PF-244-son Farmon · 09.11.2022

Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-244
  • Qabul qilingan sana:09.11.2022
  • Kuchga kirgan sana:10.11.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/244/1006

Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ayrim turlari boʻyicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;

texnik jihatdan tartibga solish;

tarif va notarif tartibga solish;

qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarining javobgarligini majburiy sugʻurta qilish;

davlat nazorati;

raqobatni himoya qilish;

qonun bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini oʻrnatish;

hisobotlarni joriy etish;

oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilotga aʼzolik (ishtirok etish) asosida oʻzini oʻzi boshqarishni joriy etish.

Qonunlar bilan tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning boshqa vositalari ham belgilanishi mumkin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlarning inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizligini, uning qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, davlat xavfsizligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faqat normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida joriy etiladi;

normativ-huquqiy yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat hisoblanmagan hujjatlarda belgilangan tartibga solish vositalari huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

3. Quyidagi talablar 2023-yil 1-yanvardan bekor qilinsin:

tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida eʼlon berish;

yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;

elektr energiyasini elektr taʼminoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha isteʼmol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatib qoʻyish;

yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qoʻyish.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-martdan:

soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;

axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nodavlat xizmatlar koʻrsatish tartibi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi PF-47-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

5. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2023-yil 1-yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq sohalar boʻyicha yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan oʻtkazish boʻyicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini (keyingi oʻrinlarda — Maxsus huquqiy rejim) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan:

a) Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik subyektlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:

yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yoʻnalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik;

litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtmasdan faoliyatni amalga oshirish, bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno;

b) Maxsus huquqiy rejim tegishli vakolatli organ va tashabbuskor oʻrtasida har bir loyiha boʻyicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi. Bunda:

kelishuvda loyihani amalga oshirishning talab va shartlari, shu jumladan muddati, hududi va shaxslar doirasi, tashabbuskorga tatbiq etilmaydigan qonunchilik normalari roʻyxati hamda loyiha natijalarini baholash mezonlari (indikatorlari) belgilanadi;

har bir loyiha boʻyicha Maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati koʻpi bilan uch yilni tashkil etadi;

v) Maxsus huquqiy rejim yakunlari boʻyicha tegishli vakolatli organ tomonidan bir oy muddatda:

sinovdan oʻtkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil oʻtkaziladi;

mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasi 2023-yil 1-yanvarga qadar “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni, shu jumladan uni aniq yoʻnalishlar kesimida amaliyotga tatbiq etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

Adliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tegishli vakolatli organlar bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar Maxsus huquqiy rejim joriy etilgan loyihalar tahlili natijalari boʻyicha “Maxsus huquqiy rejim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga (keyingi oʻrinlarda — Yagona reyestr) kiritish, takrorlanuvchi va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan majburiy talablarni qayta koʻrib chiqish tartibi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

8. Belgilansinki:

a) Yagona reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari boʻyicha oʻrnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini oʻz ichiga oladi;

b) Yagona reyestrga maʼlumotlar tegishli sohani tartibga soluvchi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi;

v) Adliya vazirligi Yagona reyestrning operatori hisoblanadi, Yagona reyestr yuritilishini uslubiy taʼminlaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

g) Yagona reyestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi:

birinchi bosqichda (2023-yil) — qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar roʻyxati shakllantiriladi;

ikkinchi bosqichda (2024-2025-yillar) — barcha sohalardagi majburiy talablar roʻyxati shakllantiriladi;

d) Yagona reyestrni shakllantirish jarayonida majburiy talablarning dolzarbligi tanqidiy tahlil qilinadi, tartibga solish taʼsiri baholanadi va ularning soni qisqartiriladi;

e) Yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab toʻliq ishga tushiriladi. Bunda, Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.

Yagona reyestrni shakllantirish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Adliya vazirligi ikki oy muddatda Yagona reyestrni shakllantirish, yuritish va maʼlumotlarni yangilab borish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9. Tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Ishchi guruh (J. Xodjayev) tegishli tashkilotlar mutaxassislaridan iborat kichik ishchi guruhlarni tuzgan holda mazkur Farmonning 8-bandiga muvofiq tartibda va muddatlarda majburiy talablarni qisqartirish, ularning yagona reyestrini shakllantirish ishlarini tashkil etsin.

10. Tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

mazkur Farmon bilan joriy etilgan yangi tartib-taomillarni amalga oshirish mexanizmlarining Tadbirkorlik kodeksi loyihasida nazarda tutilishini taʼminlasin;

qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev, adliya vaziri R.Q. Davletov hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Kasimov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 9-noyabr,

PF-244-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoniga 1-ILOVA

“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladigan sohalar

Izoh: Vazirlar Mahkamasiga mazkur roʻyxatga kelgusida boshqa yoʻnalishlarni ham kiritish huquqi beriladi, bundan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazorat qiladigan sohalar mustasno.

(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoniga 2-ILOVA

Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoniga 3-ILOVA

Tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirish boʻyicha

Izoh: Ishchi guruhning aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli vazifani bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoniga 4-ILOVA

Tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.