Aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, ushbu manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlari etib belgilansin:
aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari xarid qilishini moliyaviy ragʻbatlantirish;
maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarda, shu jumladan aholi massivlari va xonadonlarida muqobil energiya manbalarini qoʻllash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga doir biznes loyihalarining jozibadorligini oshirish orqali sohaga xususiy investitsiyalarni kengroq jalb qilish;
quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda kichik gidroelektr stansiyalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash.
2. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida belgilansinki, 2022-yil 1-oktabrdan boshlab:
jismoniy shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — isteʼmolchilar) Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini (keyingi oʻrinlarida — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari) 3 yil mobaynida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sotib olish imkoniyati yaratiladi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini toʻliq toʻlagan holda ularni xarid qilgan va oʻrnatgan isteʼmolchilarga xarid xarajatlarining bir qismi mazkur Farmonning 1- va 2-ilovalariga muvofiq miqdorlarda Jamgʻarma hisobidan kompensatsiya qilinadi;
isteʼmolchilar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari toʻgʻridan-toʻgʻri mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiqaruvchi va servis korxonalari), mahalliy chakana savdo obyektlaridan, shu jumladan elektron tijorat vositalari orqali sotib olinganda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.
3. Moliya vazirligi 2022-yil yakuniga qadar mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga uning asoslantirilgan talabnomalariga muvofiq Davlat budjeti hisobidan 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.
Energetika vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya berish va boʻlib-boʻlib toʻlash mexanizmlarini joriy qilishga doir qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, ishlab chiqaruvchi va servis korxonalari hamda Jamgʻarma oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik jarayonlari Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha elektron platforma orqali amalga oshirilishi, platformada ishlab chiqaruvchi va servis korxonalarining bajarilgan ishlar sifati va kafolatlash darajasi boʻyicha reytingini yuritish, isteʼmolchilar tomonidan ularning ishini baholash imkoniyatlari nazarda tutilsin.
4. Maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) oʻn kun muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2023-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin:
hududlardagi 34 mingdan ortiq obyektlarda, shu jumladan 619 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivi va 28 mingdan ziyod xonadonlarda muqobil energiya manbalarini joriy qilish;
vazirlik va idoralar kesimida 6 mingdan ortiq obyektlarda energiya sarfi hajmida muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish.
Bunda, maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralarga:
budjetdan tashqari jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish;
2023 — 2025-yillarda elektr energiyasi uchun moʻljallangan xarajatlardan tejalgan mablagʻlarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga (2022-yilda ularning 20 foizi va 2023-yilda 80 foizi) 2022-yilda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari va 2023-yilda mahalliy budjet parametrlarida ushbu tadbirlar uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (har bir xonadonga quvvati 1 kVtgacha boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi va (yoki) hajmi 100 litrdan kam boʻlmagan quyosh suv isitish qurilmasi) oʻrnatilishini taʼminlasin;
2023-yildagi mahalliy budjet parametrlarini shakllantirishda mazkur kichik banddagi tadbirlar uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan (kafolatlangan tarzda II guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) isteʼmolchi xohishiga koʻra, kamida 10 yil muddat davomida xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Bunda, jismoniy va yuridik shaxslar boʻlgan isteʼmolchilar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan, quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvati ushbu isteʼmolchilarning hududiy elektr taʼminoti korxonalaridan olgan texnik shartlarda koʻrsatilgan maksimal quvvatdan oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
b) asosiy faoliyati quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda kichik gidroelektrstansiyalar qurilmalarini ishlab chiqarish boʻlgan yuridik shaxslar, shu jumladan 2025-yil 1-sentabrga qadar yangi tashkil etiladigan shunday yuridik shaxslar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida yuridik shaxslarning foyda soligʻi hamda mol-mulk soligʻini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida toʻlaydi;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha (shu jumladan, davlat va xususiy) taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish obyektlari, sport komplekslari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan koʻp xonadonli uy-joylar, shu jumladan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, shuningdek, umumiy maydoni 1 ming kvadrat metrdan katta boʻlgan barcha savdo-koʻngilochar markazlarining bino-inshootlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishini taʼminlash talab etiladi;
“Energiya samaradorlik” qismida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish koʻzda tutilmagan loyiha hujjatlari boʻyicha qurilish ishlarini boshlash hamda issiq suvdan foydalanish rejalashtirilgan yangi bino-inshootlarda (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish koʻzda tutilmagan taqdirda bunday bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;
ijtimoiy soha obyektlari va boshqa budjet tashkilotlari rahbarlari va masʼul xodimlari faoliyati samaradorligining muhim koʻrsatkichlarini (KPI) baholash tizimida energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari alohida inobatga olinadi va ushbu koʻrsatkichlar bajarilishiga koʻra ularni ragʻbatlantirish choralari koʻriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi respublika boʻyicha qurilayotgan yangi obyektlarda quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatilishi yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida tizimli nazorat oʻrnatsin.
(6-band “v” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi PF-66-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)
7. Mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish tartibini belgilash maqsadida quyidagilar:
Xususiy investorlarga quvvati 500 kVtgacha boʻlgan mikro gidroelektrstansiyalarni qurish uchun taklif etilayotgan loyihalar (maydonlar) roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarni qurish boʻyicha xususiy investorlarni jalb qilish va ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2022-yil 1-oktabrdan boshlab quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi;
b) quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarni qurish boʻyicha loyiha tashabbuskorlari (keyingi oʻrinlarda — loyiha tashabbuskorlari) Energetika vazirligi buyurtmasi asosida “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifini pasaytirib borish yuzasidan elektron auksion natijalari asosida aniqlanadi. Bunda, boshlangʻich narx II guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:
quvvati 500 kVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarga 150 foiz miqdorida;
quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarga 120 foiz miqdorida;
quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarga 100 foiz miqdorida belgilanadi;
v) auksionni oʻtkazishning umumiy muddati “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 30 ish kunidan oshmaydi;
g) gidroelektrstansiyalarni qurish boʻyicha loyiha tashabbuskorini aniqlash yuzasidan oʻtkazilgan elektron auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham u oʻtkazilgan deb hisoblanadi;
d) mikro va kichik gidroelektrstansiyalarni qurish uchun talab etiladigan yer uchastkalari belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi va keyinchalik elektron auksion gʻolibi boʻlgan tadbirkorlik subyektiga uzoq muddatli ijara huquqi asosida taqdim etiladi. Bunda:
jamoat ehtiyojlari uchun Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan va keyinchalik ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi Energetika vazirligi va ijaraga oluvchi oʻrtasida tuzilgan yer uchastkasining ijarasiga oid shartnoma asosida Kadastr agentligi tomonidan davlat roʻyxatiga olinadi hamda ijaraga oluvchi ushbu yer uchastkasi boʻyicha soliq toʻlovchi deb eʼtirof etiladi;
yer uchastkasini olib qoʻyish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda loyiha tashabbuskori tomonidan qoplab beriladi.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari yoʻnalishini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va chet el banklarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb etish choralarini koʻrsin.
10. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, Ijtimoiy, tijorat, maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarda energiya samaradorligini oshirish dasturini tasdiqlasin.
11. Energetika vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
aholi, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarida, shuningdek, oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalari hamda quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalar) ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr tizimiga ulashning texnik reglamentini takomillashtirish hamda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni;
quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalari hamda quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish boʻyicha davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qiluvchi funksiyasi (vakolati) berilgan organ va tadbirkorlik subyekti oʻrtasida imzolanadigan namunaviy oldi-sotdi shartnomasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, ishlab chiqariladigan elektr energiyasining kamida 10 yil muddatda kafolatlangan tarzda sotib olinishi, elektr energiyasini sotib olish tarifiga yakuniy isteʼmolchilar uchun belgilangan tarif qayta koʻrib chiqilishi natijasida tegishli oʻzgartirish kiritilishi inobatga olinsin.
12. Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda:
davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlari uchun energiya isteʼmoli boʻyicha normativlarni;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida energiya sarfini qisqartirish boʻyicha Energiya tejamkorlik milliy dasturi loyihasini;
b) ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Energetika vazirligi va Jamgʻarmaga Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha elektron platformani qisqa muddatlarda yaratish maqsadida Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda, istisno tariqasida, eng yaxshi taklifni tanlash asosida ijrochi bilan shartnoma tuzishga ruxsat berilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy axborot agentligi va Energetika vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonlarini aholi oʻrtasida keng yoritib borsin.
16. Mazkur Farmoning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vazirining oʻrinbosari Sh.X. Xodjayev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Bosh vazir maslahatchisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-sentabr,
PF-220-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoniga1-ILOVA
Quyosh yoki shamol elektr stansiyasini oʻrnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori
* faqatgina yangi yerlar oʻzlashtirilganda va tik quduqlarda oʻrnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi isteʼmoli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali taʼminlanganda kompensatsiya beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoniga2-ILOVA
Quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoniga 3-ILOVA
Xususiy investorlarga quvvati 500 kVtgacha boʻlgan mikro gidroelektrstansiyalarni qurish uchun taklif etilayotgan loyihalar (maydonlar)
* Loyiha koʻrsatkichlariga ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyiha hujjatlariga asosan aniqlik kiritiladi.
** Mazkur roʻyxatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish Energetika vazirligi (“Oʻzbekgidroenergo” AJ) taklifi bilan kiritiladi va qayta tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoniga4-ILOVA
Quvvati 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrostansiyalarni qurish boʻyicha xususiy investorlarni jalb qilish va ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish
Izoh: tadbirkorlik subyektlariga barcha tashkiliy masalalarda Energetika vazirligi va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amaliy yordam koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5044-son Farmonida:
a) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. “Oʻzbekgidroenergo” AJga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qarori bilan tasdiqlangan 2021 — 2030-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha ijro etuvchi va masʼul organ vazifasi yuklansin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektrostansiyalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi faoliyat turiga koʻra kafolatlangan tarzda davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:
suv oqimi boʻyicha ishlaydigan gidroelektrostansiyalarda — 70 foiz miqdorda;
elektr energetikasi tizimining rejimiga bogʻliq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektrostansiyalarda — 100 foiz miqdorda;
gidrotoʻplash elektr stansiyalarida — 150 foiz miqdorda sotib olinadi”;
b) 6-bandda:
birinchi xatboshidagi “Oʻzbekenergo” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “Oʻzbekenergo” AJ” soʻzlari “Oʻzbekgidroenergo” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 7-band va ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-son Farmonining 17-bandi quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, prokuratura organlari balansidagi boʻsh binolarni sotishdan tushadigan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan qismi mazkur organlarda energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energiya manbalarini joriy etishga yoʻnaltirish sharti bilan Bosh prokuraturani rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi PF-101-son Farmonida:
a) 10-bandning “b” kichik bandidagi “1-sentabrga” soʻzlari “1-noyabrga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 16-banddagi “2022-yil 1-iyuldan” soʻzlari “2023-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 9-ilovaning 26-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2022-yil 1-iyun” soʻzlari “2023-yil 1-yanvar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3981-son qarorining 9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Belgilansinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektrostansiyalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun toʻlov faoliyat turiga koʻra kafolatlangan tarzda davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:
suv oqimi boʻyicha ishlaydigan gidroelektrostansiyalarda — 70 foiz miqdorda;
elektr energetikasi tizimining rejimiga bogʻliq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektrostansiyalarda — 100 foiz miqdorda;
gidrotoʻplash elektr stansiyalarida — 150 foiz miqdorda shakllanadigan tarif boʻyicha amalga oshiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qarorida:
a) 11-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022-yil 1-yanvardan boshlab ilgari foydalanishda boʻlgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi “D” toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlansin”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlanadigan energiya samaradorligi “D” va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlari roʻyxati 4a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) quyidagi mazmundagi 4a-ilova bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qaroriga 4a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlanadigan energiya samaradorligi “D” va undan quyi toifadagi energiya sarflovchi maishiy elektr priborlari
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4779-son qarorida:
a) 1-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va kelgusida davlat tomonidan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) isteʼmolchi xohishiga koʻra, kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinadi”;
b) 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarma tuzilmasi va Kuzatuv kengashi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
v) 4-band hamda 4 va 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5055-son qaroriga 10-ilovaning izoh qismidan “Andijon suv ombori,” va “Hisorak suv ombori,” soʻzlari chiqarib tashlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qarori 6-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va kelgusida davlat tomonidan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) isteʼmolchi xohishiga koʻra, kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinadi”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-72-son qaroriga 8-ilovaning “Asos” ustunida:
a) 17, 18 va 20-pozitsiyalardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi PQ-2947-son qarori” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qarori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 19-pozitsiyadagi “Oʻzbekgidroenergo” AJ taklifi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qarori” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-73-son qaroriga 8-ilovaning 23-pozitsiyasi “Ijro muddatlari” ustunidagi “2022” raqami “2024” raqami bilan almashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi F-5679-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish, davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi”ning 8-pozitsiyasi 6-bandi chiqarib tashlansin.