Kosmik monitoring ishlarini amalga oshirish va davlat boshqaruvi organlarini kosmik suratlar bilan taʼminlash, shuningdek, kosmik texnologiyalarni qoʻllash orqali ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik faoliyat natijalaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinda — “Oʻzbekkosmos” agentligi) Oʻzbekistonning kosmik faoliyatini tartibga solish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarni belgilash hamda kosmik monitoring, shu jumladan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish boʻyicha maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
2. Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash;
davlat kosmik monitoringini amalga oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha takliflarni tayyorlash;
sohalarda vazirlik va idoralar tomonidan kosmik texnologiyalarni qoʻllash darajasini monitoring qilish va ularning joriy etilishini jadallashtirish.
3. Quyidagilar
2022 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining kosmik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzbekkosmos” agentligi 2024-yil 1-dekabrga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, mazkur qarorda belgilangan vazifalar boʻyicha erishilgan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar, shuningdek, tegishli davr uchun kosmik texnologiyalar taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib 2025-2026-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Moliya vazirligi 2-ilovadagi chora-tadbirlarni 2023-2024-yillarda amalga oshirish uchun zarur boʻladigan mablagʻlar Davlat budjetidan “Oʻzbekkosmos” agentligiga ajratilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarori doirasida:
vazirlik, idora va tashkilotlar “Oʻzbekkosmos” agentligining soʻrovnomasiga asosan zarur maʼlumotlarni oʻz vaqtida va sifatli taqdim etadi;
tegishli sohalarda masʼul boʻlgan vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari tasdiqlangan yoʻnalishlar doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsan masʼul hisoblanadi.
5. “Oʻzbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda:
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan davlat kosmik monitoringi oʻtkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari maʼlumotlari (vektor va atributiv parametrlariga oʻzgartirishlarsiz) asl holida oʻrnatilgan tartibda “Oʻzbekkosmos” agentligiga muntazam ravishda taqdim etib borilishini;
davlat kosmik monitoring tizimi orqali yer osti boyliklarini qazib olish, suv resurslarini muhofaza etish, oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish, maishiy chiqindilarni yigʻish va realizatsiya qilish yoʻnalishlarida (davlat yer va kadastr nazorati sohasidagi huquqbuzarliklar bundan mustasno) aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan maʼmuriy jarimalarning 10 foizini Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirishni nazarda tutsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
manfaatdor vazirlik va idoralar har yili 20-iyulga qadar kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga boʻlgan yillik ehtiyoj hajmi, davriyligi va ularni yetkazib berish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Oʻzbekkosmos” agentligiga taqdim etadi;
vazirlik va idoralarning talabiga koʻra “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan amalga oshiriladigan kelgusi yil uchun kosmik xizmatlar hajmi va turlari har yili 1-oktabrga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
kosmik xizmatlar xarajatlarining bir qismi “Oʻzbekkosmos” agentligi xarajatlar smetasida ajratilgan budjet mablagʻlari, qolgan qismi Moliya vazirligi mablagʻlari tarkibida nazarda tutiladi hamda ushbu mablagʻ keyinchalik Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari asosida qayta taqsimlanadi.
“Oʻzbekkosmos” agentligiga unga yuklatilgan qoʻshimcha vazifalarni inobatga olgan holda uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va xodimlarining mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish uchun Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Bosh prokuratura tomonidan berilgan buyurtma asosida shakllangan suratga olish materiallari va ularning hosilalari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi nazorat koʻrigidan oʻtkazish uchun taqdim etilmaydi.
Aero va kosmik suratlar hamda ularning hosilalaridan ochiq foydalanish yoki cheklovchi grif qoʻyilishini ushbu materiallarni buyurtma asosida qabul qilib olgan organlar tomonidan belgilanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-155-sonli Farmoniga asosan oltinchi-yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2024-y., 06/24/155/0811-son)
7. “Oʻzbekkosmos” agentligiga:
kosmik texnologiyalarni joriy etish tizimini moliyalashtirish uchun xarajatlar boʻyicha takliflarni shakllantirish hamda zaruratga koʻra xorijiy qarz, grantlar va boshqa mablagʻlarni jalb etish;
Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hamda ularni taqsimlash huquqi berilsin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Kadastr agentligi va “Oʻzbekkosmos” agentligi bilan birgalikda 2023-yil 1-fevralga qadar davlat kosmik monitoringi oʻtkaziladigan sohalarga oid davlat kadastrlari maʼlumotlarini “Elektron hukumat”ning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali taqdim etish boʻyicha oʻzaro integratsiya qilishni taʼminlasin.
9. “Oʻzbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tijoriy kosmik faoliyatni rivojlantirish maqsadida:
Global sunʼiy yoʻldoshli navigatsiya (GNSS) tizimlari operatorlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
Xalqaro astronavtika federatsiyasiga (IAF) aʼzo boʻlish;
xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar, kompaniyalar va banklar bilan kosmik sohaga xorijiy sarmoya va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda sunʼiy yoʻldosh apparatlari orqali yerni masofadan zondlash maʼlumotlarini tezkor qabul qilish maqsadida xorijiy sunʼiy yoʻldosh operatorlari bilan kelishuv, memorandum, bitim va shartnomalar tuzish choralarini koʻrsin.
10. Innovatsion rivojlanish agentligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, gidrometeorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirishda yerni masofadan turib zondlash, yoʻldosh aloqa, navigatsiya tizimlarini qoʻllash masalalarining ilmiy va innovatsion yechimiga qaratilgan amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirsin.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Bunda, ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqarish faoliyatiga samarali joriy etish maqsadida tanlov eʼlon qilish uchun taqdim etiladigan loyiha mavzulari va ulardan kutilayotgan natijalar “Oʻzbekkosmos” agentligi bilan kelishiladi.
11. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarordan koʻzlangan maqsad va vazifalar, shuningdek, Dastur va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonini yoritish boʻyicha maqola va mavzuli teledasturlarni tashkil etsin.
12. “Oʻzbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib “Oʻzbekkosmos” agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchisi Sh.M. Kadirov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-noyabr,
PQ-429-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi PQ-429-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining kosmik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi PQ-429-son qaroriga 2-ILOVA
2023-2024-yillarga moʻljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish