Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilishga yoʻnaltirilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilash maqsadida:
1. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar (keyingi oʻrinlarda — vazirlik va idoralar) hamda ular hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining Davlat budjeti hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar tizimida jami 17 447 ta shtat birliklari qisqartirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish qatʼiyan taqiqlansin.
2. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning yagona roʻyxati hamda ularning toʻliq (rasmiy) va qisqartma nomlari 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3358-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlik va idoralar rahbarlari uch hafta muddatda har bir vazirlik va idora faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:
vazirlik va idoralarning aniq asosiy faoliyat yoʻnalishlarini belgilash, qabul qilingan rivojlantirish dasturlari, strategiyalar va konsepsiyalarni amalga oshirish;
sohalarda hal qilinishi lozim boʻlgan masalalarga yechim topishga yoʻnaltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini hal etish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;
energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish;
tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish, 2023-yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish;
litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash. Bunda, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjat talab etiladigan faoliyat turi, ularni berish uchun talab etiladigan hujjatlar soni, xizmat koʻrsatish vaqti hamda ularni berish uchun toʻlovlar (yigʻimlar) miqdorini kamaytirish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish (ularga xizmat koʻrsatish, davlat tomonidan subsidiya taqdim etish, imtiyoz berish va boshqacha tartibda qoʻllab-quvvatlash) hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
sohani rivojlantirish dasturlari uchun jalb qilinadigan grant va texnik koʻmak mablagʻlarining prognozi hamda uning aniq yoʻnalishlarini belgilash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish guruhlari faoliyatini qayta koʻrib chiqish;
vazirlik va idoralar tizimidagi davlat unitar korxonalari (muassasalari), masʼuliyati cheklangan jamiyatlar hamda davlat ulushi boʻyicha aksiyalar paketi boshqaruviga berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini qayta koʻrib chiqish, shuningdek, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha taklif tayyorlash;
vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan nazorat funksiyalarini “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshirish tartibini takomillashtirish, shuningdek, ularni muvofiqlashtirish va nazorat funksiyalarini maqbullashtirish;
vazirlik va idoralar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning modelini takomillashtirish;
vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini oʻrganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qoʻyish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;
sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;
sohada faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning kasbiy mahorati va masʼuliyatini oshirish, tizim tashkilotlariga tashabbuskor, fidoyi, sadoqatli, oʻz ustida doimiy ishlaydigan kadrlarni jalb qilish hamda ularning salohiyatini doimiy ravishda oshirib borish;
vazirlik va idoralarning tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlash, ular tarkibiga kiritilgan muassasalarning faoliyatini takomillashtirish;
qonunchilik hujjatlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir-biriga muvofiqlashtirish.
4. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda tarkibiy boʻlinmalarni shakllantirish hamda lavozimlarni joriy etishga oid yagona talablar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari shtatlar jadvallarini ishlab chiqish va roʻyxatdan oʻtkazishda mazkur Farmon bilan tasdiqlanayotgan yagona talablarga qatʼiy amal qilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarni xatlovdan oʻtkazish hamda ishlab chiqarish va yordamchi xodimlarni kiritish boʻyicha shtat normativlarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
5. Vazirlik va idoralar rahbarlari belgilangan vazifalarining bajarilishini hamda davlat xizmatlari koʻrsatilishining uzluksizligini taʼminlash maqsadida uch kun muddatda oʻz rahbarlari oʻrinbosarlari oʻrtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlab, ular faoliyatini samarali tashkil qilsin, shuningdek, ajratilgan mablagʻlar doirasida vazirlik va idoralarning markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining vaqtinchalik tuzilmalarini, shtat birliklarini hamda nizomlarini tasdiqlasin. Bunda:
qayta tashkil etilgan, boʻysunuvi oʻzgartirilgan va tugatilgan davlat boshqaruvi organlarining tuzilmasi va shtat birliklari inobatga olinsin;
ish haqi va boshqa xarajatlar vaqtinchalik xarajatlar smetasi doirasida amalga oshirilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga vazirlik va idoralarda shtat birliklari maqbullashtirilishi natijasida xodimlar bilan oylik ish haqlari boʻyicha yakuniy oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarning vaqtinchalik xarajatlar smetasida, istisno tariqasida, zarur mablagʻlarni 2023-yilning 1-choragi uchun rejalashtirishga ruxsat berilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan tasdiqlangan shtat birliklari doirasida ish haqi va boshqa xarajatlar uchun belgilangan tartibda mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tasdiqlangan vazirlik va idoralarning markaziy apparatlari, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining tuzilmalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) maʼmuriy islohotlar doirasida yangi tashkil etilgan vazirlik va idoralarga shtatlar jadvalini tuzish, xodimlarni ishga qabul qilish, mehnat munosabatlarini davom ettirish va bekor qilishni rasmiylashtirish boʻyicha tushuntirish ishlarini, shuningdek, mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.
Belgilansinki, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda yangi rahbariyat shakllangunga qadar xodimlarni ishga qabul qilish va mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish ishlari mazkur idoralarda amalda faoliyat yuritayotgan rahbarlar (rahbarlar mavjud boʻlmasa ularning oʻrinbosaridan biri) tomonidan amalga oshiriladi.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
yangi tashkil qilingan va qayta tashkil qilingan vazirlik va idoralar faoliyati tugatilgan yoki qayta tashkil qilingan vazirlik va idoralarning tegishli huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
2023-yil 1-yanvardan boshlab qayta tashkil etilgan va faoliyati tugatilgan davlat organlarining ish yurituvida boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi hujjatlar va arizalar tegishliligi boʻyicha yangi tashkil etilgan hamda tugatilayotgan tashkilotning tegishli funksiyalari oʻtkazilgan vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi;
davlat unitar korxonalarida xodimlar soni, ularning mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish shartlari hamda xizmat avtotransport vositalarining cheklangan soni va turlarini tasdiqlashda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan majburiy ravishda kelishiladi.
Vazirlik va idoralar uchun belgilangan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq xodimlarning lavozim maoshiga nisbatan qoʻllaniladigan oshirish koeffitsiyentlari faqat boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-165-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2024-y., 06/24/165/0856-son)
Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda uch kun muddatda:
barcha yangi tashkil etilgan vazirlik va idoralar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga va “Litsenziya” axborot tizimiga ulanishini;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va “Litsenziya” axborot tizimi orqali kelib tushgan va koʻrib chiqish jarayonida boʻlgan hujjatlar va arizalarning tegishliligi boʻyicha yangi tashkil etilgan vazirlik va idoralar orasida qayta taqsimlanishini taʼminlasin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) 2023-yil 1-avgustga qadar:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
yuridik maqomga ega boʻlgan jamgʻarmalar ijro etuvchi organlarining (direksiyalar, boshqaruv qoʻmitalari va departamentlari hamda boshqalar) faoliyatini tugatish, ularning funksiyalarini tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazish;
vazirlik va idoralarda xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini ilgʻor tajriba asosida tanqidiy tahlil qilgan holda, ularning sonini va saqlash xarajatlarini qisqartirish, mazkur vazifani autsorsing tizimi asosida tashkil etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-yanvar,
PF-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoniga 1-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar hamda ular hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni
Izohlar:
1. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Bojxona qoʻmitasi hamda Mudofaa sanoati agentligining shtat birliklari alohida normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
2. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahallalardagi xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga uyida xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimlar shtat birliklari mazkur ilovada inobatga olinmagan.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirliklarining vazir oʻrinbosarlari mazkur ilovada inobatga olinmagan.
4. Boshqaruv shtat birliklarining umumiy cheklangan sonida ishlab chiqarish shtat birliklari inobatga olingan (normativ asosida kiritiladigan ishlab chiqarish shtat birliklari bundan mustasno).
5. Vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar xodimlarining umumiy cheklangan soni tarkibida quyidagi tashkilotlarning shtat birliklari inobatga olingan:
5.1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini boshqarish departamenti, Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi;
5.2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida “Biosifat” respublika markazi, Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi, Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi;
5.2.1. 16 ta shtat birligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
5.4. Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida Suv xoʻjaligida islohotlar markazi, Baliqchilikni rivojlantirish markazi, Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati, Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti, Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi, Fargʻona vodiysi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi (sh.j. Katta Fargʻona magistral kanali boshqarmasi), Janubiy Mirzachoʻl kanalidan foydalanish boshqarmasi;
5.4.1. Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalari, irrigatsiya tizimi boshqarmalari (sh.j. Orolboʻyi delta boshqarmasi, Amudaryo chap qirgʻoq himoya dambalar boshqarmasi), nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari, meliorativ ekspeditsiyalar, Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi, Amu-Buxoro mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi (sh.j. Amu-Buxoro mashina kanali Olot tumani boshqarmasi, Amu-Buxoro mashina kanali Qiziltepa tumani boshqarmasi), Qirgʻoq himoyalovchi dambalar va oʻzan rostlovchi inshootlar boshqarmasi, Jizzax bosh nasos stansiyasi boshqarmasi, suv omborlaridan foydalanish boshqarmalari (sh.j. Navoiy viloyati suv omborlari va yirik gidrotexnika inshootlaridan foydalanish boshqarmasi), Tuyamoʻyin gidrouzelidan foydalanish boshqarmasi;
5.5. Transport vazirligi tizimida Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi;
5.6. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimida “Avtoyoʻlinvest” agentligi;
5.8. Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi;
5.12. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, Respublika taʼlim markazi, Taʼlim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi;
5.13. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Fan olimpiadalari markazi;
5.15. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
5.16. Adliya vazirligi tizimida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari va Davlat xizmatlari markazlari;
5.17. Tashqi ishlar vazirligi tizimida “Dunyo” axborot agentligi;
5.18. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi hamda Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi;
5.19. Soliq qoʻmitasi tizimida Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi va Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi;
5.20. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish markazi.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Toshkent shahri hududiy boshqarmalari hamda Toshkent shahri tumanlaridagi boʻlinmalari shtat birliklari mazkur vazirliklar umumiy shtat birliklari soniga kiritilgan.
7. Vazirlik va idoralar rahbarlariga, zarur hollarda, mazkur ilovada keltirilgan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida tegishli tizim tashkilotlarining tuzilmalariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari tegishligiga koʻra oʻz faoliyatidan olingan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi hamda ulardagi boshqaruv xodimlari soni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining jami boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soniga kirmaydi va nazoratga olingan obyektlar soni, hajmi va masofasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Hududiy inspeksiyalarning boshqaruv xodimlari sonini nazoratga olingan obyektlarning umumiy sonidan, hajmidan va masofasidan kelib chiqqan holda belgilash boʻyicha tartib tasdiqlangunga qadar hududiy inspeksiyalar amaldagi jami boshqaruv xodimlari soni doirasida faoliyat yuritadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi PF-202-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2026-y., 06/26/202/0965-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoniga 2-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning yagona roʻyxati*
Jami — 68 ta, shundan:
vazirliklar — 20 ta;
qoʻmitalar — 13 ta, shu jumladan alohida maqomga ega mustaqil qoʻmitalar — 8 ta;
agentliklar — 27 ta, shu jumladan alohida maqomga ega mustaqil agentliklar — 11 ta;
inspeksiyalar — 9 ta, shu jumladan alohida maqomga ega mustaqil inspeksiyalar — 3 ta.
* Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar toʻgʻrisidagi nizom Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2026-y., 06/26/84/0518-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoniga 2a-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning qisqartma nomlari
Izohlar:
1) 2023-yil 1-martdan boshlab yigʻilish va videoselektor bayonlari, xizmat yozishmalari, tahliliy va boshqa materiallarda (qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining qaror qismlari bundan mustasno) vazirlik va idoralarning qisqartma nomlarini koʻrsatish amaliyoti joriy qilinadi;
2) vazirlik va idoralarning qisqartma nomlaridan foydalanish tartibi Adliya vazirligi va Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan belgilanadi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2026-y., 06/26/84/0518-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoniga 3-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda tarkibiy boʻlinmalarni shakllantirish hamda lavozimlarni joriy etishga oid yagona talablar
I. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining markaziy apparatlari
Izohlar:
* rahbar xodimlar lavozimlarining aniq nomlanishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 20 va undan ortiq boʻlgan hollarda departament tashkil etilishi mumkin. Bunda, departament boshligʻining 2 nafargacha oʻrinbosari (shu jumladan, 1 nafar birinchi oʻrinbosar) lavozimi kiritilishi mumkin;
(izoh qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
*** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 7 va undan ortiq boʻlgan hollarda tashkil etiladi. Bunda, boshqarma boshligʻining 1 nafar oʻrinbosari lavozimi kiritilishi mumkin. Departament tarkibidagi boshqarmalarda boshqarma boshligʻi oʻrinbosari lavozimi kiritilmaydi;
**** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 2 va undan ortiq boʻlgan hollarda tashkil etiladi. Shtat birliklari soni 5 nafar va undan ortiq boʻlgan boʻlimlarda 1 nafar boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimi kiritilishi mumkin. Boshqarma tarkibidagi boʻlimlarda boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimi kiritilmaydi;
***** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 1 nafardan iborat boʻlganda bosh mutaxassis lavozimi kiritiladi hamda mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha boʻlim boshligʻiga tenglashtiriladi.
Bunda:
a) markaziy apparatlarning tarkibiy boʻlinmalari va ularning shtat birliklarini shakllantirishda rahbar xodimlar (rahbar va uning oʻrinbosarlari, Vazir kotibiyati boshligʻi, departament boshliqlari va oʻrinbosarlari, boshqarma boshliqlari va oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari va oʻrinbosarlari) va ijrochilar (bosh mutaxassis, yetakchi mutaxassis, mutaxassis) markaziy apparat boʻyicha kamida 1/3 nisbatda boʻlishi lozim;
b) markaziy apparatlar va hududiy hamda tuman (shahar) boʻlinmalari tuzilmalari tegishli rahbarlar tomonidan tasdiqlanadi hamda xodimlarning belgilangan umumiy soni va ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida mustaqil oʻzgartirilishi mumkin;
v) markaziy apparatlarda strategik rejalashtirish va metodologiya, jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmatlari), inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish, axborot tahlil va ijro intizomi, murojaatlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish, yuridik taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki audit, moliya-iqtisod, xalqaro hamkorlik va reytinglar, birinchi boʻlim tarkibiy boʻlinmalari (lavozimlari) tashkil etilishi majburiy hisoblanadi.
(izoh qismi “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
Bunda, strategik rejalashtirish va metodologiya, jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmatlari), korrupsiyaga qarshi kurashish, xalqaro hamkorlik qilish va reytinglar tarkibiy boʻlinmalari (lavozimlari) faqatgina vazirlik va boshqa mustaqil idoralarda tashkil qilinib, ushbu yoʻnalishlarda ular yagona siyosatni amalga oshiradi. Tizim tashkilotlari koʻp boʻlgan vazirliklar huzuridagi qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda alohida boʻlinmalar (lavozimlar) tashkil qilinishi mumkin;
g) vazirlarning faoliyatini strategik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirish hamda kunlik (joriy ishlar) ish yuklamasini maqbullashtirish maqsadida ular faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahlil, nazorat va protokol jihatdan taʼminlaydigan Vazir kotibiyati tashkil qilinishi mumkin.
Vazir kotibiyati boshligʻi hamda rahbar maslahatchisi mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha departament boshligʻiga tenglashtiriladi;
d) vazirliklar hamda alohida maqomga ega mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzuridagi, shu jumladan tuzilmasidagi qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqa organlar markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari xodimlari uchun mehnatga haq toʻlash razryadlari tegishlicha vazirliklar hamda alohida maqomga ega mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlaridan bir pogʻona past miqdorda qoʻllaniladi.
Bunda ushbu amaliyot markaziy apparat shtat jadvalida aks ettirilgan hududiy boʻlinmalar xodimlariga ham tatbiq etiladi;
(izohning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
e) mutaxassislar uchun mehnatga haq toʻlash razryadlari yetakchi mutaxassislar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlaridan bir pogʻona past miqdorda, shuningdek, boshqarma boshliqlari uchun mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻlim boshliqlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlaridan, departament boshliqlari uchun esa boshqarma boshliqlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlaridan bir pogʻona yuqori miqdorda qoʻllaniladi;
(izohning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-165-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2024-y., 06/24/165/0856-son)
j) departament boshligʻining birinchi oʻrinbosari uchun mehnatga haq toʻlash razryadlari departament boshligʻi uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlaridan 3 foiz kam miqdorda belgilanadi;
z) jadvalda keltirilgan lavozimlarga boshqa nomdagi lavozimlarni tenglashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(3-ilova I boʻlimining izohi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-165-sonli Farmoniga asosan “j” va “z” kichik bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2024-y., 06/24/165/0856-son)
II. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning hududiy hamda tuman (shahar) boʻlinmalari
Izohlar:
* rahbar xodimlar lavozimlarining aniq nomlanishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 5 va undan ortiq boʻlgan hollarda tashkil etiladi. Tuman (shahar) boʻlinmalarida kiritilmaydi;
*** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 2 va undan ortiq boʻlgan hollarda tashkil etiladi;
**** belgilangan masʼul xodimlar shtat birliklari soni 1 nafardan iborat boʻlganda bosh mutaxassis lavozimi kiritiladi hamda mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha shuʼba boshligʻiga tenglashtiriladi.
Hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining shtat birliklarini shakllantirishda rahbar xodimlar (rahbar va oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari va oʻrinbosarlari, shuʼba boshligʻi) va ijrochilar (bosh mutaxassis, yetakchi mutaxassis, mutaxassis) boʻlinma boʻyicha kamida 1/3 nisbatda boʻlishi lozim.