PQ-287-son Qaror · 20.06.2022

Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-287
  • Qabul qilingan sana:20.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:20.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/287/0543

Qoʻl jangi sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari oʻrtasida yanada ommalashtirish, soha uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

qoʻl jangi boʻyicha 10 ming nafardan ortiq yoshlar va harbiy xizmatchilar (xodimlar) sport mashgʻulotlari bilan muntazam shugʻullanib kelayotganligi;

qoʻl jangi boʻyicha 230 nafar Oʻzbekiston sport ustalari va 60 nafar Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustalari yetishib chiqqanligi;

qoʻl jangi oʻzida boks, taekvondo, kurash, karate, sambo, ushu kabi sport turlarini jamlaganligi va soʻnggi yillarda boshqa anʼanaviy sport turlariga nisbatan keng ommalashib borayotganligi;

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi respublikaning huquqni muhofaza qilish organlari va “Dinamo” jismoniy tarbiya sport jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilganligi;

qoʻl jangi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari orasida har yili oʻtkaziladigan “Armiya oʻyinlari” dasturiga kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoʻl jangi sport turini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

qoʻl jangi boʻyicha tizimli ravishda musobaqalar oʻtkazish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya);

qoʻl jangini yanada ommalashtirish, bu borada yoshlarni sport klublari, sport maktablarining seksiyalari va toʻgaraklariga keng jalb etish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qoʻshilib ketishining oldini olish;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

qoʻl jangi boʻyicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;

qoʻl jangi bilan shugʻullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;

qoʻl jangini ham ustuvor sport turi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga bosqichma-bosqich kiritish;

qoʻl jangini Qurolli Kuchlar xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda aholi oʻrtasida, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib qilish.

3. Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Sportni rivojlantirish vazirligining 2023-yildan boshlab anʼanaviy tarzda qoʻl jangi sport turi boʻyicha:

har yili Toshkent shahrida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan Qurolli Kuchlar chempionatini hamda oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik va jasorat koʻrsatib, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan Xotira turnirini tashkil etish;

har yili Namangan shahrida professional sportchilar oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” xalqaro turnirini oʻtkazish;

har ikki yilda bir marotaba Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida yoshlar oʻrtasida “Amir Temur kubogi” xalqaro turnirini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi (R. Djurayev), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

ikki oy muddatda ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

xalqaro turnirlarda mahalliy sportchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan kuchli xalqaro sportchilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;

yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm qoʻmitasi (U. Shadiyev) yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

(3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

4. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov), Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi (R. Djurayev):

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

uch oy muddatda qoʻl jangi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish rejasini tasdiqlasin va uning amalga oshirilishini taʼminlasin;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablarida qoʻl jangi boʻyicha taniqli va faxriy sportchilar hamda trenerlar ishtirokida seminar, trening, mahorat saboqlarini tashkil etsin.

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) har bir hududning bitta tuman (shahar)ida qoʻl jangini ustuvor sport turi sifatida belgilasin hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:

tegishli tuman (shahar)da qoʻl jangi boʻyicha sport bazalarini tashkil etish yoki mavjudlarini ushbu sport turiga qayta ixtisoslashtirish;

tegishli tuman (shahar)da qoʻl jangini ommalashtirish maqsadida mahalliy budjetlarning qoldiq mablagʻlari va daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan mablagʻ yoʻnaltirish;

b) Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashsin;

v) joylardagi rahbar kadrlar orasidan nomzodlarni Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining raisi lavozimiga tavsiya etib borsin.

6. Toshkent shahar hokimligi (J. Artikxodjayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov), Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov) 2022-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasini maʼmuriy bino bilan, shuningdek, qoʻl jangi boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolarining oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun sport bazasi bilan tekin foydalanish huquqi asosida taʼminlash choralarini koʻrsin. Bunda:

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi tomonidan sport bazalariga metodik yordam koʻrsatish;

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi tomonidan umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik, oʻquv mashgʻulotlari va musobaqalarni oʻtkazish uchun ochiq turdagi sport maydoni va sport zallaridan foydalanish belgilab qoʻyilsin.

7. Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha manzilli chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Milliy gvardiya (R. Djurayev), Davlat xavfsizlik xizmati (A. Azizov), Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A. Kuldashev), Davlat bojxona qoʻmitasi (A. Mavlonov) va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bir oy muddatda Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga qoʻl jangini kiritish, shuningdek, tizim xizmatchilari va xodimlari orasida mazkur sport turini keng targʻib qilish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

9. Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi (R. Djurayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) hamda Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻl jangi sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirishga qaratilgan targʻibot dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

qoʻl jangi boʻyicha maqolalar yozish va eʼlon qilish, shuningdek, maxsus roliklar tayyorlash va efirga uzatish;

faxriy ustozlar va nufuzli musobaqalar gʻoliblari ishtirokida turkum telekoʻrsatuvlarni tashkil etish;

qoʻl jangi boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish jarayonlarini hamda ularda erishilgan yutuqlarni keng yoritish va targʻib qilish.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy telekanallar, ommaviy axborot vositalari va boshqa kommunikatsiya manbalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari, qoʻl jangi sport turi boʻyicha maʼlumotlarni keng yoritib borish ishlarini amalga oshirib borsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov hamda Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qoʻl jangi federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Djurayev belgilansin.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 20-iyun,

PQ-287-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-iyundagi PQ-287-son qaroriga ILOVA

Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha manzilli chora-tadbirlar dasturi

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.