Diplomatik kadrlar hamda mamlakat tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining ilmiy-tadqiqot taʼminotini kuchaytirish, diplomatik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning zaxirasini yaratish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Tashqi ishlar vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi avlod oliy taʼlim muassasasi — “Smart Universitet” konsepsiyasi asosida Universitet faoliyatini transformatsiya qilish:
Universitetda akademik faoliyatni ilmiy-tahliliy yoʻnaltirilganlik va akademik yaxlitlik taʼlim texnologiyalari hamda ularni taʼminlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etish;
talabalarda bilimni mustaqil shakllantirish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida taʼlimni raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, oʻquv dasturlari va ular kontentlarining raqamlashtirilgan shakllari, jumladan darsliklar, ilmiy-tadqiqot ishlari, maqolalar, taqdimotlar, multimedia taʼlim mahsulotlari, maʼruzalarning audio va video yozuvlarini oʻz ichiga oluvchi maxsus platformani joriy etish;
talabalar uchun bakalavriat va magistraturaning barcha bosqichlarida individual taʼlim trayektoriyasini ishlab chiqish, oʻquv reja va dasturlarida, shu jumladan fanlar ketma-ketligi asosida oʻqitishni nazarda tutish;
axborot resurs markazlari fondlarini elektron shaklga oʻtkazish, dunyoning nufuzli ilmiy maʼlumot bazalariga ulanish, nazorat ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari hamda boshqa resurslardan iborat ilmiy-texnik maʼlumotlar elektron bazasini yaratish;
oʻquv va ilmiy jarayonlarni boshqarish, talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, shuningdek, barcha hujjatlar aylanmasini raqamlashtirish;
b) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab muntazam ravishda ilgʻor marketing strategiyasi asosida Universitet brendini yanada ommalashtirish, unda olib borilayotgan akademik, ilmiy va maʼrifiy jarayonlarni milliy va xalqaro maydonda keng targʻib etish;
v) 2025-yilga qadar Universitetni xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings yoki Times Nigher Education) (keyingi oʻrinlarda — xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar) sohaviy, mintaqaviy yoxud tematik reytinglariga kiritilishiga erishish.
2. Universitet (S. Safoyev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Universitet faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida quyidagilarni amalga oshirsin:
a) har yili:
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1 000 talik roʻyxatiga kirgan oliy taʼlim muassasalarining 10 — 20 nafar professor-oʻqituvchilari Universitetning oʻquv va ilmiy jarayoniga jalb qilinishini taʼminlash;
Universitetning kamida 10 nafar professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun, shuningdek, talabalar almashinuvi dasturlari asosida tahsil olish uchun yuborish;
b) 2025-yil 1-yanvarga qadar:
Universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kiritish choralarini koʻrish;
Universitet ilmiy salohiyatining 60 foizga yetkazilishini taʼminlash;
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 500 talik roʻyxatiga kirgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kamida 4 ta qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
kamida 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va kamida 3 ta magistratura mutaxassisliklarini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazish.
3. Universitetga:
xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari, jahon iqtisodiyoti, xalqaro huquq ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash hamda mazkur ilmiy kengashlarga talabgorlarni ilmiy darajalarda mustaqil tasdiqlash boʻyicha qarorlar qabul qilish;
professor-oʻqituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati berilsin.
4. Universitet hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2022/2023 oʻquv yili ikkinchi semestrida Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan Universitet oʻrtasida talabalar almashinuvini nazarda tutuvchi ichki akademik mobillik dasturlari asosida taʼlim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
5. Tashqi ishlar vazirligi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Universitet talabalarini ular amaliyot oʻtashi uchun yetakchi korxona va tashkilotlar, jumladan xalqaro faoliyatga jalb etilgan vazirlik va idoralar boʻlinmalari, huquqiy yoki konsalting, taʼlim va boshqa xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, turizm obyektlariga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini band qilish choralarini koʻrsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuborilishini taʼminlasin.
6. Quyidagilar:
2022 — 2025-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2022-2023-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2022 — 2026-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedralarini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga biriktirish roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Universitet huzuridagi Oliy diplomatiya maktabi negizida Diplomatik akademiya (keyingi oʻrinlarda — Diplomatik akademiya) tashkil etilsin va quyidagilar uning ustuvor vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda diplomatik kadrlar, jumladan yuqori boʻgʻin diplomatlarini (elchi va maslahatchilarni) tizimli ravishda tayyorlash;
davlat boshqaruvi tizimi va mahalliy hokimiyat organi xodimlari safidan munosib nomzodlarni tanlab olish, tayyorlash hamda diplomatik rahbar xodimlar (elchi, bosh konsul va maslahatchilar) zaxirasini yaratish;
kamida 3 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlarni tor magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tashqi siyosiy, tashqi iqtisodiy va xalqaro-huquqiy faoliyat sohasidagi mutaxassislar hamda xodimlarni qisqa va uzoq muddatli oʻquv kurslarida toʻlov-shartnoma asosida, shu jumladan masofaviy tarzda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasiga muvofiq xorijga uzoq muddatli safarga chiqib ketayotgan xodimlar, shu jumladan maʼmuriy-texnik xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun mezbon mamlakatning oʻziga xosliklari, diplomatik protokol va etiket xususiyatlari, chet elda yashash hamda mahalliy aholi bilan muloqot qoidalari kabilar bilan tanishtirishga qaratilgan qisqa muddatli kurslar tashkil qilish;
yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan birgalikda magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish;
diplomatik faoliyatni ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, xalqaro munosabatlarning dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarni, shu jumladan milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;
respublika oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari uchun Universitet taʼlim yoʻnalishlariga mos boʻlgan doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil qilish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy taʼlimni keng joriy etish;
diplomatik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shugʻullanadigan yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.
Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab roʻyxati 5-ilovada keltirilgan lavozimlarga Diplomatik akademiyaning oʻquv kurslarini tamomlagan nomzodlar tayinlanadi.
8. Diplomatik akademiya Universitet Kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda:
kasbiy standartlar asosida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan malaka talablari, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajriba va oʻquv jarayonining amaliyot bilan qoʻshib olib borilishini hisobga oluvchi baholash tizimi boʻyicha oʻqitishni tashkil etish;
toʻlov-kontrakt va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shartnoma asosida mutaxassislarni taklif qilish, Diplomatik akademiya xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
shartnoma asosida konsalting va ekspert-analitik xizmatlar koʻrsatish choralarini koʻrsin.
9. Belgilansinki:
a) Universitet rektoriga Kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida Diplomatik akademiya tashkiliy tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi;
b) Diplomatik akademiya:
xodimlariga respublika oliy taʼlim muassasalarida tegishli lavozimlar uchun koʻzda tutilgan mehnatga haq toʻlash miqdori va shartlari tatbiq qilinadi;
Oliy diplomatiya maktabining huquq, majburiyat va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, Universitet ajratmalari, shartnoma asosidagi xizmatlardan tushgan mablagʻlar, ilmiy-tadqiqot dasturlari uchun ajratilgan grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Universitetni xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar yoʻnalishida mamlakatning yetakchi muassasasiga aylantirish maqsadida Universitet tuzilmasidagi Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakat tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini tizimli ravishda ilmiy-metodologik hamda axborot-tahliliy jihatdan taʼminlab borish;
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti, xalqaro huquq, mintaqashunoslik va mamlakatshunoslikning dolzarb muammolarini fanlararo asosda oʻrganish;
hozirgi zamon jahon siyosati va iqtisodiyotining dolzarb muammolarini tadqiq qilish boʻyicha mamlakat boshqaruv organlari oʻzlarining xalqaro faoliyatlarida foydalanishlari uchun tegishli axborot-tahliliy va prognoz hujjatlar hamda tavsiyalar tayyorlash;
Afgʻoniston va Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yevropa va Amerikani oʻrganish, hozirgi global taraqqiyot, barqaror rivojlanish muammolari, energetik geosiyosat, iqtisodiy diplomatiya, xalqaro-huquq masalalari boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish, konfliktologiya masalalarini oʻrganish.
12. Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi “Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq” jurnali tahririyatini (keyingi oʻrinlarda — Tahririyat) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Universitet (S. Safoyev) jurnalni yetakchi xorijiy va mahalliy olimlarning Oʻzbekiston manfaatlariga mos zamonaviy xalqaro-siyosiy, huquqiy va iqtisodiy muammolarga bagʻishlangan maqolalarini jamlovchi va chop etuvchi ixtisoslashgan nufuzli ilmiy nashr darajasiga olib chiqishni taʼminlasin.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Institut hamda Tahririyat faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida Hukumat qarorini qabul qilsin.
13. Belgilansinki, Diplomatik akademiya, Institut hamda Tahririyat rahbarlari Universitet rektori tomonidan Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
14. Mamlakat tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati hamda xalqaro huquq sohalari uchun iqtidorli yoshlarni saralab olish, malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan milliy taʼlim tizimining uzluksizligi va izchilligini taʼminlash maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Universitetga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
Universitet huzuridagi akademik litseyning (keyingi oʻrinlarda — Akademik litsey) oʻquv-uslubiy jarayonini muvofiqlashtirish, uning tuzilmasi, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, qabul parametrlari va taʼlim yoʻnalishlarini belgilash;
Akademik litsey pedagog xodimlarining mehnatini meʼyorlashtirish;
Akademik litseyda fakultativ mashgʻulotlar oʻtkazishni autsorsing shartlarida tashkil etish.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Akademik litseyning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid Hukumat qarorini qabul qilsin.
15. Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib tashqi ishlar vaziri v.b. V.I. Norov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.H. Toshqulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-iyul,
PQ-330-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2025-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 2-ILOVA
2022-2023-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish
Izoh: loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari loyiha-smeta hujjatlari va tanlov (tender) savdolari natijalari asosida aniqlashtiriladi.
Shundan:
12,7 mlrd soʻm Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan;
2,9 mlrd soʻm Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari, grant mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 3-ILOVA
2022 — 2026-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 4-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedralarini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga biriktirish
Izoh: Tashqi ishlar vazirligi biriktirilgan kafedralar hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 5-ILOVA
Tayinlanish uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning oʻquv kurslarini tamomlash talab etiladigan lavozimlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi PQ-330-son qaroriga 6-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya
Maʼmuriy-boshqaruv xodimlar soni 19 nafar.
Professor-oʻqituvchilar, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan meʼyoriy-normativ hujjatlarga asosan aniqlanadi.