Mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etishga puxta tayyorgarlik koʻrish, yangi avlod isteʼdodli yosh shaxmatchilarni tayyorlash va jahon shaxmat maydoniga olib chiqish, shaxmatni aholi oʻrtasida yanada ommalashtirish maqsadida:
1. Xalqaro shaxmat federatsiyasining (keyingi oʻrinlarda — FIDE) 2022-yildagi kongressida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressini 2026-yil Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligini inobatga olib, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. 2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tuzilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
2023-yil 1-dekabrga qadar FIDE rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifini tashkillashtirish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazish boʻyicha FIDE bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash;
FIDE tomonidan tasdiqlangan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning bosh rejasini tuzish, olimpiada dasturi va logotipini tasdiqlash;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar ishini muvofiqlashtirib borish hamda ularning hisobotlarini eshitish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha barcha masalalarni va yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish.
4. Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev) Sport vazirligi (Sh. Maxmudov), Samarqand viloyati hokimligi (E. Turdimov) bilan birgalikda 2024-yildan boshlab 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazish bilan bogʻliq har yilgi xarajatlar smetasini tayyorlab, Tashkiliy qoʻmitaga kiritsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
5. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishga masʼul tashkilot etib Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi belgilansin.
6. Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev):
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazish boʻyicha FIDE bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash tadbirlarini tashkil etish;
mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkaziladigan sport inshootlari va boshqa obyektlarni FIDE talablariga muvofiq tayyorlash, ularni zarur boʻladigan sport, tibbiy, texnik va boshqa jihozlar bilan taʼminlash;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etuvchi erkaklar va ayollarning 3 tadan milliy terma jamoalarini shakllantirish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish jarayoniga volontyorlarni jalb etish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning borishi va amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Sport vazirligi bilan birgalikda Tashkiliy qoʻmitaga muntazam ravishda hisobot taqdim etib borish choralarini koʻrsin.
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
7. 2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (H. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov) hamda Sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev) bilan birgalikda:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga shaxmatni soddalashtirilgan tarzda oʻrgatuvchi animatsion materiallar va oʻquv qoʻllanmalarni yaratsin;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini shaxmatga qiziqtirish va oʻrgatish boʻyicha “Shaxmat bogʻchadan boshlanadi” maxsus dasturini amalga oshirishni tizimli yoʻlga qoʻysin;
har yili maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida “Shaxmat festivali” musobaqalarini oʻtkazib borsin;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi” “Professional taʼlim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarini har yili uch bosqichda tizimli oʻtkazishni yoʻlga qoʻysin.
9. 2024-yil 1-yanvardan boshlab “Shaxmat stipendiyasi” taʼsis etilsin.
Belgilansinki, “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi”, “Professional taʼlim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlar va talabalar yil davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida “Shaxmat stipendiyasi” bilan ragʻbatlantiriladi.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab xususiy shaxmat klublariga ular tomonidan shaxmat toʻgaraklarini tashkil etish va aholiga xizmat koʻrsatish uchun davlat mulki obyektlari va hududlardagi “Yoshlar markazlari”dan ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) joy ajratiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Yoshlar ishlari agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda shaxmat toʻgaraklarini tashkil etish uchun “Yoshlar markazlari”dan joy tayyorlasin va qiziqish bildirayotgan fuqarolarga ularni taklif qilsin.
11. Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov), Milliy gvardiya (R. Djurayev) va Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) Sport vazirligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda Qurolli Kuchlar tizimida, shu jumladan harbiy taʼlimga yoʻnaltirilgan tashkilotlarda, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
shaxmat boʻyicha trener va mutaxassislarni jalb qilgan holda harbiy xizmatchi va xodimlar uchun oʻquv mashgʻulotlarini tashkil qilsin;
harbiy xizmatchi va xodimlar uchun shaxmat boʻyicha oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va boshqa axborot materiallarini tayyorlasin;
Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalari, harbiy taʼlimga yoʻnaltirilgan tashkilotlar va jazoni ijro etish muassasalarini shaxmat boʻyicha oʻquv qoʻllanma, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan taʼminlasin;
harbiy xizmatchi va xodimlar uchun mashhur shaxmatchilar ishtirokida mahorat darslari, uchrashuvlar, seminar, trening va oʻquv darslarini tashkil etsin;
Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalari, harbiy taʼlimga yoʻnaltirilgan tashkilotlar va jazoni ijro etish muassasalarida yil davomida tizimli ravishda shaxmat boʻyicha turnirlar va musobaqalarni tashkil qilsin hamda gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirib borsin.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev) salohiyatli harbiy xizmatchilar va xodimlarni shaxmat boʻyicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va turnirlarga keng jalb qilsin, ularni shaxmatchilar zaxirasi va terma jamoalar tarkibiga qoʻshish choralarini koʻrsin.
12. Sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
2024-yildan boshlab har yili professional shaxmat klublari oʻrtasida “Oʻzbekiston birinchiligi” musobaqalarini oʻtkazib borish;
shaxmat boʻyicha milliy terma jamoalar aʼzolari, shuningdek, milliy terma jamoalarga asosiy nomzod boʻlgan shaxmatchilarni tayyorlash uchun tajribali xorijiy trener va mutaxassislarni jalb qilish hamda ularning koʻmagida mahalliy trener va mutaxassislarni oʻqitish;
xalqaro arbitrlar tayyorlash boʻyicha seminarlar va amaliy mashgʻulotlarni muntazam tashkil etib borish;
shaxmatni targʻib qilishda alohida namuna koʻrsatgan ommaviy axborot vositalari vakillari va sharhlovchilar (“strimer”lar)ni tanlov asosida tanlab olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
FIDE tasnifiga kiruvchi nufuzli xalqaro musobaqalarni bosqichma-bosqich Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
hududlarda iqtidorli shaxmatchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional shaxmatchilar sifatida tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) 2024-yildan boshlab har yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq 50 milliard soʻmgacha mablagʻlar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻzda tutilgan mablagʻlar quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi:
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazish uchun FIDEga kafolat mablagʻlarini oʻtkazish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadalariga shaxmatchilarimizni tayyorlash, shu jumladan superkompyuter dasturlarini ijaraga olish, shaxmatchilar va ularning trenerlari FIDE tasnifidagi musobaqalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish;
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;
shaxmat boʻyicha zamonaviy metodikalarga asoslangan ilmiy-uslubiy va oʻquv adabiyotlarni tayyorlash va chop etish;
“Shaxmat stipendiyasi”ni toʻlab borish;
shaxmat boʻyicha mahalliy va xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni tashkil etish va qoʻshimcha moliyalashtirish.
14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi (Sh. Qudratxoʻja) Sport vazirligi (A. Ikramov) hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi (A. Saʼdullayev) bilan birgalikda 2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid amaliy chora-tadbirlarni keng yoritsin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
15. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi A.Z. Saʼdullayev hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish 2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 8-may,
PQ-150-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi PQ-150-son qaroriga 1-ILOVA
2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Tashkiliy qoʻmita tarkibiga zaruratga koʻra boshqa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari jalb qilinadi.
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi PQ-150-son qaroriga 2-ILOVA
2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)