholash komissiyasi bayoni bilan:

“yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash borasidagi ijobiy tajribasini ommaviy axborot vositalari orqali ommalashtirish chora-tadbirlari amalga oshiriladi;

“yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlarini budjet va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida (bir martalik) ragʻbatlantirish boʻyicha taklif kiritib boriladi;

“sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, ularni amalga oshirishda koʻmaklashish va amaliy yordam berish choralari koʻriladi;

“qizil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqida taklif kiritib boriladi;

ochiqlikni taʼminlashda tizimli ravishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish hamda ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

5-bob. Yakunlovchi qoida

39. Ushbu Metodika talablarini buzgan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga1-ILOVA

Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlar faoliyatining samaradorligini

Bunda:

U — davlat organi yoki tashkilotining matbuot kotibi tomonidan joriy baholash davrida barcha mezonlar boʻyicha toʻplangan umumiy ballarning yigʻindisi;

10 — axborot xizmati rahbarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari soni (joriy baholash davrida toʻplangan ballar baholash mezonlari soniga boʻlinadi);

J — jami hisoblangan ball (joriy baholash davrida toʻplangan ballar baholash mezonlari soniga boʻlinganida hosil boʻlgan ball).

Izoh.

1. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan jamlanib, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtiruvchi organga taqdim qilinadi.

Muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan umumiy toʻplangan ballar indikatorda koʻrsatilgan mezonlar soniga boʻlinib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

2. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda, oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallarni ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 2-ILOVA

Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish holatini

Izoh:

1. Indikatorning barcha baholash mezonlaridagi maʼlumotlar (axborotlar) hamda koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi yoki koʻrsatilishi darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

2. Har bir baholash mezonining birinchi bandida belgilangan barcha talablar toʻliq bajarilmagan, yangilab borish davriyligiga rioya qilinmagan, hajmining toʻliq emasligi yoki notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilgan, shuningdek, foydalanish qulayligi talablariga rioya qilinmagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 balldan 3 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tomonidan jamlanib, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtiruvchi organga taqdim qilinadi.

Muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan umumiy toʻplangan ballar indikatorda koʻrsatilgan mezonlar soniga boʻlinib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda, oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallarni ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 3-ILOVA

Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yoʻlga qoʻyilishini

Izoh:

1. Indikatorning barcha baholash mezonlarida koʻrsatilgan ochiq maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilish darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

Bunda, indikatorning baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar (axborot, blok, tizim, tartib) rasmiy veb-saytning bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtirilishi, maʼlumotlar boshqa sahifaga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda baholash mezoni bajarilmagan deb topilishiga sabab boʻladi.

2. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamlanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtirilib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

3. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

*Baholash mezonlari boʻyicha maʼlumotlarni eʼlon qilish va yangilab borishning qonunchilik yoki Metodikada koʻrsatilgan har bir muddatlari (davr) alohida baholab boriladi.

Indikatordagi 6 — 11-mezonlar boʻyicha baholash ballarini yakuniy hisoblash tartibi:

Bunda:

U — davlat organi yoki tashkilotning baholash yili davomida butun davr uchun toʻplagan umumiy ballarining yigʻindisi;

4 (2) — baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumot (axborot) baholash yili davomida yangilanishi lozim boʻlgan davriylik miqdori (butun davr uchun toʻplagan ballar maʼlumotlarni yangilab borish davriyligiga boʻlinadi);

J — jami hisoblangan ball (butun davr uchun toʻplagan ballar maʼlumotlarni yangilab borish davriyligiga boʻlinganida hosil boʻlgan ball).

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 4-ILOVA

Budjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishini

Izoh:

1. Indikatorning barcha baholash mezonlarida koʻrsatilgan ochiq maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilish darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

2. Har bir baholash mezonining birinchi bandida koʻrsatilgan talablar toʻliq bajarilmagan, yangilab borish davriyligiga rioya qilinmagan, hajmining toʻliq emasligi yoki notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilgan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Moliya vazirligi tomonidan jamlanib, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtiruvchi organga taqdim qilinadi.

Muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan umumiy toʻplangan ballar indikatorda koʻrsatilgan mezonlar soniga boʻlinib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Moliya vazirligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 5-ILOVA

Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishini

Izoh:

1. Indikatorning barcha baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilish darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

2. Baholash mezoni boʻyicha eʼlon qilingan (bogʻlangan) maʼlumotlarni yangilash davriyligiga rioya qilinmaganligi, hajmining toʻliq emasligi yoki notoʻgʻri ekanligi, foydalana olish imkoniyati va qulayligi talablarga javob bermagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 balldan 3 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan jamlanib, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtiruvchi organga taqdim qilinadi;

Muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan umumiy toʻplangan ballar indikatorda koʻrsatilgan mezonlar soniga boʻlinib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Milliy statistika qoʻmitasi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga6-ILOVA

Ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishini

Izoh.

1. Indikator baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumot (axborot) va xizmatlar davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-sayti hamda maxsus dasturiy taʼminot vositalari orqali eʼlon qilinishi (davlat xizmatini koʻrsatish) darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

2. Har bir baholash mezonining birinchi bandida koʻrsatilgan barcha talablar toʻliq bajarilmagan, hajmining toʻliq emasligi, notoʻgʻri maʼlumotlardan foydalanilgan yoki foydalanish imkoniyati talablariga javob bermagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamlanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtirilib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

* Indikatordagi 2-3-mezonlar boʻyicha baholash ballarini yakuniy hisoblash tartibi:

Bunda:J=U4

U — davlat organi yoki tashkilotning baholash yili davomida butun davr uchun toʻplagan umumiy ballarining yigʻindisi;

4 — baholash mezonlarida koʻrsatilgan talablarni baholash yilining har chorakdagi yigʻindisi (butun davr uchun toʻplagan ballar baholash amalga oshiriladigan davriga boʻlinadi);

J — jami hisoblangan ball (butun davr uchun toʻplagan ballar baholash oʻtkaziladigan davrlarga boʻlinganida hosil boʻlgan ball).

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 7-ILOVA

Korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holatini

Izoh:

1. Indikator baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar (axborot) davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi hamda maxsus dasturiy taʼminot vositalari orqali amalga oshirilishi darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).

2. Baholash mezonlarining birinchi bandida koʻrsatilgan talablar toʻliq bajarilmagan, hajmining toʻliq emasligi, notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilgan yoki foydalanish imkoniyati talablarga javob bermagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 balldan 3 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamlanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtirilib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

*Indikatorning 8 va 9-baholash mezonlari boʻyicha eng kam miqdor har yili ikki martadan (ikkitadan) kam boʻlgan taqdirda mezonlar boʻyicha maksimal ballning 50 foizi miqdorida baholanadi.

(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 8-ILOVA

Jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini

Izoh:

1. Indikator baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar (axborot) davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi darajasi boʻyicha baholanadi.

2. Har bir baholash mezonining birinchi bandida koʻrsatilgan talablar toʻliq bajarilmagan, yangilab borish davriyligiga rioya qilinmagan, hajmining toʻliq emasligi yoki notoʻgʻri ekanligi yoxud foydalanish imkoniyati talablarga javob bermagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.

3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamlanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtirilib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.

4. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda, oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.

(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ILOVA

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini

(9-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoniga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmonining 2-bandi quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi — oʻn sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish;

davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga koʻmaklashish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;

Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;

ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini taʼminlash muhimligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati quyidagi mazmundagi 35-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida:

a) 3-kichik band quyidagi mazmundagi oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“davlat ishtirokidagi korxonalarga sarflangan Davlat budjeti mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirib boradi va ularning har chorakda yangilanishini taʼminlaydi”;

b) 5-kichik band quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“tegishlicha xorijdan jalb etilgan mablagʻlar, shu jumladan davlat tashqi qarzi summalari hamda ularning sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirib boradi va ularning har chorakda yangilanishini taʼminlaydi”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3837-son qarorida:

a) 4-bandda:

quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“davlat organining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bogʻliq ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlash”;

sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar tegishincha toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) ilovada:

8-bandda:

quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“davlat organining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bogʻliq ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlash”;

sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar tegishincha toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;

16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“16. Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan aʼzolari haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, ularning aloqa maʼlumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan oʻzgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi shart”;

22-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Jamoatchilik kengashining yigʻilishlari va kun tartibidagi masalalar davlat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi shart”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4761-son qaroriga ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PQ-4761-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Agentlik boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 50 nafar”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.