Jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadida:
1. Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning amaldagi tartibiga 2023-yil 1-maydan boshlab quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsinki, ularga muvofiq:
banklarga rasmiy daromadga ega boʻlmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilishga ruxsat etiladi;
banklarga qarz oluvchi tomonidan toʻlangan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa koʻrsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini oʻrnatish huquqi beriladi;
professional taʼlim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maxsus fanlar boʻyicha dars berayotgan yoki oʻquv amaliyotini oʻtkazayotgan oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya xabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari boʻyicha berilgan subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
2023-yil uchun ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-maydan 2023-yil 1-dekabrga qadar qabul qilinadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Xalqparvar” komissiyalarining axborotiga asosan xato ajratilgan deb topilgan subsidiya xabarnomalarini dasturiy taʼminotdan toʻgʻridan-toʻgʻri bekor qilish va toʻlovlarni toʻxtatish huquqi beriladi.
Bunda:
2023-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori 2022-yilda belgilangan miqdorda saqlab qolinadi;
mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomaga ega boʻlgan shaxslarga subsidiyalar 2022-yilda amalda boʻlgan shartlar va miqdorlarda ajratiladi.
2. Ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan taʼminlash hamda uy-joy qurilishini tezlashtirish maqsadida:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga 100 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar 2028-yil 1-mayga qadar qaytarish sharti bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz band past stavkada ajratilsin;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) 2023-yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan banklarga 3 trln soʻm miqdoridagi mablagʻlarni belgilangan tartibda depozitga joylashtirsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Davlat budjeti likvidligidan kelib chiqib, ipoteka kreditlarini ajratish uchun belgilangan mablagʻlar hajmini oshirishga ruxsat etilsin.
3. Belgilansinki, mazkur Farmonning 2-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning 500 mlrd soʻmi qurilish-pudrat tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirishga yoʻnaltiriladi.
Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi banklarga pul mablagʻlarini Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz band past stavkada joylashtiradi hamda banklar qurilish-pudrat tashkilotlariga kreditlarni 18 oygacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foiz stavkada ajratadi.
4. Quyidagilar:
2023-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ushbu Farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan ipoteka kreditlari va subsidiyalar sonini oshirishga ruxsat berilsin.
5. Belgilansinki, 2023-yil 1-maydan boshlab:
qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini (qavatlarini) banklar tomonidan kredit taʼminoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi;
2025-yil 1-yanvarga qadar roʻyxati 3-ilovada koʻrsatilgan qurilish materiallari va xom ashyo turlarini import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) banklarning oʻz resurslari hisobidan ulushdor-jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlarini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qayta moliyalashtirish tajribasini davom ettirsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
7. 2022-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylarni qurish hamda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlari oʻz vaqtida bajarilmaganligi uchun Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona va Toshkent viloyatlari hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda Markaziy bankning ushbu viloyatlardagi hududiy bosh boshqarmalari rahbarlariga hayfsan eʼlon qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarning boʻsh turgan yer uchastkalarida uy-joylar qurishni davom ettirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2023-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. 5-ilovada koʻrsatilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarni qurish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari hamda sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur Farmonga 5-ilovada koʻrsatilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2024-yil 1-yanvarga qadar ushbu Farmon bilan toifasi oʻzgarayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydonining besh baravari miqdorida yangi yerlar oʻzlashtirilishini taʼminlasin. Bunda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yangi yer uchastkalari Kadastr agentligi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinganidan soʻng oʻzlashtirilgan hisoblanadi.
9. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida ichki avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha buyurtmachi etib Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi belgilansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida ichki avtomobil yoʻllari qurilishini belgilangan prognoz parametrlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirsin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yilda fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar) uchun 4 000 ta kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2023-yilda fuqarolarning alohida toifalariga (harbiy xizmatchilarga) ipoteka kreditlarini ajratish koʻrsatkichlarini tasdiqlasin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent viloyati hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining “Mening birinchi uyim” dasturini tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zokirov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirishga oid qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi sifati yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilib, bu borada normativ-texnik hujjatlar va loyiha hujjatlaridan chetga chiqish holatlari aniqlangan taqdirda, masʼul shaxslarga, shu jumladan buyurtmachi tashkilotning texnik nazorat, pudrat tashkilotining ichki nazorat va loyihachi tashkilotning mualliflik nazorati mutaxassislariga nisbatan choralar qoʻllanilsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
12. 2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar:
Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari bilan birgalikda yer uchastkalari elektron auksion savdolariga chiqarilishini, koʻp kvartirali uy-joylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiya tarmoqlari oʻz vaqtida qurib bitkazilishini taʼminlasin;
Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar va Toshkent shahri birinchi oʻrinbosarlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari boshliqlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari va subsidiyalar oʻz vaqtida aholiga ajratilishi va moliyalashtirilishini taʼminlasin, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga qurilgan uy-joylarni sotishda koʻmaklashsin;
Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov 2023-yil yakuniga qadar har oyda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturining ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot kiritib borsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-aprel,
PF-51-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 1-ILOVA
2023-yilda ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari
Izoh:
2023-yilda ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga, zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi Rayosati qarori bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
2024-yilda “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ tomonidan umumiy qiymati 566 milliard soʻmga teng boʻlgan 1833 ta kredit qayta moliyalashtiriladi.
2023-yilda ajratiladigan kreditlarning kamida 30 foizi xotin-qizlarga ajratiladi.
Toshkent shahrida yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan kreditlarning manzilli roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 2-ILOVA
2023-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari
Izoh:
2022-yilda berilgan va 2023-yilda muddati oʻtgan, foydalanilmagan yoki talabgor tomonidan oʻz xohishiga koʻra rad etilgan subsidiya taqdim etish toʻgʻrisida ijobiy xabarnomalar hisobidan 2023-yilda fuqarolarga yangi xabarnomalar taqdim etiladi.
2023-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga, zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 3-ILOVA
2025-yil 1-yanvarga qadar import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan qurilish materiallari va xom ashyolar
T/r Nomi TIF TN kodi 1. Portlandsement, glinozem sement, shlakli sement, supersulfatli sement yoki oʻxshash gidravlik sementlar, boʻyalmagan yoki boʻyalgan sement, tayyor yoki klinker shaklidagi sement 2523 2. Yogʻoch materiallar 4407 19 98 00 3. Yogʻoch-qirindili plitkalar 4410 11 10 00 4411 13 90 00 4. Yelimlangan fanera, faneralangan panellar va analogik qatlamli yogʻoch 4412 39 00 00 5. Beton quyish uchun qoliplar 4418 40 00 00 6. Energiya tejamkor bazalt qoplamalari 6806 10 00 08
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-sentabrdagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 4-ILOVA
2023-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylarni qurishning maqsadli koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 5-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarni qurish uchun toifasi oʻzgarayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son Farmoniga 6-ILOVA
2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/70/0317-son)